Shoir Ikrom Iskandar ijodiy portretiga chizgilar
Tabiat fasllarining oʻrin almashinishi biri ikkinchisini inkor etmagan holda bir-biriga suyanib, biri ikkinchisining yuzaga kelishiga zamin hozirlash, asos yaratish jarayonida kechadi. Shu maʼnoda qish ogʻushida bahor, bahorning otash nigohlarida yoz, yozning saraton chillasida kuzning saxovati, kuzning soʻlim, dilbar tabbasumida esa qish koʻz ochib ulgʻayar ekan.
Odam nasli hamisha tabiatdan oʻrganib, tabiatga taassub qilib yashaydi. Tabiat fasllarining ana shu taxlit oʻrin almashinishi hayotning yasharishi, hayotning aslo zavol bilmas, nihoyaga ega boʻlmagan takomil qonuniyati, demakdir. Tabiat fasllarining bir-biriga yelka tutib, biri ikkinchisiga dalda boʻlib, bagʻrida asrab-avaylab, kamol toptirishida hayotning azaliy va abadiy nafasini his etamiz. Bu har kuni tong otib, kun botishiga oʻxshash jonli, qonuniy jarayonni eslatadi. Yanayam muhimi, tabiat fasllarining oʻrin almashinishi va biri ikkinchisini yuzaga keltirishi hodisasida hayotiy jarayonlarni hamisha yoshartirish, yangilash, goʻzallashtirishdek ezgulikka asoslangan qonuniyat mujassamlashgan.
Hayotning mazkur tabiati badiiy soʻz madaniyati, badiiy tafakkur taraqqiyoti uchun ham begona emas. Ming-ming yillar silsilasida har bir avlod tabiatni, jamiyatni, insonni yangicha badiiy idrok etish prinsiplari bilan oʻzaro farqlanib, ajralib turadi. Badiiy soʻzning yangi ifoda imkoniyatlarini kashf etadi.
XX asrning oxiri – XXI asr boshlarida yangi isteʼdodlar avlodi, yangi toʻlqin adabiyotga kirib keldi. Bular – Iqbol Mirzo, Salim Ashur, Xosiyat Rustamova, Sirojiddin Rauf, Xurshida, Qoʻchqor Norqobil, Ulugʻbek Hamdam, Ikrom Iskandar, Goʻzal Begim, Farogʻat Xudoyqulova, Zuhro Begim, Shodmon Sulaymon, Nodir Jonuzoq, Oydinniso, Dilshod Rajab, Orif Hoji, Jamoliddin Muslim, Minhojiddin Mirzo va boshqa isteʼdodlar edi. Ularning badiiy-estetik izlanishlarisiz istiqlol adabiyoti taraqqiyotini tasavvur qilish qiyin. Zero, har bir ijodiy avlod vakillari oʻziga xos ovozi, uslubi, manerasi, idrok etish xususiyatlari bilan oʻz badiiy dunyosini yaratadi. Bu xususiyat mazkur avlodning qiyofasini ham belgilab beradi. Mazkur davr sheʼriyati taraqqiyotida tutgan oʻrni va rolini, badiiy-estetik tafakkur rivojiga qoʻshgan ulushini koʻrsatish poeziyamizning aynan shu bosqichidagi yetakchi tamoyillari haqida fikr yuritish imkonini yaratadi.
Ana shu silsilada Ikrom Iskandar ijodining badiiy harorati, tarovati, nafosati oʻzgacha fayzli. Xususan, uning ruhoniy sezimi oʻtkir, tuygʻu-kechinmalari nafis va tarang, tafakkuri choʻng va terandir. Ikrom Iskandar ilk “Bir dasta gul”, “Bahorni izlayman” sheʼriy majmualari bilan kitobxonlar koʻngliga kirib keldi. Yuraklar toʻridan mustahkam joy egalladi. Shoirning sheʼrxonlar bilan uchrashuvi bir umr xotiralardan oʻchmaydigan, koʻngillardan koʻchmaydigan boʻldi.
Ikrom Iskandar birin-ketin eʼlon qilgan “Bugungi naqllar”, “Yomgʻirli fasl”, “Hangoma va naqllar”, “Yashil xirgoyi”, “Fasllar ohangi”, “Shamol qoʻshigʻi”, “Visol qushlari” toʻplamlari bilan adabiy-madaniy hayotimizda yorqin isteʼdod sifatida nazarga tushdi, eʼtibor topdi.
Ikrom Iskandar ijodi oʻzining ijtimoiy-estetik ahamiyati, tabiat-jamiyat-insonni badiiy-falsafiy tushunishi hamda tushuntirishi bilan ajralib turadi. Tabiat ranglari, jamiyat hodisalari va ruhoniyat fasllarini idrok va ifoda qilishdagi majoziy obrazlilik, ramzli-timsolli maʼnodorligi, sermiqyosligi muxlislarning yangi-yangi toʻlqinini vujudga keltirmoqda. Shoirning badiiy-estetik izlanishlari ilmiy-adabiy jamoatchilikning doimiy diqqat markazida, eʼzoz-eʼtiborida.
Shoirning birgina tabiat fasllari (bahor, yoz, kuz, qish) va ruhoniyat iqlimlari bogʻliqligidan uqqan fikrchan tuygʻular falsafasi alohida yoʻnalishga aylangani bilan nufuzlidir. Ushbu hodisa shoirning nafaqat inson va tabiat rishtalarini, umuman, jamiyat, voqelik psixologiyasini badiiy-falsafiy idrok va ifoda etishdagi ijodiy metodi sifatida koʻzga tashlanadi. Xususan, bahoriy kayfiyat manzaralariga, ulardan sizib chiqqan poetik obrazlarga, kechinmali maʼnolar silsilasiga bir qur razm solaylik.
Gullar kiprik qoqmay
Osmonga boqar.
Osmonni toʻldirib uchar edi
Qanotlari siniq qush ovozi. (“Bahorda” sheʼri)
yoki:
Havo shunday tiniq –
Osmonda uchadi bir qushcha,
Yelkamga qoʻnadi ovozi. (“Bahor” sheʼridan)
yoki:
Nur – igna,
Havoni qazdi quduqday…
Biqirlab qaynadi
Koʻkalam yer… (“Koʻklam” sheʼri)
Shoir sheʼrlarida tabiat holatlari fikrni qantarib olayotgani yoʻq. Aksincha, tabiat ohanglari, ranglari fikrlayapti. Tuygʻu-kechinmalar fikrga choʻmgan. Lirik qahramon tabiat ashyolarining ruhini anglash ishtiyoqi bilan andarmon. Eʼtibor beraylik-a, gullar nigohi osmonga qadalgan; kiprik qoqmay intiq osmonga mixlangan. Bu bejiz emas. U osmonni toʻldirib uchib borayotgan qanotlari siniq qush ovozini tuyish, uqish ishtiyoqi bilan band. Gullarga qoʻshilib oʻquvchining ham koʻngli hapriqib ketadi. Qanotlari siniq qushning ovozi ham xastami? U aslida ojiz, majolsiz qanotlar nolasidir. Ovozga yashiringan figʻon-faryod koʻkni toʻldirgan, osmonni enlagan. Qanoti singan qushning ovozi poetik obrazga aylanayotir. U ramzli maʼnodorligi bilan bizning ham koʻnglimizni toshirib yuboradi. Bu – ovozning ruhini anglash ishtiyoqi. Bu – ovoz zamiridagi haqiqatni bilishga chogʻlangan mayl. U sheʼrxon koʻnglida ham turfa taxayyullar qoʻzgʻatadi. Ramzli obraz qatidagi maʼnolarni oʻqishga, uqishga intilgan fikrning oʻzi kechinmaga yoʻgʻrilgan holatga aylanmoqda.
Yangini bilmoqchi boʻlsang moziyga tayan, deydi xalqimiz. Maʼlumki, qush – jahon estetikasida erk-ozodlik timsoli sifatida talqin qilinadi. Endi, Ikrom Iskandar sheʼrida ana shu erkinlikka intilgan, parvozga otilgan qushning qanotlari singan. Qushning tovushi emas, singan qanot ovozi sheʼrdagi badiiy maʼno mehvarini tashkil qilayotir. Eʼtibor beryapsizmi, ovoz ham siniq, koʻngli yarimta. Shu bois uning ruhi soʻniq; yovqur, shiddatnok emas. Sheʼr serqatlam ramzlar asosiga qurilgan. Gullar, osmon, qush, qanot, ovoz – barchasi badiiy detallar, tabiat ashyolari emas. Har biri timsolli maʼnolari bilan uzviy bogʻliqlikda estetik butunlikni tashkil etmoqda. Chunonchi, gullar – bokiralik, goʻzallik, ezgulik, yosharish, shodlik-safo va yana tiriklikning oʻtkinchiligi, umrlarning oniyligi timsolidir. Osmon hayotning azaliy va abadiyligiga bir belgi. Qushlar qanoti yuksaklarga koʻtarilish, katta intilish-ishtiyoq, kuch-quvvat, shiddat va panoh maʼnolarini anglatadi. Va lekin ana shu kuch – chalajon holatida; yaʼni singan qanot bilan olis manzilga yetib borish mushkul. Singan qanot ovozi Bari bir ishonch, umidga charxlangan. Zero, beqanot osmonga koʻtarilib oldi-ku. Olis manzillarga tikilgan nigohida umid bor. Ishonch esa singan qanotga mador. Gullar mujgonining koʻkka qadalganligi boisi shundan.
Qushlar ovozi lirik qahramon yelkasiga qoʻnadi, koʻngliga moʻralaydi. Nur – igna misoli yorugʻlik palagini toʻqishga kirishgan. Anglashiladiki, shoir sheʼrlarida tuygʻular falsafasini tuyish, fikrga chivrilgan holatlarini suratlantirish ustuvor. Bu borada lirik qahramon koʻnglida koʻpirgan kechinmalar bilan ranglar, ohanglar manzarasi bir-biriga singishadi, yaxlit estetik butunlikni tashkil etadi. Aytish mumkinki, koʻklam lirik qahramon qalbida uygʻotgan kayfiyat, holat monand fikrlayapti. Tabiat – obʼyektiv xilqat sifatida inson botiniga koʻchib oʻtib yashayapti, u ham insonga aylanyapti. Tabiat ham odamlarga oʻxshab his-tuygʻulari bilan boʻlishyapti (“Ozoddil turnalar-la Lak-lak falakka palak Otgan gullar boʻyini Toʻtiyo aylab koʻzga, Qoʻshiqlarin tinglagan, Oʻyin tushgan kapalak…”). Xilxonada hatto qabrlarning ham xayollari gullaydi. Ular chaman-chaman. Ular mayitlarning gulga kirgan, soʻzlayotgan armonlari, ushalmagan orzulari, umidlari. Semizqirning etagida ikki qizning shivir-shivirlari shamol yetagida chechaklar shakliga kirib sochiladi.
Shoirning badiiy-estetik talqiniga koʻra, tabiat olami odamga, odam esa koʻklamga evrilyapti. Aytish mumkinki, inson ruhoniyati iqlimlarini falsafiy tadqiq etishda badiiy fikr tobora teranlashib bormoqda. Xususan, lirik kechinmalar bilan falsafiy oʻylar sintezi, omixtaligi yaxlit bir hissiy tafakkur holatlarini vujudga keltirmoqda.
Masrur kezdik maysalarning
Yam-yashil nazarini.
Bizga koʻklamgi goʻsha maysalarning nazari.
Oʻta hassos, nihoyatda nozik-ingichka ilgʻam ifodasi. Buni koʻrish, maʼnosini tuyish, tushuntirish shoirdan shu qadar qilqalam tuygʻular tugʻyonini taqozo etadi. Maysalar nigohi lirik qahramonning ishqi uchun bir goʻsha. Maysalar nazarining botinida turib koʻklam tarovatini sayr qiladi. Bagʻoyat nafis sezim ila kuzatilgan asnolar, tasvirlangan lahzalar.
Titrandi koʻnglimning barglari,
toʻkildi bor gardi –
Koʻnglim qalqiyotgan dardlarin,
shivir-shivir kuyga gʻarq qilib
tongday tozardi…
Lirik qahramon maʼshuqasining yodi-xayoli oqib oʻtgan havoni simirib osmonday semiradi. Estetik fikr shoirona shavq-shukuhga toʻla holatning botiniy maʼnosini yoritishga qaratilgan. Yaʼni, tong lavhasi zamiridagi holat (el esishi, havoga toʻlgan bagʻir) lirik qahramon koʻnglidan qalqqan dardlarni arityapti. U ogʻriqdan forigʻ boʻlyapti. Koʻklam tonggi lirik qahramonning “men”ini namoyon etishga xizmat qilmoqda. Xususan, kechinmaning maʼnosini shuʼlalantirmoqda. U dard-alam girdidan tozargan tuygʻu haqiqatidir. Eʼtibor beryapsizmi, tong safosi – goʻzallik haqiqatini yuzaga chiqarmoqda. Goʻzallik insonni gʻam-anduhdan ozod qilyapti. Shoirning goʻzallik ideali koʻklam bilan uygʻunlikda toʻkislik kasb etmoqda. Tuygʻular haqiqatining real, konkret mazmuniga aylanmoqda.
Shoir talqinidagi tabiat ohanglari, tovushlari, ranglari obʼyektiv holatda namoyon boʻlishi barobarida inson ruhoniyati iqlimlarini zohir etayotganligi uchun ham maʼnoli. Zero, haqiqatga yetishish yoʻllari qanchalar turfa, serqirra esa-da, koʻngil iqlimlari orqali koʻklam haqiqatlarini anglab yetish Ikrom Iskandar sheʼrlari badiiyatining yana bir fayzli sahifasidir. Maysalarning nazari yam-yashil; u maysalar nigohini yoritish asnosida goʻzallikning yam-yashil haqiqatini ham koʻz-koʻz etayotir. Nur, havo, maysa, qoʻngʻir tuproq, shamol, barg – tabiat ashyolari esa-da, koʻklamning inson psixologiyasiga hamkor haqiqatlari. Shu boisdan ham u tuygʻularimizda, ong-shuurimizda yashab qolaveradi. Kelgusi nasllar hayotiga ham kirib boraveradi. Tirikligining fayzli, goʻzal haqiqatlari boʻlib jonlanaveradi. Oftob nurlarida, oyning oydin shuʼlalarida, suvning bokira jildir-jildir oqishida, togʻning ulugʻvor salobatida oʻzligini oshkor etayotgan haqiqatlar mujassamlashgan. Shu boisdan ham ular betakror goʻzallikdir. Negaki, haqiqatning oʻzi ham, unga yetishish, ifoda yoʻsinlari, shakllari ham hamisha goʻzal.
Tabiat fasllari bagʻriga yashiringan haqiqatning goʻzalliklarini hissiy tafakkur uygʻunligida idrok qilish Ikrom Iskandar ijodidagi yana bir muhim tamoyildir.
Mayin shabbodada tebrangan maysa…
Uzoq suzib ketar joyidan jilmay
koʻzlaring – mayoqday porlab, jilmaysa
tegrangga tarovat taratar bilmay,
tabiat sendan rang olur, bilmaysan.
Yuzida shabnamlar kular jilmaysa,
mayda qadam tashlab etganday royish,
namoyish aylagay maydonda maysa
bu foniy dunyoning oniy chiroyin.
Shoir tabiat ashyolarining ruhini suratlantirishga intilar ekan, oʻtkinchi lahzalardagi boqiylikni muhrlashga erishadi. Foniy asnolarning umrzoq daqiqalarini, mitti urvoqdek koʻringan narsalar bagʻriga yashiringan katta maʼnolarni tutib qolishga erishadi. Gullayotgan bogʻlarning oppoq gullari oq tusli kulgu boʻlib lirik qahramon yuragiga bogʻlanadi. Oppoq gullar jarangi bogʻlarning quvonch toʻla kulgulariga ulanadi. Ular koʻklamning foniy daqiqalari emas. Aslo. Ular bahorning oppoq gullar timsolida yashnagan ruhi. Bahorning oppoq gul shakliga kirgan ruhi tabiat xotirasida, odamlarning koʻngil koʻzlarida sehrlanib qolayotir.
Borliq-tabiat gung, tilsiz-zabonsiz xilqat emas. Yoʻq. Shoirning ilhom zavqi shabbodaning mayin-ukpar epkinida elanadi. Maysalar kiprigiga inadi. Shabnamlar kulgusiga ulanadi. Tabiat lirik qahramon mahbubasi chiroyidan rang olib, yanada goʻzallashmoqda. Maysalarni aytmaysizmi: “yuzida shabnamlar kular jilmaysa”. Eʼtibor beryapsizmi, borliq oʻz ovozlari bilan namoyish topmoqda. Bogʻlarning oppoq gullari, shabnamlar kulgusi, maysalar jilmayishi, shabbodada tebrangan maysa – tabiatning tilga kirgan lutfi. Ular bagʻriga yashiringan oʻzligini soʻzlatyapti. Ashyolar tilga kiryapti; bahorning borligʻini bizga tushuntiryapti. Olam evrilishda, tabiat ashyolari turlanishda-tuslanishda; ruhini namoyon etish barobarida tilga ham kiryapti. Ranglar tusida soʻzlayapti. Inson tabiatga singib oʻzligini yoʻqotmayapti. Qaytaga tabiat ashyolari oʻz jilvalariga inson qalbidan maʼno olyapti.
Anglashiladiki, tabiat ogʻushida inson, odam ruhoniyatida tabiat oʻzligini namoyon etayotir. Xususan, inson tabiat ashyolari tarovatidan oʻz “men”ini izlayapti va topayapti.
Koʻzlarimning yomgʻirlarini
xush boʻylaring oqqan havoga chaysam,
soʻngra
kiprigingga qoqilib,
yuragingga yiqilib tushsam,
ey,
yuzlari yomgʻirda yuvilgan maysam.
… Yomgʻirda yomgʻirdek tozargan boʻlsak!
Inson koʻngli Allohning siri, deydi hazrat Alisher Navoiy. Shoir insonning koʻngil asrorlarini tabiat ranglari va ohanglari orqali badiiy-falsafiy tadqiq etish yoʻlidan borayotir. Va shu asosda inson borliqning bir zarrasi; shu bilan barobar, inson koʻngli borliqning moʻjaz koʻzgusi, degan falsafiy maʼnoni yoritayotir. Ruhoniy erkinlik unga ana shunday beadad imkoniyatni noil etgan. (“Sen menga eng yaqin yoʻlini koʻrsat, Qanday boriladi sening qalbingga”; “Yurakdan rang olgan gul”; “Osmonlardan yurakni poklash uchun tushgan gul”; “Hayajonga gʻarq boʻlar daryo, Abir islaringga choʻmmish har yoni, Yuzingda yuvilib tushgan tomchilar Yomgʻirday poklaydi daryoni”; “Sogʻinchning barg kabi uzilar joni”; “Toʻkilmoqda shoxlardan umid va yashashga boʻlgan bir ilinj”;”Bir-birin yelkaga olib aftoda Xazin qoʻshiq kuylab borar xazonlar”; “Yomgʻir yogʻar… Quloqlarga qochib kiradi shitirlab Yomgʻirda ivib ketgan bir tovush”). Bular shoirning badiiy topildiqlari, badiiy kashfiyotlari.
Shoir tabiat fasllarida kechayotgan ranglar, ohanglar junbishini qalbga koʻchiradi. Qalbning toʻrt faslidagi tuygʻu-kechinmalar evrilishi tariqasida talqin qiladi. Shunisi najibki, holatlar, ashyolar oʻz zimmasiga yuklangan badiiy-falsafiy maʼnolar salmogʻi bilan nufuzli. Estetik kechinmaning tabiati tasvirning maʼno-mohiyatini ham belgilaydi. Turfa, rangin ifoda zamiridan badiiy-falsafiy mazmun balqib turadi. Xususan, bahor-uygʻonish, koʻkarish, poklanish timsoliga aylangan. Koʻklam ogʻushidagi yangilanish, tozarish ruhoniy evrilishlar bilan bogʻliq tahlil va talqin etiladi. Poetik obrazlar hayotni, haqiqatni, goʻzallikni tasdiqlashga xizmat qilayotgan ranglar, ohanglar bilan sirdosh. Yoz – jazirama halovati emas; u – sabr, qanoat, yam-yashil bardosh (“Saraton” sheʼridagi nur “Ozib ketgan anhorning qovurgʻasin sanaydi”; “Havoda muallaq qotadi changlar… Archalar – togʻdagi yashil xarsanglar”). Lirik qahramonning ishq-muhabbatdan lovullab yongan yuragi yozning jazillagan oftobiga mengzaladi (“Bir tong otayotir, Yuragim Yonib borayotir quyoshday…”). Oftob botgach, ufq bagʻri qip-qizil dogʻga oʻxshab qoladi (“… Ufqning yuzida dogʻi bor, Ufqday dogʻlidir yuragim”).
“Fikr bu – koʻrinmas tabiat, tabiat esa koʻz ilgʻamas fikrdir”, deydi olmon shoiri H. Heyne. Tabiat ashyolari oʻz mohiyati bilan shoir sheʼrlarida poetik obrazlarga aylanadi. Toʻgʻri, osmon odamning quchogʻiga sigʻmaydi; ishq taʼrifi, muhabbat vasfi ham shunga monand. Shoirning poetik obrazlari lirik qahramon qalbidagi ishq otashi alangasini, his-tuygʻular rangini, kechinmalar mazmunini qamrab olishga, yoritishga erishadi. Afsonaviy Antey hayoti ona zamin bilan metinday mustahkam bogʻlangan boʻlsa, Ikrom Iskandarning poetik obrazlari ham tabiatga shunchalar zanjirband. Tabiatdan rang, boʻyoq, fikr oladi. Yaʼni, tabiat ashyolari daraxtdek, giyohdek yashaydi. Tirik-jonli vujud monand nafas oladi.
Agar eʼtibor bersak, oʻzbek peyzaj lirikasida bahor va kuz fasllari eng koʻp qalamga olingani, shoirlarimiz milliy harakter xususiyatlarini koʻproq namoyon etganligini kuzatish mumkin. Shunisi eʼtiborliki, Ikrom Iskandar tasviridagi tabiat simfoniyasida har bir faslning oʻziga xos kaloriti lirik qahramon kechinmalariga, kayfiyatiga mutanosib jonlanadi, jilvalanadi. Ichki-botiniy hayoti fasllarning tabiat ato etgan turfa mazmuniga monand kechadi. Chunonchi, lirik qahramon mahbubasining koʻz qarashlari yoz osmonidek tiniq, lojuvard; yana bagʻriga oʻt solgudek qaynoq, otashnok; yoz chillasi – jaziramasidek vujudiga oʻt soladi, diliga olov qalaydi (“Jazillagan azobda potirlaydi yuragim – Sangzor baliqlarini shunday qovurishadi”; “Ay, hovling adogʻida, Ayroliqning dogʻida Kuygan dilim sirlari Tomboshiga sochilar. Yuragimdan qon sizar – Subhi kozib chogʻida Yoshday potrab girdimda Qizgʻaldoqlar ochilar”). Koʻz yoshlar, ehtiroslar, nigohlar choʻlu biyobonlar jaziramasini eslatgudek kuydiradi, yondiradi, qovjiratadi. Hatto sarin shabadalar jazirama saraton taftida sargʻayib ketgan. Bilqillagan tuproq ham sargʻimtir tusda. Javzo oftobi zabtiga olganidan hatto “Togʻlarning koʻksiga suyanadi koʻk”.
Yoz jaziramasi lirik qahramon dilini qovurgan, qovjiratgan, jazgʻanak qilgan ishq-muhabbat otashgohi sifatida talqin qilinadi. Shu boisdan u mahbubasining yuzini toʻsgan sochlarini yigʻib, koʻzlariga boqish, “Yuragingda ushoqcha ishq bormi?” deb soʻrash ilinjida (“Yuzlaringda yoyilgan Jilgʻaning makri nadir, Ikki yashnoq gavharni Oʻz bagʻriga koʻmadi. Gavharlarki, muhabbat Olamiga chorlaydi: – Biz tutashgan yurakda Ishq toʻla, – deb porlaydi…”). Bahor oʻtar, yoz oʻtar va lekin jazirama yoz oftobida sargʻaygan yaproqdek lirik qahramon dilida ayriliq dogʻi (“Bu toʻrt kunlik dunyosida Sensiz bir on yashashdan, Topolmasdim hech bir maʼni Koʻnglim yer ich-etini…”; “Xazonlar jon qadar issiq koʻrinadi koʻzimga”).
Kuz edi. Koʻz kabi namchil havoni
Toʻldirib yogʻardi sim-sim junjikish.
“Bilch-bilch” loy kechgancha yalang tovoni
Yoʻl boshida gʻarib,
Mungʻayib turardi kunchiqish.
Kuz bilan bogʻliq ruhoniyat tasvirida shoirning koʻngli yanayam toʻliqib ketadi. Kuz – toʻkin-emin boʻlishi barobarida, yogʻin-sochinga ham boy. Yana orzumand, oʻychan-mulohazakor xayollarning etagi yigʻishtirilgan. Ular sap-sariq xazonlarga uyqash xoʻrsinadi. Negaki, har qancha qoʻni-qoʻnji oshib-toshmasin, u boqiy halovatga, osuda sokinlikka koʻchish ostonasi hamdir. Toʻgʻri, kuz kayfiyati, kuzning junjiktiruvchi nafasi har bir shoirda turli taxayyullar uygʻotishi tabiiy. Bularning hammasi ruhoniy ehtiyoj, zarurat taqozosidir. Ikrom Iskandarning lirik qahramoni uchun olislarda qolgan va lekin aslo unutilmas, koʻnglida oshiyon qurgan mahbubasining yodi yigʻlayotgan xazonlarni eslatadi. Vujud-vujudiga titroq soladi (“Koʻksimda tugʻilgan xazonim – navo, Shitirlab kuylardi va sim-sim dardim Yogʻardi, koʻz kabi namchildi havo… Junjikib-junjikib seni eslardim”). Lirik qahramonning yakkalanib qolgan, yolgʻizlangan, sevgisiga javob topolmagan, mahbubasi iltifot koʻrsatmagan aftoda gʻamgin holatini yodiga soladi. Zada yurak – uzilib ketgudek yakka bargga oʻxshaydi (“Shamol esar dalada, Tom ustida yeladi – Koʻnglimdagi qaygʻudan Hushtak yasab chaladi”). Lirik qahramonning mahtal boʻlgan nigohi monand yaproqlar ham sargʻargan.
Bandidan uzilayotgan barg, xazon obrazlari shoir sheʼrlarida totli umidlarda aldanish, ayriliq ramzi sifatida tadqiq etiladi.
…Umidim barg kabi uzilaberdi,
Umidlar xazondek toʻkilaberdi:
“Chirt”, “chirt”…
Yaproqsiz ogʻochga aylandim…
Lekin kuz yoʻqlikka yitish emas. Oʻzligini, borligʻini yoʻqotish ham emas. Toʻgʻri, kuzning ertasi izgʻirin shamollar, muz qotgan xayollar, toʻnggan umidlar qoʻnalgʻasi. Kuzning quzgʻak, vujudlarni junjiktiruvchi, titroq solib uvishtiruvchi kungay tomoni ham bor. Xususan, bahorga xos yam-yashil yashnoq yasharish, gurkirab koʻkarish umidi soʻlmagan. Garchand yam-yashil umidlar, sargʻimtir xayollar xotiraga aylangan esa-da, koʻnglidagi nur-yorugʻlik ana shu yashnoq yashillik ogʻushida yashaydi (“Garchi oʻldim, tuproqqa Qorishmoqqa shaylandim – Men yam-yashil oʻtlarning Oʻtmishiga aylandim”).
Badiiy maʼno – bosh gʻoya oʻtkinchi fasllar zamiridagi boqiylik haqida ketyapti. Xususan, yashnoq yashillik, u – rang, tuygʻu, fikr tariqasida tuslansa-da, hayotning boqiyligini, tiriklikning turfa ohanglarini namoyon etayotir. Garchand kechinmalar zavol topib, tuproqqa aylansa-da, lirik qahramonning ishq-muhabbati yoʻqlikda yoʻqolib ketmayapti. U yam-yashil oʻtlarning oʻtmishiga aylanib yashab qolyapti. Lirik qahramonning yuragi yaproq misoli yiroqlarga uchib ketsa-da, sevgisi tirik, u yorugʻlik – ruh timsolida qolyapti (“… Garchi oʻldim shitirlab Singanida chiriklar, Bir baxt koʻrdim jonimda – Koʻrolmagan tiriklar”).
Qish oppoq qorlari, qahraton ayozlari bilan xotiralarda muhrlangan. Ikrom Iskandarning “Motamsaromi bu sham”, “Chilla chalar chanqovuz”, “Oqshom. Oqadi oq sham”, “Manzara”, “Yaldo tunida” va boshqa sheʼrlari qishning oppoq qor ramzi orqali aytmoqchi boʻlgan tuygʻular haqiqatini, falsafiy maʼnoni tiniq inkishof etadi.
Deraza koʻzlarida
Muz boʻlib qotdi shashtim,
Derazada ochilgan
Bir gul kabi adashdim…
Chilla chalar chanqovuz –
Esib oʻngu soʻlimdan,
Oppoq va sovuq bir kuy
Xabar berar oʻlimdan.
Tabiat fasllari silsilasida kuz nuroniy keksalik, qish chillasi oʻlim nafasi tariqasida tushuntirib kelinadi. Eʼtibor beryapsizmi, qish chillasidan oʻlim nafasi keladi. Bu tabiatning oʻlimidan darak berayotgani yoʻq, aslo. Bu – qishning qahraton sovugʻiga oʻqilayotgan hukm. Qish ayozi oʻzini oʻzi ado etayotir. Sovugʻi kunlarini kemirayotir. Qish chillasi oʻlib oʻlmagan va lekin tirik – joni bor deb ham aytolmaysan. Unda qandaydir sehr, jodu bor. Uning ogʻushida yorugʻ niyatlarning, qutlugʻ kunlarning koʻzlari mudraydi. Qish sovuq esa-da, Bari bir nurli. Yam-yashil navo bor nurning ruhida. Shu boisdan ham lirik qahramon tovlangan qor gullarining tafti, hididan ilhaq, umidvor (“… Quyosh eritib yuborolmagay Tarnovdagi muz kabi mening sabrimni”). Zero, ana shu uyquga choʻmgan qahraton qish chillasi ogʻushida yam-yashil yashnoqlik, bahoriy yosharish, yangilanish, tozarish mizgʻiyotir. Qish borliqni sehrlagandek oppoq uyquga choʻmdirgan. Va lekin u boqiy emas. Tiniqqan, begidir, begʻubor yashillik uygʻonajak. Shu boisdan ham lirik qahramonning nigohi jimitday umidni oʻziga nikohlab olayotir; ana shu uvoqdek umid bagʻriga kirib isinayotir. Ana shu urvoqdek ilinjda hayotsevarlik nuri bor; hayotning boqiyligini tasdiqlayotgan yashil yorugʻlik bor. U esa aslo zavol bilmas sobit haqiqatdir. U suvda choʻkmaydi, tuproqqa qorishmaydi, olovlarda yonmaydi, qish chillasida sovuqdan toʻngmaydi. Negaki, haqiqat bu – nurdir.
Ularda inson hayotidan ayirish mumkin boʻlmagan jon bor, ruh bor. Tuygʻu-kechinmalarga jon baxsh etib turgan olov harorat – ruhning ovozi; ruhning tabiat ohanglari, holatlari tusini olgan jonli nafasidir. Shoirning betakror goʻzallikka aylanayotgan poetik obrazlarida ruhning shuʼlalari yashayotir. Ular ruhning erkinligidan nafas olayotir. Ular tabiat tovushlari, ashyolari, ranglari orqali ruhoniyat haqiqatlarini darj etayotganligi boisidan ham koʻnglimizga naqshlanyapti. Ular ruhoniy hayotning tabiat obrazlari shakliga kirgan ovozi, soʻzlaridir. Ruh oʻzligini tabiat timsollari asosida namoyon etayotir.
Bu – Ikrom Iskandarning oʻzi kashf etgan poetik soʻqmogʻi, ijodiy yoʻli. Olam sir-sinoatlarini kechinmalar fikri, tuygʻular falsafasi orqali badiiy-estetik tadqiqotchilikka asoslangan shoirona yoʻl. Bu – oʻziga xos betakror nuqtai nazar yoʻli. Poetik nigohning ramzlar, timsollar asosiga qurilgan obrazlari bizni boʻyimiz qadar fikran boyitadi; ham qaynoq, ham muzdek ruhoniy-hissiy idrok toʻlqinlarida tuygʻularimizni charxlaydi, toblaydi. Insonning ruhoniy dunyosi iqlimlari bunchalar beadadligidan hayratlanamiz. Uning yangi-yangi puchmoqlari kashf etilishidan umidlarimiz koʻzlari ochiq va yoniq.
Noʻmon RAHIMJONOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/qalbning-tort-fasli/