Qalamdan boshqa qurolim yoʻq

Yozuvchi Erkin Aʼzam bilan suhbat

 – Erkin aka, hozirgi adabiy jarayonga munosabatingiz qanday? Adabiyotimizning bugungi darajasi sizni qanoatlantiradimi? Bir kitobxon sifatida, abadiyotga daxldorlik daʼvosidagi adabiyot ramzlar ortiga yashirinib ish koʻrishga zoʻr bermayaptimikan, degan xavotir bor menda. Goho sanʼat voqelikni real tasvirlashdan qoʻrqqani uchun mavhumlikka yuz burmayaptimi, degan xayolga boradi kishi. Shu haqda siz qanday fikrdasiz?

Koʻzingiz tushgandir, uch-toʻrt yil burun “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnalida bir suhbatim chiqqan, men unda adabiy jarayonni goh toʻxtab, goh siljib qoladigan nosoz aravaga oʻxshatgan edim. Bugun oʻsha muqoyasamdan xijolatroqman. Kaminani qanoatlantiradimi-yoʻqmi, harqalay, keyingi chogʻlarda adabiyotimizda bir jonlanish, koʻtarilish bordek. Ketma-ket durustgina asarlar, yangi nomlar paydo boʻlayotir. Demak, arava yoʻlga tushgan, obod-obod manzillardan umid qilish mumkin…

Darvoqe, siz aytgan ramzu majozlar orqali ish koʻrishning nimasi yomon? Badiiyatning asosiy shartlaridan emasmi bu?! Joʻnlik yomon, yalangʻoch bayon yomon. Tasvirni atay mavhumlashtirishni nazarda tutayotgan boʻlsangiz, u endi boshqa gap. Ramzlardan foydalanishni koʻr-koʻrona mavhumlashtirish ishtiyoqidan farqlamoq kerak. Voqelikni zoʻrma-zoʻraki mavhumlashtirib koʻrsatishga urinish koʻpincha muallif maqsadining yetarli idrok etilmagani, aniq-ravshan emasligidan yoki behuda mahorat daʼvosidan kelib chiqadigan hol. Ammo quruq voqeanavislik yoʻlidan borsangiz yana bir balo! Bunda meʼyorni saqlash muhim shart. Asli isteʼdodning bir alomati ham meʼyorni his eta bilishda emasmi, nima dedingiz?

Toʻgʻrisi, sizning tashvishingizda jon bor. Baʼzi narsalarni oʻqib boshingiz qotadi: roʻyi zamindagi hayotni tasvirlayaptimi bu yo osmoni falakka chiqib ketdimi? Alahsirashni eslatadigan bu soʻzlar boʻtqasidan muddao nima? Muallifning oʻzidan gap soʻrasangiz, yo baqrayib turaveradi (“Boʻlgan-turganim shu, kerak boʻlsa, tushunib ol!”), yo koʻzini osmonga oladi (“Sen yangicha uslublarni anglamaydigan bir nodon boʻlsang men nima qilay?!”). Qoʻyavering, “bolalarcha goʻllik kasali” bu, bir kun kelib oʻtib ketar, esi kirib qolar. Xohlamasa, oʻzidan koʻrsin – yozgan kitobini xotinidan boshqa hech kim oʻqimaydi!

“Men oʻzimni quvontirgan, qaygʻuga solgan, qiynaydigan narsalarning barini obrazlarga aylantirishga, poeziya bagʻriga joylashga oʻrganganman. Mening hamma asarlarim katta bir iqrornomaning boʻlaklaridir”, degan ekan Gyote. Toʻgʻri, muallifning shaxsiy iqrorlari va eʼtiroflaridan mutlaqo holi boʻlgan asarni topish mahol. Ammo bu qarash haqiqatga qay darajada muvofiq?

Bu gapning nimasiga ajablanasiz? Gyote haq, albatta. “Anna Karenina – aslida mening oʻzim” degan Tolstoy ham haq. Har qanday asar muallifning shaxsiy iqror va eʼtiroflaridan oziqlanadi-da. Tanlagan qahramonlariyu voqelik shuning ifodachisi boʻladi. Muallifning qarash va eʼtiqodiga zid voqelikni aks ettirgan biron asarni bilasizmi, ayting. Zamonlar oʻtib u oʻzgacha talqin qilinishi – eʼtibor topishi yoki inkor etilishi boshqa masala. Odam oʻz boʻyidan baland sakray olmaydi deymiz-ku. Demak, gap ana shu eʼtiqodning nechogʻli ahamiyatli ekanida. Chinakam badiiy asarda fikr-qarashlar goho muallifning “boʻyi”dan oʻzib ketishi mumkin. Muayyan asar va muallif shaxsiyatining har doim ham muvofiq kelmasligi shundan. Siz yozuvchiman deganning hammasi ham olijanob boʻladi deb oʻylaysizmi, nima? Ammo asar bitayotganida u olijanob boʻlmoqqa majbur! Aks holda oʻzidan koʻrsin. Axir, adabiyotning asl mohiyati, vazifasi insonni olijanoblikka daʼvat etish emasmi?

Yaqinda Kolumbiya universiteti olimlari XX asr oʻzbek adabiyoti namunalarini ingliz tilida chop etish boʻyicha ish olib borayotgani haqida maʼlumot oldik. Nashr qilinadigan asarlarni saralash bizning mutaxassislarimiz zimmasida ekan. Ana shu asarlarning taxminiy roʻyxati bilan tanishishimga toʻgʻri keldi. Ammo mazkur roʻyxatdagi baʼzi asarlarning badiiy saviyasini u darajada yuksak deb boʻlmaydi. Ular zamonaviy oʻzbek adabiyoti haqida toʻliq tasavvur bera olmaydi. Shu vazifa sizning zimmangizga tushsa qaysi asarlarni tavsiya etgan boʻlardingiz?

Adabiyotu sanʼat asarlarini baholash taʼb, did, saviya, hatto kayfiyatga bogʻliq masala. Barchaga birdek maʼqul tushadigan asarni topish qiyin – did, saviya har xil. Siz aytgan toʻplamni tuzuvchilar ham tirik jon, yanglishishi mumkin, mutolaa doirasi torroq boʻlishi mumkin va hokazo. Unaqa antologiyalarning mazmun sifati har doim ham koʻngildagidek boʻlavermaydi, ishoning. Ular koʻpincha toʻplovchilarining badiiy did, saviyasini aks ettiradi, xolos. Biroq har ne boʻlganda ham bu ishda shaxsiy munosabatlarni bir chetga qoʻyib, insof, adolat bilan ish tutgan maʼqul. Chunki u har kuni nashr etiladigan oddiy toʻplam emas, necha oʻn yilliklar osha bir martagina chiqadigan milliy antologiya. Uni oʻqigan ajnabiy kitobxon millatingiz, xalqingiz, madaniyatingiz haqida maʼlum tasavvur hosil qiladi. Bunday antologiya tuzishga kirishganda, koʻpdan-koʻp xos talablardan tashqari, odam millatparvar, vatanparvar ham boʻlmogʻi lozim. Biror joyga mehmon boʻlib borayotgan kishi egni-boshiga qarab olishi kerak-da, toʻgʻrimi?

Endi siz kuyinib tilga olgan antologiyaga kelsak, mening undan xabarim yoʻq ekan, nimalar kiritilganiyu kiritilmaganini bilmayman, shunga koʻra hozirdan bir nima deyishim qiyin. U yogʻini aytadigan boʻlsam, oʻsha toʻplamni men tuzganimda ham kimdadir eʼtiroz tugʻilishi tabiiy edi. Hali aytilganidek, u mening did-saviyamga mos boʻlar edi-da. “Har kimning oʻz taʼbi bor” degan gap bejiz emas. Nisbatan oqilona yoʻli shuki, bunaqa masalalar Yozuvchilar uyushmasi ishtirokida, koʻpchilikning oʻrtasida hal etilsa tuzuk.

Yashirmaylik, begonaparastroqmiz. Yaʼni – boshqalar zoʻr-u, biz sal beriroq, ularning asarlari yaxshi-yu, oʻzimizniki sal mundayroq… Yoʻq, baralla aytsa boʻladi: katta adabiyotimiz bor, yaxshi-yaxshi asarlarimiz bor! “Oldingdan oqqan suv-da” deb burun jiyirmasdan, ularni xolis nazar bilan oʻqimoqni, qadrlamoqni ham oʻrganaylik.

Xabaringiz bor, biz “Tafakkur” jurnalida jahon adabiyotidan namunalar yoritib boramiz. Lekin bitta hikoya tanlash uchun necha-necha toʻplamni varaqlab chiqishimizni bilasizmi?! Durdona deganlari har kuni topilavermaydi. Baʼzi narsalar, kechirasiz-u… “oʻzimiz qatori”. Axir, jahon boshqayu biz boshqa, jahon adabiyoti bir tarafu biz bir taraf emasdirmiz! Oʻzbek adabiyoti oʻsha biz mahliyo boʻlib qaraydigan jahon adabiyotining bir boʻlagi, havas qilgulik, munosib boʻlagi…

Barcha vijdonli ziyolilar singari sizni ham Vatan va millatni mukammal koʻrish istagi tashvishga solishi tabiiy. Ayting-chi, uzoq yillik ijodiy izlanishlaringiz shu ezgu maqsadga qay darajada xizmat qila oldi? Ehtimol, bu istaklarning ijobatini koʻrish uchun “boshqa yoʻllardan ham foydalanish kerakdir…” degan fikr biror marta boʻlsa ham xayolingizdan oʻtganmi?

Yozganlarim nimagadir xizmat qilgan-qilmaganini aytish mening vazifamga kirmasa kerak. Buni tusmollamoqqa ham haddim sigʻmaydi. Lekin shunisi aniqki, nuqul taʼrif-tavsif bilan maqsadga erishib boʻlmas. Shu vatan, shu millat meniki degan odam uning kamchiliklaridan kuyinadi, goho achchiq gaplarini ham qaytarmay aytadi, yozadi. Buyuklardan kimdir, Belinskiy boʻlsamikan, “Oʻziga tik qaray bilgan millatgina yuksaladi”, degan ekan. Xalqimiz ham “Doʻst achitib gapirar” deydi-ku!

“Boshqa yoʻllardan foydalanish” degan soʻzingizga, toʻgʻrisi, uncha tushunmadim. Men oʻzimni kamtarin bir qalamkash sanayman, qalamdan boshqa qurolim yoʻq, boshqasiga daʼvo ham qilolmayman.

Deyarli barcha qahramonlaringizni ushalmagan orzular oʻkinchi iztirobga soladi. Mazkur holat Asqar, Shamshodbek, Berdiboylardan tortib Bolta Mardonu Jiydalidan chiqqan Joʻraqulgacha – barcha obrazlaringizda uchraydi. Bu nimadan dalolat? Nahotki, Tangri “insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan boʻlsa…”

Ustoz Asqad Muxtorning soʻzlari-da. Naqadar topib aytilgan shoirona taʼbir! “Baxt izlash azobi bilan jazolash…” Hamma soʻzining tagiga chizib qoʻygingiz keladi, shunday emasmi?

Rahmatli Chingiz Aytmatov qahramonlarning murod-maqsadga yetishuvi bilan yakun topadigan ertaksimon nimadir yozishni orzu qilib oʻtdi. Rus mualliflaridan yana kimningdir shunday gapi esimda: “Azobu iztiroblarni yenggan oshiq-maʼshuq nihoyat limuzinga oʻtirib porloq ufqlar sari yoʻl olsa koshki edi! Lekin ular yoʻlda biror falokatga uchrashi ham mumkin-da, shunisi chatoq. Nachora, hayot deganlari ertak emas…”

German Gessening “Avgust” degan ertaknamo asari bor, bosh koʻtarmay oʻqiysiz, bagʻoyat puxta, sanʼatkorona yozilgan. Qizigʻi shundaki, sharq hikmatlarini yodga soladi. Ammo qaytib oʻqigingiz yoki tarjima qilgingiz kelmaydi. Nega? Garchi xotimasi ertaklardagi kabi shodumonlikdan iborat boʻlmasa-da, asarda ifodalangan hikmat ochiq-ayon: “hayotda baxtiyor boʻlmoq uchun odamlar seni emas, sen odamlarni sevmogʻing kerak” degan gap. Zarur, ibratli fikr. Biroq realistik asarga xos sirlilik, murakkablik yoʻq. Hikmat boʻrtib qolgan… Xulosa shuki, badiiy adabiyot axloqiy muammolardan bahs etishi mumkin, zarur ham, lekin u zinhor axloqshunoslik ilmi emas.

Ushalmagan orzular oʻkinchi, iztirobi boʻlmasa, u qanday adabiy qahramon, u qanday badiiy asar?! Shu “goʻzal iztirob”ni (Rauf Parfi taʼbiri) boshdan kechirmasa, qahramon qanday yuksaladi, qanday idealga talpinadi? Kitobxon unga ishonadimi, undan taʼsirlanadimi? Boya siz sanagan qahramonlarda rostdan ham shunday xislat topilsa… meni xursand qildingiz, rahmat. Kamina chinakam badiiy asarni iztirob mevasi, iztirobnoma deb bilaman. “Dilda darding boʻlmasa, sardaftarimni kavlama”, demaydimi otashin Mashrab!

Asarda sirqiragan dard boʻlmasa, iztirob ifodalanmasa, shundan hosil boʻlgusi tayin maqsad-muddao koʻrinmasa, oʻquvchi mardumning boshini qotirib nima kerak?!

Badiiy va publitsistik chiqishlarda siyqa jimjimalar koʻpayib borayotgan kezda oʻziga xos uslubingiz xalqni adabiyotga, adabiyotni xalqqa yaqinlashtirayotganiga shubha yoʻq. Afsuski, yosh nosirlar orasida soʻzga zargarona yondashuvlar u darajada koʻp emas. Ustoz adib sifatida ularga qanday maslahat bergan boʻlardingiz?

Bir yozuvchimiz bor, yoshligida yozgan asarlarida ifoda chatoq, til gʻaliz edi. Hozir u xiyla nom qozongan, dasta-dasta kitoblari chiqqan, lekin hamon “duduq”. Oʻziga ziyon, har qancha qiziq narsa yozmasin, asarlari yaxshi oʻqilmaydi, bir-ikki sahifasidan oʻtib-oʻtmay tashlab qoʻyasiz. Yozishni boshlagan kezlarida “Bu nima deganing, tilini chumchuq choʻqigur!” deydigan talabchanroq bir ustoz yoki muharrirga uchramagan-da. Bugun endi shundan gap qoʻzgʻab koʻring-chi! Toʻgʻri, oddiy kitobxon uncha-muncha qusurni sezmasligi, tasvirlangan voqeaga qiziqib, oʻqib ketaverishi mumkin. Lekin bir qarashda silliq, benuqson koʻrinadigan ayrim matnlarni qoʻlga qalam olib koʻzdan kechiring-chi, “sogʻ” joyi qolarmikan! Afsuski, soʻz-jumlaga eʼtiborsizlikni yoshlarimizdangina emas, elga maʼlum baʼzi oqsoqol adiblarimiz ijodidan ham topsa boʻladi. Yozuvchilik daʼvosi bilan chiqdingizmi, gap sanʼati emas, soʻz sanʼatiga amal qilib, ularni tanlab-tanlab, oʻrni-oʻrniga qoʻyib yozing-da, baraka topkur!

Bunday holga asosiy sabablardan biri – adabiy nashrlarimizda talabchanlik susayib ketgani, har doim ham sharaf keltirmaydigan mashaqqatli hunar egasi boʻlmish chinakam muharrirlarning kamyobligi. Oqibatda – muharrir ham muallifning oʻzi, musahhih ham… goho taqrizchiyu oʻquvchi ham oʻzi!

Yoshlarimizga maslahat berish vakolatim boʻlsa, aytay: hadeb oʻziningu bitta-ikkita tengdoshining yozganlarini oʻqiyvermasdan, boshqalarni ham, birinchi galda Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad singari ustozlarni sinchiklab oʻqisin, erinmasa, qiyoslab koʻrsin. Shoyad bir natija chiqsa. Yoki ular eskirganmi? Nima, oʻzimiz “yangi” boʻlib qolibmizmi, qachon?

Yana bir maslahat. Shoshmaylik. Bugun yozilganini ertagayoq chiqarishga oshiqmaylik. Adabiy matn bir qaynovda tayyor boʻladigan qiyom emas.

Yoshlarimizning havas qilgulik tili “burro”lari ham talaygina. Keling, roʻyxat qilib oʻtirmaylik. Ertaga bir kun yuzimiz shuvit boʻlib qolmasin. Garchi, ishni soʻzga mehr qoʻyishdan boshlagan odam keyin borib unga xiyonat qilmasa kerak.

“Shovqin” romanida qadriyatlardan uzilgan, matbuotchilar taʼbiri bilan aytganda, “ommaviy madaniyat” taʼsiriga tushib qolgan kimsalar obrazi tasvirlangan. Bundan ezgu maqsadlarni koʻzlaganingiz ayon. Ammo asaringizda qaltis epizodlar ham yoʻq emas. Komillik yoʻlida nafs va hirs kabi illatlarni yengib oʻtishi lozim boʻlgan millatning yosh vakillariga bu holat aks taʼsir koʻrsatmasmikan, nima deysiz?

Tipik qahramonlarni tipik sharoitlarda tasvirlash; ijobiy va salbiy qahramon… Sotsrealizm taʼsiri hali talay zamon qonimizdan arimaydi shekilli. Kimni qahramon qilib olish, uni qay yoʻsinda koʻrsatish yozuvchining ixtiyorida emasmi? Yaqinda bir roman qoʻlimga tushdi (ruscha), qahramonlari – bomjlar, boshpanasiz daydi-sayoqlar, sizu bizning nazarimizda asarga, ayniqsa, roman atalmish polotnoga qahramonlikka sira-sira yarashmaydigan, arzimaydigan kimsalar… Qiziqish bilan oʻqib chiqdim, lekin hecham ularga oʻxshab daydi boʻlgim kelgani yoʻq, havas ham qilmadim. Yozuvchi keng hayotni tasvirlamogʻi lozim ekan, hayotda shunaqalari ham bor-da, nachora? Hamma gap muallifning munosabatiga, beradigan bahosiga, boringki, maqsad-muddaosiga bogʻliq-da.

Bugun kulgili tuyular, ammo bir vaqtlar Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamalarda romandagi ijobiy va salbiy qahramonlar nisbati barmoq bukib sanab chiqilardi. Menimcha, oʻshanday qolipu quyushqonlardan xoli chinakam adabiyotning qahramoni hayotiy, haqqoniy boʻlmogʻi kerak, tamom-vassalom! Xudoga shukurki, bizning adabiyotda ham ana shunday obrazlar dunyoga kela boshladi.

Yaqinda ustoz Ibrohim Gʻafurov bilan shu borada gurunglashib qoldik. U kishi necha yillardan buyon rus tilidagi “xanja”, “xanjestvo” soʻzlarining oʻzbekcha loʻnda bir muqobilini topolmayotganini aytib meni hayratga soldi. Inson hayotiga doir jamiki holu holatni nomlamoqqa qodir boy lugʻatimizdan-a! Shundoq zargar tarjimon-a!.. Maʼnosini aniq-tiniq anglab turganimiz shu soʻzga ikkovlashib munosib “egizak” qidira ketdik. Oʻzni sipo tutish, qoʻy ogʻzidan choʻp olmagandek qilib koʻrsatish, buzoqning haqi deb sut ichmaslik… Lekin aynan, ixcham ifodasi topilmadi, qarang. Vaholanki, milliy feʼl-atvorimizga juda mos keladigan ibora! Axir, oʻzimizni xiyla sipo koʻrsatmoqqa urinishimiz, musichai beozordek tutishimiz, tiriklikning goho tuban oʻyinlaridan parhezkor qilib koʻrsatishimiz bor gap-ku!

Kelgan xulosamiz shu boʻldiki, harchand fazilatli, solihu olijanob xalq sanalmaylik, bani odamga xos illatu qusurlar bizga ham begona emas! Lekin shuni eʼtirof etmoqqa qolganda, garchi tilimizda aniq ifodasi topilmagan boʻlsa-da, oʻsha “xanja”ligu “xanjestvo” bizda ham yetarli!

Endi “Shovqin”ga kelsak, men unda birovni yomonlash yoki qoralab koʻrsatishni maqsad qilganim yoʻq, aslo – kechagi zamonda kechgan voqelikni bor-boricha tasvirlamoqqa urindim, xolos. Bunga erisholmagan boʻlsam yoki siz aytgandek tushunilayotgan boʻlsa – mening aybim. Lekin boshqa nazar bilan, deylik, haligi “xanjestvo”ni bir chetga qoʻyib oʻqib koʻrilsa-chi?

…Yoshlarimiz har narsaga aynib-buzilaversa, ayrim ellardagi kabi internetni cheklash, tomlarimizdagi “tarelka”larni yigʻishtirib olish kerak boʻladi…

Bilamizki, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Asqad Muxtor kabi ustozlar oʻz davrida yosh isteʼdod egalarini ragʻbatlantirish borasida salmoqli ishlar qilgan. Bugun siz ham ustozlik maqomiga erishgansiz. Sizga shogird tushishni istovchi yoshlar koʻp. Ayting-chi, “yashashni masʼuliyat deb tushunadigan, qahramonlari hayotga, odamlarga tanqidiy, talabchan nazar bilan qaraydi”gan sizdek adib adabiyotimizning ertasi hisoblangan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun nimalar qildi?

Umrim adabiyot nashriyotiyu adabiy jurnallarda (“Guliston”, “Yoshlik”, “Tafakkur” ham shu jumladandir) xizmat bilan oʻtdi, oʻtayotir. Qoʻlyozma saralashda muallifning yosh-qariligi yoki boshqa “imtiyoz”lariga qarab emas, hamisha muayyan nashr talablari, avvalo, adabiyot manfaatini koʻzlab ish tutmoqqa harakat qildim. Shu asnoda, tabiiyki, koʻplab yoshlarimizning asarlari ham qoʻlimdan oʻtgan, maʼqul kelganlarini imkon boricha quvvatlab-qoʻltiqlab nashrga tavsiya etganman. Bugun ularning adabiyotda erishgan yutuqlaridan shoyon gʻururlanib yuraman.

Beayb Parvardigor, bu borada goho kimgadir yetarlicha mehribonlik qilolmagan yoki talabchanlikni oshirib, koʻnglini qoldirgan boʻlsam – aybi boʻynimda. Shulardan kimki kiroyi bir asar yozib chiqib kaminaning oʻshandagi xatosini isbotlasa, qoʻshilishib quvonmoqqa tayyorman.

 

Safarali QURBONOV suhbatlashdi

 

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/qalamdan-boshqa-qurolim-yoq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x