Past Dargʻom tumani hududida joylashgan 150 ga yaqin tarixiy qoʻrgʻon, tepalik va masjidlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 dekabrdagi qarori bilan roʻyxatga kiritilgan.
Bu yerda Imom Alqama qadamjosi, yassaviya tariqatining yirik namoyandalaridan biri shayx Iftixor ibn Makka, shayx Najmiddin ota, Mavlono Oshiq (Mir Neʼmatulloh), murshidi komil Hidoyatxoʻja majzub, Koʻk tosh ota kabi oʻnlab ziyoratgohlar oʻrin olgan.
V. Vyatkin Anhor (hozirgi Past Dargʻom) tumanidagi qishloqlarni birma-bir yodga oladi, jumladan, “Chortut, sharqda Zaxliq, Navbogʻ, Yangiqishloq, Shombuloq va qadimiy Imom qishlogʻi Koʻshki Alqama yaqinida joylashgan”, deb taʼkidlab oʻtgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi fondida saqlanayotgan vaqf hujjatiga koʻra, Samarqand viloyati Anhor tumanidagi fayzi osor, Mullo Imom (Hazrat Imom Alqama) xonaqohiga tegishli yerlar Buxoro amiri Amir Shohmurod (1785–1800) tomonidan muhr bosilib, vaqf qilingan. Ushbu hujjatda mazkur xonaqoh “Hazrat Imom Alqama xonaqohi”, deb taʼkidlangan.
Bu zoti boborakot haqida hozircha biror bir mukammal manba uchramagan boʻlsa-da, yuqoridagi manbalarda keltirilgan maʼlumotlarda “Hazrat Imomi Alqama” qadamjosi ekanligiga dalolat bordir.
Rivoyat qilishlaricha, Imom Alqama koʻp namoz oʻqish, roʻza tutish va sadaqa berish kabilarga jiddu jahd qilardi. Oʻzining bu xislatlari bilan ibrat koʻrsatib, ahli moʻminlarni insof-diyonatga, xayru saxovat, ezgu ishlarga daʼvat etgan.
Mahalliy aholi bu xonaqohni “Imom ota” ziyoratgohi deb eʼtirof etib, ziyorat qiladi.
Ziyoratgohda – Imom ota mozorining kunchiqar tomonida balandlikda Yaratganning yoʻlida majzubona hayot kechirgan, amali xalq tashvishida boʻlgan mutasavvuf alloma Hidoyatxoja majzub (hijriy 1244/1827 yilda) dafn etilgan. Bu ziyoratgoh ham Samarqand qozi kaloni (Abu Tohirxoja) tomonidan “duo mustajob joy”, degan taʼrifga loyiq koʻrilgan muqaddas maskanlardan biri sanaladi.
Mavlono Oshiq
Oshiq ota mahallasida oʻz zamonasining tasavvuf olimlaridan biri Mavlono Oshiq ham qoʻnim topgan.
Mavlono Oshiq – asli kim boʻlgan, ismi, kasbi, qayerda, qachon tugʻilgan, degan savollar biroz oʻylantirsa-da, ammo bu yerning ziyoratiga bir kelib ketilsa, kishi koʻngli ravshan topadi.
Bu zoti kiromning ismlari Neʼmatulloh boʻlib, taʼlim-tarbiya rivojida, ustozlar chillasida, shogirdlar kamoloti negizida yillar davomida nur sochib, Yaratganning ishqidagi majzubligi oqibatida murshid va muridlar nigohiyu taʼbirida “Mavlono Oshiq” nisbasini oladilar.
OʻzRMDA fondida saqlanayotgan ayrim vaqf hujjatlarida Mavlono Oshiqning ismlari “Mavlono Mir Neʼmatulloh Oshiq”, deb keltirilgan. Shuningdek, ushbu hujjatlarda Mavlono Oshiq ziyoratgohiga tegishli yerlarning vaqfi toʻgʻrisidagi hujjatlardan qimmatli maʼlumotlar olish mumkin.
Mavlono Neʼmatulloh Oshiq oʻz faoliyati davomida “Devon” tuzganligi, uning yetuk shoir boʻlganligidan dalolat beradi. Uning “Devoni Oshiq” asari ToshDSHI ShQM fondida saqlanmoqda.
Iftixor shayx
Tumanning Zormon (Qumi) qishlogʻi yassaviya tasavvuf maktabining yirik namoyandalaridan biri Iftixor shayx qoʻnim topgan makondir.
Iftixor shayxning tasavvuf silsilasida ustozi Hazrat Qosim shayx (1500–1578) boʻlib, u (Qosim shayx)ning ustozi shayx Xudoydodi Validir.
Iftixor shayx zamonasining yetuk soʻfiylaridan biri boʻlib, maʼnaviy kamoloti keng, oshiqlar koʻnglini zabt etuvchi, tili va dili doim zikrda boʻlgan.
Samarqand qozi kaloni Abu Tohirxoja oʻzining yozishmasida: “Iftixor shayx mozori Zormon qishlogʻida, u turk shayxlaridan, baʼzilar bu yerni uning qadamjoyi deb bilib, jasadi Navbogʻ degan joyda, chinor daraxti ostida koʻmilgan, deydilar. Lekin avvalgi soʻz mashhurdir”, deya taʼkidlagan.
Past Dargʻomning Shakartepa, Pichoqchi va Yerteshar mavzelarida Koʻktosh ota, Gumbaz qishlogʻida Najmiddin ota nomli ziyoratgohlar mavjud.
Mirzo MEHROJIDDIN,
tarixchi-manbashunos
Manba: zarnews.uz
https://saviya.uz/hayot/nigoh/past-dargom-ziyoratgohlari/