Oʻxshatish

Bir necha yillar avval Nyu-Yorkdagi Salamanka shahriga keldim. Bu yerda men poyezdimni almashtirishim va uxlab ketiladigan vagonga chiqishim kerak edi. Platforma odamlar bilan gavjum, ularning bari allaqachon liq toʻlib boʻlgan uzun vagonga chiqib olishga urinishardi. Men chipta sotiladigan kassada oʻtirgan yosh kishidan “Yotib ketish uchun joy ololamanmi, yoʻqmi?” deb soʻragan edim, qatʼiy “Yoʻq!” degan javob oldim. Nariroq borib boshqa bir mahalliy xodimdan vagondan hech boʻlmaganda torgina bir burchak topib berishini iltimos qildim. U esa gʻazab bilan gapimni boʻldi:

– Iloji yoʻq! Hamma burchaklar liq toʻlgan! Endi meni ortiq bezovta qilmang, – u ortiga qaramay yurib ketdi. Juda dilim ogʻridi. Hamrohimga:

– Agar bu odamlar kimligimni bilsalar edi…, – dedim.

Baxtga qarshi hamrohim meni eshitishni istamadi.

– Boʻlmagʻur gaplarni qoʻy. Bunga koʻnikishimiz kerak, – dedi u. – Nima, ular sening kimligingni bilishsa, hech qanday boʻsh joyi boʻlmagan vagondan biror boʻsh oʻrin topib beradilar, deb oʻylaysanmi?

Biroq uning soʻzlari zarracha ham ahvolimni yaxshilamadi. Lekin shu payt vagondagi provodnikning menga qarab turganini sezib qoldim. Birdan uning yuzidagi ifoda oʻzgardi. Yonidagi forma kiygan provodnikka meni koʻrsatib nimalardir deb shivirladi. Sezdimki, ular men haqimda soʻzlashmoqdalar. Soʻng provodnik ochiq chehra bilan biz tomon yurib kela boshladi.

– Biron xizmatlari bormi, ser? – dedi u xushmuomalalik bilan, – boʻsh oʻrin kerakmi?

– Ha, – dedim men, – topib berolsangiz behad mamnun boʻlar edim. Boshqa hech narsa kerak emas.

– Bizda oilaga moʻljallangan kupe qoldi, xolos. Unda ikki kishilik oʻrin hamda bir juft yumshoq oʻrindiq bor. Kupe butkul sizning ixtiyoringizda, ser. Tom, bu yoqqa qarab yubor, mana bu jomadonlarni vagonga olib chiq.

Biz platforma boʻylab yurib ketdik. Hamrohimga bir nimani aytishga bir shaylandim-u, lekin fikrimdan qaytdim. Provodnik kupeda bizga qulayliklar yaratib berdi va bir talay qulluq hamda tabassum bilan dedi:

– Boshqa biron nima istamaydilarmi, ser? Aytganingizni bajo keltiramiz.

– Issiq suv keltirib bera olasizmi? – soʻradim men.

– Albatta. Hozir keltiraman.

– Yaxshi, krovat ustidagi chiroq juda ham yuqori ilinibdi. Boshqa bir yorugʻroq chiroq topib, boshimga yaqinroq qilib oʻrnatib bersangiz…. Qulayroq oʻqishim uchun…

– Albatta, janob. Siz xohlagan chiroq qoʻshni xonaga oʻrnatilmoqda. Hozir uni olib kelib, shu yerga oʻrnatib beraman, u butun kecha yoniq turadi. Yana istagan narsangizni soʻrashingiz mumkin. Butun yoʻl davomida nimaga ehtiyoj sezsangiz, tortinmay aytavering, ser.

Soʻng u chiqib ketdi. Men hamrohimga qarab jilmaydim:

– Xoʻsh, endi nima deysan? Koʻrdingmi, ular mening Mark Tven ekanligimni bilishgach, munosabatlarini oʻzgartirishdi.

Hamrohim jim edi.

– Senga shunday xizmat koʻrsatilishini xohlamasdingmi? Tagʻin chipta narxi bir xil boʻlsa, – qoʻshib qoʻydim men.

Shunday deb turuvdim ham yoʻlakda kulib turgan provodnikning chehrasi koʻrindi:

– Ser, men sizni bir koʻrishdayoq tanigan edim.

– Shundaymi, boʻtalogʻim? Xoʻsh, kim ekanman men? – soʻradim unga yaxshigina choychaqa berayotib.

– Janob Maklellan – Nyu-York meri! – dedi u.

 

Mark TVEN

 

Ingliz tilidan

Munira NOROVA

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/ijod/nasr/oxshatish/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x