TOJMAHAL QOSHIDAGI OʻYLAR
Dunyodagi yetti yoqut-laʼl
Moʻjizaning biri – Tojmahal.
Boʻlmas edi bu noyob gavhar
Mirzo Bobur boʻlmasa agar.
Ey tabiat, mansur zotlarga
Boʻlasanmi shuncha toshbagʻir.
Ozroq umr bersang ularga
Gado boʻlib qolmasding, axir.
Hayot boʻlsa, bundan moʻtabar
Moʻjizalar yaratardi u.
Shonimizni oy, yulduz qadar,
Quyosh qadar taratardi u.
TASODIF
Dunyo toʻla emish tasodiflarga,
Tasodif dunyoga hukmron emish.
Sirli kuch bor emish tasodiflarda,
Ular goh toʻfonmish, goh boʻron emish.
Boshingni silasa bir kun ertalab,
Tarvuzday yorarmish ikkinchi kuni.
Boʻlmagani kabi suyub, erkalab,
Aslo jazolab ham boʻlmasmish uni.
Donishmand dermishki, yoʻqdir tasodif,
Qutlugʻ haqiqat bor yagona, bekam.
Aslini olganda har bir tasodif
Achchiq haqiqatning mevasi ekan.
TESKARI
Yoshlikda vulqondek shiddat bor, biroq
Noyob tajriba yoʻq keksalikka xos.
Qarichilik esa shiddatdan yiroq
Uning bor davlati tajriba, xolos.
Yoshlikdagi gʻayrat, shijoat, shiddat
Qarigan chogʻda ham boʻlsaydi agar…
Hazrati inson, deb atalmish xilqat
Balki, boʻlar edi yana mukammal.
Ammo hayot bunga bermayin imkon,
Ustimizdan yayrab kulaverarkan.
Kuch ketib, belimiz shovshagan zamon
Tajriba tirjayib kelaverarkan.
TAGOR
Tushar boʻlsang Hind sori yoʻlga,
Tojmahalni qilgach ziyorat.
Taʼzim qilib hazrat Bedilga,
Salom bergin Tagorga albat.
U – oʻlkaning zotu kabiri –
“Ramayana” – fidoiysidir.
Hind xalqining Mirzo Boburi,
Mir Alisher Navoiysidir.
“Maxabxorat” kabi avliyo,
Ganga kabi suyugidir u.
Jamna kabi muqaddas dunyo,
Buyuklarning buyugidir u.
Hind sorigʻa tushsa yoʻllaring
Izzatini qoʻygin joyiga.
Qalbingdagi oppoq gullarni
Ekib qoʻygin aziz poyiga.
ILTIMOS
Otash tilab boʻlgaymi oydan,
Quyoshdan qor soʻrab boʻlgaymi?
Choʻp soʻrasang ochofat boydan,
Yotib kular, hatto, gʻoʻr daydi.
Ishing tushsa ingranar baxil,
Tirnalganday qonli yarasi.
Yarolmasa koringga sof dil –
Eziladi jigar-porasi.
Oʻylab qilgil iltimosni ham,
Buzilmasin oʻlchov, meʼyori.
U kimnidir qilmasin mulzam,
Yo yetmasin kimga ozori.
SABAB
Ignaning ishini qilolmas xanjar,
Xanjarga kirmaydi ignaning nishi.
Qanchalar serjilo boʻlsa ham gavhar,
Oddiy temirtakka oʻtmaydi tishi.
Baʼzilar gavharni temirga qarab,
Ignani xanjarga qarab tiqadi.
Tushunmovchiliklar, janjalni qayrab,
Qonli toʻpolon ham shundan chiqadi.
* * *
Toʻmtoq oybolta bilan
Yorolmaysan toʻnkani.
Oʻtmas poytesha bilan
Yogʻochni yoʻnolmaysan.
Qush boʻlsang ham tumanda
Parvoz qilish beʼmani,
Koʻzlagan manzilingga
Hech qachon qoʻnolmaysan.
ODDIY HIKMAT
Bilsang yoʻlning baland-pastini,
Umid yorugʻ chiroq boʻlarkan.
Odamzotning bilsang aslini
Sendan janjal yiroq boʻlarkan…
Bu hikmatni bilmasang, ammo
Oʻzingga koʻp yomon boʻlarkan.
Lekin uni anglaguncha to
Umring yonib, tamom boʻlarkan.
BOLALARIMIZ
Erkalab toʻymaymiz,
Suyub toʻymaymiz.
Navnihol gʻunchayu, lolaligida.
Boshga koʻtaramiz,
Yerga qoʻymaymiz,
Aziz bolamizni bolaligida.
Ulgʻaygandan keyin qushlarday uchib
Ketadi. Yangicha hayot boshlanar.
Endi bu qushlarni boshqalar quchib,
Suyub erkalaydi, endi boshqalar.
TOʻRTLIKLAR
Hayot bozor edi bizlargacha ham,
Bizdan soʻng ham shunday qolaveradi.
Bozorda savdomiz tamom boʻlgan dam,
Mozorlar bagʻriga olaveradi.
* * *
Tavallo qilsa ham, cheksa ham figʻon
Ishonma, doʻst boʻlib qolmaydi baxil.
Yuz marta poʻstini tashlagan ilon
Ipakka aylanib qolmaydi, axir!
* * *
Agarki, kimgadir qilsang yaxshilik
Oʻsha nafasdayoq esingdan chiqar.
Ammo, kimlardandir koʻrsang yaxshilik
Unutma eng soʻnggi damingga qadar.
AJIN
– Oltmishdan oshsa ham peshonasida
Bir tola ajin yoʻq, chiziq yoʻq, qoyil.
– Ishlamagan boshning peshonasiga,
Hatto, ajinlar ham boʻlmaydi noyil.
IMON
Bitta chumoliga yetkazmay ozor,
Bitta kapalakka berolsa yordam.
Demakki, bu zotda hali vijdon bor,
Demakki, bu zotning imoni bardam.
KUYAMAN
Sodda bolalarga muhabbatim moʻl,
Faqat, gʻoʻrligidan afsus tuyaman.
Oltmishdan oshsa ham bola kabi goʻl
Zotlarni koʻrganda yonib, kuyaman.
ARMON
Odam zoti borki, kuygay armondan,
Armon goh raqibdir, gohida dastyor.
Asli, armonsizman, degan sultondan,
Armonim moʻl, degan gado baxtiyor.
ILTIMOS
Choʻldan marjon qidirmas gʻavvos,
Koʻlga bugʻdoy sepmaydi dehqon.
Imkonsizdan qilsang iltimos,
Bajarolmas hech vaqt, hech qachon.
MAGʻRUR MALAKKA
Tovuslarning xiromi,
Xiromlaringga quldir.
Raftoring qarshisida
Toʻlin oy – soʻlgʻin guldir.
Burgut boʻlib uchmoqqa
Orzumand kapalakdek,
Sevgim ham sendek magʻrur
Malak uchun bir puldir.
BIR GUL EMASMAN
Yaxshiyamki, bir gul emasman:
Bozorlarda sotar edilar.
Bir haftayam avaylamasdan
Qayoqlarga otar edilar.
Alamzada oshiqlar dilxun
Qasdlashardi, bu – gul, demasdan.
Changga botib yotardim bugun.
Yaxshiyamki, bir gul emasman.
QIZGʻALDOQ
Qizgʻaldoqqa kelar havasim,
U bamisli bir hovuch olov.
Tegib ketsa xiyol nafasing
Alangaga aylanar lov-lov.
Qizgʻaldoqqa kelar havasim,
Lekin unday yashagim kelmas –
Tegib ketsa xiyol nafasing
Yaproqlari toʻkilar besas.
Yaydoq tana titranar dir-dir
Chaqmoq urgan butaday mazlum.
Achinaman, lekin, baribir
Qizgʻaldoqqa kelar havasim.
Abdusaid KOʻChIMOV
“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/otash-tilab-bolgaymi-oydan/