Otabek Rustambek. Bahorda, bolalik chogʻimda…

Bahorda

 

Kapalak osmonni quchib uchardi,

Qaldirgʻoch bir goʻzal qoʻshiq aytardi,

Daraxtlar ustundi, koʻkka yetardi,

Bahorda, bolalik chogʻimda…

 

Yoʻllar belbogʻ edi dunyo belida,

Bir poy kovush choʻkkan ariq boʻyida,

Buyuk qaygʻu edi suvning tubida,

Bahorda, bolalik chogʻimda…

 

Men-chi, men emasdim, men edi olam,

Butun sir, koinot yaproqlarda jam,

Eng shirin kalima birgina “bolam”

Bahorda, bolalik chogʻimda…

 

Juda qiziq edi odamlar bari,

Kimi yaxshi edi, yomondan nari.

Insondek soʻzlardi, jimittek ari

Bahorda, bolalik chogʻimda…

 

Kunlar gado emasdi, yirtigʻu yamoq,

Bir ertak tinglardim, juda ham uzoq.

Bilsam sahifasi ekan eng oppoq,

Bahorda, bolalik chogʻimda…

 

 

***

 

Senga men…

 

Uyum-uyum dovonlar,

Yoʻlim bogʻlar yomonlar,

Koʻngil kettan tomonlar,

Senga men qaytolmadim…

 

Hajri qoʻymas, dil oʻrtar,

Kunlar botmas, tun choʻkar,

Bu garduni dun doʻnar,

Senga men qaytolmadim…

 

Koʻzlarni olgan goʻzal,

Taqdirni oʻzi masal,

Bitik savdomiz azal,

Senga men qaytolmadim…

 

Yoʻl koʻpu aʼlosi bor,

Lek, iblis yagʻmosi bor,

Bizda haq daʼvosi bor,

Senga men qaytolmadim…

 

Senga men…

 

 

1 may, 2001 yil

 

Ufurib oʻtatsi sovuq yelkamdan,

Suyanchiq topolmay qoladi koʻnglim.

Sigʻmayin qolaman dunyoga birdan

Otajon!.. Yellardan keladi soʻrgim.

 

Boʻgʻilib yigʻlagil, qabriston jim-jit,

Oʻliklar birovga bermaydi ozor.

Adashsam, eshitgim kelganda oʻgit

Bitta yupanch soʻzga boʻldim intizor.

 

Inim jon oʻksisa, ilojim qancha,

Egaman gʻamboda, siniq koʻngilga…

Bir kuni orzular, omad ushalsa

Hasratda qarayman bir qora gilga.

 

Goh qoqilsam birdan, koʻtargan dadam,

Ulgʻaydim, topgandim budim – oʻzimni…

Yo Rab, sabrdan qasr ber;

Onamga hamdam,

Kimga ham ishonay choʻkkan koʻnglimni.

 

 

Unutmassiz

 

“Oy” desam, oydan ham goʻzal edingiz,

Kun kunu, kundan ham oʻzar edingiz.

Sizga ne ham deyin, aytgan edingiz:

“Bizni unutmassiz, unutolmassiz…”

 

Daraxtlar bargidan koʻp edi soʻzlar,

Mudom ostonada edi bu koʻzlar.

Hamon xotiradan ketmas oʻy soʻzlar:

Bizni unutmassiz, unutolmassiz…

 

Uzoqmi-yaqinmi, balki yoʻlimiz,

Sizdan ayrilmadi hech ham oʻyimiz.

Yagona mung boʻlib aytar kuyimiz:

Bizni unutmassiz, unutolmassiz…

 

Muhabbat soʻradi bizdan bu yillar,

Oʻtganda-ketganda yigʻladi yillar.

Birgina taskinim, aytdi bu yillar:

Bizni unutmassiz, unutolmassiz!..

 

 

Yillar oʻtadir

 

Umri sarolikdan suygan yoshligim,

Taqdiri azalsan, yurak tonsa ham.

Yoshlikdagi koʻnglim, qaro qoshligim,

Yillar oʻtadir, ayt, nedan goʻzalsan?..

 

Sevgan onlarimiz chindan baxtmikan?!

Ul jununlik damlar tillo taxtmikan?!

Chin oshiqqa gardun biron gardmikan?!

Yillar oʻtadir, ayt, nedan goʻzalsan?..

 

Baʼzan yolgʻiz kezgan yoʻlovchi yangligʻ,

Oʻzidan taskinlar yoʻllovchi yangligʻ,

Ishqidan bir jilva oʻrtovchi yangligʻ

Yillar oʻtadir, ayt, nedan goʻzalsan?..

 

Endi sendan ayro tushgan yoʻlim bor,

Boʻstonlarda armon boʻlgan gulim bor,

Aldab ketmaydigan bitta oʻzim bor,

Yillar oʻtadir, ayt, nedan goʻzalsan?..

 

 

Otabek Rustambek (O. R. Joʻraboyev) – 1973 yili Qoʻqon shahrida tugʻilgan. Qoʻqon DPI, Oʻzbekiston Respublikasi FA aspiranturasi va doktoranturasida oʻqigan. Filologiya fanlari nomzodi. Koʻplab ilmiy, ilmiy-ommabop maqola va risolalar muallifi. Shuningdek, hikoya va tarjimalari ham matbuotda dunyo yuzini koʻrgan, “Zangori tilaklar” (Toshkent, “Tamaddun”, 2010) sheʼriy toʻplami chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nazm/otabek-rustambek-bahorda-bolalik-chogimda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x