Qatnashuvchilar:
Qurbonoy
Raʼno Aliyevna
Marziya
Aʼlo
Naima opa
Namuna
Dono
Zarina
Umida
Umidaning qaynonasi
Ikki mirshab
BIRINCHI KOʻRINISH
Sahnaning tomoshabinga koʻrinib turgan tomoni qop-qorongʻi, orqa tomonida esa chiroqlar yonib, katta mashinaning keskin toʻxtagan ovozi eshitiladi. Unga ayol kishining chinqirigʻi qoʻshilib ketadi.
Sahna ortidan ayol kishining dard tutayotgandagi achchiq chinqirigʻi va vahimali shaqir-shuqur ovozlar ichida ikki mirshab homilador mahkuma ayolni qoʻllari kishanlangan holda olib keladi. Dard tutayotgan mahkuma ayol goh oʻzini ikki yonga, goh yerga tashlamoqchi boʻladi. Ammo uning kishanlangan qoʻllari bunga xalaqit beradi. Mirshablar sahnadan juda sekin yurib, pardaning orqasiga oʻtib ketadi. Sahna ortida esa sayroqi qushlarning ovozi va bahor ekanligini tasvirlovchi bir manzara ichida tugʻruqxonaga kirib keladigan yoʻlak aks ettiriladi… Qoʻllarida yelim xaltalar, gullar koʻtargan yosh otalar, xavotir ichida yelib borayotgan onalar siymosi gavdalanadi…
Bahorda toʻsatdan yogʻib qolgan jala kabi mahkuma ayolning kirib kelishi koʻrgan kishini qattiq qoʻrquvga soladi.
Tugʻruq zali. Vrach va hamshiralar u yoqdan bu yoqqa chopib oʻtishadi. Qoʻllarida tomchi ukol qoʻyish uchun ishlatiladigan jihozlar, dorilar saqlanadigan (aptechka) qutidan tortib, issiq suv quyib ishlatiladigan (grelka) yelim idishgacha bor.
Parda bilan toʻsib qoʻyilgan eshik yonida tund qiyofadagi ikki mirshab tik qotib turibdi. Mahkuma ayolning jon achchigʻidagi chinqirigʻi eshitiladi.
MAHKUMA: Onajon, oʻldim. Ona-a-a-j-o-on!
VRACH: Nafas ol! Chuqur-chuqur nafas ol. Gapimga quloq solib, aytganlarimni qilsang, birpasda qutulib olasan. (Shifokorning ovozi keskin, ammo hamdard, daldaomuz yangraydi) Ha, bolang kelib turibdi, singlim! Bunaqada bolang oʻlib qoladi, axir. (Birozdan keyin) Ozgina sabr qilib, chidasang, hammasi oʻtib ketadi… qani… nafas…
MAHKUMA: Opajon, jon opa, bolamni saqlab qoling. Jon opa, menga rahmingiz kelsin. Uning vujudimda borligiga, tepinishlariga, erkalanishlariga oʻrganib qolgan edim. Qornimga qoʻlimni qoʻysam, qimirlab javob qaytarar edi… (Yana toʻlgʻoq boshlanib, ayolning soʻzi uzilib qoladi. Soʻngra ingrash va alahsirashga oʻxshash uzuq-yuluq soʻzlar eshitiladi) Onajonim! Qayerdasiz? Sizni koʻrgim kelyapti… Sizni koʻrgim kelyapti, onajon. Men hozir tashqaridaman. Onajon, eshityapsizmi? Sizning nabirangiz tugʻilmoqda. Onajon! Onajon… Esingizdami…
VRACH: Koʻp gapirma. Kuchan, yoʻqsa, kuchingni yoʻqotib qoʻyasan. Hali senga kuch kerak boʻladi.
MAHKUMA: Opajon, opa… (Ayol nimalarnidir aytishga urinadi).
VRACH: (Soʻzini boʻlib) Oldin eson-omon qutulib ol, keyin qancha gaping boʻlsa, gaplashaveramiz, xoʻpmi? Endi mening aytganlarimga quloq sol, chuqur-chuqur nafas ol. Ha, barakalla.
Ammo ozgina oʻtmay mahkumaning ovozi jimib qoladi. Yana zalda yugur-yugur boshlanadi. Vrach sarosimada.
VRACH: Tez nashatir spirtini uzating. Aʼlo, qon bosimini oʻlcha. Marziya, oyogʻining ostiga issiq grelka qoʻying.
AʼLO: Qon bosimi 170 ga 80. Papaverin-dibazol tayyorlaymi?
VRACH: Tez. (Vrachning ovozi xavotirli eshitiladi) Bolaning yurak urishi yaxshi. Faqat onaning qon bosimi baland. Agar tushirmasak, bola oʻlib qolishi mumkin.
VRACH: Koʻzingni och. (Vrach ayolning yuziga shapatilab, oʻziga keltirishga urinadi). Oʻzingni qoʻlga ol. Koʻp suv yoʻqotgansan, bolang quruqda qolgan, tushunyapsanmi? Marziya, oti nimaydi, kasallik varaqasiga qarang-chi.
Marziya stolning ustidagi kasallik varaqasini qoʻliga oladi.
MARZIYa: Qurbonoy ekan. 23 yoshda.
VRACH: Essizgina, shuncha yosh ekanmi? Qurbonoy, Qurbonoy, qara, meni eshityapsanmi? Oʻzing harakat qil, ozgina chidasang, hammasi yaxshi boʻladi. Ha, yaxshi, yaxshi. Oʻziga kelyapti. Aʼlo, oksitatsin ula. Toʻlgʻoq sust. Bola qiynalib ketdi. Qurbonoy, qani yana bir urinib koʻraylik.
MAHKUMA: (Past ovozda) Opa, boshqa kuchim qolmadi. Ozgina nafas rostlab olay, opa-j-o-on… Ona-a-a-a… Onajo-o-o-o-n!..
VRACH: Bunaqa qilaversang, bolang nobud boʻladi. Namuncha oʻzingni oʻylamasang, baqirma kuchingni ketkazib. Chuqur-chuqur nafas ol, qani… Qattiqroq! Ha, yaxshi. Yana…
MAHKUMA: O, qanday yaxshi. Mening bolam! Mening bolam tugʻilyapti. Men ona boʻlaman. Opajon, men jinoyatchi emasman. Men jinoyat qilganim yoʻq. Men bor-yoʻgʻi oʻzimni himoya qildim. Oʻzimni himoya qilganim uchun qamaldim. Men shaʼnimni… (nafas olishi ogʻirlashadi). Men shaʼnimni… a-a-a-a-a…
AʼLO: (Xavotirli ohangda) Raʼno Aliyevna, onaning yuragi urishdan toʻxtayapti-i-i!
VRACH: (Sarosimada) Sunʼiy nafas, elektroshok! (Soʻng baland ovozda) Yoʻq, yoʻq, boʻldi. Yuragi ura boshladi. Faqat nega… nega bola yigʻlamayapti?
Birdan butun sahnani chaqaloqning yigʻisi tutib ketadi.
VRACH: Oʻgʻil tugʻildi! Besh yarim kilo! (Raʼno Aliyevna peshonasidagi terni artib, ogʻir xoʻrsinadi va stulga oʻtirib, nimalarnidir yoza boshlaydi)
Qurbonoy bu paytda ancha holdan toygan, madorsiz, sochlari toʻzgʻigan koʻyi yonida ikki mirshab bilan parda ortidan chiqib keladi. Chaqaloq hamshiraning qoʻlida chinqirib yigʻlaydi va Qurbonoy har tomonga alanglagancha chaqaloqqa talpinib, alla ayta boshlaydi.
Ochilmasdan soʻlgan bolam, allayo alla,
Tirik yetim boʻlgan bolam, allayo alla.
Onajoni oʻlgan bolam, allayo alla,
Jonim bolam, jahonim bolam, allayo alla.
Qayerlarga bordik, bolam, allayo alla,
Ne kunlarga qoldik, bolam, allayo alla.
Xudoyimga soldik bolam, allayo alla,
Jonim bolam, jahonim bolam, allayo alla.
Nima qilay – yetmas havo, allayo alla,
Holim zabun, ahvolim tang, allayo alla.
Bolajonim, hatto Xudo, allayo alla,
Kechiradi sen kechirsang, allayo alla.
Sahna qorongʻilashadi.
IKKINCHI KOʻRINISH
Sahna yorishadi. Tugʻruq zali. Mahkuma ayol qornini ushlagan koʻyi zoʻr-bazoʻr vrachga yuzlanadi.
QURBONOY: Opajon, bolamni qoldirib ketmoqchiman.
VRACH: Nima? Toʻqqiz oy qorningda koʻtarib yurib, qiynalib topgan bolangni tashlab ketishga koʻzing qanday qiyadi? (Birdan esiga nimadir tushganday Qurbonoyga ilkis qaraydi) Balki, eringga xabar qilsak, olib ketar?
QURBONOY: (Keskin) Yoʻq! (Uning ovozida nimadir portlaganday, vrach bir choʻchib tushganday boʻladi) Yoʻq, u uylangan. Mening bolamga koʻzi uchib turgani yoʻq. (Sekingina) Kundoshning qoʻliga topshirgandan koʻra, bolalar uyiga topshirganim yaxshi.
VRACH: Demoqchi edimki… Demoqchi edimki, yaqin kunlarda ozodlikka chiqsang, shu bola senga ermak boʻlarmidi?
Shu payt hamshira chaqaloqni onasining oldiga olib keladi. Ona bolasiga talpinib, chaqaloqni qoʻliga olarkan, koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkiladi va bolasini bagʻriga qattiq bosib, vrachga yuzlanadi.
QURBONOY: Meni oʻylaganingiz uchun rahmat, opa! Hali-beri chiqmayman. Yana 9 yilu 4 oyim turibdi. Men hayotini yashab boʻlgan odamman. Endi buyogʻining farqi yoʻq. Chiqdim nima-yu, chiqmadim nima? Hayotim erim men bilan bolamdan voz kechgan kuni tugagan. Qolaversa, bolam mahkuma onasi borligini bilmagani yaxshi. (Ezilib yigʻlagan koʻyi bolasini oʻpadi) Bolam koʻz ochib qamoqxonani koʻrmasin, opajon. (Xuddi esiga bir nima tushganday vrachga yuzlanadi) Opajon, nima deysiz, hozircha bolalar uyiga topshirib tursangiz. (Shoshib) Men, albatta, uni topaman. Bu yerdan uzoq-uzoqlarga olib ketaman. Shunday yaxshi tarbiya beramanki, opajon, shunday yaxshi tarbiya beramanki… (Oʻziga oʻzi gapirgan kabi) Otasiga oʻxshab nomard boʻlmaydi. Bolasini, pokiza jufti halolini koʻchaga tashlab qoʻymaydi. Erkaklik shaʼnini oyoq osti qilmaydi.
VRACH: (Xoʻrsinib) Uni ertaga topolmay qolishing mumkin. Sen buni oʻylamayapsan. Bitta burgaga achchiq qilib, butun dunyoga oʻt qoʻyyapsan, singiljonim. Qayerda boʻlsa ham, koʻzingning oldida boʻlgani yaxshi emasmi? Ertaga pushaymon boʻlasan, ammo unda kech boʻladi.
QURBONOY: Qarorim qatʼiy, opa. Juda uzo-o-q oʻyladim. Menga oson deb oʻylaysizmi bolamni tashlab ketish?..
Bolani bagʻriga qattiq bosib, yerga choʻkkalab qoladi. Hamshira uchib kelib, bolani ayolning qoʻlidan oladi.
VRACH: Unda mana bu arizaga qoʻl qoʻy.
Ayol juda ayanchli ahvolda stolga yaqinlashib, vrach koʻrsatgan bir qogʻozga imzo chekadi (koʻzlarini qattiq yumib, qoʻllarida kuchli titroq aks etadi) va stoldan uzoqlasha boshlaydi. Birdan toʻxtab, Vrachga oʻgiriladi:
QURBONOY: Opajon, bolamni yana bir bor bagʻrimga bos-a-ay?
VRACH: (Ezilib) Singlim, sen hujjatga qoʻl qoʻyib boʻlding, bola endi seniki emas. Uni koʻrsatishga haqim yoʻq.
Qurbonoy oʻzini vrachning oyogʻiga tashlab ariya ayta boshlaydi.
Opajon, bilmayman, tushmi-oʻngimmi –
Xudo ham eshitmas, yolboray kimga?
Alpomish oʻgʻlimni, polvon oʻgʻlimni
Bir marta boʻlsa ham bosay bagʻrimga.
Nozik qoʻlchalarin ushlab koʻrayin,
Koʻzimning oʻngida qolsin bir umr.
O, menga nimadir boʻlmoqda tayin,
Koʻksimdan quyilib ketdi nimadir.
Bagʻrimni kuydirib bormoqda bir choʻgʻ,
Uyingiz baxtiyor bolaga toʻlsin.
Qoʻlimdan hech nima kelmayapti, yoʻq,
Xudo manglayini silagan boʻlsin.
Ikki mirshabning orasida mahkuma chorasiz ortiga qaray-qaray keta boshlaydi. Shu payt chaqaloqning chinqirib yigʻlagani eshitiladi. Mahkuma jon talvasasida har tomonga oʻzini tashlab yana ariya aytadi.
Yigʻlamagin, yigʻlama, bolam,
Yurak-bagʻrim tigʻlama, bolam.
Seni tashlab ketishga ham
Bu dunyodan qoʻrqaman, bolam.
Ana, koʻkda yaltiraydi oy,
Yigʻlamagin, yigʻlama, bolam.
Meni kechir, men turgan u joy
Senga ravo emasdir, bolam.
Kuyib borar jonu jahonim,
Tovonimga botadi tikan.
Aytib ketay, jon bolajonim –
Bu dunyosi qon, qonxoʻr ekan.
UCHINCHI KOʻRINISH
Yana bir gumburlagan, vahimalar ichida ogʻir-ogʻir qadam bosib borayotgan, koʻksi hoʻl, sochlari toʻzib ketgan ayolni mirshablar olib chiqib ketishadi. Va yana sahna ortida katta mashinaning joyidan siljiyotgan ovozi bilan ayol chinqirigʻi qoʻshilib ketadi. Bu chinqiriq avvalgilaridan farqli, hamma narsasini yoʻqotgan, oxirgi umidlaridan ham mosuvo boʻlgan ayolning alamli chinqirigʻi edi…
Tugʻruqxona yoʻlakchasi. Hamshiralar u yoqdan bu yoqqa oʻtib yurishibdi. Hatto ikkita chaqaloq koʻtargan hamshira ham sahnadan ikki marta oʻtadi. Mahkumani olib chiqib ketishganini koʻrgan toʻrt ayol deraza yonida gʻalati bir holatda turishibdi.
NAMUNA: Opajonlar, qoʻrqib ketyapman. Mahkuma ayolni birinchi marta koʻrishim. Lekin hecham mahkumaga oʻxshamaydi-ya, biram chiroyli.
DONO: Namunaxon, namuncha oʻzizzi goʻllikka solasiz. Ayol kishining bu dunyoga kelishini oʻzi mahkumalik emasmi?
NAMUNA: Voy, Dono opa… Nimalar deyapsiz… Men juda baxtiyorman… Sizday jurnalist shunaqa desangiz…
NAIMA OPA: Namunaxon. Siz bularga eʼtibor bermang. Jurnalist singlimiz hayotni yubkalari uzunligi bilan oʻlchayaptilar. (Dono zarda bilan chetga chiqib ketadi). Qancha qiyinchiliklarni boshdan kechirganimga qaramay, men ham oʻzimni baxtsiz hisoblamayman. Toʻgʻri, oʻqiyman, dedim. Undan keyin kattaroq ish bilan band boʻldim: ilmiy ish qildim. Qarabsizki, yoshim bir joyga borib qolganda, Ollohning menga atagani ham bor ekan, turmushga chiqdim. Koʻzim koʻkarganda oʻgʻillik boʻldim. Ammo hecham norozi boʻlganim yoʻq. Turmush oʻrtogʻimni yarimta soʻzlaridan tushunaman. Bir-birimizni yaxshi koʻramiz.
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo,
Illat izlaganga illatdir dunyo.
(Ogʻir xoʻrsinadi va mahkuma ketgan tomonga qarab) Bu bechoraning yozigʻiga nelar yozilibdi ekanki, bu ahvolga tushibdi, shoʻrlik. Toʻlgʻoq ogʻir kechdi, tonggacha qiynaldi boyaqish. Ichim achib chiqdi tun boʻyi.
UMIDA: Hayot har kimni har koʻyga solar ekan, Naima opa. Men tirnoqqa zor boʻlib oʻtiribman, u boʻlsa, bolasini tashlab ketyapti.
DONO: Eh… Menga yana bir mavzu topildi. Bu tugʻruqxona deganlari gʻij-gʻij mavzu ekan. Aytganday, shu bolani siz olsangiz-chi, Umidaxon opa, bir vrachlar bilan gaplashib koʻring? Yoki… men gaplashib beraymi?
UMIDA: Yoʻq, yoʻq! Uydagilar, baribir, rozi boʻlishmaydi. Bolamning oʻlik tugʻilganini hali qaynonam eshitgani yoʻq. Lekin erimning hafsalasi pir boʻlgan shekilli, mana bugun ham xabar olishga kelmadi.
NAIMA: Zarur ishi chiqib qolgandir-da, Umidaxon. Koʻrasiz, hali zamon kelib qoladi.
UMIDA: Opajon, axir bu mening toʻrtinchi bolam. Bir yil avval bizga oxirgi muhlat berilgan edi. Mana, hammasi tugadi… Men ham sizga oʻxshab katta-katta oʻqishlarda oʻqishni, sizga oʻxshagan olima boʻlishni niyat qilardim. Ammo ota-onam maktabni bitirishim bilan turmushga berishdi. O, mening qanchalar yalinib-yolvorganlarim zoye ketdi. Ammo sevib turmush qurmagan boʻlsak ham, toʻydan keyin bir-birimizni yaxshi koʻrib qoldik.
Shu payt qoʻlida tibbiyot aravachasini sudrab olgan Marziya ayollarga yaqinlashib keladi. Aravacha dori-ukol, shpritslar bilan toʻla.
MARZIYa: Ha, bu yerda majlis boʻlyaptimi? Bosh vrach “hayfsan” bergan hamshiralarga oʻxshab bosh egib oʻtiribsiz. Hammangiz palatangizga tarqaling. (Birdan Namunaga koʻzi tushib) Iya, Namunaxon, siz nima qilyapsiz? Birovlarning gapini poylab oʻtirguncha, sutingizni koʻpaytirish yoʻllarini oʻylasangiz-chi, ovqat yeng, issiq-issiq choy iching.
DONO: (Askiya qilib) Opa, sizam ja oshirib yuborasiz-da. Bechorani uyaltirib yubordingiz. Birinchi bolamda mendayam shunaqa boʻlgan. Koʻp ovqat yesam, bolaga sut boʻlarkan, deb yeyaveribman, yeyaveribman. Keyin nima boʻldi, deng? Oshqozonimni kasal qilib oldim. Mana ahvolimni qarang. Undan koʻra, Marziya opa, anuv ayol nima bilan qamalganini gapirib bering, men mazza qilib yozay. Ertaga gazetada oʻqib, siz ham bir mazza qiling.
MARZIYa: Birinchidan, bizga bu haqda aytishmaydi. Ikkinchidan, sizning oʻsha “Bozorchi” gazetangiz koʻp yolgʻonlarni yozadi.
DONO: Voy, voy, bu nima deganingiz?
MARZIYa: Bu deganim, qaysidir yili mashhur bir hofizning oʻgʻli bilan bogʻliq mashmashasini oʻqigandim. Hayron qoldim, rosti gap. Chunki biz oʻsha hofizning qanchalab qoʻshigʻini yoddan bilamiz. Shunaqa gʻiybatsifat gaplarning nima keragi bor?
Shu payt ichkaridan oʻziga yarashgan kiyimlar kiyib, taqinchoqlar bilan bezangan Zarina chiqib keladi.
ZARINA: Qoʻshiq, deganday boʻldiylarmi? Shu soʻz biram qulogʻimga yoqadiki… Qoʻshiq aytmaganimga ham qancha boʻlib ketdi.
MARZIYa: Sizga nima yoqishini bilmadim-u, ammo hozir hamma palatasiga kirsin. Yarim soatdan keyin muolaja boshlaymiz. Siz esa fonogrammangizni bu yerdan ketganingizdan keyin vangʻillatib qoʻyaverasiz.
Marziya ketadi.
ZARINA: Voy, buni qoʻpolligini, buldozerning oʻzi! Afsus, qoʻlidaman-da. Boshqa joy boʻlganda, sochini bittalab yulardim.
NAIMA: Toʻyda boʻlganda, demoqchisiz-da.
ZARINA: (Tutoqib) Siz nimaga shaʼma qilayapsiz? Nima, meni faqat toʻylarda yuradi deb oʻylayapsizmi? Unda tugʻruqxonada nima qilib oʻtiribman? Xudoga shukur, erim bor… edi. 3-4 oy ahil yashadik. Taqdir ekan, gapimiz gapimizga toʻgʻri kelmagandan keyin ajrashib qoʻya qoldik. Undan qolgan mana bu (qoʻlini chaqaloq koʻtarganday qilib koʻrsatadi) matoh umr boʻyi menga yetadi. Oldirib tashlamoqchi ham boʻldim, ammo doʻxtirlar bola katta boʻlib qolgan deb qoʻrqitishdi. Siz boʻlsa, menga toʻyni roʻkach qilasiz. Axir, men konsertlar berdim, disklar chiqardim, bular ham mehnat-ku.
DONO: Oʻzi bugun ja gʻalati kun boʻldi. Yarim tundan anuv mahkuma ayol… Undan soʻng telefonda erim bilan urishib qoldik, bolaga ism qoʻyishda hech kelisholmayapmiz. Biroz oldin Marziya. Hozir esa sizlar… Xullas, haligi ayolning tugʻruqxonaga kelishi yaxshi boʻlmadi.
ZARINA: Men u ayolni yaxshi taniyman. (Hamma sergak tortib, Zarinaga qaraydi) Shuning uchun koʻziga koʻrinmay qoʻya qoldim. Biz u ayol bilan bir mahallada katta boʻlganmiz. Eri bilan sevishib turmush qurib, yaxshigina yashayotgandi. Maktabda musiqadan dars berardi. Pochchasining hurmati, toʻyida bir juft qoʻshiq ham aytganman… Toʻyidan keyin bir kun bozorda koʻrgandim. Eri bilan koʻylak tanlayotgan ekan. Koʻrmaganga olib ketgandim…
DONO: Yozishga arziydigan nimadir chiqib qoladi, shekilli… Xoʻsh-xoʻsh, gapiring, gapiring…
ZARINA: Gapirganda qandoq, kak raz gazetabop statya. Faqat mening nomimni qoʻshmaysiz, chunki shaʼnimga toʻgʻri kemiydi. (U yoqdan bu yoqqa yura boshlaydi) Odamlarga ham hayronsan, baribir pokligingga ering ishonmadi, pochchangni oʻldirib nima qilarding? Oʻzing ham koʻzingni suzgandirsanki, pochchang ipini uzgandir. Ammo pochchasi (boshbarmogʻi bilan koʻrsatib) zoʻr edi. Katta amaldor edi. Pul degani mana bundoq (boʻynini koʻrsatib) edi… Yuravermaysanmi, opang bilan eringni koʻzini shamgʻalat qilib. Endi nima boʻldi? Hali sudi tugamasidan eri uylandi, oʻzi oʻn yildan koʻpga qamaldi. Opasi, qarindoshlari, hammasi undan yuz oʻgirdi. Chunki oʻsha pochcha qarindosh-urugʻlarni ishga joylab, issiq-sovugʻiga koʻndalang edi-da. Xullas, gulday umri xazon boʻlib, yer bilan yakson boʻldi.
NAMUNA: Voy… Bechora-a-a-a… Homilador ekan-da-a-a…
ZARINA: Ha. Qorni bilinib qolgandi.
NAIMA: Bu deyman, Zarinaxon, pochcha bilan sizning ham “bordi-keldi”ngiz boʻlganmi, nima balo… “Pochcha” deganingizda ogʻzingizdan bol tomyapti-ya?
ZARINA: Opa, olimligingizni hurmat qilyapman-da. Boʻlmasa… (Birdan esiga nimadir tushganday xaxolab kula boshlaydi) Sezgirligingizga esa gap yoʻq. Yerni tagida ilon qimirlasa bilar ekansiz, qoyil! Pochcha hatto “tugʻilgan kun bor”, desa “kazo-kazo” toʻylarimni ham yigʻishtirib qoʻyardim. Mard odam edi, aytganimni berardi. Hozir men bu ayoldan qochganim, oʻsha pochcha oʻlgan kuni ham, biz birga edik. Pochcha Qurbonoyning erini oʻziga haydovchi qilib ishga olgandi. Oʻsha kuni togʻ bagʻridagi dachasida ziyofatda edik. Bu ayol idish-tovoqlarni yuvib yurgandi tuppa-tuzuk. Gapirsang, yerga qarab turadigan, qoʻy ogʻzidan choʻp olmagan, yuvoshgina ayol pochchasini ozgina shilqimlik qilganiga chiday olmay, oʻldirib qoʻysa-ya! Xullas, shu ayolni deb, biz bir yaxshi sponsordan ayrildik.
UMIDA: (Juda qattiq hayajonda) Sizlar… Sizlar koʻpchilikmisizlar?
DONO: Hozir nima koʻp, ashulachi boʻlaman, degan koʻp! Pochchani topsang boʻldi, finishga yetasan-qoʻyasan.
NAIMA: Ha, ashulachilar ham, yengil-yelpi qoʻshiqlar koʻpayib ketdi. Ularning ertagacha yashab qolishiga oʻzlari ham ishonishmaydi. Essizgina, bularni yoshlar tinglayotgani achinarli. Bu haqda oʻylab koʻrish uchun ham odamda bilim, isteʼdod boʻlishi kerak ekan.
Zarina zarda bilan qoʻshiq aytadi.
ZARINA:
Yengil-yelpi deb oʻylamang,
Yengil-yelpi,
Bizga ham bir zamon kepti,
Zamon kepti,
Yerga boqib nimalarni oʻyladingiz?
Bizsiz, axir, oʻtarmidi toʻylaringiz?
Kulib kutib olishadi qayda boʻlsa,
Katta-kichik pochchalaru aka, toʻra,
Nomusini sotsa-sotar, yashayversa
Yaxshimasmi, odam oʻldirgandan koʻra.
NAIMA:
Siz nomusni bilasizmi, singilginam,
Shonu shuhrat sizni qayga qoʻydi eltib?
Siz har kuni aljang-baljang qoʻshiq bilan,
Turibsiz-ku, qancha-qancha boshga yetib.
DUET:
Bormoqda u ayol degan yukni ortib,
Adl turib, oriyatni mahkam ushlab.
Koʻringanga muhabbatu vijdon sotib –
Yashagisi kelmagandir sizga oʻxshab.
Ikkinchisida Zarinadan boshqa hamma qoʻshilib aytadi.
TOʻRTINCHI KOʻRINISH
Qop-qorongʻi tun. Panjara ortida sochlari toʻzgʻib ketgan mahkuma ayol. Uzoq-uzoqlardan chaqaloqning chinqirib yigʻlagani eshitilib turibdi. Havoda yoʻrgaklangan chaqaloqlar uchadi. Ayol avvalgidan ham keksayib ketgandek koʻrinadi.
Bagʻri-dilim bormoqda kuyib,
Bagʻri-dilim bormoqda kuyib,
Hayot, buncha erta otildim,
Men oʻzimni himoya qilib,
Men oʻzimni himoya qilib –
Qoʻllarimni qonga botirdim.
Bir yigitning ayoli edim,
Ham munisa, vafoli edim.
Qayda poylab turgan eding sen –
Qoʻllarimni qonga botirdim.
Endi jonu dilimda faryod,
“Bolam”, degan tilimda faryod.
Sening isming nimadir, hayot?
Qoʻllarimni qonga botirdim.
Qoʻlida dubinka koʻtargan mirshab ayol tomoshabinlar tomonga alanglagan koʻyi u yoqdan bu yoqqa yura boshlaydi. Ham achinayotgan, ham asabiylashayotgan kabi taassurot qoldiradi.
MIRSHAB: Boʻldi, endi. Buncha oʻzingni oʻldirguday kuyib yonmasang?
MAHKUMA: Haqiqat yoʻq ekan, opa! Men nohaqlikning qurboni boʻldim.
MIRSHAB: Ogʻzingga qarab gapir. Sen haqiqat borligi uchun ham shu yerda oʻtiribsan. Sen odam oʻldirding, lekin seni hech kim oʻldirib yuborgani yoʻq-ku. Jazo muddatini oʻtab, yana ozodlikka chiqasan. Oʻlgan esa oʻlib ketdi.
MAHKUMA: Men odam oʻldirgan boʻlsam, bir iflosni oʻldirdim. Bu dunyoni bir nopokdan tozaladim.
MIRSHAB: Ammo sening qoʻllaring qonga botdi. Bu qoʻllarning qonlari yuvilishi kerak emasmi, axir?!
MAHKUMA: (Tishlari gʻichirlab, oʻziga-oʻzi gapirganday) Ammo mening qoʻllarim qonga botdi. (Qoʻllarini panjaradan chiqarib turib) Bu qoʻllarning qonlari yuvilishi kerak. Ha, ha! Yuvilishi kerak…
MIRSHAB: Ha, banda peshonasiga yozilganini koʻradi, deyishadi. Endi siqilaverma. Bu ketishda oʻz olovingda oʻzing yonib ketasan. Hali bu kunlarni koʻrmaganday boʻlib ketasan. Bagʻring toʻla bola boʻladi.
MAHKUMA: Bola?! (Chinqirib yuboradi) Bo-la-am! (Qoʻllarini havoda choʻzib, yigʻlagancha ariya ayta boshlaydi.)
Tomirimda qolganmi jon?
Koʻksim urib turgan bilan.
Qoʻllarimdan ketarmi qon
Qoʻlni qancha yuvgan bilan.
Bolajonim, otang bilsa,
Seni izlab bormasmikan?
Ovozingni biror kimsa
Eshitmasdan qolmasmikan?
Esayotgan shamol yoʻlin
Mendan burib ketdi, bolam.
Qaltiraydi ikki qoʻlim,
Koʻzim qurib ketdi, bolam.
Oyogʻimda darmonim yoʻq,
Yurak-bagʻrim toʻldi, bolam.
Seni koʻrsam, armonim yoʻq,
Seni koʻrsam boʻldi, bolam.
BEShINCHI KOʻRINISH
Tugʻruqxona yoʻlakchasi. Yoʻlak chetida stol. Vrach qogʻozlarga nimalardir yozish bilan band. Yigʻidan koʻzlari shishib ketgan Umida koʻrinadi.
UMIDA: Raʼno opo-v… (Ishiga berilgan vrach Umidaning ovozini eshitmaydi. Umida orqasiga qaytmoqchi ham boʻladi. Ammo oʻz yogʻida qovurilayotgan, qovjirab borayotgan ayol ortiga qaytgisi kelmaydi). Raʼno opo-o-ov… (Raʼno Aliyevna boshini ishidan koʻtarib, ham mehr, ham achinish bilan jilmayadi). Raʼno opo-o-ov, iltimo-o-os, mana shu bolani menga bering. Iltimo-o-os…
VRACH: Men sizga aytdim-ku, Umidaxon, chaqaloqni bolalar uyiga joʻnatib boʻldik. Joʻnatmagan taqdirimizda ham bu ishni biz qilolmaymiz. Qonunan haqimiz yoʻq. Bu ishning oʻz tartib-qoidasi bor. Bolani farzandlikka berish bilan shugʻullanadigan maxsus idora bor.
UMIDA: Toʻgʻri-ku-ya. Uyga qanday ketishni bilmayapman, Raʼno opa (yigʻlab). Olovga tashlangan xasga oʻxshayman. Bilmayman, menga kimning qargʻishi tekkan, kimning dilini ogʻritganman? Xudoning ham rahmi kelmayapti, opajon. Toʻrtta farzand koʻrdim, lekin birortasining ham yuzini koʻrganim yoʻq. Har safar men tugʻruqxonadan chiqib borgunimcha ularni qabristonga qoʻyib kelgan boʻlishadi.
VRACH: Hali yoshsiz, hali hammasi oldinda, noumid boʻlmang. Men ham yashayapman-ku, bir tirnoqqa zor boʻlib! Farzand ilinjida turmush oʻrtogʻim bilan oʻn yetti yil yashadik. Bormagan joyimiz, koʻrsatmagan doktoru tabibimiz qolmadi. Ammo nima qilaylikki, Xudo bizga farzand bermadi.
Vaziyatni bunday tus olishini kutmagan Umidaning koʻzlari uyqudan choʻchib uygʻongan kabi katta-katta ochilib ketadi. Vrach uning holatidan bexabar holda soʻzida davom etadi.
VRACH: Ammo… Taqdir meni chaqaloqlar ichiga tashlab qoʻydi. (Koʻzidan yosh quyilib ketadi va oʻrnidan turib, ezilgan koʻyi ariya ayta boshlaydi).
Keksaygan chogʻimda ogʻrir goho qalb,
Daraxtman. Jon halak yaproqlarimda.
Mening tugʻilmagan bolam erkalab,
Sochimni oʻynaydi barmoqlarida.
Yo Tangrim, qoʻlimda, oh, qancha goʻdak,
Doyaman. Bir kuni, balkim taniydi.
Men ham bir goʻdakning tutib qoʻlidan,
Bogʻlardan yetaklab oʻtsam, qaniydi…
Bu yerda dunyoga kelayotgan har bir norasidani oʻzimning zurriyodim kabi qabul qilaman. Ularni bagʻrimga bosib ovunaman. (Vrach oʻrnidan turib, Umidaning oldiga keladi) Sizning qismatingizdagi kabi holatlarni koʻrish menga oson deb oʻylaysizmi, Umidaxon?! Siz bilmaysiz. Siz bu yerdan ketasiz, ammo yillar davomida bu dard meniki boʻlib qolaveradi. (Umida oʻzini Raʼno Aliyevnaning quchogʻiga otadi. Shifokor oʻzini majburlab jilmayadi va Umidaning boshini silaydi) Qaratgan qarab qolmaydi, deydilar-ku, a, Umidaxon. Astoydil soʻrasangiz, albatta, beradi. Sizning hali imkoniyatingiz bor. Juda boʻlmasa, eringiz bilan goʻdaklar uyiga murojaat qilarsiz.
UMIDA: Qaynonam oʻlsa ham rozi boʻlmaydi. (Yigʻlab) Yaqinda erimga: “Buni koʻngliga qarab, umringni oʻtkazding”, deyayotganlarini eshitib qoldim. Hech qattiq gapirmagan qaynonam: “Umidaxon, bu safar tugʻruqxonadan qoʻlingizda bola bilan kelmasangiz, toʻgʻri uyingizga ketavering”, dedi. Toʻgʻri-da, qaynonamning ham sabr kosalari sinib boʻlgan. Xoʻjayinimning koʻzlariga qarashga esa yuragim betlamay qoldi.
Shu payt hovliqib oʻziga yarashgan kiyimlarda Dono kirib keladi.
DONO: I-yi, shu yerdamidingiz Umida opa? Hamma palatalarni qidirib chiqdim. Yoʻqsiz! Sizga kelishdi. (Yelkasini qisib sekingina) Qaynonasiman, dedi. (Umida qoʻrqib ketadi).
UMIDA: Yoʻq, yoʻq. Hech qayerdan topolmadim, deng. Yeru koʻkdan topolmadim, deng… (Birozdan keyin) Mayli, birozdan keyin chiqaman, singlim. Oʻzimni bosib olay. Albatta chiqaman. (Yigʻlagan koʻyi ariya ayta boshlaydi).
Yuqorida esa boʻm-boʻsh beshiklar u yoqdan bu yoqqa ucha boshlaydi.
Dil dardim koʻzimdan tushmoqda oqib,
Nahotki, yana bir umidim barbod.
Turibman qorongʻu dunyoga boqib,
Nahotki, shular rost.
Nahot shular rost?
Xotirdan o, qanday oʻchirmoq mumkin,
O, qanday yashamoq mumkin ayni payt?
Men endi qaytadan yashashim uchun
Qaysi dunyolarga yolborayin, ayt?!
Oʻzimga boʻysunmay titraydi labim,
Yuragim qinidan chiqar beega.
Oʻzimni uvada bir buyum kabi,
Irgʻitib yuborgim kelar koʻchaga.
Shu payt sahnaga Umidaning qaynonasi kirib keladi. Uning shahdi-shiddati, salobati qattiqqoʻl, roʻzgʻorni oʻz qoʻliga olgan Farmonbibilarni yodga soladi. Umida ortga tislanadi. Rangi oqargan koʻyi titrab-qaqshaydi. Raʼno Aliyevna bilan Dono sekingina yurib, ikki tomonga burilib ketishadi. Uzoqqa choʻzilgan qisqa sukunat.
UMIDA: (aybdorona bosh egadi) Oyijon, meni kechiring.
QAYNONA: (Ogʻir uf tortib, Umidagi achinib qaraydi.) Boʻldi, kuyinaverma. Odam bolasi peshonada borini koʻradi. Meni toshbagʻir dema, hammasi Xudoning irodasi.
UMIDA: (Qaynonasi tomonga qarab ohista qadam tashlaydi. Qoʻllarini yoyadi) Oyijon, meni kechiring, Oyij-o-on…
QAYNONA: Bilaman, senga ham osonmas, hech kimga osonmas. Oʻgʻlim uch kundirki, tuz totgani yoʻq. Bagʻrini yerga berib, oʻz yogʻida oʻzi qovurilib yotibdi. Oʻgʻlimning sening dogʻingda kuyib qovurilishini istamayman, bolam.
UMIDA: (Yigʻlab qaynonasini quchoqlab oladi) Rahmat, oyijon. Lekin… Men… Men…
QAYNONA: Yuragim suv boʻlib, hech kimga bildirmay, sening yoningga kelaverdim.(Qaynona onalarga xos mehr bilan Umidaning boshini silaydi.) Men ham onaman, bolam. Men ham oʻz bolamni yaxshi koʻraman. Bola koʻrishni qanchalar xohlashingni ham bilaman. Men bir narsani tushundim: oʻgʻlim seni juda yaxshi koʻrarkan.
UMIDA: (Qaynonasi bagʻridan chiqib) Men ularning yuziga qanday qarayman, sizning, uydagilarning yuziga qanday qarayman? (Yerga oʻtirib olib uvvos tortib yigʻlab yuboradi).
QAYNONA: (Umidani oʻrnidan turgʻizishga urinib) Tur oʻrningdan, sening gunohing yoʻq, bolam. Peshonang shu ekan. Unga koʻnmay, ilojimiz yoʻq. Ammo umidingni uzma. Axir, isming Umida ekanligi bekorga emasdir… Yur, uyga ketamiz. Juda boʻlmasa, bola asrab olamiz. Hammasi yaxshi boʻladi.
Qaynona-kelin bir muddat bir-birlariga termilib turishadi. Soʻng bir-birlarini suyab, sahnadan chiqib ketishadi. Sahna qorongʻilashadi.
OLTINCHI KOʻRINISH
Oradan yetti yil oʻtdi. Atrof nimqorongʻi. Chetroqda Mirshab qoʻlidagi dubinkani oʻynab, bir narsani aytaymi, yoʻqmi, deganday alfozda. Sochlari toʻzigan, ezilgan ayol panjara ortida qoʻl mashinada qop yoki etak tikyapti. (Uning nima ekanligini tomoshabinlar tomondan aniq koʻrib boʻlmaydi) Yanayam ozib, bir burda boʻlib qolgan. Sahna ortida qushlarning ovozi. Qurbonoy qushlarning ovoziga quloq tutib, oʻziga oʻzi gapirgan kabi:
MAHKUMA: Yana bahor keldi. Yana qushlar ovozi… Yetti yildirki, men bahorni koʻrganim yoʻq. Baland uchayotgan qushlardan uzoqdaman. Charxi gardun meni chigʻiriqdan oʻtkazaverib, oʻtkazaverib shunday tobladiki, koʻzlarimda yosh qolmadi, qorachiqlarim qotib qolganday goʻyo. Bu tortgan azob-uqubatlarim uchun allaqachon hayot bilan vidolashishim kerak edi. Lekin shu qadar yolgʻiz, shu qadar yolgʻizmanki, hatto oʻlim ham meni unutgan. Mendan hazar qiladi. (Bir nuqtaga tikilgan koʻyi xirgoyi qila boshlaydi).
Ey koʻngul, rahmat senga kim har necha koʻrding jafo,
Olam ahlidan vafo hargiz tamanno qilmading.
Shu satrlar ikki marta takrorlangandan keyin Mirshab bexos oʻrnidan turib ketadi va aytishi mumkin boʻlmagan gapni beixtiyor aytib yuboradi.
MIRSHAB: Qurbonoy, senga bir xushxabarim bor. Yaxshi xulq bilan namunali xizmat qilganlarning hujjatlari koʻrib chiqish uchun yuqoriga topshirilgan. Balki, sen ham yaqin orada muddatidan oldin ozodlikka chiqarsan.
MAHKUMA: Yaxshi xulqim va namunali xizmat qilganim uchun… (oʻziga oʻzi miyigʻida kuladi) Muddatidan oldin ozodlik? Tashqarida… Meni kutib turgan biror kimsa bormi?
MIRSHAB: Senday aqlli ayol uchun bunday tushkunlik yarashmaydi. Sen chekingdagi qiyinchilikni yengib oʻtding. Oʻzing bilasan, har kim oʻz boshiga yoqqan qorni oʻzi kuraydi.
MAHKUMA: (ezilib) Endi qancha kuramayin, boshimdagi qorlar ketmaydi.
MIRSHAB: Umidsiz boʻlma. Endi seni bahor kutyapti. Qor kurashingga ham hojat yoʻq. Qara, eshityapsanmi, qushlarning ovozini.
MAHKUMA: (Oʻziga oʻzi gapirgan kabi) Baribir, mening ovozimni hech kim eshitmaydi. Yolgʻiz qushning ovozi qayerga ham yetardi? Men yaralangan qush…
MIRSHAB: Sen oqqushsan! Hali baland-baland osmonlarga uchasan. Osmon seniki boʻladi. Ortingda esa palaponlaring…
MAHKUMA: (Xuddi oʻziga kelayotgan kabi) Palapon? Yaralangan qush palaponlarini ortidan qanday ergashtiradi? Yaralangan qush oʻlaksaxoʻr qushlarga yem boʻlmaydimi? Palaponlari tashlab ketmaydimi, uloqtirib tashlamaydimi yaralangan qushni? Qush oʻz uyiga sigʻmasa, keng osmonga ham sigʻmas ekan.
MIRSHAB: Boʻldi, endi hammasi ortda qoldi. Oʻz uying boʻladi. Ota-onang, qarindoshlaring, yaqinlaring quchogʻida boʻlasan. Nima deding? Balki, oʻgʻlingni toparsan-a?
MAHKUMA: (Jon holatda oʻrnidan turadi) Oʻgʻlim! Oʻgʻlim… Bolam… Bolajonim, qayerdasan? Yonib-yonib tugadim. Yuragim kulga aylandi.
Yigʻlab ariya ayta boshlaydi.
Erta kelgan qaldirgʻochmi,
Yoki uchib oʻtdimi gʻoz?
Bolajonim, qorning ochmi?
Qayerdandir kelar ovoz.
Yetmay qolar goh irodam,
Goh manzilsiz yoʻlga eltar.
Endi menga bu dunyoda,
Bolam, tirik boʻlsang yetar.
Sovuqmas-u, muzlar tanam,
Koʻksimda gʻam, koʻzimda nam
Seni tashlab qoʻymas Vatan
Onang tashlab ketgan bilan.
YeTTINCHI KOʻRINISH
Sahna yop-yorugʻ. Tugʻruqxona bayramona kayfiyatda. Vrachlar, hamshiralar u yondan bu yonga oʻtib yurishibdi. Kimdir necha kundan beri dardi qochib ketgan, koʻzi yorimasdan yuribdi. Burmali atlas koʻylakda bir ayol qoʻlida gul va chaqaloqlarning tugʻilganligi haqidagi guvohnomani koʻtarib shodon yuradi. Vrachmi, hamshirami, kim toʻgʻri kelsa, quchoqlaydi, quvonchi ichiga sigʻmaydi. Taniganingizday bu – Umida. Yaqinda egiz farzand koʻrgan. Butun koʻrgan, kechirganlarini unutgan. Judayam baxtiyor. Jurnalist Donoxon esa aravachada tibbiy koʻrik uchun borar va eri bilan tugʻilajak chaqaloqqa ism tanlash borasida tortishardi…
DONO: Dadasi, hechqisi yoʻq, shu safar ismini oʻzim qoʻyamanmi, desam, oyijon oʻsha gaplarida turibdilar… (Biroz jimlikdan soʻng) Voy, men nima ham deya olardim? Bolamiz ertaga oʻrtoqlari oldida uyalmasin deyman-da, dadasi!
Dono sahnadan chiqib ketadi. Oʻzi farzand koʻrgan kabi xush kayfiyatda Aʼlo kirib keladi.
AʼLO: Voy, Umida opa, xoʻjayiningiz oʻrtoqlari bilan butun tugʻruqxonani boshlariga koʻtarishyapti. Bu limuzinni qayerdan topganlar? Naqd beshta mashinani ulab qoʻyganga oʻxshaydi.
UMIDA: Biz, axir, bu kunni roppa-rosa oʻn bir yil kutdik. Aʼloxon, yanayam turmush oʻrtogʻimga mingdan-ming rahmat, shuncha yil aytishga oson. Tengdoshlarimizning farzandlari ikki-uchtadan boʻldi. Maktabga borishyapti.
AʼLO: Qoʻyavering, Umida opa, sizam endi birdaniga ikki farzandni katta qilib olasiz. Mening ham orzum – egizak farzand koʻrish.
UMIDA: Niyat qilsangiz, yetasiz, singlim. (Ichkaridan Marziya bir xil yoʻrgaklangan ikki chaqaloqni koʻtarib Raʼno Aliyevna bilan chiqib keladi. Chaqaloqlar yigʻlaydi. Umida shoshib qoladi.) Voy, Raʼno opa, endi nima qildim?
VRACH: Nima qilardingiz, emizasiz-da! Qani, tezroq uylaringga boringlar. Boʻlmasa, hozir tugʻruqxonani koʻchirib yuborasizlar. U yoqda, hoynahoy, dadasi oʻrtoqlari bilan hovlini boshlariga koʻtargan, bu yoqda esa oʻgʻlonlar hamma chaqaloqlarni uygʻotib boʻlishdi.
Umida hamma bilan qayta-qayta xayrlashib, chiqib ketayotganda tashqaridan kirib kelayotgan bir ayol koʻziga issiq koʻrinadi va bir lahza toʻxtab, soʻng yana yoʻlida davom etadi. Kostyum-yubka kiygan, boshiga roʻmol oʻragan Qurbonoy (avvalgi sahnalarda koʻringan Mahkuma) toʻgʻri Vrach tomonga yuradi. Bu payt Vrach stulga oʻtirib, xursand holda tugʻruq varaqasiga nimalarnidir yozardi.
QURBONOY: Assalomu alaykum, Raʼno opa, meni tanimadingiz-a?
VRACH: (Koʻzoynagini olib) Vaalaykum assalom. Tanish koʻrinyapsiz… Negadir koʻzlaringiz tanish judayam.
QURBONOY: Eslaysizmi, bundan yetti yil muqaddam sizning qoʻlingizda…
VRACH: Ha-a, siz haligi… haligi ayolsiz (mahkuma deyolmaydi), toʻgʻrimi?.. Haligi…
QURBONOY: Toʻgʻri, oʻsha mahkuma ayolman. Yaxshi xulqim uchun muddatidan oldin ozod qilishdi. Yaxshi odamlar bor boʻlsin. Ularning koʻmagida ishga joylashdim. Tuppa-tuzuk ishlayapman. Hayotimni boshqatdan yashayapman, yangidan quryapman. Ammo bir narsa azob beryapti, opa. Ozodlikda boʻlsam-u, bolamni koʻrolmasam… Bugun ishdan ruxsat oldimu, toʻppa-toʻgʻri sizning oldingizga keldim… Raʼno opajon, bolam qayerda?
VRACH: (Miyigʻida kulib, ammo achinib) Men sizga aytgandim-ku…
QURBONOY: Men sizdan bolamni topib bering, deyayotganim yoʻq. Bolam qayerda, deb soʻrayapman.
VRACH: Qonunan mening aytishga haqim yoʻq!
QURBONOY: Opa, qonunni men ham bilaman. Sakkiz yil ichida huquqshunos boʻlib ketdim. Bugun koʻp narsaga aqlim yetadi. (Yalinish ohangida) Uzoqdan boʻlsa ham bolamni bir koʻrsam degandim. Iltimos, opa. Men sizga aytganman-ku. Haliyam oʻsha soʻzim – soʻz! Bolam mahkuma onasi borligini bilishini xohlamayman. Uzoqdan bir koʻrsam boʻldi. Axir, siz ham ayolsiz-ku! Nahotki, mening ahvolimga rahmingiz kelmasa, opajon…
Vrach yana yoʻq ishorasini qilsa-da, ammo uning holatidan qattiq ezilayotganini payqash qiyin emas. Qurbonoy tushkun kayfiyatda keta boshlaydi. Shu payt uning ortidan Vrachning gʻamgin ovozi eshitiladi.
VRACH: Qoraqamishdagi birinchi Mehribonlik uyida (Raʼno Aliyevna ichkariga kirib ketadi).
QURBONOY: (Uning ortidan) Rahmat, opajon… Rahmat… (Tomoshabin tomonga yura boshlaydi).
Mehribonlik uyining maydonchasidagi bolalarning ovozi eshitiladi:
– Hov, Ronaldo. Menga oshir…
– Men Ronaldo emas, Mirjalolman…
– Mirjalol boʻlsang, nega gol urolmayapsan?
– Menga qara… oyogʻimdan chalma…
– Oʻzing gʻirrom oʻynama.
– Kecha bayram munosabati bilan hamma xonalarimizga kompyuter sovgʻa qilishdi.
– Internet ham ulashar ekanmi?
– Albatta. Internet boʻlmasa kompyuterning nima keragi bor?
Bolasi yaxshi sharoitda yashayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan, uning baxtiyorligiga amin boʻlgan onaning xotirjamligini tasvirlashga soʻz ojiz.
– Sen bu yerda nima qilyapsan?
– Oyimni kutyapman.
– Oying kelmaydi-ku?
– Yoʻq, mening oyim keladi.
– Ustoz aytdilar-ku: “Sizlarning oyingiz ham otangiz ham Vatan”, – deb.
– Toʻgʻri, lekin mening oyim, albatta, keladilar.
– Seni oying hech qachon kelmaydi.
– Mana, boʻlmasa senga!
– Ay, qoʻlimni qonatding.
– Yana shunaqa desang, qulogʻingniyam uzib olaman. Mening oyijonim, albatta, keladilar.
Xosiyat RUSTAMOVA
“Sharq yulduzi”, 2014–6
https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/osmonga-sigmagan-qush/