Oilaning yozilmagan qonunlari, oʻziga xos nozik jihatlariga boboyu buvilarimiz qatʼiy rioya etishgan. Masalan, er-xotin bir-birining nomini tilga olib chaqirmasdi.
Bu qadimiy anʼana bugun qanday davom etyapti?
Maktabda rahbar boʻlib ishlardim. Ikki muallim bilan oʻn yil birga oʻqiganmiz. Ulardan biri huzurimga kirib:
– Ertaga u kishining tavallud kunlari, – dedi.
Yuzimga tabassum yugurdi.
– “U kishi”ning? Tavallud kunlari?
Eri ham sinfdoshimiz – talashib-tortishib bir sinfda oʻqiganlar endi er-xotin.
U miyigʻida kulib qoʻydi:
– Nima qilay, u endi – er, nomini tilga olish – hurmatsizlik.
Boshqa kuni bir yosh oʻqituvchi qoʻlida qogʻoz bilan kirib keldi:
– Keliningizning kasallik varaqasi.
U ham sinfdoshiga uylangan. Nomini aytmadi, “keliningiz” dedi…
Qishlogʻimizda Mulla Safar degan ilmli moʻysafid boʻlardi. U bilan bir joydan tomorqa olgan bir tanishim “Ayolining ismini aytib chaqirarkan”, deya undan koʻngli qolganini yashirmadi.
– “Bonu!” desa, butun mahalla eshitadi. Oʻzi mulla. Hammaga nasihat qilib yuradi.
– Siz ayolingizni nima deb chaqirasiz? – soʻradim.
– “Onasi!” deyman. Yoki “Hoy, xotin!”
– Domla ham “Xotin!” deb chaqirarkan-ku?
– “Xotin” emas, “Bonu!” deydi. Bir necha marta eshitdim.
– “Bonu” degani – ayol degani-ku!
– Nahotki? – hayajonlandi tanishim. – Men boʻlsam…
Ustoz yozuvchi Abdulla Qahhor rafiqasi Kibriyoxonimni “Qanisiz?” yoxud “Hoy, qanisiz!” deb chorlar ekan. Ota-bobolarimiz, buviyu momolarimiz qismatdoshning nomini aytib chaqirishni andishasizlik, xonadon muqaddasligiga nisbatan hurmatsizlik deb tushungan. Azbaroyi tobelikdanmas, hurmat yuzasidan “xoʻjayin” der edi ayol turmush oʻrtogʻini. Gʻoyibdan esa “u kishi”, “ular” deb erning izzatini joyiga qoʻyar, ulugʻlardi. Er ayolini birinchi qizining, ayol erini toʻngʻich oʻgʻlining nomi bilan chaqirardi. “Chol” (“cholim”), “kampir” (“kampirim”) deyishlar qoʻpolroq eshitilsa-da, bunday munosabatlarda yolgʻiz jufti halolga ayon boʻlgan oddiy samimiyat bilinib turardi. Hozir-chi?
– Bir kuni ayolimning ismini aytib chaqirgandim, buvim afsuslanayotgandek boshini qimirlatdi, – dedi bir oʻrtogʻim. – Nima boʻpti?! – dedim men, – keliningiz ham ismimga “aka”ni qoʻshib chaqiradi-ku? Buvim yerga qaradi. Yerga qaraganicha tagʻin “esiz” maʼnosida boshini sarak-sarak qildi: biri nomini aytib chaqirsa, biri “aka” deya…
– Qanaqasiga sen unga “aka” boʻlishing mumkin? – dedi buvim alam bilan.
Men bu haqda hech oʻylab koʻrmagan ekanman. Fikr yuritib koʻrsam, buvim – haq! Er xotiniga aka boʻlolmaydi. Shularni oʻylab, ayolim ikkalamiz buvimdan uzr soʻradik. Shundan beri bir-birimizga “otasi”, “onasi” deb murojaat qilishni kanda qilmaydigan boʻldik.
…Urf-odatimiz doirasidan chiqmang, deya nasihat qilmoqchimasmiz, albatta. Milliy qadriyatlarimiz boʻy koʻrsatayotgan paytda xonadonlarimizda hurmat va ulugʻlash maʼnosidagi “xonim”, “begim”, “begoyim”, “otasi”, “onasi” kabi durdona soʻzlar koʻproq eshitilishini istardik, xolos.
Bu soʻzlar zamirida odob, iffat, samimiyat yotgandek. Yana oiladagi muqaddas rishtalarga – ajdodlar anʼanasiga yuksak hurmat ham mujassamlashgandek.
Muhammad ShODIY
“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/nomini-tilga-olib-bolmaydi-mi/