* * *
Bu olam
Xayolga berilganingda
Boshlanmay turgan
Sen ketayotgan olam
Qarayotganingda
Oʻtmay turgan
Hech joyidan jilmagan
Koʻzlaring bir nuqtada
Ularda aks etgan hiyobon
Manzaralar harakatda
Sen esa toʻxtab qolgansan
Koʻzingdagi dunyoda
Kimlardir senga tanbeh bergan
Kimdir uvvos solib yigʻlagan
Qah-qah otib kulganlar
Lopillab oʻtgan tobut
Va gullarini toʻkayotgan daraxt
Senga bir nima demoqchi
Dil izhor etolmagan shamol ham
Sochlaringda iz qoldirib
Har safar yangitdan esmoqda
Oʻzingdagi dunyoda
Sen qaygadir ketayotgandek
Nenidir oʻylaysan mutassil
Koʻzingni uzmaysan oʻzingdan
Nigohing sirtida
Aks etar
Hayoting
Oʻyinchoq kabi
Sen esa yoʻqsan
* * *
Olma uzildi
Qoʻshilib vaqtga
Olmani yesang
Lahza shovqinga aylanar
Yemasang zanglaydi
Vaqtni toʻxtatib
Tomosha qilasan
Borliq va yoʻqlikni
Olmani joyiga qoʻysang
Buzilib ketar
Vaqt tadriji
Qoʻlingda olma
Mangulik
Vaqtga qoʻshilmasa boʻlarkan
* * *
Men bu yoʻldan
Sen ahmoqona deb oʻylagan
Xayollarni surib ketgim kelyapti
Sen kutish istaysan
Diydor orzuing
Men esa tashlab ketyapman yana
Soʻrayverib koʻnikdim
Endi nigohim soʻroqqa aylandi
Sen esa
Nima soʻrashni bilmaysan
Men bu xayolni
Meni yoʻlsiz deb oʻylagan
Odam haqda suryapman.
* * *
Sizga hammasini aytgan boʻlardim
Agar xirgoyimni tinglay olsangiz
Meni eshitmasangiz kerak deb
Oʻylaganim uchun
Bir jumla ham aytmadim
Jilmaydim
Yuzim soʻlgan olma shaklini oldi
Kulaverganimdan emas
Soʻzlarimni yashirganimdan
Telbaning jiddiyligi kabi
Odat yuqtirdim
Bu dardi bedavo
Ukasini oʻldirgan Qobilning
Qismatidan bir chandon ham ortiq emas
Gapiraversammikan
Tinglarmikansiz
Jilmayaman
Yuzim soʻlib borar
* * *
Shovqin tashlab qoʻyasan
Koʻrinmaslik uchun
Ikki uch tomonga
Shovqiningni yigʻishtirib ol
* * *
Kun isrof boʻldi
Marjonim suvga tushib ketganday
Yotibdirman koʻl boʻyida
Chunki men qadriga yetmadim
Mahliyo boʻldim jildirashiga
Tushirib qoʻydim goʻyo qoʻlimdan
Hammadan baxtli boʻlishga
Haqli boʻlgan kunimni
Kun isrof boʻldi
Davron RAJAB
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/nigohim-soroqqa-aylandi/