Nazariy maʼlumot: hikmat haqida

Sharq sheʼriyatida, dunyoviy va ilohiy ilmlar olamida alohida hikmatlar faqat Yassaviy tomonidan bitilgan. Har xil mavzulardagi hikmatli soʻzlar millatning koʻp ulugʻlari tomonidan u yoki bu shaklda aytilgan. Lekin maʼlum tartib berib, oʻziga xos shaklga solib Yassaviy tomonidan yaratilgan. Adabiyotshunoslik bilan bogʻliq lugʻatlarda ham, izohli lugʻatlarda ham hikmatlarga alohida qoidasifat fikr berilmagan. Hikmat soʻzining dastlabki lugʻaviy maʼnosi oʻta donolik, donishmandlik, aql-zakovat. Ikkinchi maʼnosi esa tagini anglash qiyin boʻlgan, yashirin bir maʼno, yashirin bir sabab.

Shularga asoslanib, hikmatlarni zamirida katta yashirin maʼno jamlagan, oʻta donishmandlik bilan bitilgan va nazmiy tartibga solingan, ifodasi hamda oʻqilish ohangi bilan xalq ogʻzaki ijodiga yaqin boʻlgan sheʼriy asar deyish mumkin. Ular kishi ruhiga yaqin, hamohang qiroat bilan oʻziga xos bir qoʻshiqday kuylanadi.

Hikmatlar oʻquvchiga uning tushunchalari va dunyoqarashi doirasiga qarab har xil taʼsir koʻrsatadi, oʻz darajasida mulohaza uygʻotadi. Yuqoridagi hikmatlarga ishq, haqiqat, adolat, qanoat, diyonat singari masalalarga islom dini aqidalariga tayangan holda tartib berilgan. Ular muallif vafotidan bir necha yillar oʻtgach, xalq ogʻzidan yigʻib olingan.

Hikmatlar xalq sheʼriyatiga oʻxshab kishi ruhiga yaqin. Hikmatlar bir oʻrinda orif nomidan, ikkinchi bir shaklda oshiq tilidan, uchinchi bir holatda shayx daʼvati tarzida, yana bir oʻrinda donishmand gʻoyalari sifatida, bir joyda darvesh qarashlari shaklida yangraydi. Hikmatlardagi timsollar juda teran va murakkab. Ularni tahlil va talqin etish ham oson emas. Hikmatlarga erkin mushohada usuli bilan yondashish kerak. Ular odamni oʻz-oʻziga tanqidiy nazar bilan qarashga undaydi. Oʻzligini taftish qilishga yoʻnaltiradi.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/nazariy-malumot-hikmat-haqida/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x