Modomiki “Yoshlik” xonadonimizga tashrif buyurgan ekan, suhbat avvalida bir gapni aytib oʻtsam, muhtaram jurnalxonlar buni maqtanishga yoʻymaslar, degan umiddaman.
Soʻz sanʼatining mehrigiyosimi yoki taqdir taqozosimi, umr yoʻldoshim Veneraxon ham filolog – uzoq yillar maktabda adabiyotdan dars bergan, hozir nafaqada, oilada eng faol kitobxon. Uning taʼsirida beshta sing-lisi – barchasi filolog boʻlib yetishdi. Bojalarimizdan biri mashhur adabiyotshunos Begali Qosimov, yana biri zukko bilimdon tilshunos Mahfuzillo Rahmonov. Qizim Shoira filologiya fanlari nomzodi, oliy oʻquv yurtida dotsent. Uch oʻgʻlim boshqa kasb egalari boʻlsa-da kitobsevarlikda ota-onalaridan qolishmaydi. Shavkat Rahmonning toʻngʻich qizi Nodiraxon xonadonimizga kelin boʻlib tushgan, sakkiz yashar nabiramiz Nasima hozirdan yurgan yoʻlida sheʼr toʻqiydi… Ustozu shogirdlar, hamkasblar oʻz yoʻliga. Doʻstu birodarlarim, ulfatlarimning ham deyarli barchasi adabiyotga daxldor odamlar. Tabiiyki, xonadonimizdagi davra suhbatlarining bosh mavzusi – Adabiyot. Mana, yarim asrdan oshibdiki, deyarli har kuni biznikida majolis-un nafois.
Salkam yetmish yildan beri dastavval adabiyot shaydosi boʻlib, adabiyot boʻyicha taʼlim olib, soʻng filolog-adabiyotshunos, munaqqid sifatida adabiy davralarda yurib, adabiyot haqida betinim oʻy surib, u-bu narsalar bitib, talabalarga dars berib, soʻz sanʼati insoniyat yaratgan, aniqrogʻi, Alloh bandalariga inʼom etgan noyob neʼmat, sirli-sehrli xilqat ekaniga takror-takror iqror boʻldim. Har gal chinakam sanʼat asarini oʻqiganda, tomosha qilganimda hayratdan oʻzimda yoʻq yayrayman, bir necha kun oʻzimga kelolmay yuraman. Shu yoshimda ham bolalikdan qolgan bu odat meni tark etgani yoʻq. Shunday noyob moʻjiza bilan tanishmay, bu dunyodan oʻtib ketish odam zoti uchun katta yoʻqotish-ku, deb qoʻyaman oʻzimga oʻzim. Koʻngilga shu xil tuygʻu solgani, soʻz sanʼatiga mayl, mehr uygʻotgani, rizqimni shu sohadan bergani uchun Yaratganga shukronalar aytaman. Inson faoliyatidagi hech qaysi soha adabiyotchalik sir-sinoatga boy emas, inson va uning tabiati, qismati, qalbi, ruhiyati toʻgʻrisidagi haqiqatni kashf etishda hech bir soha soʻz sanʼati bilan boʻylasha olmaydi, uning oʻrnini bosolmaydi.
Fandagi buyuk ixtiro, kashfiyotlarni, chunonchi, nisbiylik nazariyasini Eynshteyn boʻlmasa, boshqa bir daho olim yarataverishi mumkin. Sanʼat, adabiyotdagi buyuk kashfiyotlarning tugʻilishi esa nihoyatda shaxsiy-individual xususiyatga ega. “Gerniki”ni faqat Pikasso, “Uliss”ni faqat Joys, “Oʻtkan kunlar”ni esa faqat Qodiriygina yaratishi mumkin. Sanʼatning boshqa turlarini aslo kamsitmagan holda, badiiy adabiyotning imkoniyatlari beqiyosdir, desam mubolagʻa boʻlmas. Masalan, rangtasvir, arxitektura, musiqa, kino bajarishi mumkin boʻlgan vazifalarni yozuvchi, shoir soʻz sanʼati orqali ado etaverishi mumkin. Sanʼat asari yaratish uchun koʻpdan-koʻp ashyo, asbob-uskunalar kerak. Elektr energiyasi boʻlmasa, kino – hech narsa. Badiiy ijod uchun esa qalam bilan qogʻoz boʻlsa bas. Hatto ular boʻlmaganida, ogʻzaki tarzda ham yaratilaveradi. Badiiy ijod ana shunaqa noyob xilqat… Uni ardoqlamay boʻladimi axir!
Boz ustiga, inson faoliyatiga oid sohalar ichida soʻz sanʼatichalik tutqich bermaydigan, qolip-qoidalarga tushmaydigani yoʻq. Jahonda oʻtgan, bugun qalam tebratayotgan har bir chin ijodkor, ular qalamiga mansub har bir chin asar oʻzicha bir dunyo; yangi asari bilan ijodkor har gal yangicha yoʻl, usul, “qoidalar” kashf etadi. Buning ustiga, ijodkor shaxsidek sirli, sehrli ajabtovur zot boshqa soha odamlarida topilmasa kerak. Alloh inson zotiga xos jamiki kuchli va zaif, ziddiyatli, moʻjizakor sifatlarni mujassam etish uchun yozuvchilik isteʼdodini, shoiru yozuvchilarni yaratgan boʻlsa ajab emas. Oʻzingiz oʻylab koʻring, Alloh oʻzining mislsiz qudratini namoyon etish uchun bu yorugʻ olamni, koinot javhari sanalmish insonni yaratgan. Qarangki, yozuvchi-sanʼatkor balki Allohning shu yaratuvchilik sifatiga taqlidan soʻz orqali insonni, toʻgʻrirogʻi, inson timsolini yaratishga jurʼat etadi.
Abdulla Qodiriydek birgina mislsiz isteʼdod sohibi yaratgan badiiy kashfiyotlarni eslaylik. Yusufbek hoji, Oʻzbek oyim, Otabek, Kumush, Zaynab, Anvar, Raʼno, Solih maxdum, Obid ketmon singari tirik insonlarni – oʻzbekning rang-barang tabiatli farzandlari siymosini ayni tirik, balki tiriklardan tirikroq odamlar kabi gavdalantirish chindan-da moʻjiza, axir!
Adabiyot ilmi badiiy ijod tabiati, ijodkor shaxsi, ijod psixologiyasi bobida koʻp ishlar qildi, qilyapti. Ammo ular mutlaqo yetarli emas. Bu borada chin kashfiyotlarga koʻra chalgʻishlar, har tomon ogʻishlar moʻlroq. Insoniyat hali ulkan isteʼdodlar xizmatini munosib qadrlash darajasiga koʻtarilgani yoʻq. Biz hanuz chinakam isteʼdod sohiblari bilan bu sohaga daʼvogar tamagir, havaskor kosiblarning farqiga yeta olganimizcha yoʻq.
Oʻtgan asr boshlarida, koʻp asrlik adabiyotimiz tub yangilanish yoʻliga kirgan kezlari “Adabiyot nadir?”, “Teatr nadir?” degan savollar qatori “Tanqid nadir?” degan masala ham koʻndalang qoʻyildi. Shunda, taraqqiyparvar ijod ahli vakillaridan biri, oʻzbek jadidlarining otasi Behbudiy adabiy tanqid haqidagi maqolasida hayot-mamot ahamiyatiga molik savolga javob axtarib “tanqid saralamoqdir” degan oqilona javob topdi. Darhaqiqat, adabiy tanqidning bosh vazifasi, asl funksiyasi adabiy jarayonni sinchiklab kuzatib, bilimdonlik, nozik did, farosat, bundan ham muhimi, xolislik bilan yondashib, undagi, yaʼni katta oqimdagi xas-xashaklar orasidan chinakam badiiy kashfiyotlarni, chin isteʼdodlarni topa bilish, kashf etish, ularga odilona baho berish, chin asarlarning chin nafosati, asl mohiyatini ochib berishdan iborat ekani oʻsha kezlardayoq ayon edi. Milliy tanqidchiligimizning ilk bosqichida Vadud Mahmud, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va Oybeklar ayni shu yoʻldan bordilar…
Afsus, ming afsus, totalitar rejim hamma jabhani, jumladan, adabiyotga rahnamolikni qoʻlga olganidan keyin bu xayrli tamoyil barbod boʻldi, tanqid maydonida qiyomat qoʻpdi. Ulkan milliy uygʻonish tufayli qad rostlay boshlagan sogʻlom adabiy jarayonda paydo boʻlgan har bir yorqin isteʼdod, chin badiiy kashfiyot deyishga arzigulik har bir asar, Abdulla Qahhor soʻzlari bilan aytganda, nayza koʻtarib qarshi olindi; Choʻlpon, Qodiriy, Fitratlar qismati, Choʻlpon sheʼriyati, “Oʻtkan kunlar”, Fitrat dramalari, “Sarob”, “Qutlugʻ qon”, “Navoiy”, “Jaloliddin”, “Qoʻshchinor”, keyinroq “Tobutdan tovush”, “Yulduzli tunlar” tevaragida kechgan mashʼum mashmashalar, adabiy jaholat, toʻgʻridan-toʻgʻri demagogiyadan iborat kampaniyalar yaqin kechmishimizning eng kirlik – qora kunlari tarzida tarixda qoldi.
Istiqlol yillarida koʻp xayrli ishlar qatori bu jabhadagi xatoliklar bartaraf etildi, adolat tik-landi. Tanqidchilikda demagogiyaga yoʻl ochadigan mus-tabid mafkura, adabiy siyosatning ildizi qirqildi.
Afsuski, bugungi tanqidchiligimizda ham “saralamoq” bobidagi ojizlik, oqsoqlik butunlay bartaraf etilgani yoʻq, u boshqacha koʻrinishlarda davom etyapti. Bir vaqtlar Abdulla Qahhordek talabchan adib: “Adabiyot daryosi qurib-qaqshab yotgandan koʻra, loyqa boʻlsa ham toʻlib oqqani maʼqul, boʻtana oqim ham oxir-oqibat tinadi-da axir” degan edilar. Hozir bizda shunday jarayon ketyapti: Istiqlol bergan erkinlik tufayli milliy adabiyotimiz daryosi toʻlib-toshib oqyapti, bu oqimda xas-xashaklar, koʻpigu quyqalar behisob. Didli kitobxon hafsalasini pir qiladigan xashaki “ijod namunalari” bilan barobar, gavharga arzigulik badiiy topilmalar ham yoʻq emas. Bugungi adabiy jarayonni sinchiklab kuzatib, astoydil saralansa, adabiyotimizning hozirgi kuni va ertasiga umid uygʻotadigan hayotbaxsh tamoyillarni oʻzida mujassam etgan ijod namunalari ham mavjud ekaniga amin boʻlamiz. Hamkasblarimga ogʻir botsa ham bir gapni dangal aytay: tanqid adabiy jarayondan ortda qolyapti. Soʻrab, surishtirishlar shundan dalolat berayotirki, keyingi oʻn yil ichida, jahon adabiyotini qoʻya turaylik, oʻzimizda eʼlon etilgan asarlarni toʻla-toʻkis oʻqib, kuzatib borgan birorta ham munaqqidni topolmaysiz. Bir vaqtlar shaxsan oʻzim adabiyotimizdagi birorta asarni ham eʼtibordan chetda qoldirmay kuzatib, oʻqib borardim. Hozir ham imkon boricha harakat qilaman, ammo hammasiga ulgurolmayman. Ehtimol, shu yoshda men uchun bu hol uzrlidir. Ammo yoshroq munaqqidlarni bu borada aslo kechirib boʻlmaydi. Tanqid maydonida turgan, oʻzini munaqqid sanovchi azamat uchun bu mashaqqatli yumush majburiydir. Adabiyot daryosida gʻavvos kabi suzmay, oqimdagi hamma narsalardan yaxshi xabardor boʻlmay turib, uni saralash aslo mumkin emas. Afsus, ming afsus, sohilda turib olib oqim xususida xayolan, taxminan hukm chiqarishga urinishlar, nolishlar koʻzga tashlanayapti. Bir vaqtlar ulugʻ bir rus adibi afsus-nadomat bilan, yaxshi munaqqidlarning eʼtiborsizligi, hafsalasizligi tufayli qanchadan-qancha noyob isteʼdodlar, badiiy kashfiyotlar el nazaridan chetda qolib ketayotganini aytgan edi.
Sir emas, bugungi adabiyotimizda jiddiy jonlanish, koʻtarilish jarayoni ketyapti, bu hol barcha adabiy avlod vakillariga xos, shu bilan barobar, milliy adabiyotimiz dargohiga yangi bir navqiron avlod shitob bilan kirib kelayotgani quvonarli hol. Ularning minbarlardagi ilk chiqishlarini, matbuotdagi ilk hikoya, sheʼrlarini, ilk toʻplamlarini oʻqib koʻring-a, ularni bundan 20-30 yil burun adabiyotda paydo boʻlgan yosh ijodkorlar mashqlari bilan solishtirganda, bugungi navqiron avlodning boʻyi bir necha barobar baland ekaniga iqror boʻlasiz. Shu yil aprel oyida Fargʻona viloyatida oʻtgan adabiyot bayrami kunlari yosh shoir va nosirlarning chiqishlari koʻplar qatori meni ham lol qolirdi. Ayniqsa, Margʻilondagi pedagogika kollejida oʻtgan adabiy anjumanda yoshlar oʻqigan sheʼrlar… Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzodek taniqli Xalq shoirlari qatorida turib, minbardan sheʼr aytishning oʻzi boʻlmaydi! Zalda Xalq shoirlariga qanday olqishlar yogʻdirilgan boʻlsa, yoshlarning sheʼrlari ham oʻshanday gulduros qarsaklar bilan qarshi olindi. Yana bir ajib holat. Yosh shoir, shoiralarning ayrimlari ona tilida aytgan sheʼrlarini oʻz tarjimasida rus, ingliz, nemis va yapon tillarida oʻqidi! Tarjima boʻyicha mutaxassislar ular haqida iliq gaplar aytdi.
Qisqasi, 30-40 minutga moʻljallangan anjuman uch yarim soatga choʻzildi. Birorta odam ham zalni tark etmadi. Tantanadan soʻng alohida-alohida ijodiy gurunglar yana uzoq vaqt davom etdi. Shaxsiy suhbatlar chogʻi yoshlar orasida, sheʼriyat bilan barobar, hikoya, qissa, drama, hatto roman yozganlari, adabiy tanqid bilan qiziqadiganlari ham borligi maʼlum boʻldi.
Bunday manzarani boshqa viloyatlarda ham kuzatish mumkin. Yomon koʻzdan asrasin, yaqin kelajakda milliy adabiyotimizda mavj urayotgan yangi toʻlqin, albatta, oʻz natijalarini berajak.
Aziz jurnalxon! Navqiron avlod ijodiga oid mulohazalarimni boshqa alohida maqolaga qoldirib turayin-da, shu kungi joʻshqin oqimdagi javharga teng birgina zarra – Zulfiya Qurolboy qizining “Yoshlik”da oʻtgan yili eʼlon etilgan bir hikoyasi talqinini hukmingizga havola etsam.
Jahon adabiyotida hamisha ona-Vatan kabi bosh harf bilan yozilishga loyiq tabarruk Ona zotining mushkul damlarda tuqqan farzandiga beqiyos mehr-muruvvati xususida koʻp va xoʻb yozilgan. Milliy nas-rimizda ham oʻshalar qatorida turishga loyiq asarlar bor. Ustoz Said Ahmad qalamiga mansub “Ufq” romanidagi Onaxonning gunohkor – qochoq oʻgʻliga nisbatan armon, alam-oʻkinch bilan yoʻgʻrilgan parvonaligi ifodasi adabiyotimizda jiddiy hodisa boʻlgan edi. Zulfiya Qurolboy qizi “Yozsiz yil” hiokyasida ayni shu yoʻnalishda butunlay oʻzgacha Ona timsolini yaratdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, hikoyaning syujet qurilishi puxta ishlangan, voqealar tadriji personajlar ruhiy evrilishlari tahlili bilan uygʻunlikda mohirona ifodalangan. Goh quvonch-taskin, tengsiz umid, goh dard xuruji, azob-uqubat, tahqiru nadomat, goh yilt etgan surur, xayoldagi aldamchi farogʻat, aslida esa adogʻi yoʻq musibatlar bilan oʻtgan ikki bandai ojiz – Ona va oʻgʻil koʻrgiliklari – butun boshli bir romanga tatigulik beorom daqiqalar, kunlar, oylar, yillar silsilasi birgina hikoya bagʻridan munosib joy olgan. Hikoyada tigʻiz vaziyatlar bot-bot takrorlanadi va har gal muallif benazir zot – Ona vujudida mujassam beqiyos mehrigiyoning yangi-yangi qirralarini kashf etishga erishadi.
Asar bilan tanish oʻquvchi biladi: Sobir avtohalokat tufayli nogiron boʻlib qolgan. Bu mudhish falokatning azob, iztirobi oʻgʻlidan koʻra ham onaxon – Buvgul xola tani-jonini qovuradi. Hikoya davomida xola vujudini yondirgan otash, xasta oʻgʻil koʻngli, oromi deb chekkan zahmatlari alangasi taftini oʻquvchi har doim sezib, his etib turadi. Hayotning turfa nagʻmasini qarangki, Sobir shu holda qishloqning tengi yoʻq suluv qizi Marvaridga koʻngil bergan, qiz ham, oʻz navbatida, yigitga oshiqu shaydo. Ularning Layliyu Majnun sevgi dostonini eslatadigan ishqiy muloqotlari har qanday tama, hirs va nafs mayllaridan xoli, ikki farishta oshigʻu maʼshuqaning sof qalb talpinishlaridan iborat. Ayni shu jihati bilan asar bugungi zamonaviy adabiyotda urf boʻlgan ishqiy kechinmalar talqinidan butunlay farq qiladi. Ikki yosh orasida yashiradigan hech qanaqa sir yoʻq. Har ikki tomon ham oradagi mudhish koʻrgilikdan voqif. Ammo bu hol ularning koʻngil mayllariga aslo toʻsiq boʻlolmaydi. Ular bir umrga birga boʻlishga qatʼiy ahd qilganlar. Visol damlarida Sobir dardini butunlay unutadi, yayrab-yashnab ketadi. Qiz raʼyi, istagiga koʻra, Onasini qiznikiga sovchilikka borishga undaydi…
Halokat, xastalik, nogironlik asoratlaridan ham koʻra mushkulroq dramalar ana shu daqiqalardan boshlanadi. Yigit tomonda johil, qalban soʻqir aka, qiz tomonda esa bagʻritosh ota ikki oshiq – yoshlar mayliga tish-tirnogʻi bilan qarshi turadilar. Faqat Onaizorgina oʻgʻlon bilan qiz qalbining, qiyosi yoʻq chin muhabbatining yagona himoyachisiga aylanadi. Bilasiz, qishloq muhitida gap yotmaydi. Shaxsiy-oilaviy intim sir darhol oshkor boʻladi, har xil gʻiybat, past-baland gap-soʻzlar oʻrmalaydi. Bu hol katta oʻgʻil bilan qiz otasi xurujini alanga oldiradi. Ana shunday tigʻiz damlarda katta oʻgʻil dagʻdagʻalariga, qiz otasi yogʻdirgan malomat toshlari, odamlarning taʼna-dashnomlariga, tahqiru nadomatlariga, qoʻyingki, jamiki balo-qazolarga shu mushtipar Onaxongina mardona qarshi turib beradi. Xasta, ammo chin oshiq oʻgʻlon koʻngil mayli uchun har daqiqa jonini, jahonini berishga tayyor.
Nachora, johillar qoʻli baland keladi, Marvaridni yaqin qarindoshi oʻgʻliga zoʻrlab uzatadilar, u qaytib keladi, soʻng uni oyoq yetmas togʻ qishlogʻiga unashtiradilar. Oshiq yigit jim turolmaydi, xastaligiga qaramay qish chillasida uning izidan boradi, maʼshuqasining albatta qaytib kelish vaʼdasini olib, bir dunyo quvonch, yorqin umid bilan qaytadi… Endi ham oʻgʻlon, ham Ona koʻksida umidsizlik bir dam chekinib, yashash ishtiyoqi joʻsh uradi.
Afsus, bu quvonchli daqiqalar uzoqqa bormaydi, vaʼda ushalmay qoladi.
Biz yuqorida oʻquvchini tanishtirish uchun keltirgan voqealar tafsiloti shunchaki quruq hikoya qilinmaydi, balki ruhiy-psixologik holatlar tahlili joʻrligida kitobxonni larzaga soladigan tarzda beriladi. Hikoyani oʻqiy turib, ruhiy iztiroblar ogʻushida xayolga tolasan kishi: hayotda moʻjizalar ham roʻy berishi mumkin-ku! Ehtimol, bedavo darddan ham xavfliroq odamlar – johil, qahri qattiq kimsalar qarshilik qilmaganida, bu ikki yosh qovushganida Sobir butunlay sogʻayib, toʻkis turmushga qaytishi ham mumkin edi-ku! Axir hayotda shu holda ham totuv yashab oʻtgan juftlik-lar boʻlgan. Bundan keyingi hijron ifodasi, kundan-kun tanni yemirib borayotgan xastalik azoblarini oʻgʻil va Ona bab-baravar tortadi, ikki vujud bir jon-bir tan boʻlib yonadi. Hijron alamlari xuddi mumtoz gʻazaliyotimizdagi poyonsiz figʻonlar kabi avj pardalarda aks-sado beradi.
Galdagi lavha bundan-da hayajonli. Marvarid yangi yil arafasida kelishga vaʼda qilgan edi. Xas-ta Sobir maʼshuqasini intizorlik bilan kutayotir, ammo undan darak yoʻq. Oʻsha topdagi Ona bilan bolaning mohir rassom gavdalantirgandek unsiz dramatik holatlari tasviri koʻngillarni zir titratadi. Aniq koʻrib, his etib turasiz: derazadan koʻchaga intizor tikilib turgan Sobirning bir mahal yelkalari silkina boshlaydi, Buvgul xola, koʻngli vayron holda, oʻgʻliga tomon talpinadi. Shu payt birdan Sobir Ona tomon oʻgiriladi. Dunyoning butun dard-alami koʻzlarida jam… Uning qonsiz yuzida yirik-yirik tomchilar dumalaydi. Endi Sobirga hammasi ayon, oʻzining uzoq yashamasligini ham, Marvaridning kelmasligini, keltirmasliklarini ham biladi, biladi-yu, onasidan yashiradi, xuddi onasi undan yashirganday… Mashhur “Asror bobo”dagi chol bilan kampirning mudhish sirdan voqif holda, bir-birini asrash niyatida bir-biridan sir saqlash holatini – koʻngillarni zir titratadigan vaziyatni eslatadigan, ammo taqliddan butunlay xoli noyob badiiy lavha!
Oʻsha mudhish damlarda Ona vujudini kemirayotgan iztirobni bildirmaslikka harchand urinmasin, oʻzini tutolmaydi, bari bir onaligiga borib, oʻgʻli boshini koʻksiga bosadi. “Qaynoq koʻz yoshlar endi uning koʻksini kuydirib, yuragiga tomchilar va undan qon boʻlib, tomirlariga sizib oqardi” deb yozadi hikoyanavis. Bu jumlalarni qalamga tushirish chogʻi muallifning qoʻli titrab turganligini baralla his etasiz.
Bunday tigʻiz sanʼatkorona chizilgan lavhalarni sharhlash qiyin, har qanday sharh uning asl jozibasini, sehrli ruhini tushirib yuborishi mumkin. Eng muhimi, hikoyanavis personajlarni ana shunday mushkul vaziyatlardan eson-omon olib oʻta biladi. Bu endi chin sanʼat moʻjizasi.
Qarangki, oshiq yigitning hayot shami oʻchay deb turganida ham, hayotga ishtiyoqi, visolga umidi butunlay soʻnmaydi. Ajab, endi mavjud hayotda amalga oshmagan visol hayot-mamot yuzma-yuz kelgan damlarda, kechinmalar jazavasi avjida xayolda, tasavvurda sodir boʻladi. Mashrab qismatini yodga tushiruvchi oshiq yigit taqdirida moʻjiza roʻy beradi, goʻyo Mashrab yangligʻ arshning kungurasida yor visoliga erishadi. Oʻsha visol chogʻi Marvarid Sobirga qarata asl muddaosini oshkor etadi; faqat uning yuraginigina sevishini, boshqasi aslo qiziqtirmasligini dangal aytadi. “Boshqa hech bir ayol bunday demagan boʻlardi. Shuning uchun ham uni telbalarcha sevib qoldim-da”, deya onajoniga soʻnggi dil rozini izhor etadi. Visol bazmi chogʻi Onaizor “Baxtli boʻlinglar, iloyim… Qoʻsha qarib yuringlar… iloyim”… deya duo qiladi. Shu soʻzlarni aytayotganida “Buvgul xola oʻkirib yuborishdan bazoʻr oʻzini tiydi” deb yozadi muallif. Shu lavhani oʻqiyotib, oʻquvchi ham ayni Ona holiga tushadi.
Tasvir yana zaminga, mavjud hayotga qaytadi. Katta oʻgʻil, hissiz nodon kimsalar goʻyo Onaizorni avaylash maqsadida uni kuni bitgan oʻgʻildan ajratishga urinadilar, bu niyat oʻtmagach, oʻjar kampirni “iymonsiz”ga chiqaradilar. Shunda u “Mening iymonim – bolam!” deya hayqiradi. Nihoyat, oʻgʻil jon taslim qiladi, onaizorning ustunga suyanganicha “Men yomon qoldim, sen yaxshi bor, bolam” degan soʻzlarni duoday ojizona takrorlab turganini koʻrib, yurak-bagʻringiz ezilib ketadi. Soʻng bundan-da zalvorliroq holatga duch kelamiz. Pirovardida, onaizor birdan osmonga tikilib: “Odamni ermak uchun yaratib, uni eplay olmay qolganingdan keyin oʻlimni oʻylab topdingmi?” deya savdoyilarcha shivirlaydi.
Bunday isyonkorona shivirlash aslo taqdiri azal hukmiga nisbatan shakkoklik emas, balki Ona qalbidagi farzandiga boʻlgan ilohiy mehrning soʻnggi – yakuniy tasdigʻi kabi yangraydi.
Milliy adabiyotimizda paydo boʻlgan bu noyob yangilik – muazzam, mungli mehr-muhabbat qoʻshigʻi shu tarzda intihosiga yetadi, oxir-oqibat Ona shaʼniga bitilgan qasida kabi yangraydi.
Maʼlum boʻlyaptiki, hikoya personajlari qismati bilan bogʻliq koʻrgilik, ruhiyatdagi iztiroblar boisi ijtimoiy omillardan aytarli xoli. Hayotda yuz berib turadigan tasodif, osiy, toshbagʻir bandai ojizlarning qilmishlari oqibati tarzida talqin etiladi; Zulfiyaning bir vaqtlar tanqidchilikda mensimay qaraladigan, uncha xush koʻrilmaydigan ijtimoiylikdan xoli sof “koʻngil mayllari nagʻmalari” tahlili bobidagi adabiy tajribalar yoʻlidan borib yaratgan qator hikoyalari, ayniqsa, “Yozsiz yil” oʻzining badiiy-maʼnaviy taʼsir kuchi jihatidan sof ijtimoiy yoʻnalishdagi yetuk asarlardan aslo qolishmaydi.
Adibaning inson shaʼnini himoya qilish va ulugʻlashdek moʻtabar mavzuni yanada teranroq va koʻlamdorroq yoritish, muammolarning betakror yechimini topish yoʻlidagi izlanishlarida omad tilab qolamiz.
Umarali NORMATOV
“Yoshlik”, 2010 yil, 5-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/mojizalarning-mojizasi-hamda-saralamoq-bobidagi-oqsoqlik-xususida/