Mehr boʻlib toʻkilar hislar

 Viqor

 

Azaldan umidu ishonch, muhabbat

Bir umr hamrohdir har tirik jonga.

Halol mehnat bilan yaralar hayot

Borligʻi koʻrk berar yashil olamga.

 

Kimki quduq qazib, gar chiqarsa suv,

Ravon yoʻllar qurib, oʻrnatsa koʻprik.

Mehr quyoshidan taratsa yogʻdu,

Koʻzlarga azizdir bamisli kiprik.

 

Yer bilan, el bilan gar olsa nafas,

Yurt duosin olib, tepsa yuragi.

Yaxshilar orziqib, qilsalar havas,

Ushalgay yurakda orzu-tilagi.

 

Koʻngli boʻlsa uning yaylov kabi keng,

Koʻrib chehrasini ochilsa bahring,

Siz bunday odamni asl inson deng,

Olamni sigʻdirar nigohing, bagʻring.

 

Odamiylik – oliy martaba, viqor,

Birodar, hayotda inson boʻlib qol.

Yerdan uzilmasin oyogʻing zinhor,

Sen elning qalbida jahon boʻlib qol.

 

Vatan muhabbati

 

Ollohning nazari tushgan hur diyor,

Ozodlik nuridan munavvar oʻlkam.

Yeru osmonida tinchlik barqaror,

Havas koʻzi bilan boqar keng olam.

 

Zarrin shafaq yonib, tonglar kulajak,

Soʻnmas yuraklarda Vatan gʻururi.

Ardoqlar bagʻrida bizni kelajak,

Tillardan tushmagay hayot sururi.

 

Vatan muhabbati qalblarda mashʼal,

Yoʻlimiz yoritgay ishq boʻlib yogʻdu.

Jonim Oʻzbekiston, kamol top, yuksal,

Istiqlol quyoshi, porlasin mangu!

 

Suv parisi

 

Osmon yangligʻ bepoyon dengiz,

Suzar koʻkda bulutlar horgʻin.

Toʻlqinlar-la oʻynab oltin kuz,

Makon qilmish dengiz qirgʻogʻin.

 

Qirgʻoqlarda naqshlar, izlar,

Dengiz tengsiz mohir, zoʻr rassom.

Mehr boʻlib toʻkilar hislar,

Yuragimga quyular ilhom.

 

Moʻyqalamim edi qayroqtosh,

Suv parisin soldim qumga men.

Kuzatardi samoda quyosh.

(Oʻz dardimni aytdim kimga men?!)

 

Ul pariga boʻlib mahliyo,

Xayol ichra yashardim birga.

Bir ajib hol roʻy berdi, ammo

Botdim darhol qop-qora terga.

 

Suv parisin koʻrib qirgʻoqda,

Tutdi chogʻi dengizning rashki.

Shamol boʻlib keldi qayoqdan,

Oh, yuragim shunchalar gʻashki…

 

Dovul boʻlib haddidan oshdi,

Mast tuyadek ketdi quturib.

Toʻlqinlar-la qirgʻoqdan toshdi,

Suv parisin ketdi supurib.

 

Mana, sohil, turibman yakkash,

Koʻnglim notinch, yurak gʻash, maʼyus.

Kulib turar samoda quyosh,

Bu – qanday ishq, ne tuygʻu, ne his?!

 

Soʻroqlar

 

Samolarda yulduzlarni osmon soʻroqlar,

Chin insonni koʻngil qoʻyib inson soʻroqlar.

 

Orzu, armon tugʻiladi yerda, yurakda,

Choʻqqilarda baxtni izlab dovon soʻroqlar.

 

Yurak, yongin bir umrga vafo yoʻlida,

Oshiq ahli oʻz ishqini pinhon soʻroqlar.

 

Doʻst qadriga doʻst yetadi, jon

doʻsting oʻsha,

Bu olamda mol-dunyoni nodon soʻroqlar.

 

Inson qadri nomusiday boʻlsin pokiza,

Benomuslar oʻz narxini arzon soʻroqlar.

 

Hayot shirin farzand bilan, koʻzlar qarogʻi,

Farzandlarning kamolini zamon soʻroqlar.

 

Narziy, tutgil odil yoʻlni, yoʻldan adashma,

Bilki, dunyo sarhisobli, vijdon soʻroqlar.

 

* * *

Gapirsin qalbing, koʻzing,

Zinhor yolgʻon soʻzlama.

Boʻlsa ham ikki yuzing,

Boʻlma ikki yuzlama.

 

* * *

Otangga choʻp otsang, bolang tosh otar,

Tosh tegsa boshingga, jonni qaqshatar.

Hisobli dunyo bu qadim-qadimdan,

Soʻnggi pushaymondan koʻzda yosh qotar.

 

Normurod NARZULLAYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

https://saviya.uz/ijod/nazm/mehr-bolib-tokilar-hislar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x