Akam qoʻshni koʻchada joylashgan kutubxonaga olib borganlarida men ikkinchi sinf oʻquvchisi edim. Kutubxonachi opalar menga biri-biridan chiroyli toʻrtta ertak kitob berishdi. Shu kundan eʼtiboran bu dargoh men uchun xuddi maktab kabi qadrdon maskanga aylandi. “Gulliverning sayohatlari”, “Tom Soyerning koʻrgan-kechirganlari”, “Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib”, kechki taomdan soʻng oila davrasida ovoz chiqarib oʻqiladigan “Avazxon”-u “Kuntugʻmish” kabi dostonlar meni yangi bir maftunkor olamga olib kirdi. Avvaliga menga tavsiya qilishgan, qoʻlimga tushgan kitoblarni oʻqir edim, keyin oʻzim izlab, tanlab oʻqiydigan boʻldim. Abdulla Qodiriy, Oybek, Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev, Chingiz Aytmatov, Valentin Rasputin… Ular juda koʻpchilik edi va mutolaa chogʻida asar qahramonlarining shu qadar hayotiyligi, voqealarning ishonarliligidan, borliq olam mukammal, jonli tasvirlanganligidan hayratga tushar edim. Ularga qoyil qolar va havas qilar edim, ammo oʻzim ham bir urinib koʻrmoqqa sira haddim sigʻmas edi.
Toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurganimda bir ukamiz vafot etdi. Unga bagʻishlab birinchi hikoyamni yozdim. Va shunda bildimki, yozmoq – toʻlganda toʻkilmoq ekan. Men yuragimni oʻrtayotgan iztirob, sogʻinch tuygʻularini oq qogʻozga toʻkkan edim. Hikoya chiqqan gazetani butun maktab qoʻlma-qoʻl qilib oʻqidi. Shu hikoya orqali dardimni dasturxon qilganga oʻxshagan boʻlsam ham, ustozlarim va maktabdoshlarimning tabriklari koʻnglimga allanechuk tasalli boʻldi.
Lekin birinchi kitobcham roppa-rosa yigirma ikki yildan soʻng chop etildi. Sababi, men kam yozar edim va yozganlarimni kimgadir koʻrsatishdan yoki biron nashrga olib borishdan juda tortinardim. Oʻrta maktabni bitirib, Toshkent Davlat dorilfunining jurnalistika kulliyotiga oʻqishga kirganman. Kursdoshlarim yozganlarini dasta-dasta qilib, gazeta-jurnallarga olib borib, tahririyatlardan oʻzlariga ustozlar topib, oʻqishni bitirgunlaricha, koʻpchiligi “falonchi shoir” boʻlib tanilgan bir paytda men bittagina diplom bilan yozib yurgan hikoyalarimni jomadonga joylagancha qaytib kelaverganman.
Vaholanki, atrofimda maslahatchilarim juda koʻp boʻlgan. “Sharq yulduzi“jurnalida Shukur Xolmirzayev ishlaydi, “Guliston“jurnalida Erkin Aʼzamov ishlaydi, hikoyalaringizni olib boring, eʼtiborsiz qoldirishmaydi”, deyishardi. Ammo men bu ustozlarning huzuriga borishga tortinardim. Universitetdagi tahsil davomida “Shukur Xolmirzayev nasrida til va uslub” mavzusida ikki marta kurs ishi yozdim, diplom ishimning mavzusi ham Shukur Xolmirzayev nasridagi mahorat masalalariga bagʻishlangan edi. Hikoyalarimni emas, oʻzlarining ijodlari haqida yozgan ilmiy ishlarimni olib borishga ham uyaldim. Shukur Xolmirzayevni ham, Erkin Aʼzamni ham oʻzim uchun adabiyotda katta aka va ustoz deb bilganman, lekin yozganlarimni koʻtarib borib ularni bezovta qilishga haddim sigʻmagan. Biron narsam eʼlon qilinsa ham koʻnglimda “Shukur aka bilan Erkin aka nima der ekan-a?“degan hadik turar edi. Yillar oʻtib, markaziy nashrlarda hikoyalarim chiqa boshladi va ustoz Shukur Xolmirzayev bu hikoyalarga matbuot orqali koʻp yaxshi fikrlar bildirdi, gazetalarda chiqayotgan hikoyalarimga oʻsha nashrlar muharrirlarining iltimoslariga koʻra soʻz boshi yozgan vaqtlari ham boʻldi.
Bir safar “Oila va jamiyat“gazetasida chop etilayotgan hikoyamga yozgan soʻz boshisida shunday gaplar bor edi:”… Nasr yozish koʻpincha erkak adiblarning ishi sanaladi. Haqiqatan ham nasrnavis xotin-qizlarimiz barmoq bilan sanarli. Aytish joizki, bizdagina emas, umuman, dunyo adabiyotlarida ahvol shunday va buning tabiiy sabablari ham ayon: nasr adibdan katta kuch-quvvatni, vaqtni, tasvirda mumkin qadar xolis, hatto shafqatsiz boʻlishni talab qiladi. Ayol… vaqti hamisha hisobli ayol bu ishga qanday jazm etsin? Tasvir bobida ham ayolga qiyin: u – tabiatan taʼsirchandirki, anchayin xatti-harakat ham unga kuchli taʼsir etishi oqibatida qalam koʻzlangan maqsaddan chetga burilib ketishi, demak, sovuqqon yoʻl boshlovchi Aql oʻrnini “koʻchasi koʻp Koʻngil“olishi xavfi hargiz muallaq turadi.
Endi shu barcha toʻsiqlarni bosib oʻta olgan Ayol yozuvchini tasavvur eting-chi?
Bundaylarga qoyil qolish kerak.
Buning ustiga, mahorat bobida talay erkak adiblardan ham oʻtkazib yoza olsa…
Jamila – ana shunday adiblarimizdan biri”. (“Oila va jamiyat“gazetasi, 1998 yil, may).
Bu soʻzlar chekka bir viloyatning chekka bir tumanida yashab, yozganlaridan goh koʻngli toʻlib, goh toʻlmay yurgan ijodkorni qanchalar ruhlantirishini tasavvur qilish qiyin emas.
Daryodil ustozning bunday himmat va gʻamxoʻrliklari biz shogirdlar uchun, shubhasiz, bir ibratdir.
U kishi viloyatga tez-tez kelib turar, kelganlarida atroflarini toʻldirib, doʻstlari, toʻp-toʻp muxlislari yurishar, shubhasiz, bu holatda ham yonlariga borib bir narsa deyishga jurʼat qila olmas edim. Tahririyatlarning yoʻlaklaridami, zinapoyalardami, qabulxonalardami duch kelib qolsak, “Eh-he, mening enam kelayapti-ku, enajonim kelayapti-ku!“deb mehr bilan hol-ahvol soʻrab, ishlarimni surishtirib qolardi.
Shukur aka adabiyotni qismat deb bilgan, oʻzini adabiyotdek mashaqqatli ishga baxshida qilgan haqiqiy fidoyi yozuvchi edi. U kishidan oʻzbek adabiyoti xazinasiga, biz shogirdlar uchun, adabiyotimizning buguni va ertasi uchun juda noyob va juda katta adabiy meros qoldi. Umrlarining poyoni koʻrinib qolgan paytda Shukur aka oʻzlariga yaqin boʻlgan shogirdlaridan biriga “Men ham yozuvchi boʻla oldimmi oʻzi?“degan ekanlar. Bilmadim, bu soʻzlarni aytish uchun inson oʻziga nisbatan qay darajada talabchan boʻlmogʻi kerak. Bilmadim, bilolmadim…
Allohga shukur, shu kungacha oltita kitobim dunyo yuzini koʻrdi, ustoz Shukur akaning jonbozliklari bilan turk tiliga tarjima qilingan hikoyalarim ham bor. Yozganlaringizni kimdir oʻqib, toʻrt ogʻiz iliq soʻz aytib, maqtab qoʻysa, dilingiz yayrab ketadi. Ammo yaxshini yomondan ajratib, tanlab kitob oʻqib yurgan har qanday odam oʻzining yozganlariga ham xolisona baho bera olishi lozim. Eng xolis bahoni esa vaqt va kitobxon beradi.
Yozganlarimni kimlardir oʻqiyotgan, kimlargadir maʼqul boʻlayotgan ekan, yozaversam boʻladi, degan fikrdaman. Ammo yanada koʻproq oʻqib-oʻrganib, hayotni yanada teranroq nigoh bilan kuzatgan holda albatta… Men oʻttiz olti yil gazetada ishladim. Qaysi bir tashkilotlar yilda bir-ikki bor “Ochiq eshiklar kuni“oʻtkazadi. Tahririyatlarning eshigi esa har kuni ochiq, dasta-dasta mashqlarini koʻtarib kelaverishadi. Men ularga hamisha “Bolajonlarim, yaxshi odam boʻlish uchun ham, yaxshi shoir yoki yaxshi yozuvchi boʻlish uchun ham koʻ-oʻ-oʻp oʻqish kerak. Kimgadir maʼqul tushadigan bitta soʻz aytmoq uchun, deylik, oʻnta soʻz bilmoq kerak. Oʻnta soʻzni bilish uchun esa, ehtimol yuzta, yoki mingta soʻz oʻqimoq kerak. Oʻqinglar” der edim. Bu maslahatni hech ayab oʻtirmasdan, balki birinchi navbatda oʻzimga ham aytaman. Nazarimda olam soʻzining oʻzagi ilmdir. Adabiyot ham katta ilm, olam kabi, inson ruhiyati va qalbi kabi cheksiz ilm. Uni chuqurroq oʻrganganingiz sayin hali oʻrganishingiz lozim boʻlgan jihatlari koʻpligi ayon boʻlaveradi.
Agar taʼbir joiz boʻlsa, men adabiyotni maʼnaviyat beshigi, deb atagan boʻlar edim. Eng avvalo bu qutlugʻ beshikda millat va uning kelajagi kamol topadi. Baʼzi muallimlar bolaning salohiyatini baholashda uning aniq fanlarni nechogʻli oʻzlashtira olishiga eʼtibor qaratadi, adabiyot fani haqida esa, “E-e, bu fan bir ertak-da”, deyishadi. Aslida adabiyot inson ruhiyatiga bogʻliq ijtimoiy hodisadir. Inson ruhiyatini poklash, maʼrifat nuri va maʼnaviy ozuqalar bilan insoniyat qalbida hayotning, oʻzining, oʻzligining, yon-atrofidagi aziz odamlarning, Vatanining qadriga yetmoq kabi ezgu fazilatlarni kamol toptirish, yaʼni komil insonga aylantirish – adabiyotning azaliy va abadiy vazifalaridir. Adabiyot insoniylik ilmidir, bu ilmni oʻzlashtirmasdan turib, aniq fanlarda erishilgan yutuqlar bilan maqtanmoq ancha erta maqtanmoqdir.
Adabiyot – koʻngil ehtiyoji, inson tafakkurining mevasi, qalbingni junbushga keltirgan tuygʻularni qogʻozga toʻkish, hayotdan chiqargan xulosalaringni kimlargadir ilina olish yozarman kishiga huzur bagʻishlaydi, ayni paytda bu bitiklar, yaʼni Adabiyot oʻqirman odamning ham koʻngil ehtiyojidirki, u pastu baland hayot yoʻllarida dono maslahatlari bilan olgʻa boshlovchi, komillikka eltuvchi sadoqatli doʻstdir. Ustoz Najmiddin Komilov aytganlaridek, “Inson ruhi sanʼatdan oziqlanib yayraydi va barcha qudratini sanʼatda koʻrsata oladi”. Ayni shu soʻzlarni adabiyot haqida ham aytish mumkin.
Oʻzbek adabiyoti oʻzining durdona asarlari bilan jahon adabiyoti xazinasiga munosib hissa qoʻsha olgan ulkan adabiyotdir. Dunyoning qaysi burchida oʻzbekona ismlarga tili ham kelishmaydigan bir inson “Oʻtkan kunlar”ni, “Mehrobdan chayon”ni oʻqib, Otabek va Kumushning, Anvar bilan Raʼnoning iztiroblaridan xuddi oʻzbek oʻquvchisi kabi siqilib turganini his etishning oʻzi juda yoqimli. Bu kitoblarni oʻqigan kishi haqiqiy oʻzbek hayotini, oʻzbek odamlarini, oʻzbekona xarakterni koʻz oldiga keltiradi. Shukurki, adabiyotimizda milliy kalorit quyuq boʻyoqlarda aks etgan asarlar juda koʻp, ular qaysi tilda chop etilgan boʻlmasin, uning qahramonlari oʻzbeklar ekanligini bilib olish qiyin emas. Keyingi paytlarda shunday toifadagi asarlar paydo boʻlayaptiki, garchi ular oʻzbek tilida chop etilgan, qahramonlarining ism-shariflari oʻzbekcha boʻlsa ham, na turmush tarzi, na feʼl-atvori oʻzbekka oʻxshamaydi. Ayniqsa, sarguzasht asarlar “bozorgir” boʻlib qoldi-yu, ana shunday ismi oʻzbekcha-yu, oʻzi ham, feʼl-atvori ham bizdan tamoman boshqacha qahramonlar koʻpayib ketdi. Bu qahramonlarni baʼzilar “Globallashuv davridagi yangi asr odami” deb atamoqdalar, men esa, oʻsha sarguzasht asarlarimizda ham “Yangi asrdagi haqiqiy oʻzbek”ni koʻrishni istayman.
Kasbim taqozosi bilan bir umr odamlar orasida boʻldim. Surxondaryoning men bormagan biron qishlogʻi, biron mahallasi qolmadi. Odamlar oʻz muammolarini hal qilish uchun menga intilsalar, men ularning shikoyatlarini jon qulogʻim bilan tinglab, imkoniyatim yetgancha yordam berish barobarida hayotni, odamlarimizni oʻrgandim, ularning yutuqlari bilan quvondim, dardlari bilan ogʻridim. Vaqti soati yetganda ular hikoyalarimning personajlariga aylandilar. Yozganlarimni oʻqib, koʻpincha odamlar “Topdim, bizning qoʻshnimizni yozibsiz”, “Yozganlaringizni oʻqib, oʻzimni koʻrganday boʻldim. Men sizga boshimdan oʻtkazganlarimni gapirib bermagan edim-ku”, deyishadi. Albatta, men haligi odamning qoʻshnisini ham yoki keyingi suhbatdoshimning oʻzini ham yozmaganman, shunchaki mening qahramonlarim hayotdan olingan, ular oʻzbek, urf-odatlari, feʼl-atvori, masalan, andishaliliklari, bolajonliklari, shu feʼl-atvorga yarasha taqdirlari bir-biriga oʻxshashdir.
Men badiiylikning birinchi shartini hayotiylik, haqqoniylikda deb bilaman. Bunga hamisha ham erishish qiyinroq. Ammo bunga erishmoq uchun muallif oʻz qahramonlarini, ularning dardlarini juda chuqur bilishi shart. Bir dugonam bor, umr yoʻldoshi ancha avval oʻtib ketgan. Ikki farzandi oliy oʻquv yurtida tahsil oladi, oʻzi oliy maʼlumotli boʻla turib, ilojsizlikdan oʻn besh yildan beri nogiron bolaga qarab, uyda tikish qiladi. Bolani nogironlar uyiga topshirgin, dey-dey ota-onasi ham oʻtib ketdi, u topshirmadi, topshirishni istamadi. Endi esa bolalari ulgʻaygani sayin, xarajatlari ham oshib, hayoti kundan kunga ogʻir boʻlib bormoqda. Ikki talaba, bir nogiron bolani ignaning uchi bilan boqish oson emas. Yaqinda “bir yozilib ketsin” deb nevaramning tugʻilgan kuniga olib keldim. Noz-neʼmatlarga toʻla bayram dasturxonini koʻrib, gapira olmaydigan haligi bola qiyqirib yubordi. Begona hech kim ham yoʻq edi. Shunday boʻlsa ham bechora onasi juda xijolat tortdi, uni bir chetga oʻtirgʻizib, undan-bundan ogʻziga solar ekan, kuldi: “Bu shoʻrlik, jannatga tushib qoldimmi, deb hayron boʻlayapti”. Bu gapni u kulib aytayotgan boʻlsa ham shu lahzalarda uning ichini qanday iztiroblar yondirayotganini his qilish qiyin emas edi va bunday soʻzni ana shu iztirobni yuragidan oʻtkazgan kishigina yetkazib yoza oladi, deb oʻylayman.
Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda adabiyot davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Hurmatli Yurtboshimizning tashabbuslari bilan “Ijod” fondi tuzilib, bu jamgʻarma ijod ahlining, ayniqsa adabiyot gulshanida endigina tetapoya boʻlayotgan yosh qalamkashlarning beminnat homiysiga aylandi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining taʼsis etilishi esa ijodkor qizlarimizga, butun ayol zotiga xalqimizning, yurt rahbarining hurmat va ehtiromi ifodasi boʻldi. Prezidentimizning “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” asari va undagi samimiy koʻrsatmalar hammamiz uchun dasturulamal vazifasini oʻtamoqda. Bu eʼtibor va gʻamxoʻrliklar ijod ahlining zimmasiga katta masʼuliyatlar yuklaydi. Qoʻliga qalam olgan, shu qalam orqasidan toʻrtovoraning toʻriga oʻtgan har bir ijodkor Yurtboshimiz aytganlaridek, “Ijod, bu – oʻzini qiynash, mashaqqat chekish, huzur-halovatdan voz kechish, tom maʼnoda fidoyilik” ekanligini unutmasligi lozim. Kitobxon qoʻliga tushgan har bir kitob uning qalbiga maʼrifat nurlari olib kirsin, maʼnaviyatini javohirdek bebaho fikrlar, xulosalar bilan bezasin, xalqiga, suyukli Vataniga, hayotga boʻlgan muhabbatini oshirsin. Axir, jahonga yuz tutgan ulugʻ mamlakatning yuksak maʼnaviyatli kitobxonini shunchaki oldi-qochdi sarguzashtlar bilan chalgʻitib boʻlmaydi. Qoʻlga qalam olgan odam “Mening yozganlarim sevimli xalqimga, jonajon Vatanimga, kitobxonlarga nima beradi?” degan haqli savolni oʻz oldiga qoʻymogʻi lozim.
Darhaqiqat, endi oilam haqida biroz toʻxtalib oʻtsam. Oʻgʻlim maktabda oʻqib yurgan paytlari jonivorlar haqida binoyidek hikoyalar yozgan. Seton Tompsonning “Yovvoyi yoʻrgʻa”si hali-hamon uning eng sevimli kitobi. Lekin u keyinchalik yozuvchilik nechogʻlik mashaqqatli kasb ekanligini tushunib yetdimi, iqtisodchilik yoʻnalishini tanlab, shu soha boʻyicha ketdi. Biri-biridan shirin ikkitagina nabiram bor. Toʻqqizga kirgan toʻngʻich nabiram Joʻrabek oʻzicha sheʼrlar, hikoyalar mashq qilayapti. Azbaroyi momolariga boʻlgan muhabbatlari tufaylimi, “Katta boʻlgach, shifokor boʻlamiz, lekin momomizga oʻxshab kitoblar ham yozamiz”, deyishadi. Bugunning bolalari ham zamonasiga oʻxshab, hatto orzular haqida ham chuqur oʻylab, jiddiy mulohaza yuritishadi. Osmondagi yulduzlarga intilgan chogʻda ham oyoqlari sira yerdan uzilmaydi, bizga oʻxshab, “Katta boʻlsam, kosmonavt boʻlaman, Valentina Tereshkovaga oʻxshab oyga uchaman”, demaydi. Ha, men bir zamonlar kosmonavt boʻlib, oyga uchishni orzu qilardim, endi esa, farzandlarimga doim maslahatlari, duolari asqotadigan ona, nabiralarimga bir kun bir joyga chiqsam ham, oʻrni bilinib qoladigan mehribon momo, yoru birodarlarimga yaxshi-yomon kunlarida yonlarida tura oladigan sadoqatli doʻst, magar ismi-sharifimga “yozuvchi“soʻzini qoʻshib yozsalar, shu qutlugʻ nomga munosib inson boʻlishni orzu qilaman.
Fursatdan foydalanib, sevimli jurnalimiz “Yoshlik“tahririyatiga muntazam ravishda jurnal sahifalaridan roman, qissa va hikoyalarimga joy ajratib kelganligi uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Mamlakatimizning katta-katta ijodkorlari taklif etiladigan “Adib xonadonida” ruknidagi muloqot savollarini olgach, toʻgʻrisi, hayajonga tushdim. Shunday katta minbardan turib, qoʻyilgan masalalar yuzasidan munaqqidlarga xos mulohaza yuritib, arzirli xulosalar aytish oson ish emas. Qaysidir fikrimiz kimgadir maʼqul kelmagan boʻlsa, oldindan uzr soʻrayman.
Jamila ERGASHYeVA
“Yoshlik”, 2015 yil 3-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/manaviyat-beshigi/