MASʼUDIY

MASʼUDIY, Abul Hasan Ali ibn al-Husayn Ali al-Masʼ-udiy (9-a. oxiri, Bagʻdod — 956 yoki 957, Fustot, Misr) — arab tarixchisi va sayyohi. 915—945-y. larda M. Eron, Hindiston, Shri Lanka, Shim. Afrika, Zanjibar, Movarounnahr, Xitoy, Ozarbayjon, Armanistonda sayohatda boʻlgan, keyinchalik Suriya va Misrda yashagan. Bilimning turli sohalari (tarix, falsafa, fiqh)ga oid muhim asarlari (20 dan ortiq) dan faqat bir nechtasigina saqlangan. Eng muhim asari «Muruj uzzahab va maʼodin aljavohir» («Oltin yaylovlar va javohirlar koni»)da mamlakatlar, dengizlar va togʻlar, turli xalqlar (shu jumladan, slavyanlar) haqida maʼlumotlar, yunonlar, rimliklar toʻgʻrisida yarim afsona hikoyalar, arablarning 10-a. 40-y. larigacha boʻlgan tarixi bayon qilingan. 30 jildli «Kitob uttaʼrix fi axbor ilumam min al-arab va l-ajam» («Arab va ajam xalqlari tarixi») asarining 20 jildi Istanbul sh. dagi Ayo-Sofiya kutubxonasida saqlanadi. Masʼudiyning «Kitob uttanbih va al-ishrof» («Ogohlantirish va boshqarish haqida kitob») asarini gollandiyalik arabshunos de Guye 1894-y. da Leyden sh. da nashr etgan. Yana uning «Xazoin ul-mulk va sirr ul-olamayn» («Davlat xazinalari va ikki olam sirlari»), «Kitob rasoil» («Risolalar kitobi»), «Kitob ulmaqolot» («Maqolalar kitobi»), «Kitob axbor azzamon va ajoyib ul-buldon» («Zamon xabarlari va mamlakatlar ajoyibotlari haqida kitob») yoki «Kitobi avsat» («Oʻrtacha kitob») kabi asarlari boʻlganligi maʼlum. Masʼudiyning asarlari Arab xalifaligi, 10-a. dagi Sharqiy Yevropa xalqlari, Kavkaz va Oʻrta Osiyo tarixi boʻyicha muhim manbadir.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x