Mahmud Chagʻminiy (XII-XIII asr)

Ahmad Fargʻoniy va Abu Rayhon Beruniyning ilmiy anʼanalarini davom ettirgan yirik faylasuflardan biri XII – XIII asrlarda ijod etgan xorazmlik olim Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chagʻminiydir.

Al-Chagʻminiyning ilmiy asarlari Sharqda juda mashhur boʻlsa ham, uning hayoti va ijodiy faoliyati hozirgacha yaxshi yoritilmagan.

Akademik V. V. Bartoldning taʼkidlashicha, Ulugʻbek madrasasidagi astronomiyaga oid mashgʻulotlarning mavzusi sifatida Chagʻminiyning astronomiya sohasidagi asariga Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Qozizoda Rumiylar tomonidan yozilgan sharhlarni oʻrganish ham kiritilgan. Mazkur olimlar Mahmud al-Chagʻminiyning “Mulaxxas fi-l-xayʼa” (“Astronomiyaga oid qisqa toʻplam”) asariga sharhlar yozishgan. Jumladan, Qozizoda Rumiy oʻz sharhining kirish qismida Chagʻmin soʻzi haqida shunday tushuntirish bergan: “Chagʻmin soʻzi al-Chagʻminiy tugʻilgan Xorazmdagi joy nomidir”. Uning tugʻilgan yili maʼlum emas, ammo adabiyotlarda koʻrsatilishicha, vafoti 1221 yil deb taxmin qilinadi. Chagʻmin oʻsha vaqtdagi Xorazmshohlarning poytaxti boʻlgan Koʻhna Urganchdan uncha uzoq boʻlmagan yerda joylashgan. Maʼlumki, XI – XII asrlardagi Xorazm jahon miqyosidagi yirik ilmiy markazlardan biri boʻlgan va shubhasizki, bu narsa al-Chagʻminiyning ilmiy dunyoqarashining shakllanishida hal qiluvchi rol oʻynagan. Boshlangʻich maʼlumotni Xorazmda olgan Mahmud al-Chagʻminiy oʻqishni davom ettirish uchun Samarqandga kelgan. Oʻning ilmiy asarlarida Beruniyning ustozi boʻlgan Abu Nasr ibn Iroq bir necha marta tilga olinadi. Al-Chagʻminiyning “Mulaxxas fi-l-xayʼa” asaridan tashqari “Saylanma”, “Toʻqqiz sonining riyoziyotdagi oʻrni haqida risola”, “Merosni boʻlish masalalarida riyoziyot usullariga sharh” va boshqa qator risolalari mavjud.

Mahmud al-Chagʻminiy oʻsha vaqtdagi yirik olimlar kabi fanning biror sohasi bilan emas, balki astronomiya, riyoziyot, tabobat, jugʻrofiya va boshqa sohalarda ham juda sermahsul ijod qildi. Bu fanlar rivojining har biriga shunchalik hissa qoʻsha oldiki, natijada uni Abu Rayhon Beruniydan keyingi Xorazm ilmiy maktabining eng koʻzga koʻringan olimi, deb hisoblash mumkin. Bundan tashqari al-Chagʻminiy oʻz davrining barcha fanlari erishgan yutuqlarni jamlab, oʻziga xos qomus tuzgan allomadir.

Mahmud al-Chagʻminiyning fanga qoʻshgan hissasi birinchi navbatda astronomiya sohasidagi kashfiyotlari bilan oʻlchanadi. Uning “Mulaxxas fi-l-xayʼa” kitobi oʻsha zamon astronomiya fanining xulosasi boʻlib, jugʻrofiya va boshqa fanlarning umumlashgan xulosalari haqida ham keng maʼlumotlar beriladi. Bu kitobning ilmiy qimmati shundaki, astronomiya bilimlari tizimlarida ish olib borgan al-Chagʻminiy qadimgi yunon astronomiya maktabi yutuqlari bilan birgaliqda Sharq olimlari, jumladan, Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy ishlarini keng jalb etish orqali yangi xulosalar chiqargan. Al-Chagʻminiyning bu asarida insonni oʻrab turgan olamning umumiy tuzilishi, samoviy yoritgichlar, doiralar, sayyoralarning holati, quyosh, oyning tutilishi, quyosh yilining uzunligi, kecha, kunduz va boshqa muhim muammolar qaytadan ishlab chiqilgan.

Al-Chagʻminiyning astronomiya sohasidagi ilmiy yutuqlari haqida gap borganda, shu narsani alohida taʼkidlash mumkinki, uning fikricha, “Quyoshni oʻzidan nur tarqatuvchi sayyoralarning markazi deb hisoblash mumkin”. Darhaqiqat, uning qayd etishicha, baʼzi bir osmon yoritgichlari, jumladan oy “oʻz nuriga” ega boʻlmasdan, uni Quyoshdan oladi. Shunga asoslanib al-Chagʻminiy Quyoshni baʼzi osmoniy jismlarning “markazi” deb ataydi. Albatta, bu uning tamoman geliotsentrik sistema tarafdori ekanligini bil-dirmaydi. Chunki nur harakati yoʻnalishlari haqidagi masalani mashoiyunlar (Arastu maktabi tarafdorlari) qoʻygan tarzda muhokamaga qoʻyilishi katta ahamiyatga ega ediki, bu haqda Abu Rayhon Beruniy bilan ibn Sino oʻrtasida ilmiy tortishuvlar boʻlib oʻtgan edi. Bu muammoning mavjudligi sababli Beruniy oʻz vaqtida geotsentrik qarash tabiat falsafasiga binoan mantiqiy huquqqa ega ekanligiga shubha bildirgan edi.

Al-Chagʻminiy astronomiya muammolarini ishlab chiqishga bogʻliq boʻlgan riyoziyotga oid masalalar bilan juda koʻp shugʻullandi. Uning samarali izlanishlari tufayli doiraviy trigonometriya asoslari ishlab chiqildi va uning asosiy qoidalari “Mulaxxas fi-l-xayʼa” asarida oʻz inʼikosini topdi. Unda toʻrt tomonli doiraviy uchburchak va uning xilma-xil turlarining toʻla taʼrifi beriladi. Muallif birinchi marta ufqiy tekisliqdagi kuzatish joyining asosi boʻlgan koordinatlar sistemasini mufassal ishlab chiqishga muvaf-faq boʻldi.

Al-Chagʻminiy oʻz asarida geodeziya va jugʻrofiya muammolariga ham katta eʼtibor berganligi sezilib turadi.

Tabiatshunoslik sohasidagi ilmlarda u tajribaga tayanib, tabiat hodisalarini oʻrganishni targʻib etar ekan, har xil fanlar tomonidan toʻplangan maʼlumotlarga tanqidiy yondashib, xolisona xulosa chiqarishga amal qildi. “Astronomiyaga oid qisqa toʻplam” kitobining muqaddimasida bu haqda shunday deb yozadi: “Garchi mengacha ham samoviy jismlar haqida koʻplab kitoblar yozishgan boʻlsalar ham, ulardagi asosiy masalalar chuqur yoritilmagan edi”.

Al-Chagʻminiy oʻzi tahqiq qilgan fanlar sohasida tor doiradagi xulosalar bilangina chegaralanib qolmasdan, ulardan kelib chiqib yirik falsafiy muammolarni muhokamaga qoʻyar edi. Uning tabiatga bergan taʼrifi muhim ahamiyatga egadir: “U (tabiat) har qanday harakat va sokinlikning manbaidir”. Al-Chagʻminiy fikricha, tabiat “tabiiy kuchga” egadirki, ushbu kuch uning faolligini zaruriy shartga aylantiradi. Tabiatga nisbatan oʻz qarashlarini bayon qilib, Chagʻminiy shunday yozadi: “Modda va shakl tabiatni shakllanti-radi”.

Maʼlumki, mashoiyunlar falsafasida modda bilan shakl qanchalik bir-biriga bogʻliq boʻlmasin, ularning birini ikkinchisidan ajratish imkoniyati mavjud edi. Bunday imkoniyat maʼlum darajada al-Chagʻminiy kiritgan “boʻlinmas zarracha”, “unsuriy zarra-cha” – yaʼni atom tushunchasi vositasida bartaraf qilindi.

Al-Chagʻminiy fikricha, modda kichik zarrachalar koʻrinishida mavjud, ammo ularning xususiyati shundan iboratki, ularda modda va shakl bir-biridan ajratib boʻlmaydigan darajada birikib ketgan. “Kichik zarrachalarni har xil shakl va tabiatga ega boʻlgan qolipni qabul qiluvchi, undan ham kichikroq zarrachalarga boʻlib boʻlmaydi: yaʼni har bir zarracha oʻzining muayyan shakl va tabiiy oʻzligiga ega. U sodda zarracha boʻlib, oʻziga xos shakl, oʻziga muvofiq keladigan tabiatga egadir” (“Mulaxxas fi-l-xayʼa”, 380-bet).

Mahmud al-Chagʻminiyning qarashlarida oʻrta asr mutafakkirlarining koʻpchiligi taxmin qilgan ikki xil zarrachaning, yaʼni atomlar va oʻziga xos molekulalarning mavjudligi haqidagi nazariya oʻzining yorqin ifodasini topdi. Al-Chagʻminiy ularni “birlamchi” va “ikkilamchi” kichik zarrachalar deb, soʻngra – “birlamchi zarrachani” aniqlab, uni “unsur”, “ibtido”, “asosiy ashyo”, “modda” deb ataydi.

Ikkilamchi zarrachalar esa u yoki bu ashyoning kichik zarrachalarini tashkil etadi, ammo uning xususiyatini saklab qoladi. Bu shunday zarrachalardirki, “boshqasiga nisbatan kichikroq boʻlmogʻi kerak”.

Oʻrta asrlarda astronomiya kundalik turmushda amaliy ahamiyatga ega boʻlgan, doimo rivojlanib borishi zarur boʻlgan fan hisoblangan. Barcha qishloq xoʻjalik ishlari, bepoyon choʻllardan kompas-siz savdo karvonlariga yoʻl koʻrsatish samoviy yoritgichlar orqali amalga oshirilganini hisobga olsak, nima uchun al-Chagʻminiyga oʻxshash olimlarimiz tinimsiz tadqiqotlar bilan shugʻullanganliklari maʼlum boʻladi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/mahmud-chagminiy-xii-xiii-asr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x