“Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur…”

Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur

Kim, jongʻa qaro balo boʻlubtur.

 

Majmuʼi davoni dard qildi,

Dardingki, manga davo boʻlubtur.

 

Ishq ichra oning fidosi yuz jon,

Har jonki, sango fido boʻlubtur.

 

Begona boʻlubtur oshnodin,

Begonagʻa oshno boʻlubtur.

 

To qildi yuzung havosi jonim,

Yuz sari anga havo boʻlubtur.

 

Boqiy topar ulki, boʻldi foniy,

Rahravgʻa baqo fano boʻlubtur.

 

To tuzdi Navoyi oyati ishq,

Ishq ahli aro navo boʻlubtur.

 

– – V / V–V–/ V––

mafʼuvlu / mafoilun / faiylun

Hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf

 

Navoiyning qalami ostidan chiqqan soʻz shunchalik maʼno tovlanishlari bilan namoyon boʻladiki, ularni oʻqib hayratingiz ortadi, qalbingiz huzur topadi. “Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur” deb boshlanadigan gʻazaldagi soʻzlar ham shu xilda:

 

Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur

Kim, jongʻa qaro balo boʻlubtur.

 

Oddiygina koʻz tasviriga bagʻishlangan shu misralarda soʻzlarning jilvasini koʻrish mumkin. Gap birinchi misrada koʻzning qoraligi haqida, keyingisida shu qoralikdan koʻngilga (aniqrogʻi, jonga) tushgan gʻulgʻula ustida ketmoqda. “Ne balo”, “koʻz koʻrib, quloq eshitmagan”, “hayrat va taajjub uygʻotadigan darajada” degan maʼnolarga ega. Keyingi misrada “balo” va “qora” soʻzlarining oʻrni almashib qoʻllangan. Shu almashish natijasida esa mutlaqo boshqa – yangi maʼno yuzaga chiqqan. “Qaro balo” balolarning haddi aʼlosidir. Koʻrinib turibdiki, birinchi misradagi ikki soʻz keyingi misrada oʻrinlari almashingan holda qoʻllanmoqda. Mazkur gʻazal boshdan oyoq shu sanʼatga tayanadi. Uning nomi tardi aksdir.

Ayni paytda, keyingi “qaro”ning feʼl soʻz turkumiga oid “qara” oʻrnida qoʻllangani ham seziladi (Bunday holatda iyhom sanʼati yuzaga keladi). Bunda u “qaragin”, “koʻrgin” maʼnolarini anglatadi (“qaragin, jonga balo boʻlubdi”).

 

Majmuʼi davoni dard qildi,

Dardingki, manga davo boʻlubtur.

 

Bu yerda soʻzlarning oʻrni oddiygina tarzda almashib kelayotgani yoʻq. Bu almashishlar natijasida yangi soʻz oʻyinlari hosil boʻlmoqda. Dastlabki misrada “davo” va “dard” soʻzlari shu ketma-ketlikda qoʻllangan edi. Dard qilmoq, qiyinchilikka roʻpara kelmoq, qiyinchilikni roʻpara qilmoq maʼnolarini beradi. Bunda muayyan qiyinchilikning kuchayishi nazarda tutiladi. “Dard ustiga dard boʻldi”, “Dard ustiga chipqon” singari iboralarni ham esga olish mumkin. Ularda shu maʼno yanada kuchaytirilgan holda namoyon boʻladi. Keyingi misrada ularning oʻrni almashgan holda kelmoqda. Garchi shaklan “dard” soʻzi oʻzgarishsiz qoʻllanayotgan boʻlsa-da, bu yerda u ishq, oʻy, orzu singari maʼnolarni anglatib turibdi.

 

Ishq ichra oning fidosi yuz jon,

Har jonki, sango fido boʻlubtur.

 

Baytda yana soʻz oʻyinlari koʻzni qamashtiradi. Ayniqsa, “yuz jon” ifodasiga eʼtibor bering. U metonimiya sifatida yuzta odam, yaʼni oshiqni anglatadi. Albatta, uning “oshiqning barcha joni” shakli ifodalaydigan maʼnosi ham mavjud.

 

Begona boʻlubtur oshnodin,

Begonagʻa oshno boʻlubtur.

 

Mumtoz adabiyotdagi maʼshuqa qahri qattiqligi va vafosizligi bilan “mashhur”. Baytda shu maʼnoga urgʻu berilgan. Ular ham yana oʻsha soʻzlarning oʻrnini almashtirish evaziga hosil qilingan.

 

To qildi yuzung havosi jonim,

Yuz sari anga havo boʻlubtur.

 

Birinchi misra maʼshuqa ishqiga mubtalolik dardining eʼtirofidan iborat. Buning uchun “yuzung havosi” ifodasi imkon bergan. Ayni paytda u “yuzungning havasi” tarzida ham tushunilishi mumkin. Keyingi misrada esa “yuz”ning “havo” soʻzidan oldinga oʻtkazilishi bilan yangi-yangi maʼnolar paydo boʻlgan. Unda “yorning yuzi tomon”, “yanada” (“borgan sari” degan ifodani eslang) kabi maʼnolar koʻzga tashlanadi.

 

Boqiy topar ulki, boʻldi foniy,

Rahravgʻa baqo fano boʻlubtur.

 

Endi gal zid maʼnoli soʻzlarni qoʻllashga keladi. “Boqiy” va “foniy” soʻzlari sof tasavvufiy maʼnoga ega. Moddiy dunyo orzu havasidan ustun kelsagina, inson haqiqiy olam sirlarini anglash imkoniga ega boʻladi. Bu yerdagi “rahrav” obrazi ham eʼtiborlidir. U “yoʻl yuruvchi”, yaʼni “solik” demakdir. Solikning asl maqsadi baqo-boqiylik, mangulikdir. Mangulik esa fanoda, yaʼni yoʻqlikdadir. Bu, albatta, moddiy olam ho-yu havaslarini emas, maʼnaviyatning oʻziga xos qadriyatlarini nazarda tutadi.

 

To tuzdi Navoiy oyati ishq,

Ishq ahli aro navo boʻlubtur.

 

Yakunlovchi bayt ham tardi aksni saqlab qolgan. Endi navo va ishq soʻzlariga urgʻu beriladi. Keyingi misradagi soʻzlarning maʼno tovlanishi diqqatga sazovor. “Ishq ahli aro navo boʻlubtur” degandagi “navo” koʻp maʼnoli. Uning “ovoza”, “shon-shuhrat”, “boylik”, “navo boʻlmoq” – ovozasi yoyilmoq, “Navo” kuyi vositasida kuylamoq” singari maʼnolari koʻzga tashlanadi.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kozung-ne-balo-qaro-bolubtur/

2 4 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x