Koʻzlaringga ishongin meni

SEVGI OʻLIMI

Sen kechikding. Sevgimiz oʻldi.

Qara, dilda yotibdi bejon.

Juda maʼsum edi-da oʻzi,

Osongina taslim etdi jon.

 

Bizlar uni yomon qiynadik,

Oʻrtamizda xoʻp ham toldi u.

Garchi erta ketdi hayotdan

Bizlarga baxt bera oldi u.

 

Gar istasang, sovib boryotgan,

Peshonaga bos soʻnggi bor lab.

Faqat yolgʻon demagin uni,

Marhumlarni boʻlmas yomonlab.

 

 

* * *

Hozir bunyod boʻldi bu lahza,

Shoshma. Yashab qolaylik unda.

Botayotgan quyosh singari,

Gʻanimatlik ufurar undan.

 

Shu lahzaga jodir barisi,

Unda mavjud shodlik ham, baxt ham.

Hamma soatlarni burab qoʻy,

Toʻxtab tursin yugurik vaqt ham.

 

Umrimizni shu lahzaga koʻm,

Gʻaddor hayot qolsin uyatga.

Axir gohi alishmoq mumkin,

Bir lahzani… abadiyatga.

 

 

MEHR

Hayronman

Shunchalar

Nozik boʻlsang ham,

Yurakni turasan

Toʻldirib.

Juda ham nafissan,

Qoʻlimga olsam,

Qoʻrqaman qoʻyishdan

Oʻldirib.

 

Qoʻygil, injilmagin,

Ranjitma meni,

Lahza oʻtmay yana

Fikrimdan qaytmay.

Seni oʻzing bilgan

Oʻsha odamga

Berib yuboraman

Hech kimga aytmay.

 

 

OLOMON

Muhammad chorlasa “qoshimga kel” deb,

Butun olomonni lol etib, birdan.

Daraxt qarshisiga yurib borganmish,

Hamma ildizlarin sugʻurib yerdan.

 

Moʻjiza soʻramish yana olomon –

Asli yer gunohga makon boʻlgan joy.

Rasul amr etsa, uzoq kuttirmay

Ikkiga ajralib ketgan emish oy.

 

Shubhada qolarmish gʻanim baribir

Va boshlab kelarmish guvohlarini.

Tilga kirgan jasad soʻzlab berarmish

Tirik chogʻidagi gunohlarini…

 

Asrlar oʻtadi, boshqa paygʻambar

Endi tugʻilmagay – haqiqat ayon.

Buni anglasa-da, ammo baribir

Moʻjiza kutadi gʻofil olomon.

 

 

MUVOZANAT

Otelloning rashkin jazavasiga

Hanuz tushunolmay qiynalar dunyo.

Goʻzal Dezdemona qismati uchun

Bir kichik roʻmolcha aybdor goʻyo.

 

Azaldan Qodiri Mutlaq bu hisni

Yaratmaganmikan koʻngil qonidan.

Bemaʼni tuyular, roʻmolcha uchun

Bir inson ajralib tursa jonidan.

 

Otello armoni chegara bilmas,

Uning umri – mangu hijron kechasi.

Roʻmolchalar esa gʻoyib boʻlmoqda,

Yoʻqolib-yitadi yana qanchasi.

 

Laʼnatga loyiqmas asli Yago ham,

Shunchaki sinaldi bir oshiq yurak.

Rashkin muhabbatning timsoli uchun

Otello singari Yago ham kerak.

 

Oradan oʻtsa-da necha asrlar,

Alam bilan eslab Qorabotirni,

“Sevgi qotili” deb atayveramiz,

Tohir – Zuhro yodi chulgʻab xotirni.

 

Asli Qorabotir boʻlmasa, Tohir

Hijron daryosidan gʻofil oʻtardi.

Zuhroga yetsa ham, balki bu sevgi,

Turmush boʻronida toʻzgʻib ketardi.

 

Bari oydinlashar sekin, birma-bir,

Eng buyuk faylasuf aslida-ku Vaqt.

Rashk va muhabbatga timsol boʻlishda

Ularga xalaqit berar edi Baxt…

 

 

* * *

Yuragingga ishonma meni,

Shafqatlidir yuraging mudom.

Tashlab ketmoq istasam seni

Meni qoʻyib yuborar oson.

 

Nafratingga ishonma meni,

Makrdandir manim bunyodim.

Uni ishqqa aylantirmoqqa

Kifoyadir bitta faryodim.

 

Hayotingga ishonma meni,

Meni unga ishonma sira.

Toʻzgʻib ketar qurigan gulday

Mendan qolgan hamma xotira.

 

Koʻzlaringga ishongin faqat,

Nigohingga duch kelsam birdan,

Kishaniga koʻnikkan qulday

Oyoqlarim uzilmas yerdan…

 

Koʻzlaringga ishongin meni…

 

 

TEMUR

Garchi yolgʻonchi deb yozgʻiradilar,

Shoir ham sheʼrida haq boʻlar ekan:

Gohi butun xalqdan bir odam chiqmay,

Goh bitta odam ham xalq boʻlar ekan.

 

Eslaganda Shiroq hikoyasini,

Bu qismatdan eting junjikar yomon.

U boʻlmasa xalqqa aylanarmidi

Sahro kezib yurgan oʻsha olomon?

 

Chingiz qah – qah otar, koʻrib Xorazm

Elining daryoda oqib ketganin.

Qaydan bilsin, Jaloliddin bu xalqni

Ot bilan daryodan olib oʻtganin.

 

Taqdir koʻp sinamish Amir Temurni,

Axir imtihondir asli bandalik.

Orom bilmas edi sarkarda qalbi:

“Xalqni xalq qilarmi parokandalik?”

 

Axir tokaygacha ona Vatanni

Dushmanlar talaydi, qiladi gʻorat.

Uning naʼrasidan ketdi uygʻonib,

Millat qalbidagi qadim jasorat.

 

Koʻp katta sinovdir yoʻlboshchilik ham,

U xalqqa intildi, xalq u tomonga.

Muazzam rishtadan yaralgan shu his,

Uni aylantirdi Sohibqironga!

 

To oʻsha jasorat qonimizda jo,

Shoir haqni yozsin, tursin xaq boʻlib.

Bu millat to roʻzi qiyomat qadar

Xalq boʻlib yashasin, qolsin xalq boʻlib.

 

 

NAVOIY HAYKALI POYIDA

Sochlari hurpaygan yigitni Majnun

Desalar, yuzimda lovullar uyat:

Goho shakl gʻolib kelib qolganda

Chekkaga chiqarmish shoʻrlik mohiyat.

 

Gʻozalar kerakmas koʻngil qonidan,

Ul oshiq dillarni boʻldik oʻldirib:

Lablari, yonogʻi alvon tusdagi

Laylolar yurishar koʻcha toʻldirib.

 

Ishqning ul azaliy qoidalari

Allaqachon qayta tuzilib boʻlgan.

Sevgi bilan hayo oʻrtasidagi

Iskandar devori buzilib boʻlgan.

 

Koʻhna tabiatning koʻksidan hamon,

Olinmay turibdi Bahrom otgan oʻq.

Endi muhabbatdan yigʻlagan inson,

Insonni yigʻlatar, muhabbat ham yoʻq.

 

Shaksiz, bashoratdir aytganlaringiz,

Bizning zamonlarni qaydan bilarsiz?

Balki qaytib kelib, qush tilin emas,

Insonlar lisonin doston qilarsiz…

 

Endi ishq javhari toshdek beqadr,

Haqiqat ravshandir misoli kunday:

Bugun Farhod togʻni yoʻnib tursa ham,

Suv emas, maʼdanlar izlaydi undan.

 

Besh yuzu yetmish yil oʻtmish oradan,

Necha bor evrilib, tiklanmish mezon.

Sizni ranjitadi, ammo aytish shart:

Aslo doʻst boʻlolmas shoir va sulton.

 

Barini birma-bir aytsam, nuroniy

Boshingiz ogʻritar manim hasratim.

Mehr soʻraganlar juda koʻp, biroq

Mehr noyob boʻlib qoldi, Hazratim.

 

Yorqin tuslardadir liboslar garchi,

Yuraklar qashshogʻu, tuygʻular – gʻarib.

Shuning uchun hatto haykalingizga,

Qarolmaymiz boshni baland koʻtarib.

 

 

* * *

Hijroningdan nido paydo,

Xayolingdan safo paydo.

 

Qahringdan yuz dard hosilu,

Mehringdan ming shifo paydo.

 

Amringdan ibtido zohir,

Lutfingdan intiho paydo.

 

“Shafqatingga nasib oʻlsam”,

Dil ichra muddao paydo.

 

Jamoling aksi vasfidin

Tilimda iltijo paydo.

 

Bu xasta dilga boʻlsaydi,

Rahmatingdin davo paydo.

 

Qudratingdan taqdir uzra

Ham oqu ham qaro paydo.

 

Ishqing zahmatidan magar

Yer yuzinda qazo paydo?!

 

 

Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 4-son

 

https://saviya.uz/ijod/nazm/kozlaringga-ishongin-meni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x