Filologiya fanlari nomzodi Uzoq JOʻRAQULOV bilan suhbat
– Dunyo adabiyoti tarixidan maʼlumki, hikoya prozaning keng tarqalgan va shunga mos ravishda kuchli taraqqiy etgan janrlaridan biridir. Adabiyot tarixida bor mahoratini ishga solib, hikoya janrining eng goʻzal namunalarini yaratgan adiblar koʻp uchraydi. Aytish mumkinki, J. London, S. Sveyg, P. Merime, H. Hesse, O. Genri, Mopassan kabi adiblarni yirik hajmli asarlaridan koʻra hikoyalari koʻproq mashhur qilgan. Bu holat mazkur janrning ichki imkoniyatlari bilan bogʻliqmi?
– Har qanday adabiy janr asosini Yaratganning buyuk sanʼati – makon-zamon kengliklarida aylanib turuvchi voqelik tashkil etadi. Ammo uni qamrovlash, badiiy aks ettirishning yoʻllari, darajalari xilma-xil va oʻzaro tubdan farq qiladi. Bunday farq milliy adabiyotlar, davrlar, avlodlar va bir ijodkor hayotiga oid turli bosqichlar, kayfiyatlar diopozonida koʻproq kuzatiladi.
Voqelikni anglash, talqin etishning inson tomonidan kashf etilgan minglab usullari bor. Bularning baʼzilari falsafa, baʼzilari fan, baʼzilari esa hayotiy tajribalar negizida shakllangan. Inchunun, bunday vositalarning barchasi oʻz maqsadi, imkoniyatlari doirasida, inson va inson uchun yaratilgan borliq olam(“toʻqquz aflok”)ni tushunish, anglashga qaratiladi. Navoiy hazratlari “Lison ut-tayr” debochasida yozadilar:
Aylagach doir toʻquz aflokni,
Qosir etdi fahmidin idrokni…
Yaʼni Alloh taolo “toʻqquz aflok”, demakkim, butun moddiyat dunyosini yaratdi. Uni makon-zamon oʻlchovida harakatga keltirdi. Ammo borliq aro zarra misol – inson, uning uchun yaratilgan “toʻqquz aflok”, ularda kechmish va kechajak voqeotlar mohiyatini, dunyoning avvali-yu oxirini toʻla anglash, idroklash imkoniyati Odam bolasiga berilmagan.
Insoniyat oʻz tarixi davomida erishgan barcha kashfiyotlar, ilmlar, falsafalar mana shu “imkoniyat” doirasida tugʻilgan. Jarayon esa davom etyapti. Bu jarayon qachon boshlangan va qachon tugashini bir Zotdan oʻzga hech kim bilmaydi. Xususan, adabiyot ham shu jarayonda maydonga kelgan idroklash vositalarining eng toʻngʻichi, taʼbir joiz boʻlsa, eng mukammalidir. Chunki fan, falsafa singari bilish vositalari, asosan, tafakkur bilan ish koʻradi. Voqelikni idroklashning ratsional yoʻlidan boradi. Shu bois ham fan va falsafa qamrovi tafakkur chegaralari qadar. Illo, ulugʻlardan biri aytganidek: “Aql Kaʼbaga bormoqqa tuya hozirlaguncha, qalb uni ming bor ziyorat qilib keladi”. Adabiyot bilish vositalari ichida hissiyot va tafakkurni, tana va ruhni oʻzida jamlash ehtimoli ortiqroq boʻlgan birdan-bir fenomen. Bunday qoʻsh qanot imkoniyati esa uning makon-zamon chegaralari boʻylab kengroq koʻlam egallashini taʼminlaydi.
Agar biz asl adabiyotni voqelik aks etgan bir koʻzguga qiyoslaydigan boʻlsak, hikoya janri ushbu koʻzguning siniqlaridir. Ammo hikoyaning bor qudrati ham aynan shu siniqligida. Zarrada borliq, qatrada ummon, nur tolasida quyosh aks etishini yodga olsak, hikoyaning asl qudratini teran his qilamiz. Insonga xos ulugʻvorlik va shariflik butun borliqdan koʻra ustunroq boʻlganidek (Barchasini garchi latif aylading, Boridin insonni sharif aylading… Navoiy), baʼzan qatra imkoniyati ummon imkoniyatlaridan ustunlik qiladiki, jahon adabiyoti tarixida siz kuzatgan holatlar shu bilan izohlanadi.
Jahon adabiyoti tarixida A. P. Chexov, S. Moem, J. London, H. Hesse, O. Genri singari mashhur hikoyanavislar bilan bir qatorda L. N. Tolstoy, U. Folkner, M. Sholoxov kabi bu janrga kamroq murojaat qilgan, ammo bir-ikki hikoyasi misolida betakror sanʼat namunasini meros qoldirgan yozuvchilar ham uchraydi. Tolstoyning “Avliyo Sergiy”, Folknerning “Qora musiqa”, Sholoxovning “Xol” hikoyalari mana shunday noyob badiiy kashfiyotlar hisoblanadi.
Endi ichki imkoniyat masalasiga keladigan boʻlsak, u janrda emas, yozuvchida boʻladi. Har bir adabiy janrning kashf etilgan va yuzaga chiqmagan bitmas-tuganmas imkoniyatlari bor. Badiiyati yuksak hikoyaning maydonga kelishi soddagina – xuddi ot va chavandoz munosabatiga oʻxshaydi. Xalqimiz orasida bor-ku, ot oʻziga munosib chavandozni topsa, maydon uniki. Xuddi shunday isteʼdod, haq soʻz, mos voqea, shunga munosib kayfiyat, ayniqsa, fikr va amal uygʻunlashgan nuqtada hatto romanlarni dogʻda qoldiruvchi hikoya dunyoga kelishi mumkin.
– Adabiyot yaralganidan buyon unda “ustoz-shogird” anʼanasi davom etib kelmoqda. Shunday adiblar borki, ular oʻzlariga “uvays” ustozlar tanlashgan va bu tanlov oʻzini toʻla maʼnoda oqlagan. Nazarimda, mazkur anʼana aynan hikoyachilikda koʻproq koʻzga tashlanadi. Fikrimni oqlash uchun baʼzi misollarni keltirsam. Oʻzbek hikoyachiligining ustozlaridan boʻlgan Abdulla Qahhor hikoyachilikda Chexov uslubiga yaqin boʻlgan siqiqlik, soʻzni qizgʻanish va real hayotga iloji boricha yaqinlashishni maʼqul koʻrgan. Milliy hikoyachiligimizning yana bir yorqin namoyandasi – Sh. Xolmirzayev esa oʻzi tugʻilgan Surxon dashtlariday keng va xotirjam yozgan. Uning “hikoya” degan nom ostida chop ettirgan baʼzi asarlari, hajmiga koʻra qissaga yaqin turadi. Buning boisi shuki, u jahon adiblari orasida Tolstoy boboga oʻxshash ezmaroqlarini koʻp oʻqigan, inson taqdirini keng va har tomonlama talqin etgan adiblarga yaxshi maʼnoda ergashgan. Umuman, hikoyachilikda hajmning ahamiyati bormi?
– Adabiy taʼsir adabiy-tarixiy jarayonning oʻzak muammolaridan. Ammo, taassuflar boʻlsinki, bu muhim hodisaga xos maʼnaviy mezonlar, adabiy-estetik kriteriylar bizda aniq, ilmiy-nazariy tushuncha oʻlaroq shakllanmagan. Bu masalada, bizda boʻlganidek, yondosh yoki qardosh adabiyotlar negizida ishlab chiqilgan kriteriylarni etalon qilib olish tamoyili oʻzini oqlamaydi. Adabiy taʼsir yoki komparativistika jarayoni har bir milliy adabiyot doirasida oʻziga xos tarzda namoyon boʻladi. Bizda aynan shu – adabiy taʼsir tamoyillarini milliy estetik tafakkur mezonlari negizida tayin etishda oqsash bor.
Siz adabiy taʼsir namunasi sifatida eslagan holatning, “ustoz-shogird anʼanalarining” ham poydevori u qadar mustahkam emas, ogʻizdan-ogʻizga oʻtib yurgich bu gaplarning teran ilmiy asosi yoʻq hisobi. Hatto bunday fikrlar adabiy jarayon botinidan emas, balki kimlarningdir xohish-istaklaridan tugʻilgan, unchalik obroʻ keltiravermaydigan “sayyor luqmalar” deyilsa ham, haqiqatga xilof boʻlmaydi.
Holbuki, Chexov hikoyachiligi misolida bizda koʻkka koʻtarilgan jihatlar jahon adabiyoti kontekstida u qadar noyob hodisa sanalmaydi. Chexov hikoyalari zalvorini ich-ichidan his qilgan, oʻzini uning haqiqiy shogirdlaridan hisoblagan, hatto bu bilan faxrlangan Somerset Moem oʻta kichik hajmli, chexovcha siqiq hikoyalarning maydonga kelishini oʻsha davr matbaachiligidagi iqtisodiy tanqislik muammolari bilan bogʻlab izohlaydi. Uning yozishicha, dastlab asosan siyosiy, tijoriy xabar va reklamalarni chop etish uchun moʻljallangan gazetalarda badiiy asarlarga oʻrin ajratish rasm boʻlmagan. Faqat gazeta maketlari chizilib, reklama va xabarlardan ortib qolgan, reklama sigʻdirishning imkoni boʻlmagan burchak-burchakdagi gʻarib joylarda keyinchalik biror badiiy asar bosish rasmga kirgan. Shuning uchun ham asarini matbuotda chiqarishni xohlagan yozuvchi reklamadan ortgan oʻsha kichkina joyga mos jajji hikoya yozishga majbur boʻlgan. Kichik hajmli hikoyalarning ayanchli tarixi shu xolos.
Qolaversa, Chexov hikoyachiligi darajasi, unga xos ulkan poetik qamrov, insoniy ulugʻvorlik va tubanlik, hayot va oʻlim, jamiyat va shaxs masalalari, dramatik va tragikomik holatlar tasviri uning A. Qahhor ergashgan “mayda” hikoyalarida emas, balki “Oʻqituvchi”, “Anyuta”, “Agafiya”, “Birinchi klass passajiri”, “Tutqanoq”, “Knyaginya” kabi “katta” hikoyalarida koʻrinadi.
Endi Tolstoy masalasiga keladigan boʻlsak, mening kuzatishimcha, unda artistizm, sunʼiy zoʻriqishdan asar yoʻq. Voqelikni kuzatish, uni tarkiban saralash, mushohada-muroqaba etish va, eng muhimi, badiiy ifodalashda mustahkam tayanch, ulugʻvor bir nuqtai nazar, komil eʼtiqod Tolstoy asarlarining darajasini ancha balandga olib chiqadiki, XX asrning shoʻroviy tuzumi qolipida shakllangan bizning yozuvchilarimiz orasidan bunday mutafakkir shaxsni topishga urinishning oʻzi mantiqqa zid. Shubhasiz aytish mumkinki, Lev Tolstoy oʻzining romanlari, qissa va hikoyalari, umri poyonida yozgan tazarru va naqllari bilan butun boshli badiiy sistema. XX asr oʻzbek prozasi, xususan, hikoyachiligi tarixida esa “Uloqda”, “Bodom qishda gulladi”, “Urushning soʻnggi qurboni”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Etakdagi kulba”, “Shamolni tutib boʻlmaydi” kabi bir nechta hikoyalarnigina sanash mumkin.
Har qanday yaxshi hikoya oʻzining shakli va hajmi bilan tugʻiladi. Yozuvchi uni ataylabdan kichik yoki katta hajmli qilib yoza olmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, bu jajji janrning kichik yoki katta ekanini katta adabiyotga naqadar dahldor ekaniga qarab belgilansa, toʻgʻriroq boʻladi. Katta adabiyot esa, menimcha, Navoiy, Servantes, Shekspir, Gyote, Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy, Qodiriylar mansub adabiyotdir.
– Zamon evrilishlari insonning ichki, ruhiy ehtiyojlarida ham namoyon boʻladi. Misol uchun, oʻtgan asr oʻquvchisi voqeaband asarlarga koʻproq moyil edi. Shu bois insonning botiniy, hissiy hayoti tasvirlangan hikoyalarga “tishi oʻtadigan” kitobxonlar hatto ijod ahli orasida ham unchalik koʻp emasdi. Jahon hikoyachiligi namunalari, xususan, insonning ruhiy toʻlgʻoqlariga bagʻishlangan hikoyalar tarjima qilinib, ularning ilk namunalarini matbuotda chop etilganda, dastavval bu “zerikarli” asarlarni qabul qilolmadik. (Bu hikoyalarning aksariyati Lotin Amerikasi adabiyoti vakillari ijodidan edi) Hali oʻzbek adabiyotida bu toifa hikoyalar deyarli yoʻq edi. Koʻp oʻtmay, milliy adabiyotimizda ham shunga oʻxshash asarlar paydo boʻladi boshladi. Aytish mumkinki, A. Aʼzam, E. Aʼzam, X. Doʻstmuhammad, N. Eshonqul, L. Boʻrixon, U. Hamdam, A. Yoʻldosh, B. Qobul, B. Abdurazzoq kabi adiblarimiz zamonaviy prozaga chin maʼnoda yangilik olib kirishdi. Shu maʼnoda “Tugmachagul”, “Anoyining jaydari olmasi”, “Jajman”, “Maymun yetaklagan odam”, “Qoʻlga tushgan qorbobo”, “Tosh”, “Puankare”, “Qora kiyik taʼqibi” kabi qator hikoyalar misolida oʻzbek hikoyachiligida roʻy bergan tadrijiy oʻzgarishlarni ham kuzatish mumkin. Siz nima deb oʻylaysiz, prozada voqeabandlikdan bir oz yiroqlashib, asosan ruhiyatga, sezgiga urgʻu berilishi kitobxonni asl adabiyotdan uzoqlashtirib qoʻymasmikan?
– Gʻalvir bilan suv tashib boʻlmaydi. Suv tashish uchun chelak kerak. Yoki shamolni yuganlashga, hushtakka tugma qadashga urinishda hech bir mantiq yoʻq. Ammo jahon adabiyoti maydonida shunga oʻxshash holatlar mavjud ekan, buni avvalo tushunishga, imkoni boʻlsa tushuntirishga urinishning zarari yoʻq.
Agar siz aytgandek, hikoya janri doirasida “insonning botiniy, hissiy hayoti”ni tasvirlash tamoyili mavjud boʻlsa, bu ham hushtakka tugma qadashga urinishdek bir gap.
Nima uchun bunday deyapman?
Azal-azaldan ulkan qamrovli, koʻp va egri chiziqli voqelikni proza yoʻlida tasvirlash vazifasini epos, epopeya va roman bajarib keladi. Hikoya joriy voqelikdan bir parchani tanlab oladi va tasvirlaydi. Botin olami, hissiyot kengliklari xususida soʻz aytish esa qissa janrining vazifasiga kiradi. Hatto “Qurʼon”da ham yagona shaxs zohiriy va botiniy hayoti haqidagi xabarlarga nisbatan “qissa” istilohi qoʻllanadi(masalan, Ismoil alayhissalom, Yusuf alayhissalom, Ayyub alayhissalom qissalari kabi). Xalq nasrida boʻlsa, “Ibrohim Adham qissasi”, “Shoh Mashrab qissasi”, “Zufunun qissasi” singari mashhur kitoblar bor. Ularda ham xalq badiiy tafakkuri kengliklarida ifodalangan ayni tamoyil aks etadi. Demak, azaldan botiniy hayot tasviri qissa janriga tegishli. Shu bois ham bu vazifani hikoyaga yuklash yoki shunday ifoda tarziga ega asarlarni hikoyaga nisbatlash gʻalvirda suv tashish yo hushtakka tugma qadashga urinishga oʻxshaydi.
Modomiki, umuman adabiyotda bunday holatlar bor ekan, buning yana bir grotesk-izohini keltirishim mumkin. Deylik, uyida chelagi yoʻq odamning amal-taqal qilib gʻalvirda suv olib kelishi haqida “Chorasizlik” degan hikoya yozish mumkin boʻlganidek, botin olami va hissiyotlarini tugal anglamagan, boshqacha aytganda, botini butun boʻlmagan ijodkorlarning hikoya ustiga bunday yuk qoʻyishini ham tushunish mumkindir, ehtimol.
Lekin, har qanday istiora oʻyinlarini chetga surib aytishim mumkinki, voqelikka koʻchmagan botin, voqelikda ifodalanmagan hissiyot boʻronlari haqiqiy hikoyaga aylanishi mumkin emas.
– Soʻnggi yillarda eʼtirof etilgan hikoyalarni koʻzdan kechirayotib, xayoldan bir fikr oʻtadi. Bugun zamonaviy proza vakili uchun soʻzni his eta bilish isteʼdodidan ham koʻra inson psixologiyasidan xabardorlik layoqati zarurroqqa oʻxshab qoldi. Chunki adabiyot, xususan, uning zabardast qismi boʻlgan proza inson ruhiyatiga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Lekin har qanday asar avvalo kitobxon uchun yoziladi. Xoʻsh, kitobxon bunday murakkab asarlarni oʻqishga tayyormi? Agar tayyor boʻlmasa uni yangi davr asarlari mutolaasiga qanday hozirlash mumkin?
– Zotan, insoniyatga ruh haqida juda kam bilim berilgan. Yuqorida ham aytdimki, insonshunoslik, demak, ruhshunoslik vazifasiga loyiq birgina talqin vositasi bor, u ham boʻlsa faqat adabiyot. Shu bois, hatto qilni qirq yoradigan Z. Freyd, K. Yung, E. Fromm, J. Lakan kabi psixoanalitiklar ham, garchi asosiy tadqiqot obʼyektlari tirik odam boʻlishiga qaramasdan, oʻz xulosalarida badiiy adabiyotga tayanadilar.
Ming yillik sharq-islom lirikasi, xamsachiligi, voqeotnavislik, holotnavislik va manoqibotlardagi nozik psixologizm mohiyati haqida biz hali oʻylab ham koʻrganimiz yoʻq. Gomer, Sofokl, Esxil, Yevripid, Shekspir, Servantes, Gyote, Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy, Qodiriy, Oybek, Gʻ. Gʻulom, A. Oripov, R. Parfilar asarlari ham aynan shu fazilati sabab yashab turibdi. Demak, bu sifat adabiyotning oʻzagini tashkil etishi bugunning gapi emas. Hatto bugungi adabiyot turli “degumanizatsiya”larga chalgʻib, asl missiyasidan bir oz chalgʻigandek tuyuladi menga.
Agar ayni zamon oʻquvchisining oʻsha “chuqur”likka daʼvo qilayotgan baʼzi asarlarga “tishi oʻtmayotgan” ekan, buning sabablarini oʻquvchidan emas, ijodkor maʼnaviyatidan izlash toʻgʻriroqqa oʻxshaydi. Holbuki, inson psixologiyasining xolis va toʻgʻri tasviri oʻquvchini badiiy asardan uzoqlashtirishi emas, aksincha, yaqinlashtirishi lozim.
Garchi, qalamning vazni qamish poyasi, gʻoz pati bilan oʻlchansa-da, insonshunoslik masʼuliyatini boʻyniga olgan odam pokiza, sohibi hikmat, xalq dostonlaridagi bahodirlardek alp boʻlishi lozim. Yoʻqsa, “Soʻz vodiylarida” adashib qoladi, qalamni koʻtarolmay arosat sahrosida nobud boʻladi.
– Jahon adabiyoti tajribalarini oʻrganib borish va olgan bilimlari asosida yangi anʼanalarni yaratish har bir millat adabiyotining muhim fazilatlaridan biridir. Shu maʼnoda oʻzbek hikoyachiligi ham dunyo novellestikasining yaxshi anʼanalaridan koʻp narsani oʻrgandi. Sizningcha, qaysi hikoyalarni “jahon standartlari”ga mos keladigan hikoyalar deb atasak boʻladi?
– Xuddi Nobel mukofotlari singari “jahon standartlari” degan gap ham oʻta nisbiy tushuncha. Chunki bu oʻrinda, avvalo, ushbu “standart”lar qanday mezonlarga tayanadi, degan savolni qoʻyish, unga munosib javob topishga urinish muhimroq. Biz, birinchi navbatda, standart nima ekanini bilib olishimiz, standart mezonlarini belgilashimiz, shundan soʻnggina oʻz “standart”larimiz haqida soʻz yuritishimiz lozim.
Bizda chin maʼnodagi standartlar boʻlgan. Buni Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Zokirjon Furqat kabi sharq shoirlari yaxshi bilishgan. Bir asrdan ortiq uzilish davri, maʼnaviy-ruhiy tobelik oqibati oʻlaroq biz XX asr kishilari bunday barhayot ilmlardan uzoqlashdik. Standartlarimizni yoʻqotib qoʻydik. Bugun oʻz adabiyotimiz tarixini jiddiy oʻrganish, badiiylik mezonlarini tiklash, amal va soʻz uygʻunligiga erishish, zamonaviy adabiyotimiz, ijodkorlarimiz uchun eng muhim vazifa hisoblanadi. Oʻylashimcha, oʻshandagina biz oʻz standartlarimizga ega boʻlamiz. Shundagina Gʻarb va boshqa sharq xalqlari zamonaviy adabiyoti tajribalarini oʻz asarlarimizga sintezlay olamiz. Balki shunda “jahon standartlari” degan kalima ham oʻzgacharoq, kengroq maʼno kasb etar. Illo, oʻzbek adabiyoti uchun XXI asr umidlar, izlanishlar, oʻzgarishlar asri boʻlishiga shubha qilmayman.
– Jon Golsuorsi oʻzining “Adabiyot va hayot” nomli maqolasida shunday yozadi: “…muallifi hayot ekan, uning asarini hali adabiyot deb hisoblamaymiz”. Bir oz telbanamo tuyulgan bu fikr qatida hayot, yanayam toʻgʻrirogʻi adabiyot haqiqati mujassam. Yaʼni asarning asl qiymatini vaqt belgilaydi. Vaqt asarlarni abadiyat kutubxonasi uchun saralab oladi. Adabiyotshunoslar ham maʼlum maʼnoda vaqtning koʻmakchilaridir. Baʼzida adabiyotshunoslarni “adabiy bashoratchilar” deb ataging keladi. Sizningcha, zamonaviy oʻzbek hikoyalari orasida 22 asrga hech bir toʻsiqsiz “oshib” oʻtadiganlari bormi?
– Aytganingizdek, vaqt degan narsa shu qadar injiq, murakkab va shafqatsizki, u har qanday asarni uning “bashoratchilari” bilan qoʻshib tarix sahnasidan supurib tashlashi mumkin. Shuning uchun ham bashorat salohiyati faqat paygʻambarlarga, karomat esa avliyolarga beriladi.
Binobarin, XX asrdan XXI asrga “oshib” oʻtgan hikoyalarni ham, hatto XXII asrda muhaqqaq oʻqilish ehtimoli boʻlgan asarlarni ham tom maʼnoda abadiyat “roʻyxat”iga kirgan asarlar deb boʻlmaydi. Asar oʻqilyapti degani ham, uning tom maʼnoda yashayotganiga kafolat boʻla olmasligi mumkin. Asl adabiyot vaqt va vaqtdan-da ulkan mezonlarda oʻlchanadi. Bu mezon mohiyatini Yusuf xos Hojib, Yassaviy, Navoiylar davrida yaxshi anglashgan. Asl adabiyot kengliklarida biz bilgan mezon tushunchasining oʻzi ham mezon sanalmay qoladi. Shuning uchun bu masala talqinida bizning qarichlarimiz judayam maydalik qiladi.
Bugungi hikoyachilik haqidagi real kuzatishlar asosida xulosa qiladigan boʻlsak, bu janrdagi muhim yangilik istioraviylikda koʻrinyapti, deyish mumkin. Bunda voqelik yozuvchi tomonidan oʻzining makon-zamon doirasidagi real vazifasidan ajratib olinib, istiora shakli oʻlaroq qayta modellashtiriladi. Natijada kichik bir hikoya ulkan maʼnaviy ahamiyat, salmoqdor umuminsoniy mazmunni ifodalay oladi. Bunday holatning bugungi oʻzbek hikoyachiligida koʻrinayotgani quvonarli, ammo tom maʼnoda yangilik emas. Negaki, ular bizga Rumiy va Navoiy koʻp bor murojaat etgan hikoyatlar – naql-istioralarni eslatadi(fil, uzum, dengiz haqidagi hikoyatlarni eslang).
Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba”, Luqmon Boʻrixonning “Temir sandiq”, Rahimjon Rahmatning “Adashvoy”, U. Hamdamning “Safar”, I. Sultonning “Suvdagi kosa”hikoyalarida mana shunday jiddiy va xayrli anʼanalarning izi koʻrinadi. Nasrimizning oʻn besh-yigirma yil ichida erishgan jiddiy yutugʻi ham ehtimol shudir.
Ammo muammo shundaki, hali bizda qadim istiora maktabi anʼanalarining tom maʼnodagi zamonaviy shakli maydonga kelgani yoʻq. Istioraviylik, shubha tugʻdirmaydigan darajada, zamonaviy hikoyamiz libosiga aylanmagan. Ehtimol, shu jarayon bosib oʻtilsa, yangi oʻzbek hikoyasi maʼlum badiiiyat kengliklari tomon harakatlana olar.
– Oʻzbek hikoyachiligining yangi avlodidan koʻnglingiz toʻladimi? Yosh hikoyanavislardan qay biri sizga maʼqul boʻlyapti?
– Agar Nazar Eshonqul, Luqmon Boʻrixon, Ulugʻbek Hamdam, Isajon Sultonlarni yosh yozuvchilar safidan chiqqan deb hisoblaydigan boʻlsak, bu safga mansub ijodkor sifatida bir-ikki hikoya yozgan yosh qalamkashnigina koʻrsatishim mumkin. Illo, sanalgan yozuvchilardan keyin maydonga chiqqan yosh hikoyanavisni koʻrsata olmayman.
Shularning oʻzi ham chamamda ikki toifaga boʻlinadi.
Birinchi toifaga – oʻta “faol” va adabiyotning alifbosini oʻrganib-oʻrganmay adabiy jarayon maydoniga oʻzini urayotganlar kiradi. Oʻzingizga maʼlum, “sariq matbuot” degan balo bularni qizgʻin tarzda qoʻllab-quvvatlab turibdi. Ammo bu fojiaviy ham, kutilmagan holat ham emas. Bundan qoʻrqmaslik kerak. Vaqt toʻfonining oʻzi ularni sahnadan surib tashlaydi. Badiiy xotira ularni saqlab qolmaydi, balki bir tatib koʻrib, axlat chelagiga uloqtiradi. Chiqindi bari bir chiqindi-da, shunday boʻlgach, undan qanday yangilik kutish mumkin.
Ikkinchi toifani – adabiyotning alifbosini oʻrganishga urinayotganlar, qarib qolishdan qoʻrqmay oʻz ustida ishlayotgan, oʻrganayotgan yosh qalamkashlar tashkil etadi. Balki asl adabiyot uchun eng muhim narsa bu emas, Yaratgan bergan isteʼdoddir. Ammo oʻrganish, izlanish, anglash uchun ham isteʼdod kerak. Oʻylashimcha, adabiyot alifbosini oʻrganish, birinchi navbatda, “kechikkan kashfiyot” (B. Qosimov) sohibining holiga tushmaslik, yangidan amerika ochmaslik, yangi gap aytish uchun zarur. Dunyodagi eng buyuk ijodkorlar ham mana shu bosqichni chin maʼnoda bosib oʻtganlardan chiqqan. Adabiyot tarixida bunga misollar juda koʻp. Juda uzoqqa bormasdan oʻz adabiyotimizdan Navoiyni, rus adabiyotidan Tolstoyni kuzatsak ham savolga oʻrin qolmaydi.
Ochigʻi, mening butun umidim mana shu ikkinchi toifadan. Xotirjam, shon-shuhrat bodiga aldanmasdan, qorin gʻamiga bogʻlanib qolmasdan, katta maqsadlar sari intilayotgan yoshlardan. Bundaylar qatorida bir-ikki nomni sanashim mumkin edi. Ammo keling, shu nomlar sirligicha qola qolsin. Zotan, aytilmagan soʻz, oshkor boʻlmagan sirning qudrati ulkan boʻladi…
Suhbatdosh: Gulnoz MOʻMINOVA
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/kozgu-siniqlari-yoxud-aytilmagan-soz-qudrati/