Koʻzda neki, yurakdan xabar

***

U koʻzlarda

Bir koʻngil yigʻlar,

Holin soʻrab kipriklar halak.

Jovdiraydi munghazin unlar.

Tilga kirar xunolud yurak:

 

Abgor qildi, uni shu koʻzi,

Achinmoqdan oʻzga chora yoʻq!

Balki shundan sorigʻdir yuzi,

Gunohkoru sazoyi, siniq!..

 

Yoʻq-yoʻq…

Uni harob qildik, biz,

Koʻzlaridan gina yoʻq zinhor.

Koʻzda neki, yurakdan xabar,

Koʻzda neki, yurakdan gʻubor.

 

U koʻzlardan uzrlarim bor,

U koʻzlarda qarodir yuzim!..

 

VAQT – GʻANIMAT

 

Omonat bil,

Har dam gʻanimat,

Kunda uch-toʻrt soat uxlasang boʻldi.

Tejalgan yigirma soatda endi

Oʻzingni ayamay, ayamay… oʻldir.

 

Ayab oʻtirma hech,

Jigarni,

Xunni,

Neki daʼvoing bor vujudingdan, ol.

Bagʻringni dogʻ qilib oʻtgan shu kunning

Shukrini keltir-u, Biru Borga sol.

 

Iqtisod qil,

Orzularni ham,

Huzur-halovat deb ichikavurma.

Armon-la bezangan har daming bayram,

Har oning hayitdir,

Har manzil zurva.

 

Yoz –

Oni gʻanimat, kuzga dargumon,

Necha qorboʻron bor koʻklam taʼmiga.

Diydor-ku qiyomat qadarlik hijron,

Shu azob lazzati tortar domiga…

 

Men,

Iqtisod qildim,

Har tansiq damni…

Kunda uch-toʻrt soat uxladim, boʻldi.

Tejalgan yigirma soatda endi,

Bilmadim, bilmadim, qanchalik oʻldim!

 

ARISTON OʻLMAYDI

 

1937 yil mahbuslari monologi

 

Ariston oʻlmaydi,

Oʻlmaydi, sabab –

Olis kulbasida bir ayol… kutar.

Ariston oʻlmaydi, chunki oʻlolmas,

Bir ayol gohi-goh uni… unutar.

 

Agar u oʻlsa, oʻlsa u agar,

Yillar armonini kimlar soʻylaydi.

Zinhor oʻlolmaydi, oʻlolmas, sabab –

Bir ayol sochini gʻanim silaydi.

 

Ariston kulmaydi.

Kulmaydi, chunki

Zuryodi ichketar boʻlgan ichikib.

Ariston yigʻlamas, yigʻlamas, chunki

Uning… chun qaydadir yigʻlar onasi!

 

Ariston oʻlmaydi.

Ariston – metin,

Nozir onasidan kelsa… chidaydi.

Ariston yigʻlamas, ingraydi, lekin

Nozirning kaltagi sinar… Sinmaydi.

Kun ham sanamaydi.

Sanamay qoʻygan,

He, kun ham oʻtmasa oʻtmasin, mayli,

Bir ayol u haqda oʻylamay qoʻygan…

Bu ham bir jarohat… Oʻsha tufayli…

 

Oy ham sanamaydi.

Yillar chikora,

Ertasi biyobon – qovjiroq kuydir.

Endi u bu dunyo husnida “yara”,

Yuragi egasiz qolgan bir uydir.

 

Xayriyatki, ish bor.

Yagʻir yumush bor,

Ohu-nolalarin olar sugʻurib.

Xayriyatki, bahor, yozu kuz, qish bor –

Baraklar kutadir sillasi qurib.

 

Yoʻq, yoʻq,

Ozodlikda…

Bir ayol kutar.

Xiyonat qilsa-da, hamon kutadi.

Qolgani… barchasi, barchasi xayol –

Nima boʻpti, uch yil – bu ham oʻtadi,

Nima boʻpti, toʻrt yil – bu ham oʻtadi,

Nima boʻpti, besh yil – bu ham oʻtadi,

Nima boʻpti, oʻn yil… Oʻtar, oʻtadi…

 

Qaydadir, ozodlik kutar, kutadi…

Ariston oʻlmaydi, ariston – metin!..

 

* * *

Vaqt,

Buncha

Sirpanchiqsan?

Tutib qololmasman

Biror lahzangni!

U yondan

Bu yonga uyrilgunimcha

Sen yoʻqsan,

sen yoʻqsan,

sen yoʻqsan!

 

* * *

Qachon

Qaramay,

Chorlaganing chorlagan,

Men esa

Intilganim intilgan, senga.

Biror kun, biror dafʼa

Tinchlik bormi oʻzi, sendan,

Hay qurmagʻur, Deraza?

 

XOTIRA

 

…mendan qancha yiroqqa ketsang,

Shuncha yaqin keldi surating.

(Salim Ashur)

 

Bizni, alhol,

Topib kepsan-da,

Yillar osha uniqqan surat.

Munglar toʻlgan qorachiqlardan

Boqar yillar, turfa xotirat…

Ay, suratjon –

Ay, uniqqan tot,

Izladingmi, bizni shuncha yil.

Qaydin senda bunchalar sabot,

Qoyil, sening sidqingga qoyil!

 

Esladim, ha,

Uni… Otini!

Bormi edi shuning keragi?

U jimgina boqib tursayam,

Qonayverar endi yuragim!..

 

* * *

Tomirlarim –

Ogʻrir –

Armon izlari…

Yurak sanchiqlarin tutmaydi darigʻ.

Oʻtdi koʻklam, yozim, dala tuzlarim.

Kuzim qariyotir. Ranglari sarigʻ.

 

Ay,

Mening menligim,

Qaylarda soʻlding?

Ovoz ber, men sendan buncha yiroqman?

Huv olqor damlarim kimlarda oʻldi?

Bugun na Muqanna va na Shiroqman!

 

Fitratni tanimas boligʻ fitratim.

Choʻlpon, shunchaki bir shoirning oti!

Mendan yuz oʻgirdi Furqatning yodi,

Hamzani unutdik! Kim edi Botu?!

 

Shuncha moʻrtsoʻzmidi xobi siyratim,

Suratda qoldimmi, men zot oʻlaroq?!

Buncha hurkinlashding, aytgil, ay botin,

Ismatim aslimdan bunchalar yiroq!

 

Tong otar…

Oqshomlar ufqlarim qonar…

Qoʻllarim choʻzaman – orgʻin muztarigʻ.

Ertamga bitaman yorugʻ mujdalar,

Unga yetadigan toza konvert yoʻq!

 

Unga eltadigan toza konvert yoʻq!

 

* * *

Kaptar…

Mendan hurkmadi,

Hurkimay rizq terdi yoʻlimda.

Sepgani hech narsam yoʻq edi,

Hech vaqo yoʻq edi qoʻlimda.

 

Kaptar hurkimadi,

Hurkimay yayradi yoʻlimda.

Demak,

U meni qavmim deb biladi,

Demak, mendan kutmas oʻlimdi…

 

Kaptar

Hurkmay

Rizq terdi yoʻlimda.

Demak…

Bir qush meni doʻst deb biladi,

Hayiqmay chiqadi yoʻlimdan.

 

Kaptar hurkimaydi,

Mana u, parvona poyimda.

Donlaydi, oʻylamay oʻlimdi,

Afsuski,

Qoʻlimda uvogʻim yoʻq edi,

Uvoqni… yeb qoʻygan edim-da!

 

Kechir, kaptar,

Kechir, mendek ochofat zotni!..

 

Abdunabi BOYQOʻZIYEV

 

Yoshlik”, 2017–8

https://saviya.uz/ijod/nazm/kozda-neki-yurakdan-xabar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x