NAJOT
Halokatdan qutqarar uldir,
Bir imdod keladi olisdan.
Izhor qilmaganing javohir,
Sezaman, naqadar xolissan.
Tong otadi endi boshqacha,
Chopib, horimasdan yashayman.
Uchqur umr koʻzdan qoshgacha,
Nimanidir anglay boshlayman.
Oq bulutga boqqancha masrur,
Telba shamollarda tizib bayt.
Koʻnglimda rabboniy bir huzur,
Eng yorugʻ xayolni etgan sayd.
Karvon yoʻli ustida kulbam,
Nomangni intizor kutadi.
Dunyo goʻzal kutayotgan dam,
Badbaxtlar kutmasdan qon yutadi.
Ufq qadar choʻzilgan dalam,
Yulduzlarga yetgan togʻlarim.
Umidvordir mendan har jilgʻa,
Oʻqilmagan sodda chogʻlarim.
Saharlar uygʻonib ketaman,
Xontaxtamda azaliy reja.
Eng ardoqli soʻzni bitaman:
“Qurʼoni karim”ni hijjala!
Zangori hislarga limmo-lim,
Koʻklardan tushadi shuʼlalar.
Mana shu kunlarda kimdir-kim,
Aytajakdir ojiz koʻlkalar.
Halokatdan qutqarar uldir,
Bir imdod keladi olisdan.
Soʻzlar oʻstirasan koʻnglingda
Orziqib, entikib bir hisdan.
Kun sanayman, bilmay oʻzimni,
Irodamni toblaydi boʻron.
Davralar poylaydi soʻzimni,
Har odimim saslari burhon.
Bordir gurunglarda boʻsh oʻrnim,
Hech kim bosolmaydi qadrimni.
Savollarga tirband huzurim,
Hech kimga bermasman dardimni.
Opichlayman gʻoʻr xirgoyini,
Elim ruhiyati pistoqi.
Hoʻplagancha Chinning choyini,
Xaltamdagi tugaydi qoqi.
Baribir, ishonib Rabbimga,
Tikilaman olisga juda.
Anduhlar ketadi qalbimdan,
Yigʻlamagin sen ham behuda.
Yaqin jaranglajak koʻngʻiroq,
Yaqin senga yetar kunlarim.
Yaqin chorlab turgan koʻk chiroq,
Yaqin juda yorugʻ tunlarim.
Halokatdan asraydi kema,
Yoʻlga otlanganning sayri xoʻb.
Men haqimda hech nima dema,
Sen haqingda aytajagim koʻp…
…Hur onlar koʻksimni toʻldirur,
Uygʻotadi ismimni sunbul.
Rahmonim shaytonni oʻldirur,
Ne tong, menga yoʻl berar bulbul.
Shijoatda ekan bor maʼni,
Olam – tasavvurlar poygasi.
Keltirganim Haq buyurgani,
Sen oychehra esa doyasi.
Tugamaydi koʻngil izhori,
Tushimiz ulanar xayolga.
Nodir juda ruhning roʻzgori,
Chap berib hamisha zavolga.
Dars olamiz dars bergan kabi,
Shamol, yomgʻir yoʻlga oʻrgatar.
Shivirlaydi terakning labi,
Qargʻalar beshikni tebratar.
Halokatdan ozod dilimga,
Keladi olisdan bir imdod.
Qaytmagayman aslo yoʻlimdan,
Toʻxtama der, donishmand hayot.
OVORA
Yoʻlimga koʻz tutdi rayhonlar,
Men qoʻlimni uzatolmadim.
Juda sogʻinadi osmonlar,
Bormadim ham, xat tutolmadim.
Doʻstim seni unutolmadim,
Yoʻlingga ham koʻz tutolmadim…
Chumolilar yoʻlidan borar,
Olmalar pishmasdan uzildi.
Pattasiz qumursqalar bong chalar,
Kimningdir yonogʻi ezildi.
Qurtga sadoqatdan soʻzladim,
Qishga xiyonatni tuzladim…
Zagʻizgʻonlar holimdan kular,
Chumchuqlar tanirmi shoʻx boqib?
Boyoʻgʻli, xotira oʻrtanar,
Marhumlarning uyiga sohib.
Ketganlarla, ketmay boʻzladim,
Izlaringni koʻkdan izladim…
Oʻn tandir non yopadi qishloq,
Yuz tandir non soʻrar toʻdalar.
Shunday chigal maʼsum yashamoq,
Shamol oqsoq boʻri sudralar.
Ufqqa botmadi tizlarim,
Yulduzga ham yetmay izlarim…
Istiqomat roʻyxatida men yoʻqman:
Shahar aslo ilmaydi koʻzga.
Sahro uchun daydi joʻjiqman,
Qoʻnalgʻasiz ninachiman bir oʻzga.
Kirib-chiqar bolalikka hislarim,
Olamlarda unutgandir doʻstlarim…
Qabristonga qarab ketgan yoʻl,
Sogʻinishdan bezgan teraklar.
Ochilmagan xasmim nomsiz gul,
Nagʻmasiz shaharsoz yuraklar
Boʻlolmadim, qishloq koʻrmadim,
Pishgan shaftolilar, oʻrgilolmadim…
Vafo FAYZULLOH
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/konglimda-rabboniy-bir-huzur/