Mustahkam qalqon
Bugun qaddimizni iqtisodiy jihatdan dadil tutib oldik. Oʻzimizga toʻqmiz. Oʻz-oʻzidan maʼnaviy ehtiyojni qondirishga zarurat sezayapmiz. Bunda esa kitobdan samarali vosita yoʻq. Ammo tezkor, shiddatli davrimizda bizni kitobdan chalgʻituvchi turli zamonaviy qulaylik va vositalar borki, ochigʻi, ular kattayu kichikni maʼnan dangasa qilib qoʻymoqda. Bugun nigohlarimiz kitoblarga emas, koʻproq boshqa koʻngilochar, vaqtimizni oʻgʻirlovchi dasturu loyihalarga qaratilayotgani sir emas. Bu faqat bizga xos xususiyat boʻlmay, aytishlaricha, Yevropaning oʻzida ham Kafka yo Nitsshe ommaviy ravishda oʻqilmas ekan. Lekin bu dalil biz uchun taskin yo bahona boʻlolmaydi. Kitobga Yaratganning buyuk moʻjizasi sifatida qaragan xalq farzandlari sifatida biz ommaviy mutolaaga qaytishimiz shart. Chunki bugun biz choʻchiyotgan, kurashayotgan barcha illatlarga qarshi eng mustahkam qalqon bu – kitobdir.
Kitob – ehtiyoj hosilasi
Tarixiy burilish pallalari, kishilar ongidagi evrilishlar oʻziga xos asarlarga ehtiyoj tugʻdirarkan. Birgina Lotin Amerikasini koʻring. Bu davlatlar adabiyotini dunyoga mashhur qilgan omillar, mushtaraklik nimada? Meksikalik Xuan Rulfoning “Pedro Paramo”, gvatemalalik Migel Anxel Asturiasning “Senor Prezident”, kolumbiyalik Gabriel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” (“Mustabid paymonasi”) kabi dunyoga mashhur asarlarini oʻqisangiz, barchasida gʻoya va maqsad birligini koʻrasiz. Chunki Lotin Amerikasi jamiyatidagi adolatsizlik, zulm ana shunday kuchli asarlarga ehtiyojni yuzaga keltirdi va ular ommaviy tarzda oʻqildi.
Yoki oʻtgan asr 20–30-yillarini olaylik. Bir vaqtning oʻzida dunyoning turli qismida bir-biridan bexabar holda gʻoya va maqsadi bir xil boʻlgan 3 ta asar: Angliyada Richard Oldingtonning “Qahramonning oʻlimi”, Germaniyada Erix Mariya Remark qalamiga mansub “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” va Amerikada Ernest Hemingueyning “Alvido, qurol” kitoblari chop etildi. Qanday qilib? Sababi, dunyo xalqlari Birinchi jahon urushining mudhish oqibatlarini boshdan kechirgan, keyingi voqeliklar yaqin yillarda navbatdagi urushni keltirib chiqarishi aniq-ayon boʻlib borayotgan edi. Bu kitoblar oʻziga xos ogohlantirish bonglari edi. Va shu sabab ular mutolaasi keng yoyildi.
Oʻsha oradagi Kafkaning “Jarayon”, Kamyuning “Begona”, Sartrning “Behuzurlik”, Muzilning “Qiyofasiz odam” kabi mazmunan oʻxshash asarlari ham davr ehtiyoji, eʼtiqod, yashash maʼnisi va yuksak ideal, orzu ifodasi oʻlaroq yuzaga kelgandi. Chunki ilm-fan rivojlanib, hayotga zamonaviy texnika va texnologiyalar kirib kelishiga qaramay, insonlar baribir baxtli boʻlib qolmadilar. Qolaversa, bu yutuqlar farovon hayotni emas, millionlab qurbonlar keltirgan jahon urushlarini keltirib chiqardi.
Yoki umrining katta qismini hukmdor bilan baqamti oʻtkazgan hazrat Navoiy “Saddi Iskandariy”dagi adolatli shoh siymosini nega yaratgan deb oʻylaysiz? Husayn Boyqaroni adolatli podshoga aylantirish orzusida maʼrifatparvar hukmdor obrazini asarlariga singdirmaganmi?
Xullas, kitoblar va mutolaa aniq bir zarurat va ehtiyoj hosilasi oʻlaroq yuzaga kelarkan.
Bugungi tinch-farovon kunlarda davlatimiz rahbarining kitobxonlikni keng targʻib etishga qaratilgan tashabbusi esa iqtisodiy taraqqiyotimiz, turmush obodligiga hamohang tarzda jamiyatda maʼnan yetuk, komil insonlarni voyaga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Kitob oʻqimay ham boyish mumkin, biroq…
Negadir bizda shunday qarash shakllangan: kitob oʻqib boy boʻlish mumkin emas! Balki bunga aksariyat puldorlar kitobning hidini ham bilmasligi, kitobga oshnolarning kamtarroq yashashi sababdir?!
Endi bir oʻylab koʻraylik. Xoʻsh, qoʻlidan kitob tushmasdan, ammo shu bilan birga birovning qoʻliga qarab yashayotgan odam aslida ham chin kitobxonmi? U kerakli, foydali bilim beradigan kitoblarni oʻqiganmi, oʻqiyaptimi yo kitob deya dastiga ilinganidan bosh koʻtarmaydimi?
Odatda ana shunday “kitobxon”lar bilan suhbatlashsangiz, ular oldi-qochdi, yengil-yelpi, kishiga foydadan koʻra ziyon yetkazishi aniq bitiklarni faqat vaqt oʻtkazish, qilarga tayinli ishi yoʻqligi bois biror narsa bilan ovunib turish maqsadida oʻqishiga amin boʻlasiz. Shunday ekan, u qanday qilib boyisin? Qolaversa, kitobga vaqt oʻtkazish, bekorchilikda ermak deb qaraydigan odam ham bundan umid qilmasa boʻladi. Yoʻlda kitob oʻqima, hayotga turtilib ketasan, naqli shundaylarga atab aytilgan boʻlsa ehtimol.
Haqiqiy kitob saviyani yuksaltiradi, dunyoqarashni kengaytiradi. Kishiga hayot yoʻllaridan qanday yurishni oʻrgatadi, kerak boʻlsa pul topishni ham. Oʻqimaydigan boylarga kelsak, kitobsizlik – ularning fojiasi. Bir oʻylab koʻring: hayotda omadi chopmay, kasodga uchragan, inqiroz yoqasiga kelib qolgan va undan chiqish yoʻllarini bilmay joni halak boʻlgan boylar kimlar? Ming mashaqqat bilan topganlarini noqobil farzandlari harom-harishga sarflab yuborganlar-chi?
Yaxshi kitob yomon odamga oʻzini oʻqitmaydi
Kitob oʻqisa, uyqusi keladiganlar haqida ham eshitganmiz. Talabalik yillarimizda yotoqxonadagi hamxonam uyqusi kelavermasa, mendan biror kitob berib turishimni soʻrardi. Yarim bet oʻqir-oʻqimas mudray boshlardi. Eng yomoni, u kitobga uxlatuvchi vosita sifatida qarardi. Kitobga chin maʼnoda uygʻotuvchi, toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi, nainki yoʻlni yorituvchi, balki nurafshon etuvchi vosita sifatida qaralgan va asrlar osha shunday boʻlib kelgan bir chogʻda uning kitobga munosabati juda achinarli edi.
Yaxshi kitoblarni saralab, rosa taʼrifu tavsifini qilib ham koʻrdim, baribir boʻlmadi – u kitob oʻqimadi (uning talaba ekaniga ham eʼtibor bering). Oʻsha vaqtlarda bunga hayron qolardim. Qanday qilib shunday durdona asarlarni oʻqimaslik, bilmaslik mumkin?!
Xayolimizdan kitob yuksaltirgan buyuk daholar, kitobsevar zotlar qiyofasi birin-ketin oʻta boshlaydi. Dunyoni kutubxona deb bilgan, har bir asarida kitob yo kutubxonaga albatta murojaat etgan, umr boʻyi mutolaadan toʻxtamagan, umrining ikkinchi yarmini koʻzi ojizlikda oʻtkazib, boshqalarga oʻqittirib, olamni yanada teranroq anglashga uringan argentinalik adib Xorxe Luis Borxes. Boʻyi barobar kitob yozgan, ayni paytda boshqa asarlarni ham oʻqib chiqishga ulgurgan Lev Tolstoy. Dard sabab oyogʻi kesib tashlanganini eshitib, hol soʻrovchilar borganda, kitob oʻqib yotgan oʻzimizning Ozod Sharafiddinov. Yana uning “Narigi dunyoda kitob oʻqib boʻlmas ekan, shuning uchun bu dunyoda oʻqib ketay…” degan gapi. Savodi dunyoni tutmagan boʻlsa-da, joni xatarda qolishini bila turib, ming yillik kitoblarni devor orasiga suvab yashirib, bizgacha yetkazgan qishlogʻimiz bobolari.
Ular nega kitobni bunchalik yaxshi koʻrib, ardoqlashgan, koʻzga surtishgan? Bir kitobni deb jonni xavfga qoʻyishga-da rozi boʻlishgan? Shunchalar ulugʻ, qadrli ekan-da u!..
Besh-olti yil avval. Yana oʻsha talabalik yillari. Yangi yil bayrami oldidan uyga qaytayapmiz. Qish-qirovli kun emasmi, ogʻir ust-bosh yetmaganiday, qoʻlda zilday ogʻir, ichi toʻla kitob boʻlgan ikkita qop. Stipendiyani yigʻib-tejab, filologiya fakultetidagi quv odamdan savdolasha-savdolasha olingan, “Farhod” bozoridagi kishi bilmas kitob doʻkonlarida chekka-chekkada qolib ketgan adabiyotlar. Chilonzorda kilolab sotilgan jahon adabiyoti durdonalari.
Xullas, taksiga oʻtirarkanman, haydovchi avval yukning ogʻirligidan bir norozi boʻlgan boʻlsa, keyin “zamondan orqada qolib”, haliyam kitob koʻtarib yurgan menday kishilarga achinib qarashini ayon qildi. Soʻng tushuntira ketdi:
– Kecha televizorda koʻrsatishdi. Chet elda mana bunaqa kitoblarni yoqib, yoʻq qilib yuborishayapti. Hozir hamma kitob “elektronniy”ga oʻtib ketdi. Nima qilib koʻtarib yuribsan bularni?
Yoʻl-yoʻlakay suhbatdan shu narsa anglashildiki, haydovchining oʻzi kitobning na bosmasini, na elektron shakldagisini oʻqiydi. Oʻqiyman, deganga esa mana bunday “dono” maslahatlar beradi. Aslida shunday odamlar sabab ham kitobga, kitobxonlikka ragʻbat susayib boradi…
Shularni oʻylab, xunob boʻlib yurganimda, televizorda rejissyor Bahodir Yoʻldoshev haqida koʻrsatuv berib qoldi va koʻrsatuv qahramoni tilidan aytilgan gap mening bu boradagi qarashlarimni oʻzgartirdi. Rejissyor aytdiki, yaxshi kitob yomon odamga oʻzini oʻqitmaydi. Yaʼni bekorchilikdanmi yo shunga oʻxshash boshqa sabab bilan qoʻlga olingan kitobning harflari yoʻqolib qoladi. Ha, yoʻqolib qoladi.
“E, aytgan kitobing boʻlmas ekan, na mazmuni bor, nima deyilayotganini tushunib ham boʻlmaydi” degan gaplarni mutolaaga ishtiyoqi yoʻq ayrim odamlardan eshitib oʻrganganmiz-ku, kitob ana shunday kishilar qoʻliga tushsa, oʻzining bor sir-asrorini mutlaqo ochmas ekan. Har qancha urinmasin, kitobdagi gʻoyani, mazmunni tushunish dargumon boʻlib qolaverarkan. Boyagi “mutolaagoʻy” esa qiziq emas ekan, deb kitobdan yuz oʻgiradi va uni tashlab qoʻyadi. Xullas, kitob oʻzini ana shu tarzda oʻqitmaydi.
Qay koʻrinishda boʻlsin, oʻqilgani foyda
Kitobni elektron shaklda oʻqigan maʼqulmi yo bosma? Qay biri afzal? Toʻgʻri, elektron kitob birmuncha qulayliklarga ega. Masalan, biror maʼlumot kerak boʻlib qolsa, uni zumda topa olasiz. “Qidiruv” buyrugʻi sizga kerakli har qanday soʻz, raqam yoki dalilni topib beradi. Bosma kitobda esa bunday imkoniyat yoʻq. Agar oʻqilmagan kitob boʻlsa, baʼzan soatlab varaqlashga toʻgʻri keladi.
Xuddi mana shu joyda muammo tugʻiladi. Yaʼni agar siz bosma kitobni oʻqigan boʻlsangiz, uni varaqlab oʻtirmaysiz. Chamalab kerakli betni topib olasiz. Elektron kitobda esa kerakli soʻzga “Izlab top!” buyrugʻi berilsa kifoya, darhol chiqib keladi. Oʻz-oʻzidan elektron kitobni oʻqimasa ham boʻladi. Chunki nima zarur boʻlsa, topib berayapti-da.
Demak, elektron kitob oʻzining asl vazifasini yoʻqotib, biz uni oʻqimasak ham boʻladigan, kerakli narsani topib beradigan maʼlumotlar bazasiga aylanib qolayapti. Shuning uchun ham kishilar oʻqish uchun bosma kitobdan, kerak paytda zarur axborotni topishda elektron kitobdan foydalanayapti. Azalgi kitobxonlar elektron kitobni “his qilib” boʻlmasligini, uning “sovuq”ligini aytishsa, zamonaga mos mutolaagoʻylar tez orada bosma kitoblarning muomaladan chiqishini aytishadi. Bunday boʻlmasligini esa hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.
Aslini olganda, qanday shaklda boʻlmasin, kitobning oʻqilgani foyda. Shunisi muhim. Shunisi kerak. Bu boradagi tortishuvlar esa faqat vaqt sarfiga olib keladi. Buning oʻrniga mayli elektron, mayli bosma, biror kitob oʻqib chiqsak, yutganimiz shu boʻladi.
Koʻp gapirdik, endi kitob oʻqiylik
Kitob targʻiboti deganda odatda uning ahamiyati haqidagi uzundan-uzoq maʼruzalarni tushunamiz. Oʻylaymanki, mutolaaning ahamiyatini koʻpchilik yaxshi biladi. Yana bu haqda gapirishga hojat yoʻq. Endi bu boradagi tadbirlarni aniq amaliy ishlarga aylantirish kerak.
Ota-ona bolasiga kitob oʻqi, deya qayta-qayta taʼkidlash, dakki berish oʻrniga oʻzi yaxshi bir kitobni oʻqib chiqib, farzandlariga oʻrnak koʻrsatsa. Targʻibotchi ham umumiy gaplardan qochsa, oʻqigan kitobini targʻib etsa. Xotin-qizlar tashkiloti “Har bir kelin sarposida kitob boʻlishiga erishaylik” degan tashabbusini faqat soʻzda emas, amalda samarali koʻrsatib bersa. Kitobxon oilalarni ragʻbatlantirish tizimli yoʻlga qoʻyilsa. Har bir qishloqning oʻz kutubxonasi boʻlsa, ularda istalgan adabiyot topilsa. Ziyo ahli, ayniqsa, oʻqituvchilarga oyida kamida toʻrtta badiiy kitob oʻqib chiqish vazifasi yuklansa. Korxona-tashkilotlarda eng yaxshi kitobxon tanlovlari oʻtkazilsa, shu asosda tanlovning viloyat, respublika bosqichlari boʻlsa. Shunda xalqni yana kitobxonlikka qaytarib, mutolaaga oshno etish mumkin boʻladi. Suv, havo, non kabi kitobsiz ham yashab boʻlmasligini kattayu kichik birday his qilishi lozim.
Bekzod OʻKTAM
“Yoshlik” jurnali, 2017–11
https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitobsiz-yashab-bolmaydi/