Jurnalist avvalo yaxshi odam boʻlsin

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahror Ahmedov bilan suhbat

 

– Ahror aka, biz kabi yosh “muxbir bola”larga siz uchun jurnalistikaning biror-bir sirli joyi qolmagandek tuyuladi. Gazeta, radio, televideniye, noshirlik – ularning hech biri sizga begona emas. Har birida uzoq yillik tajribangiz bor. Oʻtgan yillar mobaynida yaxshi jurnalist kim, u qanday boʻlishi kerak, degan savollarga qanday javob topdingiz?

– Bu savolga javob topilgan kuni jurnalistika oʻzining sir-sinoatini, jozibasini, ohanrabosini yoʻqotgan boʻlardi… Toʻgʻri, unga hammaning oʻzicha javobi bor, har qalay oʻtgan yillar qandaydir xulosalar chiqarishga asos boʻladi. Mening tasavvurimda, jurnalist, eng avvalo, yaxshi odam, halol, pok va samimiy boʻlishi kerak. Istaysizmi-yoʻqmi, kimning nima yozganiga qarab qanday odam ekanligini sezish mumkin. Va albatta, bilim, tasavvur, tafakkur, qiyosiy mushohada va til. Ayniqsa, til. Bugungi gazetachilikning tili, nazarimda, biroz rasmiylashib, ijtimoiylashib ketayotgandek.

 

– Bundan 28 yil avval “Turkiston”da eʼlon qilingan maqolalaringizdan birida ukrainalik mashhur futbol ustasi Oleg Bloxin haqida: “U hamon faqat Oleg Bloxinga xos tashnalik bilan “yutoqib” mashq qiladi. Futbolni tirikchilik manbai emas, balki oʻz hayoti, qismati, eʼtiqodi, deb bilgan kishigina shunday ishlashga qodir”, deb yozgansiz.

Siz oʻz kasbiga, ishiga fidoyilikni, sadoqatni bugun qanday taʼriflaysiz?

– Savolingizning bosh qismi meni siz aytgan oʻsha 28-30 yil oldingi davrlarga olib ketdi. Ajoyib jamoamiz bor edi. Jon-jahdimiz bilan ishlardik. Hatto ishdan ketgimiz kelmasdi. Shanba kuni, aslida, ish kuni emasdi. Lekin biz, yoshlar taniqli jurnalist Safar Ostonov boshchiligida ishlardik. Bir gal Safar akaga, biz-ku mayli, yoshmiz, kvartira yo yotoqxonalarda turamiz. Undan koʻra kelib ishlaganimiz yaxshi. Siz-chi, uy-joyingiz bor, bolalar, dam olmaysizmi, uydagilar indamaydimi, degandim. Safar aka kulib: “Uydagilar shanbani ish kuni deb oʻylashadi”, deb javob qaytargandi. Keyin bilsam, aka yakshanba kuni ham ishlarkan. Hozir ham…

Xullas, Bloxin qatori Lev Yashin, David Kipiani, Valeriy Gazzayev, Oleg Protosov, Vladislav Tretyak, Sergey Bubka, Irina Rodnina, Mayya Chiburdanidze bilan ham suhbatlashganman. Bunday ajoyib voqealar koʻp boʻlgan. Bloxinni eslatganingiz uchun eslab ketdim, xolos. Qolaversa, oʻsha joyda mening eng asosiy gapimni keltirgansiz. Men bu jumlalarni juda koʻp ishlataman, suhbatlarda aytaman. Yaʼni “kasbini tirikchilik manbai emas, balki oʻz hayoti, qismati, eʼtiqodi deb bilgan kishigina shunday ishlashga qodir”. Men hayotda juda koʻp shunday kishilarni uchratganman, yozganman, ularga havas qilganman. Ulardan oʻrganganman. Yuqoridagi gapni, aslida, men oʻzimga aytib yuraman. Hayotiy prinsipim shu. Men kasbimni faqat tirikchilik manbai emas, balki qismatim, hayotim deb bilganman. Shuning uchun oʻz ishimni, kasbimni yaxshi koʻraman, undan zavq olaman. Andrea Moruaning bir gapini oʻqib qolgandim. Keyin uni ishxonamizda alohida stend qilib yozdirib ham qoʻygandim. “Kishi oʻz kasbini sevsa, ish unga zavq bagʻishlaydi, oxir-oqibat uni baxtli qiladi”. Men buni oʻzimga shior qilib olganman. Oʻz kasbiga, ishiga fidoyilik, sadoqat oʻsha kasbni sevishdan boshlanadi. U yogʻi har kimning oʻziga havola.

 

– Suhbatimizni noshirlik faoliyatingiz bilan bogʻlab davom ettirsak, nima deysiz?

– Ayni muddao boʻlar edi. Aks holda, qandaydir oliftagarchilik, aqllilik qilayotganday oʻzimni noqulay sezyapman. Menga berilgan eng yaxshi savol ish boʻyicha berilgan savoldir.

 

– Siz xizmat qilayotgan “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan oʻzbek va jahon adabiyotining nodir durdonalari, turli sohalarga oid kitoblar nashr etilmoqda. Biroq nima uchundir, biz hamisha faxrlanib yuradigan Beruniy, Ibn Sino, Zamaxshariy singari oʻnlab buyuk yurtdoshlarimizning kitoblari aytarli nashr etilmayotgandek. Bu nima bilan bogʻliq? Yoki bugungi kitobxon tomonidan ulugʻ olim vatandoshlarimizning asarlariga talab sezilmayaptimi?

– Siz aytgan allomalar haqida bir nechtalab kitoblarimiz chiqqan. Hali siyohi qurimagan kitoblarimizdan biri Ibn Sinoning “Sharq mumtoz sheʼriyati durdonalari” turkumidagi “Men anglagan dunyo” kitobidir. “Beruniy hikmatlari” kitobi chiqqaniga ham koʻp boʻlmadi. Zamaxshariy haqida alohida kitob chiqarmadik, lekin Najmiddin Komilovning “Tafakkur durdonalari”, Habibulla Zayniddinovning “Avlodlar merosi – barkamollik ziyosi” va yana bir qator kitoblarda alohida boblar ajratilgan. Bu orada boshqa nashriyotlarda ham bu ulugʻlarimiz haqida qator zabardast asarlar chiqdi. Shu oʻrinda bitta masalani aytmoqchiman. Har bir nashriyotning oʻzi yaxshi koʻrgan, oʻziga qulay, oʻrgangan mualliflari boʻladi. Masalan, biz Pirimqul Qodirov, Said Ahmad, oʻtkir Hoshimov, Tohir Malik, Anvar Obidjonga koʻproq oʻrganganmiz. Ularga “ixtisoslashgan”, taʼbir joiz boʻlsa, muharrirlarimiz bor. Yoki deylik, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, ijodi, sarkardaligi haqida keyingi yillarda oʻndan ortiq kitoblar chiqardik. Yaqinda “Zahiriddin Muhammad Boburning jahon madaniyati tarixida tutgan oʻrni” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Shu munosabat bilan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi bilan “Bobur ensiklopediyasi”ning nishona nusxasini chiqardik. Hozir konferensiya materiallari asosida uni keng oʻquvchilarga taqdim etish ishini yakunlayapmiz. Boshqa nashriyot xuddi shunday boshqa mualliflarga koʻproq oʻrin beradi. Bitta nashriyot hech mahal bizning buyuk merosimizniyu, istiqlol fidoyilarimizniyu, bugungi adabiyotimizni, jahon adabiyoti durdonalarini qamrab ololmaydi.

Ish uslubimda bir jihat bor. Boshqa nashriyotlarimizga hurmat bilan qaragan holda, aynan bir adibning kitobi bir vaqtning oʻzida ikkita nashriyotda teng chiqib qolmasligiga harakat qilaman. Jaydari tilda aytganda, ularning “bozorini oʻldirgim kelmaydi”. Kasbdoshlar bilan yigʻilganda, tadbirlarda shu narsani koʻp aytaman, lekin hamisha ham shunday boʻlib chiqavermaydi. Masalan, yaqinda biz Rauf Parfining yangi kitobini chiqardik. Oradan 15-20 kun oʻtmasdan boshqa nashriyot ham shunday kitob chiqardi. Agar men boʻlganimda oʻsha kitobni biroz ushlab turgan, “Sharq”da chiqqan variantining tarqalib boʻlishini kutgan boʻlardim. Bu ham noshirlik odobi, noshirlik madaniyatiga kiradi.

Endi umuman faoliyatimizga kelsak, har yili ellik-oltmish nomda toʻrt-besh million nusxada maktab darsliklari chop etamiz. Oʻttiz-qirq nomda litsey-kollejlarga darslik chiqaramiz. Oliy taʼlim uchun adabiyotlar nashr qilamiz. Qatʼiy buyurtmalar, yaʼni oddiy tilda aytganda, “pulli kitoblar”ni ham buyurtma asosida chiqaramiz. Shu oʻrinda hozir hammaning gʻashiga tegib boʻlgan “buyurtmalar”, pulidan qatʼi nazar, bizda chop etilmaydi. Garchi oʻsha pul korxona uchun juda zaril boʻlib turgan boʻlsa-da, qabul qilmaymiz. Balki nufuzimizni ushlab turganimizning bir omili shudir.

Bulardan tashqari, har yili yuzta atrofida badiiy kitob chiqaramiz. Bu ozmi-koʻpmi, toʻgʻrisi, oʻzim ham bilmayman. Bir qarasang ozga, bir qarasang koʻpga oʻxshaydi.

Umuman, oʻrni kelib qoldi, badiiy adabiyotga, kitobga munosabat haqida gapirmoqchiydim. Hozir respublikamizda yuzdan ortiq nashriyot bor. Mustaqillikkacha esa atigi toʻqqizta nashriyot bor edi. Ana shu yuzdan ortiq nashriyotlarning yarmidan koʻprogʻi xususiy nashriyotlardir. Bu bir tarafdan yaxshi, lekin ikkinchi tarafdan “bemaza qovunning urugʻi koʻp”, deganday, ularning ichida oldi-qochdi, xom-xatala, savodsizlarcha kitob chiqarayotganlar ham koʻp. “Pul topishning 100 xil yoʻli”, “Boy boʻlishning 10 qoidasi”, “Ayolingizni sinashning 7 turi”, “Toʻy kechasi” va hokazo chuchmal, mujmal kitoblarning bozori chaqqon. Ayni paytda yuksak maʼnaviyat, komil inson tarbiyasiga xizmat qiluvchi baland asarlar turib qolyapti. Shaxsan men Shukur Xolmirzayev, Omon Muxtor, Maqsud Qoriyev, Ibrohim Haqqul, Ibrohim Gʻofurov, Nazar Eshonqul kitoblarining turib qolishini hech tushunmayman. Balki sotuvni yoʻlga qoʻya olmayotgandirmiz, unday desam, hamma viloyatlarning hartugul markazlarida “Sharq ziyokori” kitob markazimizning filiallari bor. Yoki boya aytganim, xususiy olgʻir nashriyotlar oʻquvchi didini sindirib, “bozorbop” qilib yuboryaptimi, bilmayman. Shu asnoda respublikamizda kitob savdosi ishini jiddiy yaxshilash vaqti kelganini ham aytib oʻtmoqchiman. Hali ham butun boshli bir tumanda birorta kitob doʻkoni yoʻq joylar bor. Ilgarigi kitob doʻkonlari allaqachon xususiylashtirilib, aroq sotadigan “tochka” boʻlib ketgan.

Mamlakatimizda 23-24 may kunlari oʻtkazilgan kitob bayrami xalqimiz, yoshlar kitobni sevishining yaqqol namoyishi boʻldi. Poytaxtdagi Gʻafur Gʻulom bogʻiga odam sigʻmay ketdi. “Keyingisi qachon boʻladi, nevaralarimni ham olib kelardim”, deganlar qancha boʻldi. Shu kuni viloyatlarda ham bu tadbir davom etdi. Birgina Fargʻona viloyatida 1 milliard 225 million soʻmlik kitob homiylar tomonidan maktab, litsey-kollej, bolalar bogʻchalari, mahallalar, qariyalar uylariga sovgʻa qilindi.

Chet ellarda uch-besh qavatli kitob doʻkonlarini koʻrganman. Qavatdan-qavatga eskalator orqali chiqiladi. Bu toʻqlikdan emas, kitobga eʼtibordan. Moskvadagi “Kitob uyi”da boʻlganmisiz? Bizning “Paxtakor” stadioniga teng kelsa kerak. Konferensiya zali, taqdimotlar xonasi, oʻquv zali, katta bogʻi bor. Kitob savdosi markazi emas, ulkan ijodxonaga oʻxshaydi. Har kuni bir nechta kitob taqdimoti, uchrashuvlar, bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining tashriflari, viktorinalar va hokazo. U davlat tasarrufidagi tashkilot, shahar hukumatiga qaraydi. Toshkentda ham shunday “uy” barpo etish vaqti keldi.

 

– Maqolalaringiz uning muallifi botinida katta yozuvchi yashayotganini “aytib” turadi. Ayni ijod qiladigan, oʻquvchilarni zoʻr badiiy asarlar bilan xushnud etadigan yoshdasiz, buning uchun sizda isteʼdod ham, bilim va tajriba ham borligiga shubha qilmaymiz.

Savolimiz shunday: jurnalist badiiy adabiyotga qanchalik yaqin boʻlishi kerak?

– Umuman, badiiy adabiyotga yaqinlik hech kimga zarar qilmaydi. Ayniqsa, jurnalistga. Lekin ularning har birining maʼlum chegaralari, tosh-tarozulari, oʻz “hududlari” bor. Ulardan oʻtib ketib ham, boz ustiga aralashtirib ham boʻlmaydi. Deylik, dolzarb bir tadbir haqidagi reportajda falsafa soʻqish, shoirlik qilish yoki “oʻtlab” ketish yaramaydi. Ular oʻz janr xususiyatlarini yoʻqotmagani, oʻz doirasidan chiqilmagani maʼqul.

Endi savolingizning bosh qismidagi tagdor shaʼmaga kelsak. Maqolalarimga bergan iliq bahoingiz uchun rahmat. Men hech mahal, yozuvchi boʻlaman, deb intilmaganman. Garchi talabalik kezlari hikoyalar yozgan boʻlsam-da. Lekin shoirlikka havasmand edim. Talay sheʼrlar chop ettirganman. Baribir men mohiyatim bilan, tag-tugim bilan jurnalist edim…

Baʼzi sizga oʻxshagan koʻngil yaqin birodarlarim, “bir-ikkita kitob chiqarib qoʻy oʻz vaqtida”, deb qoʻyishadi. Toʻgʻri gap, ich-ichimdan tan olaman. Lekin men ilgari gazeta-jurnallarda chiqqan maqolalarni toʻplab kitob qilishga qarshiman. Gazeta maqolasi baribir gazeta uchun, oʻsha auditoriya uchun, oʻsha kun, oʻsha davr uchun yoziladi. Toʻgʻri, baʼzan shunday kitoblarni chiqarishga majbur boʻlasan, muallif tuppa-tuzuk odam, aytsang “ha endi, joʻra, bizdan kelajak avlod uchun nimadir qolsin-da”, deydi, ichimdan bir narsa uzilib ketganday boʻladi, oraga kimlardir tushadi, “pulini toʻlab qoʻyibdi-ku, sizga nima”, deydi. Shunaqa kitoblar chiqargim yoʻq. “Ja-a kelajak avlod sani kitobingni oʻqiyman deb koʻzi toʻrt boʻlib oʻtiribdi-da”, deyman-u ichimda, indamay qoʻya qolaman. Garchi bunday kitoblarda ham nimadir gapi, yuki, toshi boʻlsa-da…

Bu borada yaxshi rejalarim bor, ularning ham vaqti, fursati keladi…

Shu oʻrinda noshirlik haqida… “Turkiston” gazetasidan “Sharq”qa oʻtganimga qariyb yigirma yil boʻldi. Shu davr ichida qoʻlimdan ne-ne kitoblar oʻtdi. El-yurtdan koʻp rahmatlar eshitdik. Shu qatori gap eshitganlarimiz ham boʻldi. Har qalay, nonimizni oqlab yuribmiz. Gap kelib qoldi, bir gap aytay. Noshir dunyodagi eng koʻngli ochiq, samimiy, birovning yutugʻidan oʻzining yutugʻi kabi quvonadigan xalq boʻladi. Erta-kech qoralama oʻqib, chizib-yozib, tuzatib, tahrir qilib, muallif bilan talashib-tortishadi – maqsadi kitob odamlarga manzur boʻlsin. Kitob chindan ham koʻpchilikka manzur boʻlganda, hatto muallifdan ziyod xursand boʻladi. Undan oʻsha kitobning oxirgi betida “muharrir falonchiyev” degan bir satr yozuv qoladi, xolos. Ana shu yozuv uchun yashash, ishlash, ijod qilishning oʻzi katta baxt, katta masʼuliyat.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha hamkasblarimizni yaqinlashib kelayotgan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabriklayman. Oilalarining baxtiga hamisha sogʻ-omon boʻlishsin. Hammalariga ijodiy baraka, baxt-omad tilayman.

 

Elmurod Nishonov suhbatlashdi.

 

“Turkiston” gazetasining 2013 yil sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/jurnalist-avvalo-yaxshi-odam-bolsin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x