Ismoil Toʻlak 1947 yili Andijonning Xorabek qishlogʻida tavallud topdi. Boʻtaqoʻra qishlogʻida maktab-internatni tugatib, Andijon davlat pedagogika institutida oʻqidi. 1971–1995 yillarda oʻzi tahsil olgan oliy oʻquv yurtida faoliyat koʻrsatdi. Soʻnggi yillarda Andijon davlat tillar institutida dars berdi.
“Seni oʻylab” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1977 yilda chop etildi. Shundan soʻng shoirning “Toʻrgʻay” (1983), “Kengliklar” (1984), “Yashil sabo” (1989), “Muhabbat shevasi” (1995), “Sogʻinch dovoni” (1997) kabi sheʼriy majmualari dunyoga keldi.
Ismoil Toʻlak adabiyoshunos olim sifatida 1981 yil nomzodlik, 1994 yilda esa “Hozirgi oʻzbek lirikasida davr va lirik qahramon talqini” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi. Bundan tashqari, Behbudiy, Choʻlpon kabi shoirlar ijodini birinchilar qatorida oʻrganib, “Nurli manzillar” (1992), “XX asr oʻzbek adabiyoti” (1993), “Sheʼr ‒ qalb yolqini” (1994), “Choʻlpon mahorati” (1997) kabi ilmiy risolalar eʼlon qildi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/ismoil-tolak-1947-2003/