Salom, qadrli Foziljon! Ardoqli jurnalimiz bergan imkoniyatdan foydalanib, baʼzi taklif va mulohazalarimni ifoda etishga taraddudlanar ekanman, dastavval epistolyar janrga boʻlgan hurmat-ehtiromingizni xotirga keltirdim. Haqqast rost, tengdoshlar orasida maktub haqida badiiy hamda publitsistik oqimda koʻp va xoʻp qalam tebratayotgan yozarlar kamnamo. Xususan, sizda buning gʻirt aksi – choʻntak telefoni orqali ham, elektron manzilda ham, ijtimoiy tarmoqda ham, jurnalda ham bu qadim va koʻhna janr haqida iliq-issiq, joʻyali gaplarni aytib kelasiz. Bular mayli, baʼzan yarim tunda qoʻqqisdan telefon ovoz bersa, sezamanki, oʻsha – siz, qayerdandir bir sohir soʻz topgansiz, hayajon ruhi hokim boʻlib, koʻngil mavjlanib turibdi. Oʻrganib qoldim…
Keyin, bahslashishga moyilligingiz, oʻjarligingiz allaqachon ovoza boʻlgan – har gal bu munozaralarda siz ustun chiqasizki, oxir-oqibat tortishishdan bezib, ikkala qoʻlni baland koʻtargan koʻyi tarki mashvarat qilishga toʻgʻri keladi. Tanigan-bilganlar aytsin – janoblari bilan tortishishdan koʻra gapni qisqa qilib, mavzuni oʻzgartgan afzal. Ammo… boshqa tomoni ham bor – pozitsiyangizda qatʼiy turishingiz, agarchi taklif maqbul boʻlsa ham, yoʻq deya oyoq tirab, qarashlaringizni afzal koʻrishingiz baʼzan fazilat, aksaran illatdek tuyulsa-da, e, bor-e, deya arazlab ketsam-da, uch-toʻrt kunni oralatib, yana hayajon bilan allanimalarni tortishgisi, begidir oʻjarlik bilan yuzlashgisi keladi odamning. Xaraktersiz, sip-silliq, muloyimsupurgilar qabatida mana shunday qabariq tiplarning boʻlgani yaxshi, meningcha.
Ishtiboh shuki, ushbuni oʻqiyotib, yozgan-aytganimizni zoʻr fazilatga evirib, yanada ruhlanib, prinsipni nokerak oʻjarlik bilan chalkashtirib yubormasangiz…
Sirasini aytganda, mehnat zoye ketgani yoʻq. Nihoyat, birovning uncha-muncha yozganiga tan bermaydigan sinchkov doʻstimiz lutf qildiki, “Agar safimizda kimdir boʻyidan balandroq sakrayotgan boʻlsa, u – Fozil Farhoddir”. Bu gap kesatiq va yoki mujmal eʼtirof emas, ochiq koʻrinib turgan haqiqat.
Kezi kelganda batafsil maqola yozarman, ammo hozir umumiy gaplarni muxtasar qilib, koʻnglimdagi baʼzi mulohazalarni bayon qilsam. Mulohazalarga material – keyingi yozganlaringiz, gazeta va jurnalda chop etilgan ijodiy namunalar, “Birinchi kitobim” loyihasida dunyo yuzini koʻrgan hikoyalar ekanini aytib oʻtmoqchiman.
Aksariyat hikoyalar chop etilgan kunlarni yaxshi eslayman. Oʻshanda siz – muallif bir olam quvonch va hayajon ogʻushida koʻpirgan, gap bunday boʻpti deganday soddadillik bilan yayragan edingiz. Ularni birma-bir takroran oʻqib chiqar ekanman, oʻsha lahzalar xayolimdan oʻtdi. Joʻramiz bejiz sevinmagan ekan, sevinishga arziydigan bitiklar boʻlgan ekan, deyishga jazm qilaman. Eʼtibor berib qarasam, muxbirman deb koʻkrakka urib, har nima yozavergandan koʻra kamroq esa-da, boʻladigan gaplarni aytgan durust ekan…
Men adabiy tahlilning boshqa yoʻllarini, usullarini inkor etmagan holda, ontologik tahlilga moyilroqman. Bu tarz tahlilda mohiyat, bayon falsafaning koʻhna masalalari bilan baqamti tekshirilgani uchunmi, muallif “men”ini, “implitsit”ni (adibning tasavvuridagi oʻquvchini) koʻrish, davru davronni kengroq olish mumkin boʻladi, deb hisoblayman. Shu maʼnoda, dunyoni anglashga intilish gʻoyasi negizida yozganlaringizga nazar tashlaylik.
“Kutilmagan maktub” degan hikoyangizda bir olam orzular bilan yashayotgan murgʻak qalbning kechinmalari tasvirlangan. Shiringina bitik boʻlgan, faqat u hali hikoya holiga yetmagan. Tasvirlanmish manzarada, yaʼni aysbergning bizga koʻringan qismida hikoya uchun material boʻladigan detallardan foydalanilmagan. Quruq bayondan iborat publitsistik fikr oqimi bor, xolos.
Ishtiboh shuki, bu asarni qachondir yana qoʻlga olib, sayqal bergan holda, hikoya shakliga keltirasiz.
“Bechoraning chorasi”, “Shisha”, “Jeton” hikoyalarida, umumlashtirib aytganda, vijdon obraz darajasiga koʻtariladi. Bu hikoyalarda vijdonli boʻlib yashashga tirishayotgan zamondoshlarimiz, qalb amriga koʻnayotgan kishilar qiyofasi bor. Qalb amri, deymiz, oʻsha qalbning oʻzida nelar qoim, vijdonga tatiydigan xosiyat bormi, oʻzi? Savol shunday, masala shunday. Biroq adabiyot butunlay oʻzga olam, unda savollarga javob berilmaydi, aksincha, oʻquvchilar oldiga juda katta savol qoʻyiladi. Savol oʻquvchidan emas, asarning oʻzidan, muallifdan boʻladi. Keyin oʻquvchi oʻsha fusunkor olam xayoli bilan yashab, ijodkorga inkor yoki izhor aytadi.
“Jeton”da soʻzparastlik bilan umrini oʻtkarayotgan ikki dilkash yigitning asli nimalarga qodirligi kuzatuvga olingan. Qalbi ulugʻvor rejalar bilan toʻlib-toshayotgan hikoya qahramonlarining hayotda qahramonlik qilishga qodir emasligi, ularning baxtimi, fojeasimi – bilmaysiz. Andishalar bilan qovrilayotgan raso odamga yashash naqadar ogʻirligi absurd xayollarga eltadi. Ana shu xayollar, xuddi shu kayfiyat qachondir, qayerdadir aynan shu shaklda yoyinki boshqacharoq tarzda boshimizdan oʻtgan. Kimdir bu kurashda yenggan va yoki yengilgandir, lekin bunda oʻsha kurashning oʻzi, jarayon qiziq. Yozuvchi aynan mana shu pallani tasvirlaydi. Boshqa tafsilot yoʻq. Agar boshqa tafsilot ham boʻlganida hikoya qahramoni sizu biz – oʻquvchining oʻzi boʻlmas edi, unda oʻzimizni koʻrmas, tanimas edik…
Ishtiboh shuki, adabiyot vositasida inson qalbini taftish qilayotganda baribir ayovli bir tarzda yondashgan, soʻzlarni imkon qadar nafis bir shaklda qoʻllagan avlo ekanini oʻylab koʻrsangiz.
“Amalkursi” nomli hikoyangiz esa oʻz vaqtida “Yoshlik” jurnalida chop etilgan, davralarda hiyla tilga tushgan edi. Men bu hikoya va uning atrofida boʻlgan gaplarni qaytarib oʻtirmay, majoziy bir suratda mulohazamni bildirmoqchi edim.
Bilasiz, gulxan gurillab yonganidan keyin choʻgʻ qoladi, bir muddatdan keyin kulga aylanishi tayin, bu choʻgʻning ayni holati goʻzal. Ayniqsa, laxchachoʻgʻning bozillab, shafaq rangiga kirishi, ranglarning qorishib ketishi, kaftingizni tutsangiz taft berishi zavqli. Buni qishloqda oʻsganlargina emas, gulxan atrofida bir marta boʻlsin suhbat qurganlar yaxshi biladi. Odamzotning qalbida tushuniksiz bir sababga koʻra ana oʻsha choʻqqa mahliyolik, talpinish bor. “Yuragida choʻgʻi bor” yoki “Choʻgʻi qancha oʻzi”, “Oʻzingni oʻtga-choʻqqa uraverma” degan iboralar tilimizda koʻp ishlatiladi. Umuman, choʻgʻ degan istilohni qay niyatda qoʻllasangiz, shunday tovlanadi, maʼno almashaveradi. Shu maʼnoda, fikrimcha, “Amalkursi” ana oʻsha – bozillab, dam qizil, dam sariq, dam zangor tuslanib turgan choʻgʻday taassurot qoldiradi. Fikrimcha, bu asar aniq bir sababga koʻra yozilgan; shunchaki ermak uchun, kel, menam bir koʻrinib qoʻyay degan maqsadda qogʻoz qoralangan emas. Shuning uchun ham hikoya eʼlon qilinishi bilan soʻzlar choʻgʻday bozillab, kimningdir qayerinidir kuydiradi va yana kimgadir taft beradi, huzur beradi. Ozroq oʻtganidan keyin bu gap-soʻzlar tinib, koyishu royishlar tarqagach, asarni yana bir oʻqisangiz takror huzurlanasiz. Endi hikoyalarda biz tanigan-bilgan, yon-verimizda yurgan odamlar emas, aniq bir tiplar, zamondoshlarimiz koʻrina boshlaydi. Modomiki, shunday boʻlib chiqmas ekan, yozuvchining oddiy bayonchidan, voqeanavis-publitsistdan farqi qolmaydi. Oʻqiganim bor, mashhur Dantening “Ilohiy komediya”si ham oʻz davridagi ayrim xeshlariga qarata yozilgan ekan. Biroq oradan asrlar oʻtdi, voqealar unut boʻldi, asar esa hamon yashayapti. Nega? Chunki unda avvalo badiiy koʻrim bor, niyat toza, asarning qat-qatlarida oʻlmas falsafa yashirin. Men Dante bilan sizni tenglashtirmoqchi emasman, faqat shunday tajriba dunyo adabiyotida ham, oʻzimizda ham mavjudligini aytmoqchiman, xolos. Bexavotirroq boʻlsin uchun misolni jahon adiblaridan oldim. Alalxusus, shu maʼnoda, koʻrganimiz-kuzatganimiz “Amalkursi”, shu yoʻnalishdagi ayrim hikoyalaringiz va uning xoʻp ajab qahramonlari bugun ham, ertaga ham oramizda yashaydigan, bizga, aynan oʻzimizga oʻxshash odamlar. Muhtaram oʻquvchilarga aytamizki, arazga, ginaxonlikka hojat yoʻq – sizu bizning oʻylarimiz, feʼlimiz, aytgan-netganimiz yosh nosirga turtki boʻlgan, xolos… Demoqchimanki, asarning muayyan voqealarga yoxud bir davrgagina bogʻlanib qolmagani isteʼdodli odamlarga nasib qiladigan baxtdir.
Ishtiboh shuki, mana shu baxtning qadriga yetib, navbatdagi asarlarda badiiy niyatning begʻubor boʻlishini taʼmin etsangiz…
“Yumshatish belgisi”, “Miqnotis”, “Koʻklam kuyi” singari hikoyalarda ham davr bilan yuzlashib, soʻzlashib yashayotgan zamondoshlarimizni sahnaga olib chiqqansiz. Eʼtiborlisi, bu odamlar Marsdan tushgandek taassurot qoldirmaydi, tanish, judayam tanish siymolar, chehralar, qalblar… umuman, bugun, shu damda qayerdadir ish bilan band aqrabolar taqdiri qalamga olingan. Xususan, “Yumshatish belgisi”da miskin xayollar bilan yashayotgan ruhsiz va qiyofasiz kimsani tasvirlar ekansiz, qissadan-hissa, alaloqibat aytilajak fikr, badiiy niyat-maqsad sezilmaydi.
Aytib qoʻyay, bu uch asar ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshashi, hikoya yoʻli, uslubi, bayon tarzi yaqinligi bilan eʼtiborni… nima desam ekan…, tortmaydi, aksincha, gʻashga tegadi. Gap asar tili, badiiy uslubning mavjud-mavjud emasligi ustida borayotganini tushunib turibsiz, albatta. Xoʻsh, ochigʻini aytganda, nazarda tutilayotgan jihatlar yozganlaringizda bormi?
Deylik, “Jeton”da jumlalarni yoyib, bosh harflar bilan yozib, tinish belgilaridan emin foydalanish hisobiga shakliy rang-baranglikka bir qadar erishgansiz. Ammo keyingi bitiklarda bu uslub davom ettirilmadi, bir qarashda ravon va silliq tuyuladigan, aslida, kattaroq, asilroq tarozida oʻlchanganda, badiiy jozibadan yiroq gazetachilik, muxbirlik ravishi ustun keldi. Nega bunday boʻldi? Uslubsizlik girbodiga tushib, oʻquvchini voqea ortidangina ergashtirishga intilishni qanday oqlaysiz? Bu yoʻlning navbatdagi bekatlarida sizni nimalar kutib turganini bilasiz-ku, doʻstim!
Bir paytlar siz bilan tongotar suhbatlar qurib, adabiy jarayonni kaltabinlarcha tanqid, tahlil qilganlarimiz yodingizda boʻlsa kerak. Oʻshanda tilimizda, dilimizda bir gap bot-bot aylanar edi. Yaʼniki, katta adiblar, millatni uygʻotgan shaxslar avvalo mohiyat haqida yozishgan. Bayonchilik qilgan taqdirda ham, hikoyanavislik tarzida ham oxir-oqibat mohiyatga imo bor, ishora bor.
Ishtiboh shuki, galdagi asarlaringizni qoʻlga olganimizda, bori bayoni maishiy va shaxsiy muammolar ekan, degan fikr emas, umuminsoniy ogʻriq, bashariy hislar haqida, sarin tuygʻular, nurli chehralarga doir zap asar bitibdi, degan oʻylar tugʻilsa…
Shu yoʻlda Sizga sabr-bardosh, muvafaqqiyat tilab,
Behzod Qobul
“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 5-sonida chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ishtibohlar-yoxud-bozillab-turgan-soz/