U talabalik yillaridayoq shoir boʻlib tanildi. Nomining matbuotda ilk bor paydo boʻlganiga oʻttiz yildan oshdi. Men uni sal kam oʻttiz yildan beri bilaman. Birinchi muloqot, birinchi taassurot va tanishuv xotira devoriga bir umrga muhrlangan edi. XX asrning 90-yillari talabalari hayotining dolgʻali davri – yaqin moziyning oʻziga xos murakkab sahifasi. Hurlikka tashnalik, oʻzbekning oʻzligi, milliy “men” qadri, xalqona urf-odatlar va qadriyatlar, ayniqsa, oʻzbek tilining davlat maqomi uchun kurashlar milliy or-nomus va gʻurur bilan uygʻunlashgan davrlar edi. Uch-toʻrttamiz Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) oʻzbek filologiyasi fakultetidan Qoʻqon pedagogika institutiga, talabalar oʻrtasida oʻtkazilayotgan olimpiadaga bordik. Bilimlar bellashuvi, oʻzaro bahs-munozaralar boʻldi. Keyin adabiy gurung – mushoiraga, sheʼrlar oʻqishga navbat yetdi. Vujudidan oʻktamlik yogʻilib turgan yosh yigit oʻrtaga chiqdi; harakatlariga mos shaxd bilan dadil sheʼr oʻqidi:
Ayri tilli ilon,
Gʻayri dilli ilon
Dermish:
“Bir til bilan
Qanday yashar inson?..”
Ayri tilli ilon…
Bu Fargʻona davlat universiteti talabasi Iqbol Mirzaaliyev edi. Sheʼr mazmunan Iqbolning ovozi – nidosi, ijtimoiy voqelikka nisbatan hujumi va himoyasi edi. Ilonning hayrati zaminida kinoya bor; ramzli besh satr zamon kechimini anglash va fikrlash uchun yetarli adabiy sarmoya edi. Bu shiddat, shijoat va sheʼr davrani oʻyga choʻmdirdi. Barcha uzun-qisqa nutqlar mazmuni, chaqiriq va shiorlar mohiyati shu kichkina sheʼrda mujassam edi goʻyo. Iqbolning sheʼri bilan ovozini shunda tanidim. Soʻng u poytaxt adabiy muhiti bilan bogʻlandi. Buvaydalik shoir Shuhrat Neʼmat (rahmatli) bilan adabiy davralarga kirib keldi. Muxlislar orttirib, tabiiyki, ijodkorlar ehtiromiga erishdi… “Sharq yulduzi”da bosilgan bir turkum sheʼrlariga professor Umarali Normatov oq yoʻl yozganini eslayman. Iqbol universitetni bitirib, Toshketda ishlay boshladi. Shundan beri qancha suvlar oqib oʻtdi, necha bor gullar ochildi, qancha tandir nonlar yopildi – asr almashdi.
Iqbol hamon oʻsha-oʻsha, hanuz uning sheʼriy kayfiyati, topqirligi, hozirjavobligi oʻzgargan emas. Oʻzbek sheʼriyati osmonida yangi bir yulduz charaqladi; oʻziga xos ovoz egasining bu maydondagi zafarli yurishlari boshlandi. Toʻgʻrisi, iqboli kulgan yaxshi bir shoir tugʻilgani chin edi.
Izma-iz “Yurakning shakli”, “Koʻngil”, “Seni sogʻinaman” kabi ixcham toʻplamlari bosildi. Soʻng oʻndan ortiq kitoblari chiqdi. Oshiqlik, ishq motivi – Iqbol ijodining ilk bosqichiga xos. Shunday sheʼrlarida uning koʻngli, yuragining shakli, sogʻinchi namoyon boʻladi.
Inson tafakkuri tiniq, ruhi salomat boʻlmasa, oʻtkinchi dunyoning shafqatsiz talotoʻplari ichra izsiz yoʻqolishi, bamisoli charxpalakdek tez aylanayotgan tirikchilik tegirmonida maydalanib ketishi hech gapmas. Zero, ishq-muhabbatni kuylagan, shu orasta tuygʻuni qadrlagan sheʼriyat goʻzal boʻladi. Chunki odam farzandi “hamisha bir hisga asir ekan” (Abdulla Oripov taʼbiri). Haqiqatan, muhabbat inson vujudidagi bebaho gavhardir. Jahon adabiyoti, umuman, insoniyat yaratilgandan to hozirgacha har kim uchun eng latif, qiziq va eng hayajonli mavzu bu – muhabbatdir. Muhabbatdan ayro asar – kemtik, ishqdan ayro koʻngil – yetim. Ishq yonida hijron, visol va sogʻinchlar ham bor.
Yelkamga yuk tashladi osmon,
Bu azoblar qoʻygaymi omon?!
Tushun, seni sogʻindim yomon,
Seni bugun koʻrmasam boʻlmas.
Yor sogʻinchi qalbga tiriklik suvini olib kiradi; hissiz yurak tosh qotadi. Rivoyat qilishlaricha, bir ulamo shahar ahlini jamlab, amri maʼruf, nahyi munkar qilayotgan ekan. Izdihom orasidan bir kimsa asta qoʻlini koʻtarib, oʻrnidan turib, olimga yuzlanib: “Hazrat, shu yerda butun shahar ahli yigʻilibdi. Sizdan iltimos, kecha mening eshagim yoʻqolgandi. Shuni toʻplangan odamlardan surishtirib, topishga yordam bersangiz”, debdi umid va iltijo bilan. Olim unga oʻtirish ishorasini qilib, soʻzida davom etibdi. Dunyo va dindan, zamin va zamondan, yaxshi va yomondan, bezovtalik va xotirjamlikdan uzoq soʻzlab, gapini ishq-muhabbatga, uning kuydirguvchi aʼmollariga, telbakezar shamollariga borib bogʻlabdi. Keyin odamlardan: “Qani, aytinglar-chi, orangizda muhabbat javhari qalbiga kirib bormagan kimdir bormi?” mazmunida savol soʻrabdi. Biri qoʻlini koʻtarib: “Uzr, shu tuygʻu hech ham qalbimda mehmon boʻlmadi. Ishq ne, muhabbat ne – hech anglamadim. Birovni sevganimni eslay olmayman”, debdi mazmunan. Ikkinchi kimsa oʻrnidan turib: “Men ham ishq-muhabbat dardini boshdan kechirganim yoʻq”, deya haligi kimsaning gapiga qoʻshilibdi. Uchinchi kishi yeridan turib, u ham oʻz holi oʻshalarga oʻxshashligini aytibdi. Ulamo: “Hoy, eshagini yoʻqotgan odam! – deb murojaat qilibdi va: – Hali nima degan eding?! Eshak yoʻqoldi deganmiding. Atigi bitta eshakmidi? Mana, marhamat, senga uchta eshak”, degan ekan.
Ishq dardiga yoʻliqqan odam holini taʼriflash qiyin, tavsifiga soʻz topib boʻlmaydi. Bagʻri kuygan ham, yuragi xun boʻlgan ham oʻsha-oʻshalar. Ammo Oshiq Mashrab taʼbiricha: “Bu dardni bedavo derlar”. Oshiq bola hijron azobida kuyib kul boʻlishi, gul ishqida sayroqi bulbul – shoirga aylanishi mumkin. Shu maʼnoda Iqbolning “Unutma” degan iltijosi ham boshqacha:
Bir tola sochingni aylagan tumor,
Boʻylaringdan mastu boʻyingga xumor –
Kim boʻlsa, oʻshani unutma zinhor,
Bagʻri qon, yuragi xunni unutma!
Sevgi satrlari – Iqbol sheʼrlarining oʻqildizi. Ayniqsa, yoshlikning qaynoq pallalarida yozgan har bir sheʼrida ayni mavzu badiiy talqin etiladi. Umid va eʼtiroz, oʻpkalanish va chorlov, ikkilanish va quvonish, dadillanishu duduqlanish – bularning barchasi ishq dardiga mubtalo odam koʻngil holatining kontrast sifatlari. Mavlono Abdulla Qodiriyning nurli qahramoni Mirzo Anvar fikricha: “Ishq davomi, avom oʻylagancha, vasl emas – hajrdir. Zero, vasl ishq oʻtini soʻndirguvchi, hajr esa kamolatka erishdirguvchidir”. Iqbol Mirzo oʻsha tuygʻuni qatʼiy qilib:
Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib,
Chaqmoq – sogʻinchlarning oydin gulimi?
Yomgʻir shivirladi toʻkilayotib:
Visol – muhabbatning goʻzal oʻlimi,
deb yozadi. Ushbu banddagi bulutlar toʻqnashuvi va uning oqibatida yalt-yult chaqmoqning gulga tashbehi ham juda oʻrinli va goʻzal.
Iqbol Mirzoning har bir kitobidagi sheʼri fikrga undaydi; yurakni zavq-shavqqa toʻldiradi. Qoʻlimdagi kitobining istalgan bir sahifani ochdim: “Kosa”. Oʻqib kelib toʻxtadim:
Oyogʻim ostida kuldirgichim bor,
Bitta joyni bosib turolmayman hech.
Axir, yoʻllarimda Xiva intizor,
Oʻshdaman saharda, Moʻynoqdaman kech.
Bu tinib-tinchimangan odamning holi. El xizmatiga kamarbasta, ertayu kech chopib ishlayotgan odam suvrati. Bitta “kuldirgich” soʻzi bandga zeb berib, mazmunni oyday yoritib turibdi. Soʻzning tasavvurda akslanib, yoyilishi – assotsiatsiyasi oʻqiyotgan odamda bir olam xotira uygʻotadi. Ulgʻaygan odam hech qachon chopagʻon boʻlaman degan oʻyda oyogʻi ostiga “kuldirgich” hasharotini surtmaydi. Bizda uni “oliguluk” deydi. Mayda tuproq uyumining shakli ayrim odamlar yuzidagi kuldirgich chuqurchasiga oʻxshagani uchun vodiyda uni “kuldirgich” deydi. Muhammad Sharifning “Kuldirgich” degan yaxshi hikoyasi bor. Oʻqib bolalikning oʻrpongli chang koʻchalarida chopgan edim. Shu sabab Iqbol sheʼridagi mitti “kuldirgich”ga duch kelib taqqa toʻxtadim. Va yana bolalikka qaytdim. “Kosa” sheʼri Nukusdagi Savitskiy muzeyida saqlanayotgan kosa uchun teridan tikilgan bitta buyum – gʻilofga koʻzi tushgan shoirning shu bir lahzada paydo boʻlgan taassuroti mahsuli. Bu sheʼr gʻilof toʻgʻrisida emas, inson qalbining gʻilofi – inson koʻngil kosasi va uning himoyasi, osmon shaklidagi oʻtov, uning ichkarisida yashaydigan oila-changʻaroq toʻgʻrisida. Qizigʻi shundaki, Savitskiy muzeyiga men ham borganman, gʻaroyib eksponatlarni koʻrib hayratga tushganim ham rost. Ammo Iqbol minglab eksponatlar ichidan bitta kosa va uning gʻilofini koʻrgan hamda shu detal asosida oʻzbek bilan qoraqalpoq doʻstligini, boshida qalpogʻini asrlar boʻyi asrab kelayotgan qoraqalpoqdek bir millat udumlariga doir qarashlarini ajoyib tarzda bayon qilibdi…
Kitob mundarijasidan “Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar” bagʻishlov-marsiyasini izladim. Iqbol uni Milliy universitetning kichik zalida boʻlib oʻtgan bir uchrashuvda oʻqigan edi. Qaysi yil ekani esimda yoʻq, ammo maʼno-mazmuni, ritm-ohangi hamon yodimda.
Uchib-qoʻnib, uchib-qoʻnib shom-saharlar,
Nafis sanʼat sahnasida poyga ketdi.
Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar,
Kapalaklar uchmaydigan joyga ketdi.
Besh bandli sheʼr. Har bandning uchinchi misrasida haligi alam va iztirobga toʻla soʻroq qoʻyiladi. Odamning yuragini larzaga soladigan savol. “Shavkat Rahmon qayga ketdi, birodarlar” – shoir odamlarga tajohili orifona murojaat etadi. Holbuki, oʻzining “Chiroq yonib oʻchmaydigan joyga ketdi”, “Yolgʻon qasam ichmaydigan joyga ketdi”, “Tuhmat toshi tushmaydigan joyga ketdi”, “Osoyishta uxlaydigan joyga ketdi” kabi tayyor javoblari bor. Bunday alamli yoʻqotishlarni ifodalagan taʼsirchan sheʼr oʻquvchining fikriy oqimini ushbu foniy, uch kunlik gʻanimat dunyoga kelish va ketish mohiyatini anglash tomonga yoʻnaltiradi. Shu motivdagi – Shavkat Rahmon, Oxunjon Madaliyev, Muhammad Yusuf vafotiga bagʻishlangan “Akalarimga” sheʼri ham eʼtiborli. Uch marta aylangan “ajal qamchisi” uchta yulduzni “falakdan uzib” ketgani, shoir jigarida “uchta tigʻ izi” qolgani – uch yoʻqotishning obrazli bayoni, albatta.
Koʻngil koʻshkiga joylashgan yaqinidan ajralish – ogʻir yoʻqotish. “Qoʻqon shamoli” qirq ikki yoshida boqiy dunyoga safar qilgan, oʻzidan ajoyib sheʼrlar qoldirgan rahmatli Aʼzam Oʻktamga bagʻishlanadi. Sheʼrda shamol ramzi jonlanib, misoli mahaktosh vazifasini bajaradi. Shamol yaxshini yomondan, toʻgʻrini oʻgʻridan, haqni nohaqdan ajratadi. Bor-yoʻgʻi uch kun shiddat bilan guvillab esadigan shamol dunyoni algʻov-dalgʻov qiladi.
Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!
Borni bor, yoʻqni yoʻq qilib berguvchi.
Boshingga zoʻr savdo tushmasdan burun
Kimning kimligini bilib berguvchi!
Yashash qanday yengil – shamoldan keyin,
Ajib bir xushhollik, bir ajib surur.
Gʻuborsiz havolar ipakdek mayin.
Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!
Shamol imtihonidan oʻtish – saodat. Men bilgan Aʼzam Oʻktam yoru birodarlari, uzoq-yaqinlariga – “kimning kimligi”ga sinovchan nazar soladigan inson edi… Sheʼr matnidagi “shamol”ning metaforik tabiatiga parallel ravishda tasavvurda pokiza bir inson qiyofasi paydo boʻladi. Inson va tabiat, tabiat va jamiyat – kengqamrovli tushunchalar. Ular shoirning qanotli yuragiga oʻrnashsa, parvozi baland boʻladi…
Dunyodagi hech bir baliqchi oʻrgimchak toʻri bilan baliq tutmaydi. Faqat shoirgina “Oʻrgimchak toʻrini daryoga”, “Tillo baliq tutib ziyoga” solishi mumkin. Bunday ingichka va oydin tafakkur tarzi faqat shoirlargagina inʼom qilingan neʼmatdir…
Shoir sheʼrlarida goho “shamoyil” yonida “shamol” oʻynaydi; “oʻtinchi” bilan “oʻtkinchi” qatorida “oʻkinch” paydo boʻladi; “andalib” esa “aldanib”ga uygʻunlashdi. Bir tovush oʻyini yoki oʻrin almashinuvidan ixtiyorsiz hayratlanasan. Qoyil qolib, boshingni chayqaysan. “Bir oh ursak, har oshiqdan koʻra oshiq ohimiz bor” – bu ham tajnisli goʻzal misra. “Qumdan qurgan qoʻrgʻonim qani?” kabi savol poydevoriga bevafo umr qoʻyiladi. “Palakni daraklab kapalak halak” – har bir soʻz qofiyali, ohangli, maʼnili va, eng muhimi, shoir umrning oʻtkinchi va bevafoligini yana bir – boshqacha yoʻsinda loʻnda ifodalaydi.
Quyidagi parchalarda ham original satrlar bor:
Kipriklaring poyloqchi,
Kokillaring aygʻoqchi.
Hamsoyangman ham soyang,
Jismim boru hushim yoʻq.
Yoki:
Oʻsha kun men mast edim,
Mast edim – menmas edim.
Bormas edim sogʻ boʻlsam,
Sevaman demas edim.
Iqbolning bunday poetik sanʼatlarni mahorat bilan qoʻllagan yaxshi sheʼrlari esda qoladi. U kapalak obraziga koʻp murojaat qiladi. “Kapalak tutgandayin Nigohing tutib oldim” – ajib topildiq. Bunday koʻrkam misra sheʼrning ustuni-oʻrasi, toʻrasi, umurtqasi, aurasini tashkil etadi. Yana kimgadir: “Sen – ninachi kabi oʻynoqi. Sen – kapalak kabi begʻubor”, deb tavsif beradi. Ninachi, kapalak – tabiatning juda nafis, latif, ingichka, rangpar hasharotlari. Ulugʻlar taʼbiricha, birorta inson zoti aqalli ninachiyu kapalakning singan nozik-mayda qanotini tuzatishga qodir emas. Demak, “nazokatni qaydan olgan kapalak” – shoirning oʻylanishi oʻrinli.
Sindirmaydi yillar kimni,
Tuygʻularin silliqlaydi,
Har koʻrganda yuragimni
Kapalaklar qitiqlaydi.
Iqbol Mirzo sheʼrlarida sevgi yoʻlida uchib borayotgan bu kabi nazokatli kapalak yoki oʻynoqi ninachi, yuzi qizargan atirgul, tuyogʻidan tillo sochadigan jayronlar uchraydi. Bunday lirik obrazlar biri ikkinchisini toʻldirib, shoir sheʼrlarining umummanzarasini, yuragining mahobatli suvratini namoyon qiladi.
Iqbol sheʼrlari haddan tashqari murakkab emas. Ularni anglab, tushunib, his etib turasiz. Sizni zavqlantiradi, yurakni koʻpirtirib, hayajonga soladi. Ammo tizginsiz tuygʻularga qanot bagʻishlagan sheʼr sirini topish qiyin. Chunki shoir shunday bir lahzada borliqni “xayol koʻzi” bilan koʻrib, “lazzatga gʻarq boʻlib” yashaydi. Shoir yopirilib, toʻlib-toshib kelgan xayol inʼomini qogʻozga koʻchiradi. Bu ijod jarayoni haqidagi bizning sodda tasavvur. Aslida sheʼr va shoirlik ijod psixologiyasining eng murakkab mavzusidir. Chunki sheʼriy ifodalaridan baʼzan shoirlarning oʻzi hayron boʻladi, gohida tasavvur tasviriga oʻzlari ham ojiz qoladi. Choʻlpon nadomat bilan “Shu ojiz holimda shoirmanmi men?” deb yozgʻirgani rost. Koʻpincha har qanday odam goʻzallikni koʻrib, sezib, anglab, zavq oladi. Ammo uni soʻz bilan ifodalashga qiynaladi. Chin isteʼdod egasi shu tuygʻuni moddiylashtiradi; Shayxzodaga oʻxshab sheʼrda esayotgan shamolni suvratlantiradi.
Iqbol Mirzoning sheʼrlarida ochiq eʼtiroflar, achchiq haqiqatning rost ifodalari bor:
Davrangizga kira olmayman,
Kirsam, koʻnglim yora olmayman.
Sizga talant bera olmayman,
Meni yomon koʻrgan odamlar.
Sizga uka, aka, joʻraman,
Duoingiz qilib yuraman.
Men sizlarni yaxshi koʻraman…
Meni yomon koʻrgan odamlar.
Uning lirik qahramoni – shafqatsiz; oʻzini fosh etishdan, iqrordan qoʻrqmaydi: bolaligi va begʻuborligini, gʻoʻrligi va zoʻrligini eslaydi. Bunisi – yaxshi. Ammo har oʻqiganimda “Oldim shoir degan tavqi laʼnatni” misrasi menga negadir tahrirtalab koʻrinaveradi.
“Soʻzda sehr, sheʼrda hikmat bor”, deganlaridek, Iqbol Mirzoning keyingi davrda yozilgan sheʼrlari hayotiy hikmatlar bilan bezatilgandir. Biroq bu xil falsafiy bitiklar uning yoshlik davridagi sheʼrlarida ham uchraydi:
Bu dunyoga kelganim –
U dunyoga safarim.
Bu dunyoni yengganim –
U dunyoda zafarim.
Qoʻyma, qisqa va har qanday odam hayotining tarxi-eskizini oʻzida akslantiradigan misralar. Band qarshilantirish sanʼati asosiga qurilibdi. “Men” sheʼrida ikki nuqta aro jismi muallaq muallif oʻzini yer bilan osmon orasida koʻradi. “Qaldirgʻochdek ikki joyda manzili” bor shoir “dayr aro sayr”ning muvaqqat ekanini yaxshi biladi. Bunday hayotiy real falsafa sheʼrga teranlik bagʻishlaydi. Iqbolning butun boshli sheʼrlari, “Yigʻlasam, holimga oʻzim kulardim”, “Asaldayin zaharim”, “Muzlar quchogʻida isindi vido”, “Ey yaqinim, olisim”, “Sizni yomon yaxshi koʻraman” kabi oʻnlab misralari tazodli.
Shoir ijodining katta bir sahifasi el-yurt, oʻzbek xarakterining tavsifi, mamlakatning tarixiy shaharlari va shaxsiyatlari toʻgʻrisida yozilgan sheʼrlardan iborat. “Aytgil, doʻstim, nima qildik, Vatan uchun” – juda oʻrinli tergov, talab va soʻrov.
Boshing egib, taʼzim ayla, shukrona ayt,
Seni guldek erkalagan chaman uchun.
Osmonlarda yurgan boʻlsang, tuproqqa qayt,
Aytgil, doʻstim, nima qildik Vatan uchun?
Shoir agar bobolarining faqat isminigina sanasa ham, tabiiyki, katta bir doston boʻlishi mumkin. Oʻzbek – dunyo tamadduniga ulkan ulush qoʻshgan xalq. Uning nomiga or-nomus, ibo va hayo maʼnodosh. Shu eʼtibordan “Oʻzbek” sheʼrida millat va mamlakat tarixi bayon qilinadi.
Manglayga kaft qoʻyib olisga boqsam,
Edildan koʻrinar boʻylaring, oʻzbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar Enasoylaring, oʻzbek.
Nazarimda, Iqbolning bu sheʼri oʻzigacha shu yoʻlda yozilgan “Oʻzbekiston”, “Oʻzbegim” kabi sheʼrlar qatoridan oʻrin olishga loyiqdir.
Adabiyotshunoslikda ijodiy taraqqiyot, mavzular almashinuvining ilmiy-nazariy talqiniga nisbatan “evolyusiya” tushunchasi ishlatiladi. Bunda muayyan adibning badiiy ijod namunalari, mavzular yoki zamon xronologiyasiga koʻra tahlil qilinadi. Shu eʼtibordan, Iqbol avval oʻynab va soʻzlarni oʻynatib yozar edi, hozir oʻylab va odamlarni oʻylatib yozadi. Avvalgi sheʼrlarida “men” kuchli, keyingi davrda qamrovi kengayib, milliy va umumbashariy mavzularning adabiy-falsafiy muhokamasi kuzatiladi. Biroq uning sheʼrlariga xos samimiyat, shiddat, shaxd, joʻshqinlik, jinday piching, qochirim, ozgina erkalik va erkinlik hamon oʻsha-oʻsha – navqiron yoshlik pafosida. Sheʼrlaridan taralgan ovoz hali-hanuz oʻsha-oʻsha – navqiron yoshlikning sadosi. Aslida, iqboli kulgan koʻngil shoirining ijodiy baxti ham shudir.
Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori
“Yoshlik”, 2017–4
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/iqboli-kulgan-kongil-shoiri/