Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murod 1948 yil 3 fevralda Surxondaryo viloyatining Denov tumani Xoʻjasoat qishlogʻida tavallud topdi. Dastlabki tahsilni qishloqdagi oʻrta maktabda olgach, 1967–1972 yillarda ToshDU (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida oʻqidi.
Togʻay Murodni boshqa yozuvchilarga oʻxshamaydigan oʻzgacha xarakterli, qatʼiyatli, irodali adib sifatida eslashadi. U adabiy davralardan imkoni boricha oʻzini olib qochar, koʻplab ijodkorlarga xos boʻlgan gap-gashtagu sheʼriy mubohasalardan oʻzini tiyardi. U “Bobosi va nabirasi” nomli hikoyasini oʻn toʻqqiz yoshida yozgan boʻlsa, ilk qissasi “Yulduzlar mangu yonadi”ni bitganida oʻttiz bir yoshda edi. Keyingi oʻn yil ichida yozilgan “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Momo yer qoʻshigʻi” kabi qissalarida halol, oqkoʻngil, toʻgʻrisoʻz, haqiqatparast va joʻmard oʻzbek xalqining umumiy xarakterini, yorqin tabiatini betakror obrazlar orqali yoritadi. Yozuvchi asarlari Ernest Seton Tompson, Jek London, Chingiz Aytmatovning nasrini eslatadi. Aytish mumkinki, Chingiz Aytmatovning “Alvido, Gulsari” asaridagi Gulsari obrazi oʻzbek xalqi maʼnaviyatida qanday iz qoldirgan boʻlsa, oradan oʻn ikki yil oʻtib yaratilgan “Ot kishnagan oqshom”dagi Tarlon obrazi ham oʻquvchilar diliga shu qadar chuqur kirib borgan.
Yozuvchi yosh qalamkashlarga yozgan maktubida ijodkor “oʻz dunyosi bor, oʻz yoʻli bor, oʻz tili bor” inson boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi. Darhaqiqat, XX asr yozuvchilarining til va uslubiga eʼtibor qaratar ekanmiz, Togʻay Murodnnig tilini, undagi xalqona ifodalar, uslubini eʼtirof etmay ilojimiz yoʻq. Bu til bilan yozuvchi oʻzini kashf etib, nasr janrini poetik imkoniyatlar bilan boyitdi, xalq tilidagi sheʼr, matal, ibora, maqol va aforizmlarni adabiy tilga olib kirdi, shu til bilan u… koʻp tanqidlarga uchradi.
Adib oʻttiz olti yoshida oʻzidagi adabiy va nazariy bilimlarini yanada boyitish maqsadida Moskvadagi Oliy adabiyot kursiga oʻqish uchun yoʻl oladi. U yerda olingan ikki yillik tahsil yozuvchi ijodida muhim rol oʻynadi. Bu yerda Togʻay Murod jahon adabiyotining yetuk namunalarini mutolaa qilish bilan birga, gʻarb adabiyotining ilgʻor gʻoyalari, adabiyotdagi milliylik va umuminsoniylik, shaxs va xarakter, shaxs va uslub masalalari aks etgan adabiy-nazariy manbalar bilan tanishdi. Shu tariqa adib Jeyms Joysning “Uliss” romani tarjimasiga qoʻl uradi. Ammo nomaʼlum sabablarga koʻra mazkur asarning birinchi qismidan keyin tarjima toʻxtab qoladi…
Uning 1993 yilda yozilgan “Otamdan qolgan dalalar” nomli romani adibning uzoq yillik mehnatlari, izlanishlarining samarasidir. Mazkur romanda Oʻzbekistonning mustamlakachilik asoratiga tushib qolishi va sobiq ittifoqdagi eng ulkan xom-ashyo oʻchogʻiga aylantirishining fojealari aks ettiriladi. Yozuvchi oʻz asariga material yigʻish uchun Surxon paxta dalalariga borib dehqonlar hayotini oʻrganadi, ular bilan yonma-yon yurib, chigitning yerga qadalishidan to hosil terib olingunigacha boʻlgan barcha zahmatlarni oʻz koʻzi bilan koʻradi.
Mazkur romanda u mustabid tuzum yillaridagi dehqonlarning ogʻir hayotini, turmush tarzi, gʻamu iztiroblari, eʼtiqodiyu qarashlarini Dehqonqul obrazi orqali ochib beradi. Shu bilan birga siyosiy tazyiqlaru hukmron mafkura tahdidi oqibatida Aqrab qoʻrboshiyu, Jamoliddin ketmonlarning avlodlari boʻlgan va keyinchalik qulga aylangan dehqonlarning umumlashgan portretini yaratishga muvaffaq boʻladi.
Togʻay Murod asarlarini oʻqir ekansiz, oʻzingizni oʻzgacha, hali hech kim oʻrganmagan, urfu odatlarini bilmagan boshqa maskanga, sirli-sehrli dunyoga tushib qolgandek his qilasiz.
Yozuvchi dastlabki romanida mustabid tuzum davrida soxta eʼtiqodlar bilan yashagan oʻzbekning sodda, fojeaviy hayot tarzini aks ettirgan boʻlsa, uning oxirgi “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanida xuddi shu davrda yashab, zohiran dinu iymondan kechib… “umrguzaronlik” qilgan ziyoli insonning maʼnaviy-ruhiy inqirozlari oʻz aksini topadi.
Togʻay Murod juda qisqa umr koʻrdi. U 2003 yili 55 yoshida dunyodan koʻz yumdi. Ammo “men oʻzbek xalqiga haykal qoʻyaman”, degan adib koʻkdagi million-million yulduzlar ichida “Oʻzbekiston” degan, “oʻzbek” degan yulduz borligini, u xalq qalbidagi pokizalik, samimiyat, mehribonlik, oliyjanoblik, xalqparvarlik hech qaysi bir xalq qalbida bu qadar chuqur ildiz otmaganini oʻzining quyma obrazlari orqali koʻrsatib berdi.
Yozuvchi hayotini kuzatar ekanmiz, bir narsaga hayratlanmay ilojimiz yoʻq. Odam bolasida eʼtiqod qanchalik kuchli boʻlsa, mana shu eʼtiqodi tufayli hamma narsadan voz kechib ham yashay olarkan. Togʻay Murodning butun borligʻi, suyangani, eʼtiqodi Adabiyot edi. “Adabiyot qismat, biz hammamiz darveshlarmiz”, degan edi adib. Yozuvchi ana shu eʼtiqodiga sodiq qoldi. Umrining oxirigacha unga ergashdi, na boylik orttirdi, na mansab-martabaga intildi, na dam oldi va na koʻngilning chigilini yozish uchun xorijiy oʻlkalarga sayru sayohat qildi. U katta amallar, hashamatli hayot va unvonu martabalar ilinjida zamonasozlik koʻchasiga kirmadi. U Olloh tomonidan berilgan hayotni, pokiza iqtidorni gʻanimat bilib, umri davomida faqat mutolaa qildi, yozdi, tarjima qildi, koʻngli uchun, eʼtiqodi uchun xizmat qildi.
Adib uchun yozuvchilar uyushmasi goʻyo masjidu mehrob edi, bu masjidning minbarida soʻz, fikr aytish uchun masʼuliyat, jiddiyat kerak boʻlishini, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir kabi ustozlar soʻzlagan bu muqaddas sahnaga pokiza yurak bilan chiqishni vijdoniy burchi hisoblardi. Yozuvchi bu minbarda arzigulik uch-toʻrt asar yozmasdan turib, nutq irod qilishni vijdoni oldida uyat deb bilardi. Togʻay Murod ilk qissasini yozgandan keyin yigirma yil oʻtib, bu sharafli zalda soʻzlashga jurʼat etdi…
Bu yil tavalludiga 65 yil toʻlgan yozuvchidan toʻrt qissa, ikki roman va qolaversa, Jek Londonning “Boyning qizi” dramasi va qator hikoyalari, E. S. Tompsonning “Yovvoyi yoʻrgʻa” qissasining tarjimalari meros boʻlib qoldi. Ayniqsa, “Yovvoyi yoʻrgʻa” asari hozirgacha bolalarning qoʻlidan tushmaydigan va qayta-qayta oʻqiladigan asarlar qatoridan oʻrin oldi.
“Siz imzo emas, soʻz yigʻing”, deydi adib…
Bugun adabiyotshunoslar, yosh olimlar Togʻay Murod ijodiga juda koʻp murojaat qilmoqdalar. Chunki adib ijodi davomida xuddi asal izlab uchgan asalaridek, xalq ogʻzaki ijodida, ayniqsa, vohaning chekka qishloqlari shevasida ishlatilayotgan koʻplab soʻz va iboralarni, maqol va hikmatlarni qidirib, qisqa qilib aytganda, gʻavvoslar dengiz tubidan gavhar qidirganlari kabi u ham xalq ichidan soʻz yigʻib, soʻz qidirib yashadi.
“Yulduzlar mangu yonadi” deb atagan edi oʻz qissalaridan birini bu isteʼdodli adib. Darhaqiqat, adabiyot osmonidagi ming-minglab yulduzlar orasida Togʻay Murodning ham moʻjazgina yulduzi hali uzoq porlab, nur sochib turishiga shak-shubha yoʻq.
Alimurod TOJIYEV
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2
https://saviya.uz/hayot/nigoh/imzo-emas-soz-yiging/