Ustoz Sarvar Azimov Yozuvchilar uyushmasini boshqargan 1980 yillarda juda koʻpchilik ijodkorlar uylik-joylik boʻlishgan. Mashinalar xarid qilishgan. Mustabid tuzum davrida Markaz uyushma aʼzolarining sifatiga emas, soniga qarab mablagʻ ajratardi. Sarvar Olimjonovich shunga koʻra, viloyatlarda uyushmaning koʻchma yigʻilishlarini oʻtkazib, joylardagi shoir va yozuvchilarni aʼzolikka qabul qilish rusumini joriy etgandi.
Navbatdagi qabul Guliston shahrida boʻldi. Toʻra Sulaymon sirdaryolik ijodkorlarning rahbari boʻlgani uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrildi. Atoqli shoir marhum Mashrab Boboyev shu viloyatga kuratorlik qilardi. Aʼzolikka nomzodlarning orasida “Sirdaryo haqiqati” gazetasining xodimlaridan biri, ancha-muncha hikoyalar yozib, Toshkentdan kelgan ijodkorlarni shaxsiy mashinasida uchrashuvlarga olib borib Toʻra akaga koʻmaklashib turadigan yigit ham roʻyxatga tirkalgandi. Nihoyat qabulga kirish navbati gazeta xodimiga keldi. Hayʼat aʼzolarining salobati bosdimi, jurnalist savollarga javob berolmadi. Achinarlisi 1960 yillarda adabiyotimizga kirib kelgan adiblarni ham aytolmadi.
Mashrab Boboyev Toʻra Sulaymon bilan koʻz urishtirib olishdi. Hayʼat aʼzolaridan biri vaziyatni yumshatish niyatida: – Rus yozuvchilaridan kimlarning asarlarini oʻqigansiz?” – deb soʻradi. Nomzod yana lom-lim deyolmadi. Gazeta xodimi noqulay ahvolga tushmasligi uchun avans tarzda u aʼzolikka qabul qilindi.
Yigʻilishdan keyin Mashrab Boboyev noligan ohangda Toʻra Sulaymonga qarab: – Bu birodarimiz na Shukur Xolmirzayevni va na Oʻtkir Hoshimovni bilmasa-ya? Rus yozuvchilaridan Lev Belov, Vasiliy Shukshinlarni ham oʻqimagan ekan-da? – deb xijolat boʻldi.
Toʻra Sulaymon oʻz navbatida Mashrab Boboyevning iztiroblariga hamdardlik bildirmoqchi boʻlib, – Mashrabjon juda toʻgʻri gapirdingiz, bu qurgʻur hech deganda Rastupinni aytsa boʻlardi-ku! (Rasputin demoqchi).
Akaxonimning bu soʻzlari davrada turganlarning kutilmagan qahqahasiga sabab boʻldi.
Tursunboy Adashboyev
“Ijod olami”, 2018/6
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/hech-bolmasa-rastupinni-aytmadi-ya-qurgur/