XX asr milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining koʻzga koʻringan vakillaridan biri Gʻozi Yunusdir. U mohir jurnalist, yetuk hikoyanavis va bir qator xalqona sheʼrlar muallifi, koʻzga koʻringan dramaturg, hajv ustasi hamda jamaot arbobi sifatida madaniyatimiz tarixidan munosib oʻrin egallagan.
Gʻozi Yunus 1887 yilda Toshkentning Oxunguzar mahallasida ziyoli-hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Oiladagi toʻrt oʻgʻil ota-ona tarbiyasida ham savodli, ham ustachilik kasbiga ega boʻlishgan. Gʻozi Yunus otasi yonida imorat ustasi sifatida yangi shahar qurilishida qatnashganligi tufayli rus tilini mukammal egallaydi. Madrasa tahsili davrida esa arab va fors tillarini puxta oʻrganadi.
Gʻozi Yunus 1915 yilda madrasani imtiyozli bitirgach, xalq qoʻshiqlari, musiqasiga havasi ortib, dutor, tanbur chalishni oʻrganadi, xonanda sifatida ham taniladi. 1916 yilda mardikorlikka olinib, Boltiq boʻyi frontida qatnashadi va koʻp oʻtmay, u yerdan nogiron boʻlib qaytadi. Eshonguzar mahallasida tashkil topgan “Ogʻalarga yordam qoʻmitasi”da sarkotib boʻlib ishlaydi va tuhmat tufayli qamalib chiqadi. Shu tarzda uning “Turma xotirasi yoki haqsizlik kasofati” degan dostoni yuzaga keladi. U sekin-asta oʻz sheʼrlari bilan matbuot sahifalarida koʻrina boshlaydi, teatr sahnalarida rollar ijro etadi. Xususan, Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasida aktyor sifatida ishtirok etadi. Keyinchalik oʻzi yaratgan “Zahhoki moron” dramasida Zahhokning otasi adolatpesha Temirtosh rolida qatnashadi. Shuningdek, u milliy oʻzbek matbaasi, nashriyoti tashkilotchisi sifatida ham samarali xizmat qiladi. Buxoro, Boku shaharlaridan bosmaxona uchun texnika vositalari keltirib, Eski Juva bosmaxonasini tashkil etishga katta hissa qoʻshadi. “Turkiston”, “Zarafshon” gazetalari va “Mushtum” jurnalini tashkil etishda qatnashadi. “Qizil bayroq”, “Mushtum” kabi gazeta-jurnallarga muharrirlik qiladi. “Men davlat nashriyotida ishladim. Gazetalardan “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Qizil Oʻzbekiston”, “Zarafshon”, “Yangi yoʻl”, “Rosta”larda qatnashdim va koʻplariga muharrirlik qildim”, deb yozadi oʻz tarjimai holida.
Gʻozi Yunus “Kasalimiz va aning dorusi”, “Al ulamou vorisat ul anbiyo” (“Ulamolar nabiylarning vorisidirlar”) kabi dastlabki maqolalarida islomiy aqidalar asosida kishilarni oʻzaro nifoqlardan qaytarib, birlik, ittifoqlikka daʼvat qiladi; “Hurriyatmi yoki istibdod?”, “Yerlilashtirish tevaragidagi loʻttibozliklar”, “Din nomidan igʻvo tarqatuvchilar”, “Oʻzbekiston” kabi oʻnlab maqolalarida hayotdagi nohaqliklar, nopokliklarni ayovsiz fosh etish yoʻlidan boradi. Oqibatda 1924 yilga kelib firqa aʼzoligidan oʻchiriladi.
Gʻozi Yunus mohir hikoyanavis, hajvchi, yetuk shoir sifatida ham eʼtiborga sazovor. Uning “Saidzodalar”, “Bachajish” kabi hajviy hikoyalari badiiy jihatdan mukammal boʻlib, oʻzbek milliy hikoyachiligining tugʻilishi va shakllanishida oʻz oʻrniga ega.
Gʻozi Yunus maʼrifatparvarlik va jadidchilik davri adabiyotining koʻzga koʻringan namoyandasi sifatida ijtimoiy muhit olgʻa surgan masalalarni yechish yoʻlidan borgan. Xususan, uning ijodida jadid adabiyoti yoʻnalishiga moyillik ustuvor boʻlgan. Shu jihatdan u qaysi janrda qalam tebratmasin va nima mavzuda yozmasin, uning asarlarida jadid adabiyotiga xos fosh etuvchi uslub yetakchilik qiladi. Hatto sheʼriy dastalari ham hajv tigʻidan begona emas. Binobarin, “Koʻz oching, Turon eli…” deb boshlanuvchi “Eski maktablar haqida” nomli sheʼridan tortib, “Poraxoʻr tilidan”, “Savdogar tilidan”, “Bir munofiq tilidan”, “Ramazon aytguvchi tilidan” kabi turkumlarigacha ana shunday hajviy usul-uslub yetakchilik qiladi.
Gʻozi Yunus tarjimon va dramaturg sifatida ham tanilgan. U oʻttizdan ortiq sahna asari yaratadi, ularning yigirma sakkiztasi alohida-alohida kitob holida Toshkentda chop etiladi. Gʻozi Yunus dramaturg sifatida xoh tabdil, xoh original asar yaratadimi, hamma-hammasida oʻz xalqining maʼnaviy-madaniy jihatdan yuksalishini, erkin, ozod va farovon yashashini orzu qiladi. Binobarin, adib milliy uygʻonishimizga maʼno jihatdan yaqin asarlarni saylab, tarjima yoinki moslashtirish – tabdil yoʻli bilan ommaga taqdim etadi. Jumladan, “Luqmoni hakim”, “Yoʻlbosar Alim”, “Jaholat qurboni”, “Islomiyat uyi”, “Farzand duosi” (A. Qodiriy soʻzboshisi bilan nashr boʻlgan), “Savodsizlik balosi” kabi bir qator pyesalari uygʻonish davri gʻoyalari, maqsadlari bilan hamohangligi bilan muhim badiiy-estetik ahamiyatga molikdir.
Gʻozi Yunus 1929 yillardan boshlab siyosiy taʼqib ostida qoladi, safdoshlari qatori “xalq dushmani”, “panturkist”, “panislomist” tamgʻasi ostida 1937 yilning 6 avgustida hibsga olinadi. 1942 yilning 5 may kuni ochlik va betoblik tufayli Vologda shahri qamoqxonasida olamdan oʻtadi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/gozi-yunus-1887-1942/