“Bolaligim koʻchalarida” turkumidan
Kim bilsin, dunyoning yana qay burchida aynan biznikiga oʻxshagan qishloq boʻlsa bordir. Uning shundoq biqinida, kunchiqar tarafidagi bogʻ ham aynan shunaqadir. Bogʻ bilan qishloqni bir chaqirimcha yerga choʻzilgan paxsa devor ajratib turar va u devor ham qor-yomgʻirda ivib, nurayverganidan pasqamgina boʻlib qolgandir. Oʻsha bogʻ oʻrtasidan oʻtgan ensizgina tuproq yoʻlning chap tarafi olmazor, olchazor, oʻrikzor boʻlib, oʻng yogʻi esa ulkan uzumzordir. Shu yoʻl bilan besh yuz odimcha ichkariga yurilsa albatta devorlari oppoq, turli alvonlar bilan bezatilgan shiyponga yetish mumkindir.
Shiypon oldi ulkan ishkom, chap tarafi gulzor, oʻng betida chuqur hovuz, hovuzning toʻrt burchida bir tupdan sada, shiypon atrofi mudom supurib-sidirilgan, suv sepilgan, sirli tarzda sokin… va nihoyat baland ishkom, sadalar tagida kaltagina boʻlib qorovul chol gʻimirlab yurar… qoʻlidan ketmoni yo chalgʻisi, supurgi yoki gulqaychisi tushmaydigan bu cholni ham Nurmon bobo deb atashar…
***
Biz bolalar Nurmon boboni har kuni koʻramiz. Yoʻq, biz bogʻda emas, paxtachilik brigadasida ishlaymiz. Lekin borar yoʻlimiz bogʻ oʻrtasidan, xuddi shu shiypon yonidan oʻtadi. Qorovul cholni shuning uchun koʻramizki, biz gʻurung-gʻurung qilib, qishloq tarafdan kelaverdikmi, u shiypondan beriroqqa chiqib turadi. Oʻzi chuvakkina boʻlsa-da, sersoqol, tund qiyofali bu odamdan hayiqamiz.
Yoʻl chekkasida uzum, olma, shaftoli, olchalar gʻarq pishib turaveradi, qani Nurmon boboning koʻzi ilgʻar masofagacha birorta daraxtga qoʻl choʻzib koʻring-chi… Bizlar ham koʻp anoyimas, cholning koʻzidan pana boʻldikmi, bir qur zuvillab mevazorni chappor urib chiqamiz. Oʻzimizni oqlaydigan vajimiz ham bor: biz paxtada ishlaymiz. Paxta kimniki? Kolxozniki! Bogʻ ham kolxozniki. Kolxoz kim?! Oʻzimiz! Demak, bogʻ ham oʻzimizniki, haqqimiz bor!..
Imom bobo shunday oʻrgatgan. U ham qorovul. Oʻsha shiypon yoʻlidan boshlanadigan uzumzor adogʻini qoʻriqlaydi. Uzumzor etagida tol shoxlaridan chayla qurib olgan. Uzzukun chayladan chiqmay yotaveradi. Imom boboning oldiga boramiz-da, bemalol yonboshlab olib, gap sotamiz. U bizdan hech narsani ayamaydi.
– Qani hoʻ, palonchining bolasi, chelakni ol-da, zingʻilla. Falon qatorning falon yerida husayni yetilgan, – deydi. Bir chelak uzumni uzib kelib suvga chayamiz-da, dasturxonga toʻkamiz. Keyin baqir-chaqir bilan pishillab bir chekkadan tushiraveramiz. Vallomat Imom bobomiz bolishga yonboshlagancha, mudom yoshlanib, qizarib yurguvchi koʻzlarini arang ochib, bizni quvvatlab turadi.
– Yeyaveringlar, azamatlar! Mani davrimda yeb qolinglar!.. Oʻzlaring kolxozsizlar, uzum kolxozdiki!..
– Yashang, bobo, bitta afandi aytib bering, – deydi Sayim.
Imom bobo bor-yoʻgʻi bitta afandi biladi. Shuni aytadi.
– Bir kuni xumpar Afandi hoʻ anavi yongʻoq tagida nashani urib, soyalab yotgan ekan… – deb boshlaydi. Bizlar “hm” deymiz baravariga. Bobomiz ilhomlanib davom etadi. – Yongʻoqqa tikilib yotib, oʻylabdi: “Xudoyimning ishlariga qoyil emasman. Shunday bahaybat tanada boshmaldoq meva bitadi-yu, moʻrtgina palakda kalladay-kalladay tarvuz…” Bir mahal desangiz, zangʻar bir yongʻoq qars etib Afandining peshonasiga tushibdi…
Imom bobo tishsiz ogʻzini katta ochib, lekin ovoz chiqarmay, yelkalari silkina-silkina pixillab kuladi. Uning kulishidan kulgimiz qistaydi.
Sayim uning qitigʻiga tegadi:
– Hozir Nurmon joʻrangiz kep qolsa-ya!..
– He, oʻsha Nurmon deganni!..
– Bobo! – deb uni shashtidan tushiramiz. Yonimizda kichrayib, qip-qizarib oʻtirgan Eryigitga ishora qilamiz.
– E, nima boʻpti, bu bola otasi qanaqaligini yaxshi biladi. U nokas u! Farzandlariga ham yaxshilikni ravo koʻrmaydigan nokas!.. – deydi. Soʻng Eryigitga gʻalati iljayib tikiladi: – Xoʻp, menga qara, otang uylaringga hech boradimi?
– Ha, boradilar, – deydi Eryigit koʻzlari pirpirab.
– Yolgʻon gapirma, xumpar. Qishin-yozin shiyponda-ku! Nega uylaringga bormaydi, bilasanmi? Kampiridan qoʻrqadi, enangdan qoʻrqadi!..
Gapi oʻziga nashʼa qilib kuladi. Eryigit qip-qizarib yerga qarab oladi.
Imom bobo uchun dunyoda Nurmon joʻrasidan boshqa odam yoʻq, lahza sayin uni eslaydi yoki lahza sayin hamma narsa unga Nurmon joʻrasini eslatib turadi. “Nurmon undoq, Nurmon bundoq.” Biz uni quvvatlaymiz. U bizni yaxshi koʻrib ketadi, biz uni.
Eryigit boʻlsa nafratimizga uchrayotgan otasining qiliqlaridan xijolat tortib, oqarib, qizarib oʻtiraveradi. Jahli chiqsa ham oʻzini bosadi. Bizni Imom bobo bilan, oʻzini biz bilan munosabatlarimiz buzilib qolishidan choʻchiydi.
***
Oʻsha kuni Imom bobo bizga ilhaq boʻlib oʻtirgan ekan. Yetib borishimiz bilan hammamizni ishga soldi. Men bilan Sayimga pul berib, qishloqqa joʻnatdi. Goʻsht bilan bir shisha vino topib keldik. Burhon chayla atrofini supurib-sidirdi. Shalabbo qilib suv sepdi. Eryigit uzum uzib, kartoshka qazib keldi. Imom bobo oʻzi oʻchoqqa unnadi. U juda harakatchan boʻlib qolgandi. Biz keltirgan vinoni chayla toʻridagi suvli chelakka solib chiqdi. Hayal oʻtmay, oʻchoq boshidan keldi-da, vinodan bir piyola quyib ichib oldi.
Ovqat pishdi. Dasturxon atrofini oʻradik.
– Qani, bobo, boshlab bering!..
– Sizlar olaveringlar, men hozir…
– Boshlab bering hech boʻlmasa.
U bir tishlam goʻshtni oldi-da uzoq chaynadi. Boshqa yemadi. Bolishga yonboshlab, koʻzlarini qisgancha bizni kuzatdi. Baʼzan nimadir yodiga tushganday “ah” deya bosh silkib qoʻyardi.
Bir mahal oʻrniga turib oʻtirdi-da, vinoning qolganini ham quyib ichdi.
– Turib-turib hayron qolaman-da: sanga nima kerak oʻzi shuncha yugur-yugur, shuncha tashvish! Goʻringga tosh qoʻyadimi shular?!
– Nurmon joʻrangizni aytayapsiz-da, – ogʻzi toʻla ovqat, gʻoʻldiradi Sayim, lekin bosh koʻtarmadi.
– Ha-da!.. Zangʻardi bir oyogʻi goʻrda boʻlsayam tinmaydi. Prontovik. Uyingda yotmaysanmi maishatti qilib?! Oʻzi-ku oʻzi, boshqalargayam tinim bermaydi. Uzumni talab ketishayotgan emish! Talashsa, sanga nima, saniki nimaga achiydi.
– Nima, bizni gapiribdimi?
– A, yoʻq, sizlarni bilmaydi. Mani granisamdasizlar. Birgadirni raisga chaqibdi, oʻz birgadini-ya!.. Kattalar bilan oʻynashib boʻladimi! Bir arava uzum deb kattalardi oʻrtasini buzadi. Erta bir kun ular apoq-chapoq boʻp ketadiyu, oʻrtada shumshuk boʻp qolaveradi!
– Imom bobo, siz frontga borgansiz-a – deb qoldi Sayim tomdan tarasha tushganday qilib.
Imom bobo unga norozi boʻlib qarab qoʻydi-da:
– Borganman, – dedi istar-istamas. U shu tobda Nurmon joʻrasini “iylab” xumordan chiqishga shaylangan edi-da.
– Qayerda jang qilgansiz?
– Bilarusiyada, Birlinda.
– Dayravotda deyishadi-ku!
– Ha, xumpar, bilasan-a! – chol pixillab kuldi.
Bunday paytlarda savol-javobni asosan Sayim olib boradi.
– Lekin Nurmon joʻrangiz Berlingacha borgan ekan-a?..
– E, Birlinda pishirib qoʻyibdimi unga!
– Yoʻq, bobo, borgan deyishadi. Eryigit, oʻzing ayt.
Eryigit unga oʻqrayib qarab qoʻydi-yu, indamadi.
– E, manga qara, agar shu Nurmon bitta tirik pashistni koʻrgan boʻlsa, har narsa boʻlay man.
– Imom bobo, qoʻying…
– Rosti gap-da. U xumpar Zarafshonni koʻprigidan oʻtganu, fronta bordim, Birlinga bordim, deb qaytib kelavergan!..
– Dadam Berlinga borganlar, – dedi Eryigit. Hammamiz unga oʻgirildik. Eryigit rangi oʻchinqirab, Imom boboga oʻqday qadalib turardi. – U kishining badanlarini koʻring, ilma-teshik boʻlib yotibdi.
– Hay, oʻzi noshud boʻlgani uchunam oʻq tekkan. Urushga borsa-yu, oʻq yeb qaytsa, pashistni otmagan boʻlsa, nima foydasi bor?!
– Boʻlmasa, nimaga orden berishgan?!
– Ordenmi?.. – Imom bobo oʻz tengi bilan tortishayotganga oʻxshardi. – Orden berishmagan, otangdi oʻzi oʻlgan joʻralariniki yigʻib olgan!..
Eryigit oʻrnidan sapchib turdi. U endi shuncha kun yegan uzumi hurmatini ham qilmadi, oramiz buzilishini ham oʻylamadi.
– Bekor aytibsiz! – dedi gʻazab bilan, ozgʻin yuzlari qum oqarib ketdi. – Siz shunaqa qilasiz! Bildingizmi! Qoʻrqoqsiz! Qochqoqsiz! Oʻgʻrisiz!..
Eryigit hoʻngrab yigʻlagancha, chayladan otilib chiqib ketdi. Imom bobo tishsiz ogʻzini lang ochgancha qolaverdi…
***
Shundan keyin Eryigit bir necha kun oʻzini bizdan tortib yurdi. Kim bilsin, jahli chiqdimi, uyaldimi… Lekin oʻz holiga qoʻyib qoʻymadik, davramizga chaqirib oldik. Koʻngliga borib Imom bobo bilan oshnachilikni yigʻishtirdik. U boʻlsa, sizlar boraveringlar, men bilan ishlaring boʻlmasin, derdi xijolat boʻlib.
Sayim uning jigʻiga tegardi.
– Qoʻy, oʻsha Imom bobongi! Endi Nurmon bobo bilan joʻra boʻlamiz. Otang hovuz labidagi chorpoyadan bizga joy qilib beradi. Bittamiz rais, bittamiz partkom, bittamiz agronom boʻlib, maishat qip yotaveramiz. Otang boʻlsa… – Eryigitning qovogʻi solinayotganini koʻrib iljayadi. – Boʻpti, boʻpti, ja tegmanozik boʻlib ketyapsan-da oʻzing ham, – deydi.
Imom bobodan uzoqlashib ketdik. Lekin Nurmon boboga ham yaqinlashib qolganimiz yoʻq. Bunga uning sersoqol, tund yuzimi, odamoviligimi, nimasidir xalaqit berdi…
***
Oradan yillar oʻtdi, ulgʻaydik.
Bogʻ endi ancha-muncha oʻzgargan, oʻsha paytlardagi daraxtlarning aksari qaridi, oʻrniga yangilari ekildi. Oʻsha paytdagi odamlarning ham koʻpchiligi endi yoʻq. Nurmon bobo, Imom bobolar yaxshimidi, yomonmidi, bir-birlariga yaxshilik qilishdimi, yomonlik qilishdimi, yashab oʻtishdi. Ular bir uzumzorning ikki chekkasida qorovullik qilishardi. Birovi bilan yotib olib, chaqchaqlashsak, boshqa biriga yaqinlasholmasdik. Endi esa ikkisi ham yoʻq. Imom bobo avvalroq, Nurmon bobo bundan bir oycha muqaddam olamdan oʻtdi. Kecha qishloqqa kelishim bilan Eryigitlarnikiga fotihaga oʻtdim. Eryigit uyda yoʻq ekan. Onasi Xadicha xola bilan ancha gaplashib oʻtirdik. Nurmon bobo oʻtgan yili kasalxonaga tushibdi, operatsiya qilib, badanidan bir qancha temir parchalari olishibdi. Oskolkalar emish.
– Shoʻrlik bobong rosa qiynaldi, – dedi xolam koʻz yoshi qilib. – Butun umri azobda oʻtdi. Menga ham sezdirmasdi. Shuncha ham joni temirdan ekanmi shoʻrlikning, “ih” deya zorlangan banda emas. Lekin, kechasi uyqu yoʻq edi rahmatliga. Dam badam dod solib uygʻonib ketardi. Urushdan keptiki, shu ahvol. Bolalari katta boʻlavergach, shiypondan beri kelmay qoʻygandi. Oʻz holidan xijolat tortardi bechoragina…
Xadicha xolamning gapidan soʻng menga koʻp narsa oydinlashdi. Ayniqsa bir voqeani eslab gʻalati boʻlib ketdim…
Unda men maktabni tugallab, bogʻ brigadasiga hisobchi boʻlib ishga oʻtgandim. Oʻsha yili yozda gʻoʻza hasharotiga qarshi dori sepish oldidan bogʻdagi ellik quti asalarini qoʻshni xoʻjalikka vaqtincha koʻchirishgandi. Saraton avvali edi chamamda. Asal olish payti yaqinlashib, bogʻdan Nurmon bobo, Imom bobo va meni oʻsha yoqqa yuborishdi. Asalari qutilari bir olchazorga joylashtirilibdi. Olchazor etagida katta soy – Bulungʻur arigʻi shovullab yotibdi… Ishga kirishdik. Boshimizga qora toʻrlar yopib olganmiz. Nurmon bobo asalari qutisini ochib, chorchoʻplardagi arilarni supurgicha bilan haydaydi-da, bizga olib keladi. Imom bobo chorchoʻp yuzasidagi mumni kesib, menga uzatadi. Men uni bochka ichidagi asal silqituvchi moslamaga oʻrnataman-da, moslama dastasini aylantiraman.
Kursichada oʻtirib olgan Imom bobo sherigiga qichqiradi:
– Ha, Nurmon joʻra, boʻshashma. Medagonshik qarab qoldi. Tez-tez, ha boʻz bola boʻp ket-yey! – Gap orasida ovozini pastlatib, – kolxoz tosh qoʻyadi goʻringga, marmar tosh, – deya pixillab kuladi.
Nurmon bobo bu gaplarni eshitmaydi. Qovoq solgancha oʻz ishi bilan yelib yuguradi…
Kechqurun shu yaqin-atrofdagi xonadonga bizni boshlab borishdi. Oshi-ob qilib siylashdi. Imom bobo ozgina ichib olib, menga nasihat ham qildi.
– Manovi Nurmon bobongni qara, yemay-ichmay nima koʻrdi. Kim aytadi buni mendan oʻn yoshga kichkina deb!.. Bu dunyo shunaqa: yeganga osh, yigʻlaganga yosh beradi!
Uy egalari ham Imom boboning gaplarini maʼqullab oʻtirishdi. Xushchaqchaq odam ekan, deyishdi.
Keyin bizga ishkom tagidagi chorpoyaga joy solib berishdi. Ammo Nurmon bobo, men qutilardi oldiga borib yotaman, deb turib oldi. Uy egasi, Bulungʻurdi boʻyida shamollab qolasiz, deb harchand tavallo qilmasin, koʻnmadi. “Bular bemalol yotaverishsin, men u yoqqa ketaman”, dedi.
Oxiri uy egasi: “Mehmon, bekorga xavotir olyapsiz, bu yerlar tinch, hech kim tegmaydi. Hammasining ikki-uch qutidan arisi bor”, deyishgacha bordi. Baribir oʻjar chol aytganidan qolmadi.
– Ha, boboy tushmagur, gʻalati odam ekan, – dedi uy sohibi uni kuzatib qoʻyarkan.
Xijolatdan yer yorilmadi, yerga kirsam, Bular bizni shuncha izzat-ikrom qilib siylashsa-yu, ularga ishonmaydi-ya, deb jahlim chiqdi…
***
Kim bilsin, dunyoning yana qay burchida aynan shunday, biznikiga oʻxshagan qishloq boʻlsa bordir. Uning kunchiqar tarafidagi bogʻ ham xuddi shundaydir: paxsa devor, shiypon, sadalar, ishkom, sokinlik… uzumzor, chayla… va u yerlarda ham Nurmon bobo, Imom bobo singarilar yashayotgandir. Bu qoʻhna, bu soʻngsiz sir-sinoatli dunyoda qanday hodisotlar boʻlmaydi deysiz. Lekin… lekin oʻsha Nurmon bobo, oʻsha Imom bobolarni endi topolmayman. Ular ortga qaytishmaydi. Xuddi oʻsha saraton kechasi yangligʻ takrorlanmasdir ular…
Nurmon bobo jimgina oʻrnidan turib, qorongʻulik bagʻriga singib ketdi. Imom bobo, e, bu odam boʻlmadi, boʻlmadi-da, deya gʻudranganicha toʻshakka burkandi. Sal oʻtmay xurrak otdi.
Nurmon bobo shovullab oqayotgan soy tarafga ketib boryapti. Atrofda salqin shabada esadi. Koʻkda yulduzchalar jimirlaydi. Daraxtlar tagida asalari qutilari oqarib koʻrinadi. Nurmon bobo chayla ostiga kirdi-da, kichkinagina boʻlib toʻshakka oʻrandi.
Tepada, juda yuksakda toʻlin oy beparvo suzib borardi.
Orziqul ERGASH
1985 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/galati-odam/