Gul bargidek toʻkilar dilim

 Oʻzimni yoʻqotdim

 

Men oʻzimni yoʻqotib qoʻydim,

Qogʻozlarni kuydirar soʻzim.

Olov ichra izlab yuribman

Uzun tunlar oʻzimni-oʻzim.

 

Koʻzlarimda sargʻaygan dunyo,

Boshimda kuz xazonlar sochgay.

Kipriklari osmonni goʻyo

Koʻtargan qiz koʻnglimni ochgay.

 

Dilim quvib yetolmagan gʻam

Sochlariga bogʻlanib qoldi,

Tuni bilan miltiragan sham

Qismatimdan imtihon oldi.

 

Gul bargidek toʻkilar dilim,

Barmoqlarin kaftimga bossam.

Koʻzlarimga sigʻmagan gulim

Quchogʻiga oʻzimni ossam.

 

Sarhush boʻlib chopsam bogʻida,

Gunohlarim domiga olsin.

Oy shivirlab chiqqan chogʻida,

U beshikka suyanib qolsin.

 

* * *

Chayqaladi samoda quyun,

Dilgir yelib kelar qoshimga.

Kunlarimni oʻgʻirlaydi tun,

Shivirlayman yurakdoshimga.

 

Sigʻmayapman, havo buncha dim,

Dunyo kuyuk qalbimga sigʻdi.

Yulduzlarga mahliyo edim,

Shamol kelib oʻrnimni yigʻdi.

 

Oʻng koʻksimga gurzi urar dil,

Maydalaydi topganlarimni.

Men oʻylayman tunlari nuqul,

Tikanzorda chopganlarimni.

 

Koʻk toqidan uziladi oy,

Motam tutar boshimda osmon.

Yulduzlarni koʻkdan, hoynahoy,

Otib chiqar yangragan azon.

 

Togʻ salobat toʻkib oʻltirar,

Sezganmikan koʻzda yoshimni?

Osmon koʻngli buzilib ketar,

Tongga urib olsam boshimni,

 

* * *

Tolganimni bildirdi yillar,

Qoyalarga qoqilib ketdim.

Meni eski ketmonim bilar,

Uni qancha sargardon etdim.

 

Parvozimga qoʻshildi parvoz,

Koʻkka otdim kuychi dilimni.

Sogʻinaman gohida biroz

Olislarda qolgan gulimni.

 

Choʻqqilarga intilgan chogʻim

Shamol nuqul yoʻlimni toʻsdi.

Daryo edi mening ustozim,

Bolaligim togʻlarda oʻsdi.

 

Figʻonimdan ado boʻldi tun,

Hilol tortdi gʻamgin kamonni.

Osmon yigʻlab imtihon qilgay,

Koʻzlarimda qotgan jahonni.

 

Piryaxtogʻ keksaydi

 

Piryaxtogʻ keksaydi: kaftida osmon,

Yulduzlar sochilib yotar qoshida.

Daryoning boʻgʻzidan otilgan azon

Borliqni uygʻotar qirlar boshida.

 

Otamning qiyshayib qolgan chaylasi,

Onamning mehridan uzilib qoldi.

Dunyoning shafqatsiz makru hiylasi,

Meni tanholikka tashlab yoʻqoldi…

 

Osilib yigʻladi qalbimda armon,

Chayqalar koʻzimda gʻamning quyoshi.

Ayrilib qolishdan qoʻrqaman har on,

Qaydasan umrimning sodiq yoʻldoshi?

 

Toʻnimni tun kabi yelkamga ildim,

Izimdan yolvordi maysalar mudroq.

Dardning changalida dardchil yugurdim,

Hayot soʻqmoqlari kutdi bechiroq.

 

Kiyiklar koʻksini ochdi havoga,

Kakliklar qiqirlab koʻnglimni buzdi.

Bobomning miltigʻi koʻmilgan joyga,

Oʻrgimchak oʻrlashib xarita tuzdi.

 

Azobga oʻt qoʻyar mastona dilim,

Umrimni quvlaydi izi yoʻq shamol.

Tunlari imlaydi meni betinim

Qorli choʻqqilarda mizgʻigan hilol.

 

Otam Xizr bilan chordana qurib,

Eski dostonini aylar tilovat.

Gʻamgin koʻzlarimga quvonch yugurib,

Uning ayvonida topdim halovat.

 

Qisirlab ketadi qisir daraxtlar,

Qogʻozga yogʻilar ayovsiz bayot.

Quyosh oʻlkasidan xabar keltirar,

Bahorni yoʻrgaklab yugurgan hayot.

 

AXTAMQULI

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/gul-bargidek-tokilar-dilim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x