(“Daftar hoshiyasidagi bitiklar”dan)
Uchrashuvlarda bir savolni koʻp berishadi:
“Oʻzingiz uchun eng qimmatli asar qaysi?”
Koʻpincha yarim hazil bilan javob qilaman:
“Mening ikkita eng qimmatli asarim bor: biri – oʻgʻlim, biri – qizim!”
Senlar va nabiralarim menga Xudo bergan eng bebaho boyliksizlar… Shu bois, diqqat bilan eshitinglar!
***
Bir narsani orzu qilaman.
Bu dunyoda men qilgan yaxshi ishlardan aqalli bitta koʻproq yaxshilik qilsang…
Bu dunyoda men qilgan xatolardan aqalli bitta kamroq xato qilsang…
***
Qush boʻlib osmonda uchma.
Toshbaqa boʻlib, yerda sudralma.
Daraxt boʻl! Boshing – osmonda, oyogʻing yerda boʻlsin!
***
Shijoatli boʻl. Biroq andishasiz boʻlma.
Andishali boʻl. Biroq shijoatsiz boʻlma.
***
Yomon bilan oʻchakishma. Esli odam oyogʻiga yopishgan axlatni qoʻli bilan tozalamaydi.
***
Ayolni kaftingda koʻtar, ammo boshingga chiqarma!
***
Nodonlar davrasida kar boʻl.
Donolar davrasida soqov boʻl…
***
“Oshsiz uy bor, urishsiz uy yoʻq”, deydilar. Oilangda janjal chiqsa, eng avvalo, farzandlaringni oʻylab ish qil!
***
Hech kimga yomonlik sogʻinma, hatto dushmaningga ham yomonlik tilasang, bir chekkasi oʻzingga qaytib keladi. Negaki, olam bus-butundir.
***
Ayol – gul. Erkak – bogʻbon. Sen gulni xor qilsang, uni oʻzga bogʻbon siypalaydi…
Erkak – bogʻbon. Ayol – gul. Sen bogʻbonga tikan sanchsang, u oʻzga gulni siypalaydi… Ikki oʻrtada sening mevang yetim qoladi. Xudo shundan asrasin!
***
Menga yuz marta ozor bersang, kechirishim mumkin. Onangga bir marta ozor bersang, kechirmayman: onang senga mendan koʻra yuz hissa koʻp mehr bergan!
***
Noningni yoʻqotsang yoʻqot, nomingni yoʻqotma!
***
Gʻururli boʻl, ammo dimogʻdor boʻlma.
Kamtarin boʻl, ammo xokisor boʻlma…
***
Oʻz ota-onasiga mehr bermaganlarning oʻz bolasidan mehr koʻrganini eshitganim yoʻq. “Qaytar dunyo” deganlari shu…
***
Ota mehri ona mehridan kamroq emas, faqat “yashirinroq” boʻladi.
***
Farzandlarim! Men bu oʻgitlarni yoza boshlaganimda senlar yosh bola eding. Xudoga shukr, mana, voyaga yetdilaring, oila qurib, farzandlar koʻrdilaring. Shu kungacha senlarning ortingdan “Falonchining bolasi falondaqa nomaʼqulchilik qilibdi”, degan taʼna-malomat eshitganim yoʻq. Iloyo, bundan buyon ham shunday boʻlsin. Bir burda nonini halollab yeydigan, vijdonli, imonli insonlar boʻlib yetishganlaring uchun Yaratganga shukronalar qilaman! Menga nima ezgu amallar qilgan boʻlsang, senlarga ham nabiralarimdan qaytsin! Men senlar bilan faxrlanaman!
Oʻtkir Hoshimov
https://saviya.uz/ijod/nasr/farzandlarimga-ogitlar/