El-yurtga, sheʼriyatga baxshida umr

2016 yilning ayni yozida Erkin Vohidov, kuzida esa Abdulla Oripovning oramizdan ketishi milliy adabiyotimiz, qolaversa, ozod yurtimiz uchun ogʻir judolik boʻldi. Oʻtgan XX asr ikkinchi yarmi – yangi asr boshlarida milliy adabiyotimiz, aniqrogʻi, sheʼriyatimiz rivoji, uning yetakchi tamoyillarini bu ikki ulkan shoir bisotisiz tasavvur etish aslo mumkin emas.

Bu ikki alloma ijodi haqida hayotligida koʻp iliq gaplar aytildi, yozildi, ayrim asarlari tevaragida qizgʻin bahs-munozaralar ham boʻlib oʻtdi. Har ikkisining ijod namunalari allaqachon maktab va oliy oʻquv yurti adabiyot darsliklaridan oʻrin olgan, asarlari qayta-qayta nashr etilgan, oʻzga tillarga tarjima qilingan.

Har ikki shoir ijodiy taqdirida ular taʼlim olgan, hozirda Milliy universitet deb ataladigan qutlugʻ dargohda shakllangan adabiy-ilmiy doira hamda ayni oʻsha kezlari yangi avlod ijodkorlarini oʻziga maftun etgan jasur adib Abdulla Qahhor muhitining oʻrni-ahamiyati beqiyosdir.

Ajab holat: oʻsha kezlari universitet filolog talabalariga dars bergan Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov kabi ustozlar ayni Abdulla Qahhor muhitining odamlari edi. Faqat Erkinjon, Abdullajon emas, oʻsha kezlari universitetda taʼlim olgan Saida Zunnunova, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Shukur Xolmirzayev, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Rauf Parfi, Oydin Hojiyeva kabi butun bir adabiy avlod ayni shu muhit farzandlari, dargʻalari, izdoshlaridir.

Abdullajondan boy adabiy meros qoldi. Hali uning ijodiy yoʻli, asarlari haqida koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Men bu yerda oʻzim bevosita shohid boʻlgan shoir shaxsiyati – undagi noyob isteʼdodning zamondosh ustoz adiblar tomonidan eʼtirofi, ayrim asarlarining yaratilish tarixi, millat maʼnaviyati ravnaqidagi beqiyos ahamiyati, kitobxonlar hayotidagi taʼsir kuchi xususidagi ayrim lavhalarni keltirib oʻtsam…

 

Jussadan katta yurak

1967 yil may oyining boshlari. Ilk hikoyalari bilan Abdulla Qahhor nazariga tushgan isteʼdodli yosh yozuvchi, kinorejissyor Uchqun Nazarov ustoz adib tavalludining 60 yilligiga bagʻishlangan hujjatli film ustida qizgʻin ish olib borayotgan kezlar. Filmning “Abdulla Qahhor ijodkor doʻstlari, shogirdlari davrasida” lavhasini, adibning iltimosiga koʻra, uning Doʻrmondagi bogʻ hovlisi yonida, yozuvchilar ijod uyiga kiraverishdagi ariq boʻyida, azamat argʻuvonu chinorlar soyasida suratga tushirish rejalashtirilgan edi. Belgilangan daqiqalarda, choshgoh payti suratga olish uchun taklif etilgan, adib koʻngliga yaqin olgan ijodkorlar jamuljam boʻldik. Aksiga olib, xuddi “Ming bir jon” hikoyasida tasvirlanganidek, koʻk yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz koʻyga solyapti. Charaqlab turgan quyosh birdan bulut orasiga kiradi-yu, tevarak-atrof xiralashadi. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar, hanuz gʻaflatda yotgan oʻt-oʻlanni, qumursqalarni uygʻotmoqchiday avvalgidan ham yorugʻroq, avvalgidan ham issiqroq shuʼla sochayotganday tuyuladi. Bunday manzaraning ham oʻziga xos tarovati, gashti bor. Biroq bu hol ochiq havoda suratga olish uchun noqulaylik tugʻdirar ekan. Bor-yoʻgʻi 5-6 minutlik lavhani lentaga tushirish bir necha soatga choʻzilib ketdi. Oʻrtadagi stol toʻrida bosh qahramon Abdulla Qahhor, atrofida esa kino “personaj”lari – Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, Oʻlmas Umarbekov, Ekin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Oʻtkir Hoshimov, Norboy Xudoyberganov, nihoyat, kamina qoʻr toʻkib oʻtiribmiz.

Roʻparadagi operatorlar qurshovida Uchqun quyosh bulut orasidan chiqib, tevarak-atrof charaqlashi bilan davradagilarga qarab “boshlaymiz” ishorasini qiladi-da, “Motor!” deya komanda beradi. Suratga olish boshlanishi bilan oftob bulut ostiga berkinadi-yu, Uchqunning “Stop!” degan oʻksik ovozi eshitiladi. Ijodiy jarayon toʻxtaydi. Soʻng erkin suhbat, hazil-mutoyiba, turfa hangomalar boshlanadi. Osmondan bulut arib, quyosh koʻrinishi bilan yana “Motor!”, soʻng boyagidek “Stop!” sadosi…

Bu holat, adashmasam, uch-toʻrt bor takrorlandi. Bu xil ovoragarchiliklar kinochilarni, birinchi galda, Uchqunni xijolatga, tashvishga solgani, kimlargadir malol kelayotgani aniq. Biroq bu oraliqlardagi davra gurunglari, xususan, adibning hazil-mutoyiba, luqmalari biz yoshlar uchun unutilmas saboq boʻlgan edi.

Orada yarim soatlik tannafus eʼlon qilindi. Koʻplar oyoq chigalini yozish uchun bogʻ oralab ketishdi. Abdulla Qahhor yonida Said Ahmad bilan Ozod aka, “gap oʻgʻrisi” boʻlib kamina birga qoldik. Shunda Said Ahmad aka davrada eng yosh, jussasi kichik shoir Abdulla Oripov haqida gap ochib: “Odatda katta yozuvchilar oʻz asarlari uchun muqaddas kitoblardan, nomi jahonga mashhur klassiklardan, xalq maqollaridan epigraf olardi. Abdulla aka, bu qanaqasi boʻldi, Siz “Oʻtmishdan ertaklar” qissangizga mittigina boshlovchi shoir Abdulla Oripov satrlarini epigraf qilib keltiribsiz”, – dedi andak quvlik bilan. Shunda ustoz biroz sukut saqlab, xayolga tolib, “Bu borada koʻp oʻylab koʻrdim. Oldinroq Abdullajon iltimosimga koʻra “Nurli choʻqqilar”ga epigraf uchun toʻrt satr sheʼr yozib bergan edi. Bu galgisi butunlay boshqacha boʻldi… Esimni taniganimdan beri meni qiynab kelayotgan, toʻrt yil ter toʻkib ifoda etmoqchi boʻlgan koʻnglimdagi gapni, gʻam-gʻussani Siz “mitti” shoir degan bu bala (ustoz “bola” soʻzini qoʻqonchasiga chiroyli shikasta ovozda “bala” deb talaffuz etardi) toʻrt satrda qoyil qilib aytib qoʻyibdi. “Munojot”ni tinglab” sheʼridan olingan oʻsha satrlar asarga oʻz-oʻzidan tayyor epigraf boʻlib kirib keldi:

 

Eshilib, toʻlgʻonib ingranadi kuy,

Asrlar gʻamini soʻylar “Munojot”.

Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga

Qanday chiday olgan ekan odamzot!

 

Bu satrlar goʻyo ayni “Oʻtmishdan ertaklar” uchun yozilganday. Qissa maʼno-mohiyatini – pafosini bundan aniqroq, yorqinroq ifodalaydigan boshqa bir soʻz topish mumkinmi?!” dedi.

Shu payt birdan quyosh bulut panasidan chiqib, tevarak-atrof yorishib-yashnab ketdi-yu, Abdulla Qahhorning bogʻidan bulbulning shodon ovozi eshitila boshladi. Adib bir dam sehrli sadoga gʻarq boʻlib turdi-da: “Bulbulning sayrashini, yangroq ovozini eshitmagan, undan zavq olmagan zot yoʻq. Ammo bulbulning oʻzini koʻrganmisizlar?”, deya savol tashladi. Said Ahmad aka koʻrganligini, Ozod aka ikkimiz koʻrmaganligimizni aytdik. Qishloqdagi hovlimizda bir tup qizil olma boʻlardi. Har yili bahorda gullaganida qoʻshaloq bulbul gullar chamani orasida hafta davomida basma-basiga toʻlib-toshib sayrashardi. Harchand urinmaylik, ularni koʻrolmasdik. Faqat men emas, oilamizdan hech kim koʻrmagan… Abdulla aka bosh barmogʻini koʻrsatib: “Bulbulning jussasi shu barmoqning uchiday keladi, – deya davom etdi. – Uning yuragi jussasidan oʻn barobar katta. Toʻlib, yurakdan sayraganida goʻyo dunyoni titratadi. Anavi “mitti” shoir “bala”ning yuragi ham jussasidan oʻn chandon kattadir-ov… “Mitti yulduz” kitobchasini varaqlab koʻring. Shu mitti shoir qalb tubidan sharsharadek otilib chiqqan satrlar qalblarni larzaga soladi. Hali koʻrasizlar, uning ovozi olis-olislarga yetib boradi…”

Oʻsha yili kuzda adibning oltmish yillik yubileyi oldidan Fargʻona vodiysi boʻylab safari boʻlib oʻtadi. Safarda adib istagiga koʻra Said Ahmad, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov qatori Abdullajon ham ishtirok etadi. Safar chogʻi qogʻozga tushgan ulugʻ ustoz haqidagi mana bu satrlar adabiy uchrashuvlarda oʻqilganda tinglovchilar olqishidan zallar larzaga keladi:

 

Yoʻllar ortimizda qolar edilar,

Dalalar qolardi cheksiz, betakror.

Nega ular cheksiz desam, dedilar:

Bu yerdan oʻtgandi Abdulla Qahhor.

 

Yoʻllar ortimizda qolar edilar,

Choʻqqilar qolardi yuksak va qator.

Nega ular yuksak desam, dedilar:

Bu yerdan ham oʻtdi Abdulla Qahhor.

 

Abdulla Qahhor vafotidan soʻng adibning umr yoʻldoshi Kibriyo opa uchun Doʻrmondagi bogʻ hovlisida yolgʻiz turish imkoni boʻlmay qoladi. Abdulla aka uchun nihoyatda aziz boʻlgan bu yigirma yillik maskanni kimga berish masalasi jiddiy jumboqqa aylanadi. Uncha-muncha odam bu bogʻ hovliga ogʻiz solishga botinolmaydi. Bir ulkan matematik akademik olim Kibriyo opaning iltimosiga koʻra muayyan fursat bu dargohda turadi. Oʻsha kezlari Kibriyo opa tez-tez tushida Abdulla akani qovogʻi soliq, tajang holda takror-takror koʻradi. Qarangki, oʻsha olim oilasi ham oʻzlarini noqulay sezib, nihoyat, bu xonadonni tark etishga majbur boʻladilar. Kibriyo opa xayolan – ruhan Abdulla aka bilan muloqot chogʻida uning roziligiga koʻra bogʻ qoʻrgʻonini ikkiga boʻlib, kattaroq boʻlagini adibning toʻngʻich shogirdi Said Ahmadga, kichikroq qismini eng kenja shogirdi Abdullajonga topshiradi. Oʻsha kundan boshlab Kibriyo opa kechalari tinch uxlaydigan, tushida Abdulla akani oʻsha tanish bogʻda oromkursiga suyanib, yuzida tabassum bilan xotirjam oʻtirgan holda bot-bot koʻradigan boʻladi…

Salkam qirq yil bu tabarruk maskanda ustoz ehtiromiga javoban bu munosib shogirdlarning undan-da buyuk ehtiromi davom etdi, ustoz yoqqan chiroq oʻchmay keldi. Bir chekkasi, ustoz ruhi madadi tufayli bu ikki allomaning bu yillarda ijodiy parvozi tobora yuksalib, shuhratiga shuhrat qoʻshildi.

 

“Sen – ulkan chiroq!”

Mashhur shoir va nosir Shuhratning Abdullajonga mehri nihoyatda baland edi. Yosh shoirga bagʻishlangan sheʼrida “Men oddiy bir shamman, sen – ulkan chiroq!” deb yozgan.

Shu oʻrinda ustoz va shogird orasida boʻlib oʻtgan ajib bir voqeani eslatib oʻtsam. Shuhratning 50 yillik toʻyi muayyan sabablarga koʻra andak kechikib, 1971 yilning boshlarida oʻtkaziladigan boʻldi. Yubiley komissiyasi raisi Izzat Sulton, Shuhrat aka, Abdulla Oripov va kamina – toʻrtovlon yubiley uchrashuvlarini oʻtkazish maqsadida Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari boʻylab safarga otlandik. Samarqand tashrifi toʻkin dasturxon atrofidagi shohona ziyofatlar, tantanavor qadah soʻzlari bilan boshlandi. Ertasi kuni pedagogika institutida adabiy uchrashuv oʻtkaziladigan boʻldi. Uchrashuv oldidan rais oʻz xonasiga meni maslahatga chaqirdi. Asosiy maʼruzachi sifatida zimmamdagi masʼuliyatni eslatdi. Safar oldidan Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati huzurida tor doirada kengash oʻtgani, viloyatlardagi uchrashuvlar chogʻi yubilyarni “asrash-avaylash”, koʻngilsiz holatlarning oldini olish, hozirgi siyosiy vaziyatdan kelib chiqib ish tutish zarurligi, chunonchi, Shuhrat repressiya qurboni boʻlgani borasida ogʻiz ochmaslik, “Oltin zanglamas” ustida gap borganida asar bosh qahramoni Sodiq fidoyi kurashchan kommunist ekaniga urgʻu berish, yaqinginada koʻp shov-shuvlarga sabab boʻlgan “Jannat qidirganlar” romani xususida esa indamay oʻtish maʼqulligi, nuqul Shuhrat haqida emas, Shuhrat ijodi bahona adabiyotimizning bugungi yutuqlari toʻgʻrisida gapirish lozimligi uqtirildi. Shu gaplarni Abdullajonga ham yetkazib qoʻyishim kerakligi aytildi…

Tabiiyki, bu gaplarni eshitib dovdirab qoldim, maʼruza rejalarim ost-ust boʻlib ketdi, shu sabab oʻsha kuni minbardagi gap-soʻzlarim uzuq-yuluq, hissiz, parishon bir tarzda kechdi. Boshqalarning nutqi ham xiyla rasmiy tusda boʻldi. Faqat Abdullajonning yoddan aytgan sheʼrlarigina anjumanga alohida ruh baxsh etdi.

Rejalashtirilgan uchrashuvlarning negadir hammasi oʻtkazilmadi. Uchinchi kuni choshgoh payti Shahrisabzga otlanish oldidan rais xonasida toʻplandik. Shuhrat aka asabiy vaziyatda oʻziga xos qatʼiyat bilan: “Izzat Otaxonovich! Men bu yerga ziyofat uchun kelgan emasman. Kitobxonlarim, xalqim oldida hisobot berish, ularning sheʼrlarim, yurak qonim bilan bitilgan romanlarim haqidagi dil soʻzlarini eshitish uchun kelganman. Agar safar shu ruhda davom etadigan boʻlsa, hoziroq uni toʻxtatamiz, Toshkentga qaytamiz!” dedilar. Uchovlon bir daqiqa sarosimada qoldik. Izzat aka darhol oʻzlarini oʻnglab olib: “Ortga qaytish yoʻq! Bizni Shahrisabzda kutishyapti. Soat beshda yubiley tantanasi boshlanadi. Yetib borishimiz kerak. Mashinalar kutib turibdi. Ketdik”, deya tashqariga otlandi. Noiloj u kishi ortidan ergashdik. Taxtiqoracha dovonidagi kuzatuv ziyofati sovuqqina oʻtdi. Qashqadaryolik mezbonlar tayyorlab qoʻygan mashinalarga joylashib yoʻlga otlandik. Oldingi mashinada Izzat aka bilan Shuhrat aka, keyingisida esa Abdullajon ikkovimiz xomush ketib boryapmiz. Oʻng tomonda oʻtirgan shoir xayol ogʻushida qish oxiri, ilk bahor nafasi endigina nishona koʻrsatayotgan manzaralarga nazar tashlaydi, pastlikda, togʻlar orasidagi sharqirab oqayotgan soyga tikilgan holda xayol suradi, lablari pichirlaganday boʻladi. “Umarali aka, – deya ogʻiz ochadi shoir, – boyadan beri kuzatib kelyapman, togʻlar qanchalik siquvga olsa, soy shunchalar shitob bilan olgʻa intilarkan. Shoirlar, ijodkorlar ham shunday…” Shunday dedi-yu, yana xayolga choʻmdi. Bir dam oʻtgach qoʻynidan yon daftarini chiqarib, uni tizzasiga qoʻygan holda nimalarnidir yozdi. Bir necha daqiqadan soʻng quyidagi satrlar bitilgan varaqni yon daftaridan yirtib olib, qoʻlimga tutqazdi:

 

Bulbul oʻgay erur zogʻlar orasida,

Yugurik suv oʻgay togʻlar orasida.

Muhabbat dardidan bemor qalblarimiz,

Oʻgay boʻlsak ne tong sogʻlar orasida.

 

Bizning hozirgi ruhiy holatimizni bundan-da aniq-tiniq, teran, eng muhimi, muxtasar tarzda gʻoyat taʼsirchan va goʻzal ifodalash mumkinmi? Toʻrtlik satrlari ustida oʻy suraman. Soʻz sanʼatining azaliy va mangu muammosi – jamiyat, muhit bilan chin isteʼdod orasidagi murosasiz ziddiyat, nafosatning nosogʻlom muhitga begonaligi, bulbulning zogʻlar orasida oʻgayligi – bu koʻhna jumboq qalblarni oʻrtaydi. Sheʼrda fandagi “begonalashuv” deb atalgan tushunchaning poetik muqobili tarzida “oʻgay” soʻzining qoʻllanishi noyob topilma sifatida kishini lol qoldiradi. Shuhrat aka bu satrlarni eshitsa, oʻqisa, qanday holga tushishini oʻzimcha tasavvur etib hayajonlanaman.

Dilimdagilarni ifodalashga munosib soʻz topolmay, toʻrtlik bitilgan varaqni indamaygina Abdullajonga qaytardim, biroq u olmadi. “Sizga esdalik. Sheʼr menga yod boʻlib qoldi. Keyinchalik uyga borganda yozib qoʻyarman, – deya soʻzida davom etdi. – Shu satrlarni Shahrisabzdagi uchrashuvda oʻqisam qanday boʻlarkan?” Men ayni muddao boʻlishini aytdim. Hozircha bu xususda hech kimga, jumladan, Shuhrat akaga ham ogʻiz ochmaslikka kelishdik. Bu sheʼr yubilyar uchun syurpriz – kutilmagan noyob sovgʻa boʻlajagiga ishonardik.

Shahrisabzda bizni karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. Qoʻllarida guldasta va adib kitoblarini tutgan kitobxonlar Shuhrat akani qurshab, undan dastxat olishga shoshilar, tashakkur soʻzlari, savollar yogʻdirar… Bu joʻshqin izdihom – adabiy anjumanni mezbon rahbar ayol boshqardi. Izzat aka ham, men ham ancha emin-erkin soʻzladik. Gal Abdullajonga keldi, Shuhrat aka sheʼriyati, romanlari haqida soʻzlab, soʻng yaqinginada dunyoga kelgan boyagi toʻrtlikni yoddan aytdi… 60-yillar “ikkinchi milliy uygʻonish davri” deb atalishi tasodifiy emas. Oʻsha yillari faqat adabiyotda emas, millat maʼnaviyatida ham uygʻonish yuz bergan, alomat bir nozik didli sheʼrxon-kitobxon shakllangan edi. Toʻrt satr qatiga jo etilgan shoir qalbi tugʻyonlari shundoqqina anjuman qatnashchilari qalbiga koʻchib, butun zalni larzaga soldi. Olqishlardan zal bamisoli zilzila holatiga tushdi.

Maroqli uchrashuvdan soʻng, odatga koʻra, ziyofatga yigʻildik. Birinchi boʻlib Izzat aka soʻz oldi. Kayfiyati chogʻ edi. Yayrab-yozilib, hazil-mutoyibalar bilan “Rais ham podshohday gap, uning soʻzi – amri vojib, – deya soʻz boshladi, – bugundan eʼtiboran hech qanday cheklov yoʻq, yubilyar haqida kimning koʻnglida nima gap boʻlsa, bemalol aytaveradi. Kemaga tushganning joni bir, bir boshga bir oʻlim, deydilar. Biror kor-hol boʻlsa, birgalikda javob beramiz…”

Shahrisabz uchrashuvi, xususan, anjumanda yangragan toʻrtlik satrlari safarimizda burilish yasadi – sehrli soʻz oʻz kuchini koʻrsatdi, hammani hushyor torttirdi, oʻrinsiz hadiklarga chek qoʻydi. Qarshi, Buxoro, Shofirkondagi uchrashuvlar ayni shu ruhda joʻshqin oʻtdi; Shuhrat, uning mardona hayot yoʻli, ijodiy jasorati haqida bor gaplar baralla aytilaverdi, eng muhimi, buning uchun hech kim jabr koʻrmadi, hech qanaqa kor-hol yuz bermadi…

 

Tafakkurga taʼsir etgan sheʼriyat

Shoʻro zamonida Vatan, milliy gʻurur – iftixor tuygʻusi ustida soʻz ochish nihoyatda mushkul jumboq edi. Bu hol “katta gunoh”, “milliy mahdudlik”, “aksilshoʻroviy harakat” sanalar edi. Ana shunday mashʼum zamonlarda ham Choʻlpon, soʻng Oybek, Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Mirtemir singari ulugʻ siymolar ijodda yoʻlini topib Vatanni ulugʻlashda davom etdilar. Abdulla Oripov hamda uning safdoshlari sheʼriyatimizdagi shu qutlugʻ anʼanani munosib tarzda davom ettirdilar. Dadil aytish mumkinki, yangi bosqichga koʻtardilar. Ayni oʻtgan asrning 60-yillarida dunyo yuzini koʻrgan Erkin Vohidovning “Oʻzbegim”, Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” sheʼriy qasidalari faqat bu ikki shoir ijodida emas, XX asr milliy sheʼriyatimizda ulkan voqea boʻldi. Har ikki sheʼrda xalqimizning ming asrlar ichra pinhon boʻlib yotgan shonli tarixi, jahon sivilizatsiyasi ravnaqida tutgan beqiyos oʻrni haqidagi otashin satrlar millionlab vatandoshlar qalbidan oʻrin oldi. Bunday yorqin satrlar mustabid tuzum hukmdorlarini sarosimaga solgani ayon, ammo ular otashin satrlar salobati oldida bu ikki qasidaga qarshi chiqishga botina olmadilar.

Shoir oʻtgan yillar davomida yana ona yurt manzaralari, vatandoshlar gʻami ifodasiga bagʻishlab koʻplab yoniq satrlar, bevosita Vatan mavzusini butunlay yangicha yorituvchi “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni”, “Ona sayyora”dek benazir sheʼrlar bitdi. Bular haqida koʻp va xoʻb yozildi, yozilmoqda.

Ana shu sheʼrlariga xos noyob fazilatlar shoirning keyingi yillar ijodida ham davom etdi, yangidan-yangi jihatlar bilan boyib bordi. Ne baxtki, necha oʻn yillar davomida el-yurt qaygʻusi, uning erki, chin ozodligi orzusi bilan yongan shoirimiz istiqlol eʼlon etilgan kunda “Adolat oftobi” sheʼrini yozib, xalqimizni “Necha yillar orziqib kutgan kunlar keldimi”, “Oʻz qoʻlingga olganing – yalov senga muborak”, deya qutladi, muhimi, bu sheʼr ilk bor Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov yurt mustaqilligini eʼlon etgan Oliy Kengash minbarida turib oʻqildi. Shoir faqat qutlov soʻzlari bilan cheklanmay, xalqini ogohlikka, bu tengsiz saodatni balo-qazolardan asrashga chorladi:

 

Unutmagin va lekin, oldda bor hali yotlar,

Qadamingni poylaydi, ochkoʻz, yuho ne zotlar,

Shoh suribsan, injima, gʻingshisa agar motlar,

Yelkamizga oftobning tekkanligi rost boʻlsin,

Oʻzbekning oʻz niholin ekkanligi rost boʻlsin.

 

Oʻsha kungi anjuman toʻgʻridan-toʻgʻri televideniye orqali koʻrsatilgan edi. Shoirning tabarruk minbardan turib hayajon bilan oʻqigan otashin satrlari sadosi hamon qulogʻim ostida jaranglaganday boʻlaveradi.

Ne baxtki, mustaqil mamlakatning Davlat madhiyasi sheʼriy matnini yaratish ham ayni el-yurtning shu otashin kuychisiga nasib etdi. Milliy madhiyamizning Abdulla Oripov qalamiga mansub sheʼriy matni mustaqil mamlakat, ozod xalq ruhi, shon-shavkati, faxr-iftixori, orzu-intilishlarining chinakam ifodasi ekani bilan qimmatlidir.

“Oʻzbekiston” qasidasidan boshlangan el-yurt taronasi Madhiyada eng avj pardalariga koʻtarilib, mustaqil mamlakat – kelajagi buyuk davlatning ramzlaridan biriga aylandi.

 

Mehribon ota, jonkuyar bobo

Gapning ochigʻi, shoirning talabalik yillaridan boshlab 70 yoshga yetgunga qadar u bilan, asosan, ijodiy safar, davralarda birga boʻlganman, uning shaxsiy-oilaviy muhitini yaqindan bilmasdim. Taqdirning taqozosi bilan keksayganda Abdullajon oilasi bilan qarindosh boʻlib qoldik. Mening bojam, adabiyotshunos Begali Qosimovning kenja oʻgʻli Shohrux Abdullajonning kenja qizi Ruxsoraga uylandi (Rahmatli Begali Qosimov bilan Abdulla Oripov talabalik yillaridan qadrdon doʻst edi. Ularning doʻstligi qarindoshlik maqomiga koʻchdi). Shu tufayli oilaviy yaqinlik, oʻzaro bordi-keldilar boshlanib ketdi. Abdullajonni shaxs sifatida butunlay yangidan kashf etdim. Doimo ijod gʻami, shavqi bilan yonib yurgan, umrining soʻnggi damlariga qadar qoʻlidan qalami tushmagan noyob isteʼdod sohibi ayni paytda oʻta oilaparvar, farzandlariga mehribon ota, jonkuyar bobo ekan. Shohruxu Ruxsoraxondan dunyoga kelgan ikki oʻgʻlonlarining kattasiga Mironshoh, kichigiga Oybek deb Abdullajonning oʻzi ism qoʻyib bergan. Bu ikki nabirasini loaqal haftada bir bor koʻrmasa turolmasdi, yo ularni Doʻrmondagi uyiga chorlar, yoki oʻzi borib, shirinligu oʻyinchoqlar bilan siylab erkalab ketardi. Bolakaylar ham bobosini qoʻmsab betoʻxtov Doʻrmon tomon talpinardi. Qarangki, Abdullajon Amerikada davolanayotgan chogʻi (vafotidan bir kun oldin) qoʻl telefoni orqali Shohruxning onasi bilan, soʻng ikki suyukli nabirasi bilan yarim soat yayrab gurunglashgan. Nabiralari uchun olib qoʻygan “amirkon” etikchalarni telefon ekranida namoyish etib, yaqin orada uyga borganida oʻz qoʻli bilan ularga hadya etajagini vaʼda qilgan…

 

Abdullajon bilan soʻnggi suhbat

Abdullajon qalamkash, maslakdosh safdoshlariga bir umr ehtirom ila munosabatda boʻlgan. Shu yil avgust oyida “Doʻrmon” ijod uyida uyushmaning anjumani boʻlib oʻtdi. Majlislar zaliga kiraverishda Abdullajonga duch kelib qoldim. Yoʻl-yoʻlakay gurunglashib bordik. Shunda u Erkin Vohidov haqida yaqinginada chop etilgan salmoqdor toʻplam – “To quyosh sochgayki nur. Erkin Vohidov: hayoti va ijodi zamondoshlari nigohida” kitobi haqida soʻz ochib, “Uni koʻrdingizmi?” deya meni soʻroqqa tutdi. Men bu kitob bilan allaqachon tanishib chiqqanimni, u haqidagi quvonchlarimni izhor etdim, oʻz navbatida, majmuadagi ilk maqola, suhbatdoshim Abdulla Oripov qalamiga mansub “Oltin isteʼdod”da shoirga berilgan beqiyos baho – “Qadrdonim va safdoshim Erkin Vohidov chinakam oltin isteʼdod sohibidir. Shoirimizning ovozini boshqa biror qalamkash takrorlashi sira mumkin emas. Alloh taolo ijodkorimiz qoʻr toʻkib oʻtiradigan kursisini oʻzi bilan birga qoʻshib yaratgan. Erkin Vohidov oʻz ijodi bilan adabiyotimiz tarixida sobit turgan shaxsdir”, degan beqiyos bahosini yodga oldim. Shunda u xiyol jilmayib: “Erkin aka shunday taʼrif-bahoga arziydi-da. Afsus, shunday beqiyos siymo bugun oramizda yoʻq”, deb qoʻydi,

Abdullajon toʻlib turgan ekan, shekilli, anjumandagi nutqining katta qismini Erkin Vohidovning yorqin xotirasiga bagʻishladi. Bu nutq ulkan shoirning rasmiy anjumandagi soʻnggi soʻzi, bir umrlik maslakdoshi haqidagi soʻnggi dil izhori, nidosi, vidosi boʻlib yangradi.

Shunda men bu noyob isteʼdod sohibining butun umri, hayoti davomida oilasi, yaqinlari qatori ustozlari, qalamkash doʻstlariga sadoqati, ehtiromi cheksiz ekaniga yana bir karra iqror boʻldim.

Azizlar, yuqorida yozganlarim buyuk shoir, alloma shaxs-inson Abdullajon haqida koʻrgan-bilganlarimdan bir-ikki shingil lavhalar, xolos. Nasib qilsa, shoir haqda xotiramda qalashib yotgan bundan-da ajabroq voqea-esdaliklarimni qogʻozga tushiraman.

 

Umarali Normatov,

filologiya fanlari doktori, professor.

 

2016 yil noyabr

 

“Yoshlik”, 2016-11

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/el-yurtga-sheriyatga-baxshida-umr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x