* * *
Sentyabr tigʻ urdi avgust ortidan,
Yaproqlarga sachrab ketdi qon.
Holsizlangan quyoshni sudrab,
Ketib borar edi saraton.
Kuyib kuylar edi xotima kuyin,
Atirgul shoxidan ketolmagan qush.
Navodek havoga ketolmam singib,
U yogʻi xayol va u tomoni tush.
Qayta kelaverar armonlar yodga,
Oʻtmishga intilib tasavvur halak.
Tirama tigʻiga urar oʻzini
Saraton qoniga belangan yurak.
* * *
Kelma!
Sogʻinchni oʻldirar sening tashrifing,
Diydorga toʻyishdan qoʻrqaman, kelma.
Kelma!
Hijronning ovchisi boʻlgan visolga
Oʻljasin berishdan qoʻrqaman, kelma.
Kelma!
Tugʻilmagan sheʼrlar tugʻilsin hali,
Uvolga qolishdan qoʻrqaman, kelma.
Kelma!
Bir olam baxt bilan kelarsan, kelsang,
Men baxtli boʻlishdan qoʻrqaman, kelma.
Kelma!
Mana shu dard bilan, gulim, tirikman,
Davodan oʻlishdan qoʻrqaman, kelma.
* * *
Derazadan termilar titrab,
Yomgʻirlardan shalabbo kecha.
Javdirab qaraydi xonaga, ammo
Kirolmaydi chiroqdan choʻchib.
Men-chi, yetolmayman uyquga tomon,
Har kecha ming azob kechib boraman.
Sogʻinch bu tugundir, mutolaa – yechim,
Har tunda ming tugun yechib boraman.
Na kitob yopilar, na yomgʻir tinar,
Kecha tentiraydi ust-boshi ivib.
Sahar yaqin,
soʻnggi varaqda
Kipriklarim borar ilinib.
Va nihoyat chirogʻim oʻchdi,
Sogʻinch koʻchar tushga oʻksinib.
Kecha kirar xonamga asta,
Tong kelguncha olar isinib.
* * *
Qor misoli kaftingga qoʻndim,
Erib ketdi kafting taftimdan.
Tisarilding,
axir bilmasding,
Qorning choʻgʻdek yonishin, erkam.
Men yonardim,
sen hayron eding,
Hadik ichra yumding koʻzingni.
Koʻz oʻrgangan, yurilgan oʻsha,
Yoʻllar tomon burding yuzingni.
Ketayapsan,
yonayapman men,
Ortingda qor – oppoq alanga.
Olding sovuq – yogʻayapti qor…
Ishonch bilan boqding oʻshanga.
Ranjimagin, yonarkan deya,
Ketavergin sen oʻsha izdan.
Ranjimayman,
dunyoning sovuq
Qorlariga koʻnikkan qizdan.
* * *
Xazon yomgʻirida kezganmisiz,
xayol yomgʻirida jiqqa hoʻl boʻlib.
Armon olis, osmon yaqin –
sezganmisiz,
xazonlar kuylashin dilga joʻr boʻlib.
Agar kezsangiz,
oʻzni unuting.
Dunyoga koʻz tiking xazonlar osha.
Bir zum osmon boʻling,
bir zumga zamin,
bir zum yomgʻir boʻlib yashashni boshlang.
Xazon boʻlib koʻring yerga toʻsh bosgan,
bulbul navosida dilni qiymalang.
Yalpiz boʻling bir zum kuz fasli oʻsgan,
soʻlmoq jafosidan toʻyib yigʻlagan.
Tuymoq bu yaradir,
sezmoq – ezilmoq,
shu yoʻl azob berar va berar malham.
Faqat oʻzingizga qaramang,
oʻylamang oʻzni,
bitta hayotida yashayotgan odam.
Agar qarasangiz chidamoq dushvor,
bir dilga ming bitta azob solasiz.
Bitta tan, bitta jon, bitta hayotda
baxtli yashashingiz sezib qolasiz.
* * *
Xayolimni ushlolmayapman,
bir goʻshadan kelmaydi beri.
U goʻshada bir qiz uxlaydi,
xayolini tushga oʻgirib.
Uyqumni tun berkitib qoʻygan,
topolmadim qancha axtarib.
U goʻshada bir qiz uxlaydi,
uyqusini husniga chayib.
Yuragimni men topib oldim,
varaqlarga koʻmilmish gʻarib.
U goʻshada bir qiz uxlaydi,
unayotgan dardim sugʻorib…
Najmiddin ERMATOV
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/dunyoga-koz-tiking-xazonlar-osha/