“Inson yoʻli uzun emas. Har bir inson yoʻlining soʻngida bir uyum tuproq bilan belgi qoʻyishadi. Ammo hech kim oʻsha bir uyum tuproqni oʻz qoʻllari bilan uya olmaydi. Buni boshqalar oʻzlarining behad parishon xotirliklaridan saqlanish uchun ado etadilar. Inson oʻz yoʻli soʻngida qoʻyilgan bu belgidan boshqa hamma toʻsiqlardan oʻta oladi”.
Chori Avaz bu soʻzlarni oʻzining “Nasaf” nashriyotida bosilgan “Baxtiyorlik shu emasmi?” nomli esselar kitobi muqovasining orqasiga yozgan ekan. Bu soʻzlarni izohlash, har xil taxminlar qilishning keragi yoʻqdir, deb oʻylayman.
Har gal uni eslasam koʻnglim yorishib ketadi. “Chori men uchun doimo tirik, oʻlmagan”, degan kitobiy gaplarni aytmoqchi emasman. Yoʻq, juda yaxshi bilamanki, u endi yoʻq. Bu kamsuqum, kamgap va kamtarin doʻstim hanuz meni ayaydimi, uyqumni buzishdan uyalgandek hatto tushimga kirmaydi.
Biz dorilfununda birga oʻqidik. Keyin bir nashriyotda birga ishladik. Oʻn ikki yil haqiqiy tugʻishganlardek doʻst boʻldik.
Bundan toʻqqiz yil avval buyragim ogʻrib, qattiq azob bera boshladi. Chori uch kungacha har kecha yonimda oʻtirdi. Har gal oʻzimga kelib koʻzimni ochsam, uning indamay kitob oʻqib oʻtirganini koʻrardim. Fargʻonaga borib davolanmoqchi boʻldim. Chori meni qishloqqacha kuzatib bordi. Darrov doʻstlar, qarindosh-urugʻlar yigʻilishdi. Daladan kechroq qaytgan amakimga Chorini tanishtirdim. “Ha-a, – dedilar amakim, – bizning oʻqishdayam qarshilik zoʻr yigitlar bor edi. Besh yil aka-ukadek yurganmiz”. U kishining “besh yillik oʻqishi” nimaligini bilganlar miyigʻida kulib qoʻyishdi. Chori esa faqat oʻziga xos soddalik bilan: “Qaysi institutni tugatgansiz, amaki?” deb soʻradi. “E, Chorivoy, bizzi oʻqishlar havas qiladigan emas, – dedilar amakim, – u yoqqa kirish uchun bitta odamga shikast yetmasa boʻlmaydi”. Chori izoh kutib menga qaradi. Men kulib tushuntirdim: “Qamoqni aytyaptilar”. Shu-shu, qachon qamoqdan gap chiqsa: “Aʼzamning amakisi oʻqigan institut”, deb qoʻyardi.
Oʻshanda Chorining qistovi bilan ozgina davolanib, tuzalib ketdim. Buni qarangki, Chorining oʻzi aynan buyragi shamollab, vafot etdi.
Beshinchi kursga oʻtganimda, vaqtida kelib, yotoqxonadan joy ololmadim. Bor-yoʻgʻim – daftar, koʻylak, tish choʻtka, sovun va sochiqdan iborat boʻlib, ular bir diplomatga sigʻardi. Peshingacha dars, keyin to yarim kechagacha choʻziladigan “tushlik” bilan ovora boʻlardim. Eng oxirida kim bilan oʻtirsam, oʻshanikiga ketardim. Har uch kunda Chorining xonasiga “mehmonga” kelardim. U mening bu xil betayin yurishlarimdan ham zavqlanardi. Bir kuni diplomatim shundoq eshik tagida qolib ketibdi. Chori uni olib menga qaradi-da: “Kvartirangizning oʻrinini almashtirib qoʻysam, maylimi?” dedi kulib. U juda kamdan-kam kular, hazillashmasdi. Har zamonda diplomatimni chertib: “Aʼzamjon uydami?” deb qoʻyardi.
Bugungi kunda “navqiron sheʼriyatimizning eng isteʼdodli vakili” sifatida tilga olinadigan bir yigit Chori bilan birga oʻqigandi. Chori undan sheʼrlarini oʻqib koʻrish uchun soʻrabdi. U esa: “Qoʻlyozma nashriyotda. Kitobim chiqsa, oʻqiyverasiz”, debdi. Chori uning kitobi bosilishidan suyunib: “Yaqin orada chiqadiganmi?” deb soʻrabdi. “Ha, sakson beshinchi yilda”, deb javob beribdi shoir. Bu suhbat saksoninchi yilda boʻlgan. Aslida Chori juda kechirimli inson edi, lekin oʻzidan besh-olti yosh kichik bu yigitning oʻshanda uni masxara qilganini hech kechirolmagandi.
“Omon-omon zamoni” endi boshlangan paytlarda, ilgari markazqoʻmning maʼsul xodimi boʻlgan bir shoir idoramizga kelib yarim soat partiya va hukumatning tomorqasiga tosh otdi. Ensamiz qotsa-da, eshitib oʻtiraverdik. Bir ozdan soʻng xonaga Chori kirib keldi. Sobiq amaldor juda “avjiga” chiqqandi. Uni yaxshi tanimagan odam haqiqiy millatparvar, chinakam vatanparvar deb oʻylashi aniq edi.
– Shoshmang, – dedi Chori birdan, – shu gaplarning birortasini nega tepada ishlab yurganingizda aytmagansiz?
U qizarib-boʻzarib ilgariyam hur fikrli boʻlganini isbotlay ketdi.
– Aʼzam, yuring, sizda gap bor, – dedi Chori unga quloq solmay.
Men qutulganimga shukr qilib, Choriga ergashdim.
– Nimaga unga quloq solib oʻtiribsiz? – dedi Chori ayvonga chiqqanimizdan soʻng.
– Yaxshi gaplarni aytayotgandi, – dedim men. – Nihoyat buyam tuzalibdi deb, suyunib oʻtirgandim-da.
– Hecham tuzalmaydi! – dedi Chori.- Yana bir amalga mingunicha xolos, bularning dovyurakligi. Hali koʻrasiz.
Bu gap keyin koʻp marotaba isbotlanganini aytib oʻtirmasam ham boʻlar.
Chori kichik muharrir boʻlib ishlardi. Mualliflarga qalam haqqi berish uchun hamma hujjatlarni u tayyorlardi. Bir kun telefon jiringlab qoldi. Goʻshakni olsam, nashriyotlardan birining bosh muharriri ekan. Chorini soʻradi. U ishlaydigan joyda Chorining ilk kitobi besh yildan buyon harakatsiz yotgandi. Oʻsha boʻyicha soʻrayotgandir deb oʻyladim-da: “Kattakon soʻrayaptilar. Ishlar yurishibdi shekilli”, dedim. Chori goʻshakni oldi. Quloq solib turibman.
– Yoʻq, hali oʻtkazolmadik, – dedi Chori. – Yoʻq, ataylab qilayotganimiz yoʻq. Joʻnatamiz pulingizni. Muharririmiz ayrim qogʻozlarni toʻldirib bersa boʻldi. Ha. U kishining oʻgʻli vafot qildi… Biron haftalarda kelsa kerak. Xoʻp, mayli.
Chori goʻshakni qoʻydi-da, indamay tashqariga chiqib ketdi. Orqasidan chiqsam, ayvonda chekib turibdi. Yuzi boʻgʻriqqan, asabiy.
– Ha, nima boʻldi? – deya soʻradim.
– Odamzot qiziq ekan-da, – dedi Chori hazin ovoz bilan. – Anovining kitobi hali bosilib boʻlgani yoʻq, qalam haqqini talab qilyapti. “Muharrir qani?” deydi. “Oʻgʻli vafot etgan, oʻz yurtiga koʻmish uchun ketgan”, desam: “E-e, qachon kelar ekan?” deydi nomard! “Xudo rahmat qilsin!” – demaydi.
Oradan koʻp oʻtmay oʻsha odam mehr-oqibat, dinu diyonat haqida ketma-ket maqolalar eʼlon qila boshladi. Chori ularni menga koʻrsatib: “Xudo rahmat qilsin!” deya achchiq kulib qoʻyardi.
U birovlar uchun ham uyalar, azoblanardi.
Chori ishga har kuni oʻz vaqtida kelar, tinmay ishlardi. Shaxmat yo tennis oʻynagani sudrasam, faqat tushlik tanaffus paytida yo ishdan keyingina rozi boʻlardi.
“Chori Avaz – oʻlimidan ibrat olsa boʻladigan yigit edi, – deydi islomiy olim Muqim Hijron. – U kam kular, bekorchi hazil-huzuldan yiroq, mehnatkash, kamgap va kamtarin inson edi”.
Darhaqiqat, shunday. U haqda aytadigan gaplarim, xotiralarim juda koʻp. Ayrimlarini endi eslay boshlasam, uning vafot etganligi haqidagi hali eskirmagan haqiqat esimga tushib, gangitib qoʻyadi va chalkashib ketaman.
Bu eʼlon qilinayotgan sheʼrlar – Chori Avazning daftarida qolgan satrlaridir. Ularni men shoirning rafiqasi – Zebodan oldim. Oʻqib oʻtirib uning naqadar dilbar shoir ekanligiga yana bir karra ishondim. Ularni oʻqiganlar doʻstimizni xolis bir duo qilib qoʻysalar, behad shod boʻlardik. Mabodo bizniki zoye ketsa, ularning duosi mustajob boʻlar, inshoolloh!
Aʼzam Oʻktam
“Sharq yulduzi”, 1993, №3-4, 63-65 betlar
(Bu maqola Chori Avazning jurnalda eʼlon qilingan
turkum sheʼrlari uchun yozilgan)
https://saviya.uz/ijod/nazm/dost-haqida-soz/