Bosgan izi boʻston edi

Mumtoz qoʻshiq shinavandalari sohir ovoz sohibi, Oʻzbekiston xalq hofizi Maʼmurjon Uzoqovni yaxshi bilishadi va yaxshi koʻrishadi. Shunday zabardast hofizning shaxsiy hayoti, oiladagi oʻzaro muomala-munosabati, farzand tarbiyasidagi oʻrni haqida bilish ham koʻpchilik uchun qiziq. Hofizning qizi Zuhra Uzoqova ana shular haqida soʻzlab berdi.

 

ULGʻAYISH

Dadam – Maʼmurjon Uzoqov 1904 yili Margʻilon shahrida boʻzchi oilasida dunyoga kelgan. Bolalikdan umri mehnat bilan oʻtgan, u paytlar maktabga borish qiyin boʻlgan; yetishmovchilik, ogʻir hayot tufayli samovarda choyxonachiga yordam berib yurgan. Bu yerga katta-katta hofizlar, askiyachi va boshqa sanʼatkorlar yigʻilishgan. Dadam garchi oʻqish, yozishni bilmasa-da, eshitish qobiliyati kuchli boʻlgani bois, xonandalar aytgan qoʻshiqlarni darrov yod olib, oʻzlaricha xirgoyi qilib yurgan. Keyin Margʻilondagi xalq teatriga bolalar rolini ijro etishga chaqirishgan. Oʻshanda Joʻraxon Sultonov dadamni yonlariga olib, qoʻshnafaslikda kuylay boshlashgan.

Dadam uylanib, Masturaxon opamizdan keyin farzand koʻrmagan. Oʻsha paytlar viloyatlardan qobiliyatli yoshlar markazga jalb etilgan. Dadam bilan birga Nabi Rahimov, Lutfixonim Sarimsoqova, Saodat Qobulova ham Toshkentga kelishgan. Dadam Muqimiy teatriga ishga kirgan. Katta buvimiz (M. Uzoqovning birinchi oilasi) Margʻilonda qolgan. Bu vaqtda Masturaxon opamiz 14-15 yoshga kirib qolgan boʻlib, dadamning doʻstlari “Bitta farzand bilan oʻtasanmi, uylan”, deb maslahat solishgan. Lekin dadam katta buvimizning yuzidan oʻtolmagan ekan.

Keyinchalik bizning onamizga uylanganida hali 19 yoshga ham toʻlmagan onam pillachilik brigadasida ishlagan, brigadir ham boʻlgan. Opam tugʻilganda dadam 40 yoshda boʻlgan. Soʻng Toshkentga kelishgan. Bir yarim yildan keyin Muhammadjon akam, keyin biz Hasan-Zuhra, oxirida Zahroxon singlimiz dunyoga kelgan. Qachon Margʻilonga borsak, katta buvimiz, dadamning birinchi xotinining uyiga borib turardik. Ayam katta buvim bilan opa-singil boʻlib yashashgan.

 

TOSHKENTDAGI HAYOT

Toshkentda Eski shaharning Kallaxona mahallasida yashaganmiz. Hovli kichkina boʻlgani sababli ichkaridagi uylarni “qorongʻu uy” derdik. Ayam mehnatkash edi, kaftdekkina yerdayam echki, qoʻy boqardi.

Dadam bizga mehribon edi. Nojoʻya harakatlar qilganimizdayam biron marta urishib-soʻkkanlarini koʻrmaganman. Yetti yoshimda velosipeddan qochaman deb, mashina urib ketganida dadam rosa yigʻlagan ekan.

Ayam kun boʻyi roʻzgʻor ishlari, farzandlar bilan ovora boʻlganidan baʼzida zerikib qolar, shunda dadam koʻnglini koʻtarish uchun: “Teatr koʻrgingiz kelyaptimi, mana men-da sizga teatr, hozir spektakl koʻrsataman” deb, ayamlarning koʻylaklarini kiyib, boshiga roʻmolni durra qilib oʻrab olib, tomosha qoʻyardilar. “Tohir va Zuhra” spektaklidan “Ey, quyosh”larni aytib berardi. Hayotlari qiziqarli oʻtgan, oʻrtada janjal boʻlmagan.

 

SAHNAGA KOʻTARIB OLIB ChIQISHGAN

Dadam jonli ovozda kuchli qoʻshiqlar kuylagani bois qon bosimi doimo baland boʻlardi. Insult boʻlib bir tomonlari ishlamaganini es-es bilaman. Gapira olmasdilar, lekin chehralaridan kulgi arimasdi. Farzandlarining baxtigami, xullas, sogʻayib ketgan. “Odamlar meni koʻrish, ovozimni eshitish uchun keladi, ularga kasalligimni koʻrsatmasligim kerak”, derdi. Abulqosim aka Toʻychiyev boʻylari baland, gavdali kishi edi, dadamni koʻtarib sahnaga olib chiqib, stulga oʻtkazib qoʻyardi. U paytlar mikrofon boʻlmagan, zal toʻla odam, dadam bir taraflari yaxshi ishlamasa-da, stulda oʻtirgancha qoʻshiq kuylardi.

Baʼzida odamlar “El-yurtga tanilgan sanʼatkorsiz, farzandlaringizdan qaysi biri ortingizdan ketadi?” deb soʻrashsa dadam: “Muhammadjondan qoʻshiqchi chiqmaydi, uning tanglayi yaqin. Hasanboyniki esa chugʻur, undan qoʻshiqchi chiqadi”, derdi. Vaholanki, taqdir taqozosi bilan akam katta sanʼatkor – ham qoʻshiqchi, ham aktyor boʻlgan, Hasanboy uyatchanligi bois xonanda boʻlmadi.

Dadamning konsertga kiyib boradigan kiyimlari alohida boʻlardi. Ayam: “Uydayam kostyum-shim kiyib yurasiz-ku, shu kiyimda ketavermaysizmi?” desalar, “Sahna shunaqa ulugʻki, unga bepisandlik qilishga haqqimiz yoʻq. Qishloqlarga boramiz, baʼzilarida klub ham yoʻq, lekin odamlar sanʼatkorni ulugʻlab, oddiy taxtadan sahna yasab qoʻyishadi. Ularki bizni shunchalik ulugʻ bilib, oʻzidan bir pogʻona yuqori qilib qoʻyibdi, nega shunga munosib kiyinmasligim kerak?” derdi.

Oʻsha gaplar bizga tarbiya maktabi boʻlgan. Dadam “unday qilinglar, bunday qilmanglar” demagan, lekin yurish-turishlari, oilaga, farzandlarga, onamizga, ayollarga, sanʼatga munosabatlari biz uchun tarbiya maktabi vazifasini oʻtagan.

 

MARGʻILONGA KOʻChISH

1961 yili Margʻilondan yer berishgach, dadam uch uy, bitta dahliz solgan. Toshkentda ikkita shkaf, ikkita karovatimiz boʻlardi, Margʻilonga borgach, bitta divan va kreslo qoʻshilgan. Bor boyligimiz shu edi. Oʻsha paytlar doʻkonda uch-besh soʻmga tilla zirak sotilgan, lekin birontamizning qulogʻimizda tilla zirak boʻlmagan. 1969 yilda meni uzatishgan boʻlsa, oʻsha paytgacha oddiy shtapel koʻylak kiyib yurganman. Faqat hayit bayramida ayam atlasdan koʻylak-lozim tikib bergan. Boylikka, mol-dunyoga berilmaganmiz, dadam ham doim oddiy doʻppi kiygan. Ularning bor boyliklari oilamizdagi oʻzaro cheksiz muhabbat edi. Dadam, umuman, manmanlikni bilmagan, odamlarga mehri boʻlakcha edi. Kambagʻal oilalar toʻyga aytib qolishsa, hech qachon “yoʻq” demagan. Xizmatlarini qilib, toʻydan tushgan pulni toʻy egasiga tashlab ketgan.

 

“FARZANDLARIMNING TOʻYINI KOʻRISH NASIB ETARMIKAN?”

Dadam olamdan oʻtganida 13 yoshli qizaloq edim. Oʻshanda konsert bilan Samarqandga borib kelib qon bosimi koʻtarilib ketgan. Margʻilonga kelganidan keyin yana toʻyga olib ketishgan, oʻsha yerda yiqilgan ekan. Keyin “Tez yordam” chaqirishgan, lekin kasalxonaga yotmagan, uyda davolangan. Bir kuni Margʻilonga hozirgi Milliy teatr jamoasi gastrolga borgan. Ular har kelganda uyimizda mehmon boʻlishardi. Ayam oʻshanda bir oʻzi qanday qilib shuncha mehmonga dasturxon yozib, ovqat pishirib, yana tandirda somsa yopishga ulgurarkan, deb hali-hanuz oʻylayman. Dadam oʻsha kuni: “Ominaxon, Toshkentdan oshnalarim Shukur Burhonov, Hamza Umarovlar kelishibdi, zigʻir yogʻda zoʻr qilib bir qoʻlbola osh tayyorlang. Men borib avval bogʻda mehmon qilaman. Ertaga uyga olib kelaman”, degan.

Opam oʻshanda oʻn toʻqqiz yoshda boʻlib, ikki hafta burun fotiha qilingandi. Oʻn olti yashar akam “Pobeda” mashinamizni oʻt oldirguniga qadar dadam koʻchadan koʻz uzolmay qarab turgan. Oʻsha kundan oldin tunda kelib, katta soʻri karovatda oʻtirgancha bizlarga qarab turib: “Beshovlon farzandlarimizning yotishini qarang. Qirqqa kirgunimcha ularni orzu qilganman, lekin endi toʻylarini koʻrish nasib qilarmikan?” degan. Oʻshanda dadam biz bilan vidolashgan ekan. Shu kuni qon bosimi baland boʻlgani uchun qoʻshiq aytishi mumkin boʻlmagan. Lekin oshnalariga yoʻq deyolmay aytgan. Keyin… qoʻshiqning avjiga chiqishdan oldin osmonga qarab, qattiq kulib yuborgan. Soʻng boshlari bilan Shukur akaning tizzasiga yiqilgan. “Tez yordam” chaqirishgan, biroq dadamning joni uzilgan ekan. Ayam oʻshanda 39 yoshda edi. Tuni bilan dadamning yonida yigʻlab chiqqan. Ertalab tashqariga chiqqanida karaxt boʻlib qolganmiz, chunki qoʻngʻir sochlari butkul oppoq tusga kirgandi. Dadamning qirqlari oʻtgach, opamni karnay-surnaysiz, yigʻi-sigʻi bilan uzatishgan. Dadamga farzandlari toʻylarini koʻrish nasib qilmagan.

 

ShAFTOLIZOR ARO OPPOQ IMORAT

Ayam 84 yoshda vafot etdi, lekin dadamdan keyin faqat qora koʻylak kiyib yurdi. Biz: “Aya, bolalaringizni oʻylang, bunaqa kiyinmang, hech boʻlmasa yashil, koʻk kiying”, derdik. Lekin ayamga yashil rang yoqmasdi.

Bir kuni togʻamizning xotini Soraxon shunday deb qoldi: “Men bir tush koʻrdim, tushimda pochcham (dadam) katta bogʻ oʻrtasida qad rostlagan uyni koʻrsatib, qara, Sora, kelinoyingizga deb shu uyni soldim, uni mana shu yerga olib kelmoqchiman, yoqarmikan?” deb soʻrarmish. Atrof shunaqayam chiroyli, luchchak shaftolilar gʻarq pishib yotganmish… Ayam Hasanboyga: “Vaqti-soatim yetib, olamdan oʻtsam, meni otangning qabriga qoʻyinglar. Shuncha yil yolgʻiz yashadim, buyogʻiga endi birga boʻlaylik”, deb vasiyat qilgan ekan. Lekin maslahatlashib, agar shunday qilinsa, ham ayamning goʻri yoʻq boʻlib ketishi mumkinligini, ham shunday buyuk hofiz qabrini ochish yaxshimasligini oʻylab onamni dadamning yonlariga dafn etdik.

Onam Muhammadjon akamga ilhaq boʻlib jonlari uzildi. Oʻshanda akam ogʻir betob boʻlib yurolmasdi, lekin uni ayamga qanday aytardik? Onamdan keyin besh oy oʻtib, akam ham olamdan oʻtdi.

Onamning jonlari uzilganida yon qoʻshnimiz Neʼmatjon aka chiqdi. Hoji akani Hasanboy yetaklab, onam yotgan xonaga olib kirayotgan mahali, hali eshikning bir tabaqasini ochib ulgurmay, u kishi oʻzlarini orqaga tashlab yubordi. Darrov shifokor chaqirildi, ertasi kuni hol-ahvol soʻrab chiqsak, shunday dedi: “Kecha onangiz yotgan uyga kiraman deb, eshikning bir tabaqasini ochgan edim, hali oyogʻimni ichkariga qoʻyishga ulgurmay qarasam, onangizning tepalarida Maʼmurjon shundoqqina gʻoz boʻlib turibdi, uni aniq-tiniq koʻrdim”. Hang-mang boʻlib qoldik. Demak, tush ayon bergan ekan-da, dadam onamni shaftolizor bogʻ oʻrtasida oʻzlari qurgan oppoq uyga olib ketgan ekan-da, deymiz.

 

QALBIM TOʻLA GʻURUR

Hamisha shunday buyuk insonlar farzandi ekanimdan gʻururlanib yuraman. Dadamning qoʻshiqlarini toʻplab, disk qilib chiqardim. Bir kuni Urgutga toʻyga bordik, oʻsha yerda bir otaxonga disk beruvdim, koʻzlariga surtib, shunaqayam yigʻlayapti, juda toʻlqinlanib ketdim. Otamni eʼzozlagan odam meni ham hurmat qilgandek boʻladi.

Margʻilonga koʻp boraman, ota-onam yashagan uy meni doimo oʻziga chorlaydi, ularning hidlarini his qilaman va har safar ota uyimdan yorugʻ oʻylarga toʻlib, ancha yengil tortib qaytaman. Beshovlondan faqat Hasanboy va men qoldik. Xudo umr bersa, hali qiladigan ishlarim koʻp, dadamning 110 yilligini shogirdlari, izdoshlari davrasida nishonlashni koʻzlayapman.

Ota-onam bor-yoʻgʻi 20 yil birga umrguzaronlik qilishgan boʻlsa-da, bu har ikkalasi uchun asrlarga tatigulik hayot boʻlgan. Mana shu gʻanimat daqiqalarni baxtdan masrur boʻlib, bir-birlariga intilib, sevib-sevilib, xuddiki yuz yil yashayotgandek shodmonlikda oʻtkazishgan, bu hammaga ham nasib etavermaydigan taqdir tuhfasidir.

 

Shahribonu NOZILOVA

yozib oldi.

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/hayot/suhbat/bosgan-izi-boston-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x