Oltoy xalq aforistik poeziyasi
Aforistik adabiyotda muayyan xalqning tarixi, tili, madaniyati, sanʼati – barcha qadriyatlari oʻz aksini topadi. Maqol, ertak va afsonalar elning axloqiy sifat va meʼyorlari shakllanishiga, ezgulik va yovuzlik gʻoyalarini farqlash, haq va botilni anglashga koʻmak beruvchi oʻziga xos taʼlimotdir. Aforistik poeziya barcha turkiy xalqlar singari oltoylar maʼnaviy hayotida ham muhim oʻrin tutadi.
Oltoylar oʻz tarixini yozmagan, balki ogʻzaki ijodiyotda saqlab kelgan. Ularda adabiyotning bu turi qachondan boshlanganini aytish mushkul. Xalq ogʻzaki ijodiyotida aniq sanalarni saqlab qolish qiyin, alohida tarixiy davrlar va tarixiy voqealar ham yaqqol ifodasini topmaydi. Faqat shunisi aniqki, aforistik poeziyaning paydo boʻlishi oltoy xalqining milliy shakllanishi bilan birga-birga kechgan. Bu esa juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Ular maqolni “kep sos”, matalni esa “ukaa sos” deydi. Baʼzan maqollar orasida qabilaviy birlik gʻoyasi boʻy koʻrsatib qoladi.
Dʼan›iʼs suyoktu – kariʼndashtar.
Bir suyakdan toʻraganlar qarindoshdir.
Ogʻzaki ijodiyot orqali xalq donishmandligi, ajdodlarning tajriba va bilimlari jamlanib, avloddan-avlodga oʻtib borgan. Oltoylar farzand tarbiyasida maqollardan, bilim va zukkoligini oshirishda esa topishmoq va matallardan keng foydalangan.
Ahil-inoqlikka chaqiradigan maqollar dunyoning barcha xalqlarida koʻplab uchraydi. Shu jumladan, oltoylarda ham.
Kiji kijile bay.
Odam odam bilan boy.
Salbiy axloqiy sifatlarni qoralash oltoy aforistik poeziyasidagi yetakchi yoʻnalishlardan sanaladi:
Maqtanchaqtiʼn› tamaniʼ dʼukachaq.
Maqtanchoqning tovoni yupqa.
Baʼzi oltoy maqollarini alohida voqelik va axloqiy muhitni inobatga olgan holda boshqa xalqlar uchun sharhlash zarurati tugʻiladi.
Iytke tepshi salarda iʼrkiʼrandiʼ.
Itga ovqat bersang ijirgʻanibdi.
Mazkur maqolni biz oʻzbeklar oson tushunamiz. Ona tilimizdagi muqobillari – “Itning qorni toʻysa, egasini qopadi”, “Boy berdi-yu, gadoy noz qildi”, “Eshak semirsa, egasini tepadi” kabi maqollarimiz darhol yodga tushadi.
Oltoylarda maqollarning tarbiyaviy ahamiyati yaqqol namoyon boʻladiki, mazkur holat boshqa turkiy xalqlar folklorida bunchalik boʻrtib koʻzga tashlanmaydi. Joʻmardlik, jasurlik kabi fazilatlar qoʻrqoqlik, sustkashlik kabi salbiy xislatlarga qarshi qoʻyiladi.
Jigit sosi, arstan izinnen qaytpas.
Yigit soʻzidan, arslon izidan qaytmas.
Aytkan sos – atqan oq.
Aytilgan soʻz – otilgan oʻq
Atpastiʼn› ogʻiʼ altiʼ kulash.
Otmasning oʻqi olti quloch.
Oltoy aforistik poeziyasida ijtimoiy masalalarni maslahat bilan hal qilish, bagʻrikenglik bilan ish tutish kabi gʻoyalar ilgari suriladi.
Ken. ton dʼiʼrtiʼlbas,
Kep sos buzulbas.
Keng toʻn yirtilmas,
Maʼnoli soʻz (maqol) buzilmas.
Koʻplab oltoy maqollari boshqa turkiy tillardagi maqollar bilan deyarli oʻxshash yoki aynan bir xil. Bunday parallel mazmun koʻproq oʻzbek, qozoq va qirgʻiz xalqlari ijodida uchraydi. Oltoy tilidagi “Qusqun qusqunniʼn› kozin chokubas” maqoli qirgʻiz tilida “Qargʻa qargʻaniʼn› kozun chokubayt” tarzida, oʻzbek tilida “Qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqimaydi” shaklida keladi. Yoki ona tilimizdagi “Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi” degan maqol qirgʻiz tilida “Eki too koshulbayt, eki kishi korunit”, oltoy tilida “Qiʼr qiʼrla duuktashpas, kiji kijile duuktajar” mazmunida keladi. Bu esa har uchala xalqning ijtimoiy-maʼnaviy olami yaqinligidan, etnik tarixi chambarchasligidan dalolat beradi.
Oltoy aforistik poeziyasi shu xalqning butun tarixi davomida yaratgan milliy boyligidir. Bu maʼnaviy meros bobodan nabiraga, otadan bolaga oʻtib boraverarkan, yangi avlodlar koʻnglining javhariga aylanib, xalqning oʻzligini asrovchi metin qalqon vazifasini oʻtashi shubhasiz.
Anvar BOʻRON
“Yoshlik”, 2017–8
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bir-gul-bahor-bolmas/