SAMARQAND OSMONI
Boqib Samarqandning bogʻ-gulzoriga,
Shu ulugʻ kunlarni sezib turganday –
Goʻyo bulutlarning oq tulporida
Sohibqiron bobo kezib yurganday.
Avval osmonlarda yaralgay zafar,
Soʻng Yerga tushirgay ruh ozodalar –
Dunyoga kelgaydir mard va muzaffar,
Temurxon yurtida Temurzodalar.
* * *
Bu gulshan uzra yomgʻir kelgusidir,
Seningdek toza gul bir kelgusidir.
Qading gul qaddiyu, gul bandi – beling,
Bagʻoyat inja tasvir kelgusidir.
Labu xolu xatu mijgonlaringdin
Umrbod yetguchi sir kelgusidir.
Umidvorman umrbod – zulflaringkim
Dilu jonimga zanjir kelgusidir.
Tishingni bir koʻrarga – kulganing payt
Hama duru javohir kelgusidir.
Topilmas sen kabi raʼno, agarchi
Arab, Eronu Kashmir kelgusidir.
Sening husnu jamoling birla, ey yor,
Ajib gulchehra taqdir kelgusidir.
Jahon ichra jahon boʻlgay bu jonim,
Iki koʻzing jahongir kelgusidir.
Menga Farhod ila Majnun – birodar,
Navoiydek ulugʻ – pir kelgusidir.
KIM TILNI BILUR – ELNI BILUR
(Avaz Oʻtar gʻazaliga muxammas)
Gar ushbu Vatan bizga azal ota makondur,
Sultonlaridin shaʼni aning roʻyi jahondur.
Kim tilni bilur – elni bilur, shoniga shondur,
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur[1].
To yogʻmasalar boshingiza taʼnayu toshlar,
Toshdin ham qatiq boʻlgusidir ilm ila boshlar,
Ey siz, qorakoʻzu qorasochu qoraqoshlar,
Gʻayri tilini saʼy qiling bilgali yoshlar,
Kim ilmu hunarlar bilaki andin ayondur.
Boʻlmas kishiga koʻrku husn soʻzni gulidek,
Har tilni biluv – dilni biluv, dilni – elidek,
Tilni yoʻli ham shoh jahongirni yoʻlidek,
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka oni gʻayrat eting, foida kondur.
Haq sizga beribmish suvingiz ham dalangizni,
Oʻz bogʻingizu, qir-adiringiz, lolangizni,
Teng aylab jahon ahliga kuch-hafsalangizni,
Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda oʻqugʻonlar bori yaktoyi zamondur.
Umr oʻtgusidur suv kabi yo suvdagi xasdek,
Dilbandlaringizning bari daryoyi havasdek,
Ilm olmasalar umr boʻlur tiyra qafasdek,
Zor oʻlmasun onlar dagʻi til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidan oni bagʻri toʻla qondur.
QARZ
Yaratgandan olar jonlar qarzim bor.
(Xalq mulki)
Ustoz chinorlardan qancha dars oldim,
Ular toki borlar –
Men ham oʻlmayman.
Yozuvchilar bogʻidan koʻp qarz boʻldim,
Siz xijolat boʻlmang,
Oʻzim toʻlayman.
Koʻklam chogʻlarida oq tunlar aro,
Oppoq oʻrik yangligʻ ichdan gullayman.
Men oʻz togʻlarimdan qarzman bir daryo,
Siz xijolat boʻlmang,
Oʻzim toʻlayman.
Hanuz yod aylasam – bagʻrim boʻlar xun,
Hind yo Kobul desam – junjikar badan.
Ey, sen dunyoyi dun,
Ey, sen dahri dun,
Hazrati Boburdan qarzsan bir Vatan.
Sen ham barchamizga yuz yillik darssan,
Shu millat hurmati,
Soʻzning xotiri,
XX asr, sen bizdan qarzsan
Bir Choʻlpon, bir Fitrat va bir Qodiriy.
Har bir yaxshilikni dildan qoʻllayman,
Osmon, varaqlaring bunchalar moviy.
Shoirlik qarzimni oʻzim toʻlayman,
Pushkin toʻlamaydi va yo Navoiy.
MARD DOʻST
Faxriddin Nizomiddinov
xotirasiga
Umr – uchqur tulpor erur,
Umr otdir – shoshagʻon.
Inson asli chavandozdir,
Inson asli – chopagʻon.
Nechun kelib ketdi – bilmas
Kimsalarning koʻplari.
Hayot asli bir uloqdir,
Yashamoq – bir koʻpkari.
Mard ketsa lek togʻlar titrar,
Gumburlaydi osmonlar.
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
Otxonada yer depsinib
Jiyron qashqa yigʻlaydi.
Yemga boqmas qorabayir,
Ichdan qaqshab yigʻlaydi.
Otlar misol yosh toʻkolmas
Dunyoning jonzotlari.
Eldan avval motam tutmish
Faxriddinning otlari.
Ularning ham yollarini
Kuydirar shu armonlar:
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
Soʻng kun borib otasining
Qabriga salom bergan.
Yoningizga kelaman, deb
Lafz bergan, kalom bergan.
Xudo bergan dard bilan ham
Doʻstu qadrdon boʻlib,
Ogʻriqlarga jismu joni
Ochiq dasturxon boʻlib.
Dard ham chekkan boʻlsa kerak
Necha bora afgʻonlar:
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
Hayotni hech xijil qilmay,
Oʻlimga ham tik qarab.
Oʻz joniga azob berib,
Oʻlimni-chi, erkalab.
Doʻstu yorning davrasida
Oʻltirsa-da bilmayin.
Oʻlimni ham mehmon kabi
Peshvoz olgan jilmayib.
Ajal hamon aytsa kerak
Chok aylab giribonlar:
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
Bu dunyoda kezib men ham
Bir nimani ilgʻadim.
Zoru nolon qulunlarday
Kelar goho yigʻlagim.
Uyur-uyur bedov otlar
Gurros oʻtib borodir.
Dushmanlarim xaridoru
Doʻstlar sotib borodir.[2]
Dildan kechar – oʻrtaganda
Ayriliq, pushaymonlar:
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
Yarqiragan choʻqqilarda
Viqor qolgay, qor qolgay.
Mard izidan – bir tanti el,
Nomus qolgay, or qolgay.
Hayot davom etar mangu,
Uzilmagay kipriklar.
Mard izidan – bogʻlar qolar,
Yoʻllar qolar, koʻpriklar,
Soʻylar ranju zahmatlarin
Koʻrgan qasru qoʻrgʻonlar:
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
Sangardakda har yil bahor
Gullaganda oʻriklar.
Oʻtganlarni bir-bir eslab,
Yod aylashar tiriklar.
Ezgu ishlar odamzodning
Mangulikka otidir.
Hayot boshdin oyoq nomu
Yaxshilarning yodidir.
Duo aylab oʻtar qoʻmsab
Necha-necha insonlar:
Faxriddinday mard yoʻq edi,
Doʻst yoʻq edi, yoronlar.
FUKUSIMA, 2011.11.03.
Ey odamzod, oʻksima,
Chernobil, Fukusima –
Qattol qalʼalaringdir,
Ogʻriq yaralaringdir.
Bagʻringda ming oʻra bor,
Ahvoliga qara, bor:
Qora quti, qora gʻor,
Reaktoring yarador.
Nahotki taraqqiyot,
Bu tamaddun, bu hayot –
Sening xom xayolingdir,
Kamoling – zavolingdir?
Shom qaro, subhing qaro,
Dengiz aro, Yer aro –
Bu larzalar, bu darzlar
Senga boʻlmadi darslar.
Yunonmizmi yo yopon,
Barchamizga bir choʻpon:
Suruvni surib turgay,
Hammani koʻrib turgay.
Bir ofat kelmaguncha,
Falokat kelmaguncha –
Kasligingni bilmading,
Xasligingni bilmading.
Shunday jazo bilan ham,
Balo-qazo bilan ham
Onajoning Tabiat
Aylar baʼzan tarbiyat.
Oʻzing buyuk meʼmorsan,
Goh nuragan devorsan.
Fojiangga guvoh boʻl,
Ogoh boʻlu, ogoh boʻl!
YeTMISH YeTTI
(Andrey Voznesenskiy
(1933–2010) xotirasiga)
Tan bilan ruh boʻlindi,
Bulutlarga belandi.
Hayot-ku etar davom,
Umr yashab boʻlindi.
Bandalar himoyasi –
Xudoyimning soyasi.
Jon hilolga ilindi,
Umr yashab boʻlindi.
Naf yoʻq davru zamondan,
Qoldim endi zabondan.
Shudring ham soʻz tilandi,
Umr yashab boʻlindi.
Alvido, ey kapalak!
Uchding buncha jonhalak.
Lahza oʻtdi, oʻl endi,
Umr yashab boʻlindi.
Bor-yoʻgʻim – ikki yetti,
Yetti yettiga yetdi.
Falak, qil qabul endi,
Umr yashab boʻlindi.
Dardu gʻamdan iborat
Yemrildi bu imorat.
Darz ketganim bilindi –
Umr yashab boʻlindi.
Ikki asr – bir hayot,
Sabru bardoshu sabot.
Teng ikkiga boʻlindi,
Umr yashab boʻlindi.
Doʻkoningdan, yo Rabbim,
Endi qolmadi haqim.
Bor toʻlovlar toʻlandi,
Umr yashab boʻlindi.
* * *
Yaxshiyu yomondan – erkakmi, ayol,
Uh chekib, asta koʻz yumdigu ketdik.
Bu dunyo misoli tush bilan xayol,
Bir lahza xayolga choʻmdigu ketdik.
Uzoq yashash mumkin iymonsiz, dilsiz,
Lekin ne qilardik Vatansiz, elsiz?
Qancha zoʻr shoirlar bor edi, esiz,
Barini birma-bir koʻmdigu ketdik.
* * *
Otlar kechib oʻtar daryodan, aka,
Olis esdaliklar misoli otlar,
Hasrat yugan solar tunlar yurakka,
Osigʻliq qamchilar kimlarni yodlar?
Yillar sogʻinch uyin chaldivor etmish,
Izgʻir yaydoq otday qirlarda shamol.
Koʻklarda gʻaribu zor qolib ketmish
Siniq uzangiday muztarib hilol.
Dunyo nayranglari – suluvlariday
Avval koʻzimizni qamashtirmishlar.
Soʻng hayot daryosin kechuvlarida
Biz mingan otlarni almashtirmishlar.
Tun-kun aylanar charx besoʻz, beovoz,
Asl raftorini kim ham koʻrgaydir.
Tun-kun falak uzra Buyuk chavandoz
Ming-ming tulporlarga egar urgaydir.
Sutday oq tunlarning somonzorida,
Somon yoʻllarining gʻubori aro,
Oydin adirlardan oq tulporida
Ketib borayotgan otammidi yo?
Dillarda – umrning zarbu zanglari,
Yulduzlar sanchilar har kech kurakka.
Bolalik, oʻsmirlik, yoshlik singari
Otlar kechib oʻtar daryodan, aka…
KATTA HODISA
Yosh shoir Shodmonqul Salomga
Dil bogʻin goh tikan, gohi gul koʻrdim,
Goh bulbul, gohida qirgʻovul koʻrdim.
Barcha shohu vazir sheʼr ahli aro,
Yoronlar, men bukun shodmon qul koʻrdim.
OYLAR VA OYJAMOLLAR
Oynigoru Oysuluv, Oyparchadirsan, Oyjamol,
Oyjamol desam, falakdin esdi-ku bir oy shamol.
Mohitobon, Mohichehra, Mohgulu Mahvash oʻzing,
Aylading koʻnglim ishini oxiri chalkash oʻzing.
OYNIGOR
Bor malohat mulkini birdan yigʻib keldingmi, yor?
Husn elida podshohlarni yiqib keldingmi, yor?
Yo bu kech osmonu oyni dogʻlar ichra qoldirib,
Hazrati Boburni sheʼridan chiqib keldingmi, yor?
TAQALANGAN KOʻNGIL
Ul toshqin zulfingni yoqa toʻxtatar,
Xoling har oshiqni taqqa toʻxtatar.
Koʻnglimni taqalab qoʻyding, ey sanam,
Bilsang, asov otni taqa toʻxtatar.
IKKI FARD
* * *
Falakkim, oy yuzingga
ikki yondin ikki zulf etmish,
Mening koʻnglim uchun
ul ikki zulfdin ikki qulf etmish.
* * *
Kiyikkoʻz dilrabolardin
mudom bagʻring kuyuk boʻlgay,
Kiyikni teskarisidi
oʻqisang ham kiyik boʻlgay.
Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston xalq shoiri
“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son
[1]1 Olamiyon (fors.) – olam ahli
[2] Mugʻanniy satri
https://saviya.uz/ijod/nazm/bagring-dashting-kabi-keng-mehring-tandir-noningday/