Asrlarga yetar Soʻz – bir nafasdir yo damdir

OʻZBEKISTON TONGLARINI BEDOR KUTGAN KOʻZLARIM

 

Ustoz Mirtemir sheʼriga tazmin

 

Asrlarni kipriklarday qator etgan koʻzlarim,

Asrlarday karvon-karvon qator ketgan koʻzlarim,

Asriy orzu-armonlardan marjon tutgan koʻzlarim,

Asriy ranju sitamlarni ichga yutgan koʻzlarim,

Oʻzbekiston tonglarini bedor kutgan koʻzlarim.

 

Insoniyat tamadduni loy qorgan ilk pallalar,

Tarixning ilk harflariday kelgan qoʻrgʻon, qalʼalar,

Mangulikday cheksiz boʻlib yotgan dashtu dalalar,

Karvonlarning izlariday mangu qolgan izlarim,

Oʻzbekiston tonglarini bedor kutgan koʻzlarim.

 

Movarounnahr, yaʼni ikki daryo orasi,

Ikki daryo orasida ming-ming koʻnglim porasi,

Ming-ming asrlarday uning ming-ming dardu yarasi,

Asrlarday ogʻir kechgan kecha ham kunduzlarim,

Oʻzbekiston tonglarini bedor kutgan koʻzlarim.

 

Men nur istab asrlardan asrlarga talpindim,

Boʻronlarda tulporlarning yollarini yopindim.

Ne boʻlsa ham eng avval or-nomusimga topindim,

Mening birlan uygʻoq oʻtgan intizor yulduzlarim,

Oʻzbekiston tonglarini bedor kutgan koʻzlarim.

 

Jonajonim deymu seni, Oʻzbekiston, jonga jon,

Jonga jonim deymu seni, Oʻzbekiston, jonajon,

Oʻzbekiston, onajonim, Oʻzbekiston, onajon,

Yorugʻ kunlar quyoshiday porlab ketgan yuzlarim,

Oʻzbekiston tonglarini bedor kutgan koʻzlarim.

 

AVAZ OʻTAR

 

Umr oʻtar, nafas oʻtar,

Orzu oʻtar, havas oʻtar.

Qasr oʻtar, qafas oʻtar,

Qancha bek, qancha kas oʻtar.

Hammasi basma-bas oʻtar –

Abas oʻtar, abas oʻtar.

Qolar faqat, qolar abad

Avaz Oʻtar, Avaz Oʻtar.

 

ADABIYOT

 

Birinchi kitobi chiqqan shoir ukalarimga

 

Garchi boʻlmas olamda qari, yosh Adabiyot,

Yo bebosh Adabiyot yoki Bosh Adabiyot.

Koʻklamday gultaloshu diltalosh Adabiyot,

Ilk kitobingiz koʻrib aytsa boʻlgay bemalol:

Adabiyot keksaymas, mangu yosh Adabiyot.

 

Ilk kitob – umringizda bu ilk katta qadamdir,

Inson umri agarchi bir chaqin yo bir shamdir,

Asrlarga yetar Soʻz – bir nafasdir yo damdir,

Adabiyot – olamdir, Adabiyot – odamdir,

Bor olam ahli bilan qon-qardosh Adabiyot.

 

“Navodir ush-shabob” bu, yaʼni yoshlik ayyomi,

Navoiy bobolarning Siz xushxabar, paygʻomi.

Siz yangi davrlarning ming yillarga salomi,

Hazrati Boburlarning yigitligin davomi,

Siz oʻshal keskir qilich – koʻzu qosh Adabiyot.

 

Oʻsmirlik kunlarimning tonglarini eslasam,

Ilk kitob deb qon yutib, dilda alam, koʻzda nam,

Qishloqda kutar edi ul kitobimni onam,

Nopisand noshirlarga moʻltirab misli shabnam,

Oʻylaganmiz: buncha ham bagʻritosh Adabiyot.

 

“Adabiyot oʻlmaydi!” rost aytmishlar ustozlar,

Choʻlpon muallim bunda Sizga tilar parvozlar,

Millat yashar, to yashar millatparvar ovozlar,

Dil torin yurt qaddiga tor etib chaling sozlar,

Toki el aytsin: eldosh ham dildosh Adabiyot.

Bir soʻz goh uzun tunlar qoʻymay qasdi jon aylar,

Bir sheʼr uzra kechgay goh yillardan uzun oylar.

Bir soʻz Sizni ham yeru ham baland osmon aylar,

Bir sheʼr Sizni bir tongda sohibi jahon aylar,

Oftob misol nurposhu mehrposh Adabiyot.

 

Dunyo hali but emas – riyolik, yolgʻonlikdir,

Bir qoʻlida qurolu bir qoʻli Qurʼonlikdir,

Toki bashar farzandi koʻzi yosh, armonlikdir –

Adabiyot – fidolik. Sheʼriyat – qurbonlikdir,

Joningizni aylar goh ayirbosh Adabiyot.

 

Yangi qaddu qomatda kelgandayin yillarim,

Mening toʻrgʻay dillarim, bulbulzabon tillarim,

Sheʼr oʻqisa mavjlanib jimirlar koʻngillarim,

Zebunnisolardan kam emas bu singillarim,

Oʻn sakkizga kirgan gul, qalamqosh – Adabiyot.

 

Termizda bayt aytsangiz – yangragay Fargʻonada,

Aks sado bergay soʻng har maktab, sinfxonada.

Shahru qishloqlar boʻlib har kuy, har taronada,

Ulgʻayar Adabiyot har uy, har koshonada,

Urganch, Samarqand, Nukus, Toshkent, Shosh – Adabiyot.

 

Shu zangor kitobingiz Sizga jonu tan boʻlgay,

Sahfa-sahfa, betma-bet sharaf boʻlgay, shan boʻlgay,

Zangori ufqlarga uzangan chaman boʻlgay,

Yashnagan Vatan boʻlgay, yastangan Vatan boʻlgay –

Oʻzbekiston misoli serquyosh Adabiyot.

 

* * *

 

Sen ado qilguvchisan, men-chi – ado,

Jon olursan hamda qilgung jon ato.

 

Xolu zulfing oʻldurur hukm etmayin,

Qoshu koʻzda qanchalar nozu ado.

 

Ikki koʻngil ikki billur jomdir,

Ikkisidin billuriy kelgay sado.

 

Qoʻlga qoʻl tegsa jaranglar ikki dil,

Ikki dildan ham salomu ham vido.

 

Oʻq urarlar bexato mijgonlaring,

Garchi koʻp qildim hayotda men xato.

 

Barcha ishda Bir ato qilguvchi bor,

Ul ato qilguvchidan sensan ato.

 

Sen bilan devonayu ham mastman,

Mast bilan devonaning yori Xudo.

 

ONAMNING KULCHALARI

 

Keltirdi tong chogʻi bir

sabo va bir qush xabar:

Ochilmish bahorning ilk

boychechak – gulchalari.

Lekin men uchun eng zoʻr,

eng quvonchli xushxabar –

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

Ming chaqirim yoʻl bosib

kelgan sovgʻa-salom bu,

Mehr bilan boylangan

toʻsha-tugunchalari.

Har biri quyosh yangligʻ

charaqlagan olam bu –

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

Porlab ketar roʻzgʻorim,

yorishgay iliq-iliq

Koʻnglimning muzlab yotgan

eng tiyra goʻshalari.

Har gal umid keltirgay,

keltirgaydir tiriklik –

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

Ayriliq, hijronlarga

toʻlugʻ umrim maktabi,

Ravshan tortgay uning eng

zim-ziyo koʻchalari.

Qirq yilkim taskin bergay

eng tansiq diydor kabi –

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

– Onangdan xabar olgil,

Siroj, sen tez-tez borib…

Firoqlardan kichraygan

jussasi, qoʻlchalari,

Sizni koʻziga surtgay

ustoz Abdulla Orif,

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

Qismatimdan shodman-u,

ammo Vaqtdan xafaman,

Yuzimga urilganda

koʻklamning doʻlchalari.

Sizning nazdingizda lek

men hamon talabaman,

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

Umr ber ham sogʻlik ber,

nur bergil koʻzlariga,

Xudoyim, bir ayolga

dard, zahmat shunchalarmi?

Mehru sogʻinch bobida

oʻxshaydi oʻzlariga –

Onamning kulchalari,

Onamning kulchalari.

 

Sirojiddin SAYYID

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/asrlarga-yetar-soz-bir-nafasdir-yo-damdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x