Hozirgi adabiyotimizning atoqli vakillaridan biri Anvar Obidjon sheʼrlarida poetik goʻzallik degan mavzuda qisqacha soʻz yuritishdan avval, men badiiy adabiyotning uch yoʻnalishi: poeziya, nasr va dramaturgiyada barakali ijod qilayotgan, salmoqli asarlar yaratayotgan sanʼatkorning muvaffaqiyatlari sababi nimada degan savolni qoʻyib, gapni bu sir asosan uning tarjimai holida ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Shu kungi adabiyotimiz va umuman XX asrdagi adabiyotimizni ham qoʻshib qaraganda, tarjimai hol nuqtai nazaridan nihoyatda boy, rang-barang va, hatto, maʼlum maʼnoda mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgan Anvar Obidjon darajasidagi ijodkorni topish qiyin, nazarimda. Eʼtibor bering: oʻn besh yoshlar atrofida koʻchma kinochiga shogirdlik; koʻp oʻtmay, tirikchilik sabab, maktabdagi oʻqishni kunduzgi boʻlimdan kechki boʻlimga oʻtkazish; soʻng paxta tayyorlash zavodida traktorchilik, qazilma boylik konida burgʻilovchilik qilish; qishloq kutubxonasida ishlash (eʼtibor bering: shoir asta-sekin hayoti va taqdirini belgilaydigan dunyoni topib kelyapti); moliya texnikumidagi tahsil; harbiy xizmat; qaytgach, jamoa xoʻjaligida tabelchilik; klub mudiri; tuman gazetasida muxbirlik; soʻng Toshkentdagi Yogʻ-moy kombinatida bogʻbonlik (shunday ish joyi topilganiga ham shukur deydi shoir); universitetning sirtqi boʻlimida talabalik; radiodagi xizmat; nashriyotlar va teleradioda muharrirlik va, nihoyat, poytaxtdagi nashriyotlardan biriga rahbarlik.
Men nima uchun bularni sanab oʻtyapman? Shuning uchunki, nazarimda, mana shunday xilma-xillikka boy, oʻziga xos zahmatli yoʻllarsiz hozirgi adabiyotimizning sevimli va zabardast vakili asarlaridagi muvaffaqiyatlarning yuzaga chiqishi qiyin boʻlar edi. Har bir bosqich, har bir nuqta Anvar Obidjon ijodiga tarovatli, hayobaxsh nur ato etdi.
Adib oʻzining “Ona Yer”, “Masxaraboz bola”, “Juda qiziq voqea” kabi kitoblaridagi sheʼr va dostonlari; “Olovjon va uning doʻstlari”; “Oltin yurakli Avtobola” toʻplamidagi hikoya va qissalari; “Bezgakshamol”, “Akang qaragʻay Gulmat”, “Yerliklar”, “Oltiariq hangomalari”, “Kezargon Boychechak” nomli kitoblaridagi oʻtkir yumor va hajvlari; yosh tomoshabinlar uchun yozilgan “Qoʻngʻiroqli yolgʻonchi”, “Pahlavonning oʻgʻirlanishi”, “Meshpolvon” kabi dramatik asarlari bilan bugungi oʻzbek adabiyotini boyitdi, xususan, bolalar adabiyotini yangi bosqichga koʻtardi.
Anvar Obidjonning bundan oʻttiz yil oldin nashr etilgan “Juda qiziq voqea” nomli salmoqli kitobi nainki kichik yoshdagi sheʼrxonlar, balki umuman adabiyotimiz ixlosmandlari va mutaxassislari ichida katta shov-shuvga sabab boʻlgani yodimda. Ushbu toʻplamni kitob doʻkonlaridan izlab, surishtirib yurganlariga guvohman. Soʻng shoir yana oʻnlab yangi, bir-biridan goʻzal kitoblar yaratdi va ular hech shubhasiz, oʻzbek bolalar adabiyotida yangi sahifalar ochdi. Oʻzbek sheʼriyatida meva-chevalarga bagʻishlangan sheʼrlar oz emas. Lekin Anvar Obidjonning “Uzum”iga oʻxshagan namunalar faqat oʻzbek bolalar sheʼriyatidan tashqari umuman keng miqyosdagi bolalar adabiyotini bezay oladi:
Donalarim marjoncha,
Bir boshim – naq bir jomcha.
Quritsangiz mayizman,
Dasturxonga fayzman.
Kuzda yeb-yeb toʻyishar,
Qishga osib qoʻyishar.
Boqar shod yosh-qarilar,
Maqtar hatto arilar.
Bunday sheʼrni oʻqigan bolalargina emas, barcha yoshdagi sheʼrxonlar qalbida rohat tuyadi. Anvar Obidjonning bolalarga bagʻishlangan sheʼrlarining asosiy xususiyati xuddi ana shunda – ular barcha yoshdagi kitobxonlar diliga emin-erkin kirib bora oladi, ularni ham bolaligiga, ham hayot zavqiga oshno qiladi.
Bugun mustaqil Oʻzbekistonimizning bunyodkor yosh avlodi yetishuvida Anvar Obidjon asarlarining oʻrni katta, deb oʻylayman. Shu oʻrinda men Anvarjonning bundan qirq yil avval yozilgan “Ajoyibxona qoploni” nomli qoplon tilidan aytilgan bir sheʼrini keltirmoqchiman:
Bobom tutqun oʻtmagan,
Tugʻilganman men ozod.
Sendan yiroq yursam ham,
Tinch qoʻymading, odamzod.
Meni zoʻrlab qafasga
Sola olding sen faqat.
Biroq ruhan oʻlmadim,
Soʻramadim hech shafqat.
Gʻururimga sodiqman,
Orzumandman erkimga.
Toʻqlik vaʼda qilsang ham,
Tuflagayman sirkingga.
Dunyoda koʻp yuvosh It,
Nasab-nasli past Ayiq.
Oʻshalarni oʻynatsin
Ermaktalab xaloyiq.
Men zotimni faxr-la
Eslarman har nafasda…
Zoʻrdirmanki, xavfsirab –
Saqlashyapti qafasda.
Shoirning “qoplon”i bugun ozod va erkin, dunyo nazarida…
Demoqchimanki, Anvarjonning bolalarga bagʻishlab yozilgan beozorgina va benihoya goʻzal, hazil-mutoyibalarga boy sheʼrlari qatorida tagzaminida juda chuqur ijtimoiy maʼno va maqsadlar tovlanib turuvchi bunday asarlari oʻz davridagi sheʼriyatimizni bezab turishi bilan bir qatorda muallifning ijodiy jasorati sifatida ham qimmatlidir.
Anvar Obidjon nafaqat bolalar, kattalar adabatiyoti rivojiga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Kattalarga yozgan asarlari orasida, ayniqsa, “Turmush kechinmalari” rukni ostida eʼlon qilingan, avtobiografik ruh chuqur oʻrin egallagan, yosh ijodkorning shakllanish jarayonlari oʻz aksini topgan, Oybekning “Bolalik”, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola”, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” asarlari tipidagi, lekin ulardan oʻziga xoslik hamda badiiy talqin tomondan keskin ajralib turadigan “Ajinasi bor yoʻllar” nomli nasriy kitobi; hamda “Toshkentda toʻlgan daftarlardan” deb ataluvchi umumiy nom ostida berilgan saralanma nazmiy jamlanmasi Anvar Obidjon timsolida bugungi oʻzbek adabiyotining yangi, goʻzal va yorqin iqlimlarini namoyon qiladi. Ayniqsa, “Ajinasi bor yoʻllar”da turmushimizda oʻz vaqtida hukm surgan ijtimoiy adolatsizliklar bejalmay koʻrsatilgani, har bir jabhadagi aldam-qaldamlar, nopokliklar, ularning milliyat va ruhiyat puchmoqlarida qoldirgan izlarining, bir jihatdan nihoyatda oddiy va sodda, ikkinchi bir jihatdan betaraflik hamda kuyunchaklik bilan aks ettirilgani bu asar adabiyotimizning yangi namunalari qatoridan oʻrin olishiga asos boʻlganini taʼkidlash joiz.
Adibning bolalarga atalgan “Ona Yer” nomli dastlabki (1974) toʻplamidan tortib, hozirgacha eʼlon qilgan oʻnlab kitoblari ichida kattalar uchun deymizmi, barcha kitobxonlar uchun deymizmi, keng ommaga bagʻishlab yozgan sheʼrlari bisyor. Ular qatorida, markaziy qahramoni Gulmatdan iborat yoxud “Oltiariq hangomalari” umumiy nomi ostida jamlangan – Erkin Vohidovning “Matmusa va Donishqishloq hangomalari”ga ruhiy jihatdan yaqin, biroq badiiy talqin va uslub jihatidan tamoman oʻziga xos hajviy asarlari bor. Bularga ilgari qator maqolalar bagʻishlanganini nazarda tutib, keng taʼriflab oʻtirmasdan, eʼtiborni bir jihatga qaratmoqchiman. Hajviy yoʻnalishda ustoz va shogird oʻrtasida oʻzaro ijodiy taʼsir shu qadar kuchliki, bu yaqinlik ayrim mavzu, obraz va ijodiy prinsiplarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Matmusaga bagʻishlangan qator sheʼrlar zamirida hajv, kulgidan tashqari, ularning bahonasida chuqur koʻchma ijtimoiy poetik maqsad va maʼnolarni yashirish uslubi Gulmat obrazi talqiniga ham xosdir. Gulmat hangomalaridan tashqari, Erkin Vohidovning “Arslon oʻrgatuvchi”si va Anvar Obidjonning yuqorida tilga olingan “Ajoyibxona qoploni” degan shu tipdagi sheʼri ham ustoz-shogird ijodiy yaqinligiga yana bir dalildir.
Anvar Obidjon sheʼrlaridagi badiiy goʻzallik haqida gap ketar ekan, uning asarlarida shu xususiyatni keltirib chiqaradigan garmoniyani alohida taʼkidlash oʻrinli boʻladi. Bu garmoniya asoslarini Anvar Obidjon sheʼrlarida talqin etilayotgan ruhiy-hayotiy muammo ifodasiga eng aniq, tiniq, qisqa, ixcham, sunʼiylikdan holi bayon, haqqoniylik va hayotiy obrazlilik tashkil etadi. Ular oʻzining samimiyligi, ifoda yoʻsini va ruhiyatdagi xalqonaligi, ayniqsa, milliyligi, hatto, maʼlum maʼnoda vodiyonaligi hamda barchasi juda soddaligi bilan ajralib turadi.
Vatan haqida ne-ne sheʼrlar bitilgan. Lekin Anvar Obidjon Vatanning qisqa, moʻjazgina, yangi talqinini topa oladi.
Dehqonvachcha shu Vatan
Ikkimizga onadir.
Tuprogʻining taftidan
Tovonimiz yonadi.
Biroq, munis shu ona
Ikkimiz-chun ikki zot:
Sen uchun u boshpana,
Men uchun u eʼtiqod.
Shoirning aksar lirik sheʼrlarida keraksiz “kirish”laru ortiqcha “chiqish”lar, xulosa qismlar yoʻq hisobi. U tasvir va talqinni asosiy badiiy muammoni yoritishdan boshlaydi, asosiy maqsadni qisqa ravishda badiiy yoritish bilan asarni tugallaydi. Bu oʻrinda, uning soʻzga tejamkorligiga moliya sohasida tahsil olganining taʼsiri yoʻqmikan, degan fikrga ham boradi kishi.
Anvar Obidjonning 1974 yilda yozilgan “Boborahim Mashrab” degan sheʼri bor. Asardagi fikr va maqsad shoir Mashrabning tilidan talqin etiladi. Anvar Obidjon Mashrab bahonasida zamonning oʻta muhim ijtimoiy gaplarini, istibdod davrining eng ogʻriqli dardlarini ustalik bilan aytib olishga muvaffaq boʻladi:
Zanjirband haqiqat aytolmay soʻzin,
Ezgulik iffatin bulgʻar edi zar.
Talardi el-yurtni
Kuppa kunduzi
Amaldor niqobin kiygan oʻgʻrilar…
Tuygʻusiz xoqonlar, insof yoʻq sizda,
Xalqingiz ona-ku,
Xoʻrlaysiz nechun?
Meni gʻirt jinni deb oʻtiribsiz-a,
Shu onaga farzand boʻlganim-chun chin.
Bir Tangrim panoh deb yurgan sayoqni
Yoʻqotmoq mushkulmas,
Axir siz – koʻpsiz.
Lek minglab qargʻangan yalangoyoqni
Bitta ham qoldirmay yoʻqotib boʻpsiz!
Oʻtgan asrning 70-yillarida Anvar Obidjonga Sergey Yeseninning taʼsiri kuchli boʻldi. Oʻzbek shoiri shakl masalasida buyuk rus shoiriga ergashdi, undan taʼsirlandi, lekin unga faqat taqlid qiluvchilik doirasidagina qolib ketmadi. Bunga uning “Yashash shavqi emasdir boqiy” deb boshlanuvchi oʻzligi bor sheʼri misol boʻla oladi:
Qadahdagi sharob singari
Umrimiz ham omonat axir.
Vaqt sipqorar bir kuni barin,
Umrimiz ham gulgun va taxir
Qadahdagi sharob singari.
Bu kabi misralar yordamida Anvar Obidjon oʻzbek sheʼriyatini maʼno va falsafasi, badiyati va goʻzalligi, tiniqligi va jozibasi jihatidan yeseninona sheʼrlar bilan ham boyitdi.
Uning “Ilhom poytaxti” deb nomlangan, koʻplab-koʻplab ijodkorlar poytaxtga intilishlari va poytaxtni oʻzlari uchun salkam sajdagoh darajasida bilishlarini badiiy talqin etgan bir sheʼri bor:
Shahar asli talatoʻp ovloq,
Qishloq azal ilhomga poytaxt.
Gulfurushdek shoir ham biroq,
Izlar nuqul shaharlardan baxt.
Ushbu asar bundan deyarli 45 yil avval yozilganiga eʼtibor bersak, Anvar XX asrning 70-yillari oʻrtasi, ijodining dastlabki bosqichlaridayoq nechogʻlik mahoratli va teran shoir boʻlganini kuzata olamiz. Boshqa fazilatlari bilan bir qatorda bu sheʼrdagi ohangdorlikka eʼtibor bering. Sheʼr bamisoli qoʻshiqday jaranglaydi va ohanggi qalbingizni zabt etadi.
Anvar Obidjon haqida uslubiy yoʻnalishlari teran; xilma-xil janrlarda, rang-barang shakllarda bolalar va kattalar uchun sheʼr, gʻazal, doston, hajviya, qissa, roman, dramalar yaratib, barakali ijod etib kelayotgan koshif sanʼatkorlarimizdan biri deb xulosa chiqarish xato boʻlmaydi. Mana, u kashf etgan “ignabarg” (bir misrali) sheʼrlardan ayrim misollar:
- Shu eshakning ustozi qani?
- Elsiz shoir ersiz suluvdir.
- Ilhom – turma tugʻruqxonasi.
Toʻrt misrada – alohida-alohida toʻrt mustaqil asar. Bularni tahlil etishga birmuncha sahifa bagʻishlash mumkin edi. Biroq, bu vazifani zukko sheʼrxonlarning, ushbu yoʻnalish tadqiqotchilarining zimmasida qoldira qolaylik. Zotan, bir satrdan iborat bu har bir asar sizni befarq va loqayd qoldirmasligiga, ular ustida, shaksiz, chuqur oʻyga berilishingizga va har biringiz oʻz ruhiy holatingiz, muammolaringiz, badiiy tayyorgarlik darajangizdan kelib chiqib, ularni oʻzingiz mustaqil talqin etishga kirishuvingizga va har biringiz oʻz xulosangizni chiqarishga qodirligingizga ishonaman va hatto, ular bir-biridan farqlanishi ham mumkinligini istisno etmayman. Zero, aslida Anvar Obidjonning biron-bir sheʼri oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Bunga ulardagi gʻoya, mazmun, mavzugina sabab boʻlmaydi. Bunga uning sheʼrlaridagi aniqlik va tiniqlikdan iborat qisqa va kichik shaklga toʻyingan, obrazli talqinda namoyon boʻluvchi badiiy goʻzallik ham sabab boʻladi.
Zamon senga tursa chap,
Sen zamonga boqaver.
Zamonni goh olqishlab,
Oʻz yoʻlingda oqaver.
deydi shoir sheʼrlaridan birida.
Mana shu oʻz yoʻlida oqa olish, oʻz yoʻlida yura bilish, oʻz yoʻlidan boraverish Anvar Obidjonning ijodkor sifatidagi badiiy zaminini belgilaydi. Bu juda muhim. Bu har bir shoirga zarur boʻlgan xususiyatdir. Anvar Obidjon sheʼriyatimizga ana shunday yangi xususiyatlarni olib kirdi.
Yuqorida keltirilgan toʻrtlikdagi birgina “goh” soʻziga eʼtibor bering. U bir jihatdan asar yozilgan istiqlolgacha boʻlgan davrni va ayni vaqtda oʻz mustaqil yoʻlingdan qaytma degan chuqur, zarur va teran fikrni ayta olish imkoniyatini tugʻdiradi.
Badiiy obrazlarda, sanʼatlarda namoyon boʻluvchi bunday topqirliklar Anvar Obidjonning lirikasi uchungina emas, nasriy, hajviy asarlari uchun ham xosdir. “Ogʻzingning kapotini yop” deydi uning qahramonlaridan biri tortishuvda suhbatdoshiga. Bu oʻzbek adabiyotidagi Abdulla Qodiriycha, Gʻafur Gʻulomcha, Abdulla Qahhorcha hajvning obrazlilik qatiga Anvar Obidjoncha obrazlilik boʻlib qoʻshiladiki, bunday misollarni uning barcha janrdagi asarlaridan koʻplab keltirish mumkin.
Maqolamizni shoirning Vatan haqidagi sheʼrlaridan birini tahlil etishdan boshlagan edik, xulosani uning ona tilimizga oid kichik bir sheʼri toʻgʻrisidagi mulohazalar bila yakunlasak:
Oʻquvchilar oʻtar hansirab,
Orqalab bir uyum daftarni.
Bu shovvozlar taniydi hatto
Lomonosov, Arximedlarni.
Garchi bugun olamga sirdosh
Qishloqdagi pastqam maktablar,
Ming shukurki derazalardan
Eshitilar oʻzbekcha gaplar.
Sheʼr oʻzbek tili nihoyatda xoʻrlanib ketayotgan 1981 yilda yozilgan. Ochiq-oydin aytish mumkin boʻlmagan zamonlarda oʻzbek tilidan gʻururlanish, uni ulugʻlash, unga alohida mehr-eʼtibor berish zarurligi oʻz davrining imkoniyati drajasida ustalik va mahorat bilan tarannum etiladi.
Hozirga kelib, tilimiz ham, dinimiz ham oʻzimizniki boʻlgan zamonda oʻzligimizni yanada qadrlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash yoʻlida bir-biridan jozibador yangi badiiy asarlar yaratishda hormay-tolmay mehnat qilayotgan Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon ijodiga ulkan yutuqlar yor boʻlaverishini tilab qolamiz.
Baxtiyor NAZAROV,
akademik
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjon-sherlarida-poetik-gozallik/