Abdulgʻoziyxon (1605–1664)

Abdulgʻoziyxon “Shajarayi turk” va “Shajarayi tarokima” nomli katta ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy asarlarni ijod etgan oʻzbek tarixnavis olim, uzoq vaqt Xiva xonligini boshqargan yirik davlat arbobidir. Abdulgʻoziyxon adabiyotdan ham xabardor boʻlgan. Tib ilmini yaxshi oʻrgangan boʻlib, bu borada “Manofe ul-inson” nomli maxsus tibbiy asar ham yozgan.

Abdulgʻoziyxon Xiva xoni Arab Muhammadxonning oʻgʻlidir. Abdulgʻoziyxon oʻz asarlarida tarjimai holiga oid ancha maʼlumotlarni keltirgan.

Muarrix tavallud sanasini quyidagicha bayon etadi: “Urganch viloyatida tarix hijriy ming taqi oʻn toʻrtda (1605–1606) asad burji va rabiʼ al-avval oyining oʻn beshida dushanba kuni oftob birlan barobar tuluʼ qilibmiz”.

U ota va bobosi haqida gapirar ekan, bunday deb yozadi: “Otamizning oti Arab Muhammadxon, aning otasi Oqatoyxon, aning otasi Amnakxon, aning otasi Yodgorxon… Onasining ismi Mehribonu xonim boʻlib, Jongʻozi sultonning qizi boʻlgan”.

Abdulgʻoziy 6 yoshga kirganda onasi vafot etadi. U 16 yoshgacha Urganchda otasi qoʻlida tarbiyalanadi. “Andan soʻng otamiz Kadxudoy qildi. Taqi Urganchning yarmini ulugʻ oqamiz Habash sultonga va yarmyni bizga berdi. Bir yildan soʻng Habash va Elbars otli akalarimiz birlan oramizda nizoʼ boʻldi. Ul sababdin turabilmay Xevaqgʻa otamiz qatigʻa kelduk. Ular Katni inʼom qildilar”.

“Arab Muhammadxonning yetti oʻgʻli bor edi: avval Asfandiyorxon, ikkinchi Habash sulton, uchinchi Elbars sulton, toʻrtinchi Abdulgʻoziyxon, beshinchi Sharif Muhammad sulton, oltinchi Xorazmshoh sulton, yettinchi Avgʻon sulton Asfandiyorxonning onasi oʻz jamoatimizdan erdi. Habash sulton birlan Elbars sultonning onasi nayman qizi, ikkisi bir onadan erdi. Onamning oti Mehribonu xonim. Otasi Jongʻozi sulton…”

Arab Muhammadxon, Abdulgʻoziyxon, Asfandiyor va Sharif Muhammadlar bilan Habash va Elbars oʻrtasida nizo kuchayib, ikki orada urush voqe boʻladi. Bu urushda yengilgan Arab Muhammadxon qoʻlga tushadi va koʻzi koʻr qilinadi. Ming mashaqqatlar bilan suvdan kechib oʻtgan Abdulgʻoziyxon avvalo Katga va u yerdan Imomqulixon saroyiga keladi. Habash va Elbarsga qarshi kurash boshlagan Asfandiyor Abdulgʻoziyxonni yordamga chaqiradi. Ammo Imomqulixon uning borishiga ruxsat bermaydi. U Imomqulixon saroyida ikki yil turadi.

Habash va Elbars ustidan gʻalaba qilgan Asfandiyorxon Imomqulixon saroyiga oʻz inilari Abdulgʻoziyxon va Sharif Muhammadni tilatib kishi yuboradi. Shundan keyingina Imomqulixon ularga Xorazmga qaytishga ruxsat beradi. Abdulgʻoziyxon Xivaga qaytadi va Asfandiyor uni Urganchga hokim qilib tayinlaydi. Endi Asfandiyorxon bilan Abdulgʻoziyxon oʻrtasida kelishmovchiliklar maydonga keladi.

Urganchda turishning ilojini topa olmagan Abdulgʻoziyxon Turkistonda, Toshkentda boʻladi. Keyinchalik Xivaga qaytadi. Asfandiyorxon Abdulgʻoziyxonni Eronga joʻnatadi. Shunday qilib, Abdulgʻoziyxon 10 yil Isfahon shahrida turadi. Xarajat uchun yiliga 10. 000 tanga ajratiladi. Bir qancha tadbirlar ishlatib, Abdulgʻoziyxon Bastom, Mahin orqali Manqishloqqa keladi. U yerda bir yil turib, 1642–1643 yili Urganchga keladi. U Xorazmga qaytganidan olti oydan soʻng Asfandiyorxon vafot etadi.

1644–1645 yili Abdulgʻoziyxon Xiva taxtini egallaydi va deyarli yigirma yil davomida Xivada xon boʻlib turadi. Uning xonlik davrida oʻzaro urushlar nisbatan tinchidi, tashqi mamlakatlar bilan aloqalar yaxshilandi, obodonchilik, ichki vaziyatni tuzatishga eʼtibor kuchaydi, hokimiyat mustahkamlandi. 1663–1664 yili xonlikni oʻgʻli Anushaxonga topshiradi va 1664 yili vafot etadi. Abdulgʻoziyxon oʻzi haqida quyidagi qiziq maʼlumotlarni yozib qoldirgan. “Bu faqirgʻa Xudoyi taolo inoyat qilib, koʻb namarsa bergan turur. Xususan uch hunar bergan turur. Avval, sipohiygarlikning qonuni va yoʻsinikim, nechuk otlanmoq va yurumak va yovgʻa yasoq yasamoq, koʻp birlan yuruganda nechuk qilmoq, oz birlan yuruganda nechuk qilmoq. Ikkinchi, masnaviyot va qasoyid va gʻazaliyot va muqattaot va ruboiyot va barcha ashʼorni fahmlamaklik, arabiy, forsiy va turkiy lugʻatlarning maʼnosini bilmaklik. Uchinchi, Odam ahdindin to bu damgacha Arabistonda, Eron va Turonda va Moʻgʻulistonda oʻtgan podshohlarning otlari va umrlarining va saltanatlarining kam va ziyodin bilmaklik”.

Uning tomonidan keltirilgan bu maʼlumotlarga qaraganda, Abdulgʻoziyxon sheʼriyatni yaxshi bilish bilan bir qatorda, arab, fors va turkiy tillarni puxta oʻrgangan. Tarix ilmidan yaxshi xabardor boʻlgan Abdulgʻoziyxon oʻzining tarixiy asarlarini tasnif etgan.

Abdulgʻoziyxon yuqorida zikr etilgan siyosiy faoliyati bilan bir qatorda zamonasining atoqli tarixchisi va olimi sifatida “Shajarayi turk” nomli mashhur asarini yozgan.

Abdulgʻoziyxon oʻz asarini yozishda tarafkashlik qilmay, voqealarni qanday sodir boʻlgan boʻlsa, shunday keltirganligini uqdirib oʻtgan. U bunday deb yozadi: “Emdi koʻnglingiga kelmasunkim, faqir taraf tutib yolgʻon aytgan boʻlgʻayman va yo oʻzimni gʻalat taʼrif etgan boʻlgʻayman”.

Abdulgʻoziyxon “Shajarayi turk” nomli asarini qaysi vaqtda yozilganligini va boblarini koʻrsatib oʻtadi. “Tarix hijriy ming taqi yetmish toʻrt (1663–1664) erdikim, biz (Abdulgʻoziyxon q. m. ) bu kitobni ibtido qilduq va taqi “Shajarayi turk” teb ot qoʻydiq. Taqi toʻqqiz bob qilduq”.

Bu asarni Abdulgʻoziyxon “Shajarayi turk”ning oʻzida keltirilgan baʼzi maʼlumotlarga qaraganda oxirigacha yozib tamomlashga ulgurmagan. Uning maʼlum qismi Abdulgʻoziyxon vafotidan soʻng Mahmudiy ibn Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan yozib tamomlangan.

Bu asardan hozir Toshkentda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozma asarlari xazinasida toʻrt nusxa saqlanmoqda. Ulardan eng qadimiysi 851 raqamli nusxa boʻlib, XVII asr oxiri yoki XVIII asr boshlarida koʻchirilgan. Shuningdek, Abdulgʻoziyxonning “Shajarayi tarokima” va “Manofe ul-inson” asarlarining qoʻlyozma nusxalari ham mazkur institut qoʻlyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda.

Abdulgʻoziyxonning madaniy-ilmiy merosini tadqiq etish ancha ilgari boshlangan. Abdulgʻoziixonning hayoti va ijodiga oid maʼlumotlar qomuslar, jurnallar va toʻplamlarda keltirilgan. “Shajarayi turk” asarining matni 1824 yili Qozon shahrida akademik Fren tomonidan nashr etilgan. Soʻngra bu asarning matni (1871) va fransuz tiliga qilingan tarjimasi 1874 yili Sankt-Peterburgda professor Baron Demezon tomonidan nashr etilgan. Keyinchalik G. S. Sablukov bu asarni rus tiliga tarjima qilib, Qozonda nashr etdirgan. Abdulgʻoziyxonning turkmanlar tarixiga oid “Shajarayi tarokima” asarining matni va tarjimasi tadqiqotlar bilan akademik A. N. Kononov tomonidan (Moskva, Sankt-Peterburg) 1958 yili nashr etidsi.

“Shajarayi turk” asarining matni hozirgi joriy alifboda 1992 yili Toshkentda akademik B. Ahmedov soʻzboshisi bilan nashr etildi. Shunday qilib, Abdulgʻoziyxon qator tarixiy asarlar ijod etgan oʻz davrining yetuk tarixnavis olimi, davlat arbobi va lashkarboshisi edi. Abdulgʻoziyxonning turli maʼlumotlarga boy tarixiy asarlari Xorazm tarixini va umuman aytganda, turkiy xalqlar tarixini oʻrganishda muhim manbadir.

Abdulgʻoziyxonning Xorazm tarixi boʻyicha oʻzbek tilida asarlar yozishi anʼanasi Xivada keyingi davrlarda atoqli tarixnavis olimlar, ayni vaqtda ajoyib shoirlar Shermuhammad Munis, Muhammad Rizo Ogahiy va Muhammad Yusuf Bayoniylar tomonidan davom ettirildi.

Abdulgʻoziyxon Xiva xonligida vujudga kelgan ana shu tarixnavislik maktabiga asos solgan olimdir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/abdulgoziyxon-1605-1664/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x