Zangi ota Himmatiy


Post Views:
1 159

Zangi ota Himmatiyning tavalludlari haqida ko‘plab rivoyatlar mavjud. Shulardan birida naql qilinishicha, Zangi ota tug‘ilganlaridan so‘ng, ul zotning ota-onalari chaqaloqni Hazrat Xoja Ahmad Yassaviy xuzurlariga olib borganlar. Suhbat asnosida Xoja Ahmad Hazratlarining nigohlari chaqaloqqa tushadi. Go‘dak esa chaqaloqlarga xos mayin tabassum bilan hazratga qarab turardi… Hazrat iltifot nazari bilan ota-onalarga boqib «nechunkim farzandi arjumandingiz kulib turadur?» – deydilar. Chaqaloqning otalari «Hazratimning biror narsa xadya qilmaganlari bois tabassum qilib turadur», – deb javob beradi. Shunda Xoja Ahmad chaqaloq haqiga duo qilib, «har bir ezgulik avval sizga, so‘ngra bizga bo‘lsin, Ollohu akbar!» – degan ekanlar.

Zangi otaning asli vatani Shosh (Toshkent) viloyati bo‘lib Toshkent bilan Qovunchi oralig‘idagi «Zangi ota» nomli qishloqdir.

Zangi otaning asl tavallud topgan joyi hozirgi Toshkent – shahrining Samarqand Darboza ko‘chasidagi «Zangi ota» mahallasidir, degan fikrlar ham bor. Shuning uchun bo‘lsa kerak qo‘lyozma asarlarda Beshyog‘och dahasi Zangi ota nomi bilan yuritiladi.

Zangi otaning haqiqiy nomlari Oyxo‘ja ibn Toj Xo‘jadir. «Zangi» iborasi bilan nisbat berilishi, u kishining rang-ro‘ylari qora bo‘lishining ramziy ifodasidir.

Zangi otaning otasi Toj Xo‘ja, uning otasi Abdul Malik ota bo‘lib, ul zot o‘zining pir-murshidi Mansur ota orqali Xoja Ahmad Yassaviyga borib taqaladi. Toj Xo‘janing o‘zi ham Hazrat Yassaviyning xizmatlarida bo‘lib, ul tabarruk zotdan bevosita tasavvufiy-ma’naviy ta’limot va irshodot (yo‘llanma) olgan. Toj Xo‘ja hijriy 615 (milodiy1218) yilda vafot etgan.

Zangi otaning tug‘ilgan yili manbalardan hozircha topilganicha yo‘q. Lekin u kishi haqida yozilgan ma’lumotlarga qarab, XII asrning oxiri yoki XIII asrning boshlarida tug‘ilgan, deb taxmin qilishga asos bor.

Zangi ota turk-islom olamidagi ulug‘ mutafakkir hamda mutasavvif donishmandlardan biri bo‘lib, uning nomi faqat Movarounnahrdagina emas, balki Xuroson xalqlari orasida ham ma’lum va mashhurdir. Zangi Ota (Oyxo‘ja) yoshlik paytidan padari buzrukvori Toj Xo‘jadan ta’lim oladi. Otasi vafotidan so‘ng, Xoja Ahmad Yassaviyning to‘rtinchi xalifasi va sodiq shogirdi bo‘lmish Hakim ota xuzuriga boradi. Vir necha yil ul zotning mulozimatida bo‘lib, ul kishidan «Yassaviya» tariqatining sir-asrorlarini, odoblarini o‘rganadi hamda ilmi zohiriy va ilmi botiniy yo‘riqlaridan voqif bo‘ladi. Zangi ota buzrukvor ustozi Hakim ota xuzurida tarbiya olib, ul zot qulidan hirqapo‘sh (kuloh va janda) bo‘ladi hamda tasavvufiy-ir-foniy ilmlarning muqtadir (yetuk) donishmandi bo‘lib yetishadi. Zangi otaning butun ongli hayoti Movarounnahr xalqlarining eng og‘ir va dahshatli davriga to‘g‘ri keladi. Zotan, XIII asrning 20-yillarida mo‘g‘ul istilochilari Movarounnahrning eng yirik shahar va qishloqlarini kultepaga aylantirib, oddiy mehnatkash xalq ommasini qullik iskajasiga solgan edilar. Ana shunday og‘ir vaziyatda Zangi ota va uning o‘ndan ortiq xalifalari va shogirdlari bo‘lmish buyuk mutasavvif zotlar xalq ommasini qaxramonlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, halollik, adlu insof, poklik, yaxshilik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, xudojo‘ylik kabi eng oliy umuminsoniy g‘oyalar bilan oziqlantirib, ularni ruhan va ma’nan tetik tutib, ularga ilohiyot va irshodot yo‘llarini ko‘rsatib turganlar.

Zangi ota Himmatiy laqabi bilan ham mashhur edi. U qora tanli, ushturlab (tuya lab), baquvvat, barvasta gavdali odam bo‘lgan. Zangi ota Hakim otadan tasavvufiy ilmlar bilan birga ilmi zohiriy va ilmi botiniydan ham ta’lim olib, yetuk donishmand hamda sohibi karomat darajasiga erishadi, shundan so‘ng Zangi ota o‘z vatani – Shosh viloyatiga qaytib kelib, bu viloyatdagi aholini ilhiy-ahloqiy, tasavvufiy-irfoniy yo‘l-yo‘riqlari bilan tarbiyalashga kirishadi hamda ko‘plab ulug‘ mutasavviflarini voyaga yetkazadi.

Zangi ota faqir va darveshsifat odam bo‘lib, odamlarning sigirlarini boqib, podachilik qilib, g‘aribona xayot kechirgan. Zangi otaning kundalik umri podachilik bilan o‘tgani tufayli, namozni ham qiru adirlarda o‘qirdi. Namoz o‘qib bo‘lgach, zikri jahriyani boshlarkan. Zangi ota zikrga mashg‘ul bo‘lganda, podadagi barcha sigirlar o‘tlashdan to‘xtab, uning atrofini xalqadek o‘rab, unga tiqilib «tinglar» ekan.

Kunlardan bir kun Zangi ota sevikli ustozi Hakim otaning vafotidan xabar topib, darhol Toshkentdan Xorazmga jo‘naydi u ustozining qabrini ziyorat qilgach, ta’ziya rasm-rusumlarini o‘tkazadi. Anbar onaning iddasi tugagach, uning uyiga boradi va piri Hakim otaning tul qolgan zavjasi Anbar onaga sovchi kiritadi. «Rashahot»da keltirilgan ma’lumotga qaraganda, Anbar ona sovchiga «Men Hakim otadan keyin hech kimning nikohiga kirishni istamayman» deb rad javobini beradi. Shu zahotiyoq Anbar onaning bo‘yni qiyshayib qoladi. Sovchi noumid qaytib, Anbar onaning rad javobini Zangi otaga yetkazadi. Shundan so‘ng Zangi ota piri Hakim otaning karomat yuzasidan Anbar onaga «Xali shoshmay tur, bir oz vaqt o‘tgach, mendan ham o‘tgan bir odamga musohib bo‘lasan», – deb aytgan so‘zlarini sovchi orqali Anbar onaga eslatadi.

Shundan so‘ng Anbar ona bu hol taqdiri azalning ishi bo‘lib, Hakim otaning ko‘nglida karomat yuzasidan ayon bo‘lganini anglaydi. Shuningdek, Hakim otaning ko‘nglida kechgan karomat ayni vaqtda g‘ayb ishorasi bilan Zangi otaga ham ayon ekanligini sezadi va ko‘p yig‘laydi. Anbar ona taqdirga tan berib, Zangi otaga turmushga chiqadi. Uning bo‘yni yana asli holiga keladi. Zangi ota Anbar onani Toshkentga olib keladi. Zangi ota bilan Anbar onadan bir necha farzandlar vujudga keladi. Ular ham otalari kabi pok e’tiqodli, adlu insofli kishilar bo‘lib yetishadilar va xalqni haqiqat yo‘liga boshlashda rahnamolik qilib kelganlar.

YUqorida aytib o‘tilgan Zangi ota bilan Anbar onaning bo‘lajak nikohlari haqida Hakim otaning karomatlariga doir bir necha rivoyatlar mavjuddir. «Hakim ota kitobi» nomli asardagi rivoyatga ko‘ra Hakim ota qora tanli bir kishi bo‘lib, Anbar ona esa oq tanli go‘zal ayol bo‘lgan. Kunlardan bir kun Anbar ona tashqarida g‘usl qilayotgan (cho‘milayotgan) Hakim otaga ko‘zi tushadi-da, «Bug‘roxonning mendek go‘zal qizi, shunday qora kishiga turmushga chiqishning boisini endi anglabman», degan e’tirozli mulohaza ko‘nglidan kechadi. Anbar onaning bu mulohazasi darhol Hakim otaga ayon bo‘ladi. Shunda ul zot o‘z jufti haloliga qarab, «Hali shoshmay tur, yaqinda mendan ham o‘tgan kishiga musohib bo‘lursan», – deydi. Bu so‘zni eshitgan Anbar ona ko‘p yig‘laydi. Ammo foydasi bo‘lmaydi, zero aytilgan so‘z – otilgan o‘q edi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Hakim ota og‘ir xastalanib, vafoti yaqinlashayotganini sezib, Xorazmdan o‘g‘illarini Boqirxonga chaqirtirib, ularga shunday vasiyat qiladi: «Mening vafotimdan so‘ng, qirqimni o‘tkazib bo‘lganlaringdan keyin qibla tomondan 40 abdol (qalandar) keladi. Ular orasidagi bir qoradan kelgan abdolga onalaringni nikohlab berasiz-lar!» Darhaqiqat, Hakim ota vafotidan 40 kun o‘tgach, kunbotar tomondan 40 abdol keladi. Ular sidqidildan duoyi fotihalar o‘qib, Hakim otani xotirlaydilar. Lekin ularning orasida Hakim ota «ta’riflagan» abdol ko‘rinmas edi. Farzandlar otalarining vasiyatiga sodiq qolish maqsadida mazkur ta’riflangan abdol haqida so‘rab-surishtiradilar. «Ul zot biroz kechiqib kelsalar kerak», – deb javob beradilar abdollar.

Darhaqiqat, ta’riflangan abdol kechiqib keladi. U Zangi ota edi. Hakim otaning o‘g‘illari padari buzrukvorlarining vasiyatlarini bajarib, Zangi otaga volidayi muhtaramalari bo‘lmish Anbar onani nikohlab topshirgan ekanlar.

Ayrim qo‘lyozma va toshbosma asarlarda hikoya qilinishicha Shosh viloyatidan chiqqan yirik mashoyih Zangi otani, mahalliy aholi zo‘r hurmat-ehtirom bilan «Zangi bobo» ham der ekanlar. Zangi otaning ko‘plab muridlari, muxlislari va shogirdpari bo‘lgan ekan. Mazkur shogirdpeshalardan to‘rt nafari xalifalik mavqyeiga ko‘tarilgan ekan. Ularning ismi shariflari — Uzun Xasan, Sayyid, Sadr (Sadriddin) va Badr (Badriddin)lardir.

Mazkur to‘rt nafar shogird peshalar avval Buxoro madrasalaridan birida o‘qirdilar. «Rashahot» asarida hikoya qili¬nishicha, mazkur tolibi ilmlar bir-birlari bilan inoq va hamjihatlikda o‘qirkanlar. Nogahon bir kechaning o‘zida hammalarining ko‘nglida «tariqat yo‘liga» kirib, Ollohga yaqinlashish orzusi paydo bo‘libdi. Tong otgach, ular uylarini tark etib, to‘rttalalari birlashib, dashtu sahrolarni kezib, Shosh viloyati tomon yo‘l oladilar. Ular Toshkentga yaqinlashganlarida bir qirning ustida o‘tlab yurgan qoramol podasi va poda yonida zanjivash, lablari qalin, keng yag‘rinli, oyoq yalang qora odamga duch keladilar. Toliblar poda tomon yura boshlaydilar. Ammo podachi hech qayoqqa qaramay, adirda o‘sib, kurib qolgan tikan bandlarini yalang oyog‘i bilan sindirib, bir yerga tuplar va ularni bog‘lashga harakat qilardi. Toliblarni ajablantirgan narsa shu ediki, podachi yalang oyog‘i bilan tikan g‘aramini qanchalik bosib tepkilamasin, uning oyog‘iga tikan qadalmasdi. Bu kishi — Zangi ota edi.

Toliblar podachiga salom beradilar, u alik olgach, bir lahza toliblarga razm solarkan: «Bu yerning odamlariga o‘xshamaysizlar, qayerdan kelursizlar va qayonga borursizlar?» – deydi.

– Bizlar Buxoroyi sharifning tolibi ilmlaridandurmiz. Alhol dilimizda tasavvuf ilmiga tashnalik tug‘yon urib, binobarin biror piri komilni qidirib topmak va ul zotdan ta’lim olmoq niyatida yururmiz, – deb javob beradi Uzun Xasan.

– Borakallo, andoq bo‘lsa, sizlar biroz dam olinglar, men atrof-jonibga nazar solib, hidlab ko‘ray-chi. Shoyadki sizlarga rahnamolik qila oladigan zotning sharpasini sezsam, – deydi Zangi ota.

Toliblar dam olishga mashg‘ul bo‘ladilar. Zangi ota esa turgan joyida janub, sharq, shimol va g‘arbga burilib, uzoq-uzoqlarga tikilarkan, havoning hidlab ko‘radi. Shundan so‘ng bir zum ko‘zlarini yumib tavajjuhga cho‘madi. So‘ngra ko‘zlarini ochib, o‘ziga taajjub bilan tiqilib turgan toliblarga boqib:

– Sizlarga rahnamolik qiladigan o‘zimdan boshqa biror mukammal zotni qidirib topa olmadim, – deydi. Bu so‘zni eshitgan toliblar hayronlikda bir-birlariga qaraydilar. Uzun Xasan va Sadr Zangi otani darhol pir tutib murid bo‘ladilar. Lekin Saayid bilan Badr ko‘ngillarida Zangi otaga nisbatan shubha tug‘iladi.

Sayyid o‘z-o‘ziga: «Axir men sayyidlar avlodidan bo‘lsam, boz ustiga Buxoroyi sharifdek muqaddas maskanda tahsil ko‘rgan bo‘lsam… Bu yalang oyok, juldurvoki podachi qanday qilib piri komil bo‘la olsin», deb o‘ziga ortiqcha baho berardi. Badrning ko‘nglidan ham xuddi shunday e’tiroz va shubhalar kechardi. Ikkala yosh yigit ko‘nglidan kechayotgan shubha va e’tirozlar, buzrukvor Zangi otaga ayon bo‘ladi. Lekin ul Zot sabr toqat va donolik bilan chuqur andishaga boradi-da, dili ranjiganini ularga sezdirmaydi. Uzun Xasan bilan Sadr hech ikkilanmay Zangi otaga sadoqat ko‘rsatib murid bo‘ladilar. Piri murshidning tarbiyasi, irshodotlari, mehribonligi hamda ilohiy va ahloqiy fazilatlari tufayli qisqa muddatlarda maqsadlariga erishadilar.

Uzun Xasan Zangi otadan so‘ng uning birinchi xalifasi sifatida, pirlik masnadiga (o‘rniga) o‘tiradi. Sayyid esa Anbar ona ko‘magi bilan Zangi ota iltifotiga musharraf bo‘lib, uning ikkinchi xalifasi maqomiga erishadi. Sayyidning bu maqomgacha chekkan riyozatlari haqida quyidagicha rivoyatlar bor. Sayyid garchi ko‘p vaqtni riyozat bilan o‘tkazsa-da, biroq ishlari unchalik yurishmaydi. Bu ko‘rgiliklarning barchasi o‘zining gustohligidan va kalondimog‘ligidan kelib chiqqaniga amin bo‘ladi va o‘z gunohini yuvish yo‘llarini qidiradi. Ammo piri murshidi – Zangi otaning huzurlariga kirib, tavba-tazarru’ qilib, gunohini kechirishlarini so‘rab iltijo qilishga botinolmaydi. Nihoyat Zangi otaning mushfiq hamxonasi Anbar onaga arzi holini izhor qilib, undan ko‘mak so‘raydi. Anbar ona mehribonlik yuzasidan unga yo‘l-yuriq ko‘rsatarkan: «Zangi ota sahar chog‘ida tahorat olish uchun tashqariga chiqadi. Sen shu paytda obdastaga suv to‘latib bag‘ringga bosgin-da, qora namatga o‘ralib, Zangi ota yo‘llarida yotgin. Ul muborak zot erta tongda seni bu alfozda ko‘rib, albatta senga rahmlari keladi va mehr-shafqatlarini darig‘ tutmagaylar,— deydi. Ertasi sahar chog‘ida Zangi ota bomdod namozi uchun tahoratga borarkan yo‘l ustida qora namatga o‘ralib yotgan bir odamga ko‘zi tushadi va taajjubda «Kimsan?» deydi. Shu asnoda qora namat ostidan qo‘lida obdasta ushlagan Sayyid chiqib, «pirim, shogirdingiz Sayyid Ahmaddurmen, Siz janobingiz xuzuringizda gunohkori azimdurmen, menga shafqat qiling pirim, bu osiy shogirdingiz gunohidan o‘ting! Zero kamina kibr-havo botqog‘idan xalos bo‘lib, kamtarlik va halimlik yo‘liga kirgaymen,— deya ta’zim bajo keltiradi. Mehribon piri murshid Zangi ota o‘z shogirdiga rahmi kelib, uni o‘z farzandidek ardog‘lab quchog‘iga bosadi. Kechqurun esa Anbar ona ham Zangi otadan Sayyid Ahmadning gunohlaridan o‘tishni iltimos qiladi.

Ana shundan so‘ng bir necha muddat o‘tgach, Sayyidning ishlari yurishib, maqsadi ruyobga chiqadi. Badrning ham bir necha vaqtgacha ishlari yurishmay, ovora bo‘lib yuradi. U ham Anbar onaning mehribonligi va vositachiligida gunohlaridan forig‘ bo‘lib, mehribon ustozi, piri buzrukvori Zangi otaning mehr-shafqatlariga noil bo‘lib, oz muddat davomida murod-maqsadiga yetadi.

Zangi ota 656 Hijriy – 1258 milodiy yili vafot etadilar va hozir «Zangi ota» deb atalayotgan qishloqda dafn etiladi. Bu joy nafaqat Shosh viloyati, balki butun Movarounnahr hamda Xurosondagi turkiy, forsiy va boshqa xalqlar uchun muqaddas maskan hisoblanadi. Hozir esa butun tuman «Zangi ota» nomi bilan ataladi.

Shunday qilib Uzun Xasan otadan so‘ng Sayyid ota, Sadr ota va Badr otalar Zangi otaning muqtadir shogirdlari sifatida Shosh viloyatida ketma-ket xalifalik masnadlarini egallaganlar. O‘z navbatida ular ham xaloyiqni poklik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, halollik, adl-insof, oliyhimmatlilik va boshqa ilg‘or umuminsoniy tasavvufiy-irfoniy yo‘llarga irshod etganlar.

Ismoil ota, Isxoq, ota, Almamin bobo, Shayx Ali, Mavdud Shayx, Kamol Shayx, Xodim Shayx, Jamol Shoshiy, Xasan ibn Jamol, Shayx Pahlavon, Shayx Jamol Buxoriy, Shayx Sulaymon Gaznaviy, Shayx Xudoydod, Shayx Matin, Shayx Qosim Karmaniy, Haziniy kabi yirik atoqli mutasavvif zotlar ham Zangi ota silsilasiga kiradilar. Kamol Shayxdan boshlab «zikri jahriy» (ovozli zikr)ning «zikri arra» nomli yangi bir shakli vujudga kelgan. Rivoyatlarga ko‘ra, Kamol Shayx «zikri arra»ni 7-8 daf’a ijro etganda, «Arshdan tortib to farshgacha chor atrof mutazzalzal bo‘lib, eshitganlarning qalblari bamisoli suvdek erib ketarkan», «Zikri arra» jarayonida zikr tushganlar xanjarasidan (bo‘g‘zidan) yog‘och arralagandagidek ovoz eshitilarkan va yig‘ilganlarni o‘ta xayajonga solar ekan.

Hazrati Zangi otaning Toshkent bilan Qovunchi (Yangiyo‘l) oralig‘idagi «Zangi ota» qishlog‘ida joylashgan muborak markadlari, uning muxtasar tarixi haqida Toshkent viloyatining bosh imom xatibi muhtaram (marhum) Abdulg‘ani Abdullo shunday ma’lumot berganlar. «Zangi ota marqadlari Toshkent shahri yaqinidagi shu nomli qishloqda joylashgan bo‘lib, ziyoratgohlari marqad va unga kiraverishdagi kichik bir masjiddan iboratdir. Uni Amir Temur qurdirgan va 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek uning ustiga hozirgi peshtoqni bino qildirgan. Uning amri bilan peshtoq toshga ushbu «hadisi Kudsiy» yozib qo‘yilgan: «Mening zaminimdagi uylarim masjidlardir. Mening ziyoratchilarim esa uni obod qiluvchilardir. Har kim o‘z uyida tahorat qilib, mening uyimda ziyorat qilsa, izzat-hurmatimga sazovordir»… XVII asrda bu yerga Madrasa va jome masjid qurilib, ko‘plab talabalar ta’lim olganlar. XIX asr oxirida Mirzo Rustam nomli saxovatli kishi tomonidan mavjud mezana qurilgan».

Amir Temur tomonidan Zangi ota maqbarasining qurilishi haqida xalq orasida quyidagicha rivoyatlar bor. Naql qilinishicha, Amir Temur Turkistonga borib, Xoja Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qilgach, bu ulug‘vor piri komilning qabri ustiga maqbara kurishga farmon beradi. Amri shoh vojib bo‘lib, tez fursatda kurilish ishlari boshlanib ketadi. Maqbara poydevori ustida devor qad ko‘taradi.

Ertasi ertalab usta-mardikorlar uyqudan turganlarida ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, kechagina qad ko‘targan devor ag‘darilib, g‘ishtlar har tomonda sochilib yotardi. Bu holatdan hamma hayron, hayratdan yoqa ushlardi. Nahotki g‘isht terishda xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa…

Usta mardikorlar yana ishga kirishib, devorni qaytadan tiklaydilar. Ammo ertasiga yana o‘sha ahvol takrorlanadi.

Nemashaqqatu chapdastlik va mohirlik bilan ko‘tarilgan devor, tunda noma’lum sabablar bilan qulay beradi. Nihoyat kechasi poyloqchi qorovullar belgilashadi. Qorovullar tun bo‘yi mijja qoqmay, uxlamay poylashadi. Yarim tunda bahaybat ko‘k ho‘kiz kelib devorni buzib so‘ngra o‘zi g‘oyib bo‘ladi. Hyech kim uni ushlay olmaydi.

Bu voqyeadan Amir Temur voqif bo‘lib, hayratlanadi va bunda biror sir bo‘lsa kerak, buni albatta aniqlash lozim, degan fikrga keladi. Shundan so‘ng bir kuni Amir Temur tush ko‘radi. Tushida egniga uzun oq yaktak kiygan, boshiga oq salla o‘ragan, uzun oq soqoli ko‘kragiga tushgan bir nuroniy qariya Amir Temurga yaqin kelib: «Ey Amir, maqbarani avval Zangi otaga qurgin, so‘ngra Xoja Ahmad Yassaviyga qurasan. Shunda u buzilmaydi. Zero Zangi ota tug‘ilgach, uni ko‘tarib kelib Xoja Ahmad Yassaviyga ko‘rsatishgan va undan suyunchi so‘rashgan. O‘shanda ul zot suyunchiga «mendan oldin shu go‘dakka maqbara kurilsin. Sizlar meni hurmat qilib kelibsizlar, bu go‘dak mendan ham ulug‘ bo‘lsin», – deb himmat qilganlar. Zangi otaning qabrini topish qiyin emas. Buning uchun bir oq tuya olib, yaxshi niyat bilan qo‘yib yuborasizlarda, uning orqasidan kuzatib borasizlar. U albatta Zangi otaning qabrini topib beradi», – deb ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.

Amir Temur tushidagi g‘oyibona suhbatdan hayratlanib, ertasigayoq oq tuya toptirib, uni yo‘lga soldirib, orqasidan 4-5 nafar odamni kuzatuvchi qilib jo‘natibdi. Oq tuya bir necha kun yo‘l bosib, hozirgi Zangi ota qishlog‘iga yetib kelibdi. Shu yerga yetganda tuya taqqa to‘xtabdi. So‘ngra yo‘ldan biroz chetroq chiqib tiz cho‘kibdi va u yoq-bu yoqqa alanglabdi. Kuzatuvchilardan biri tezda otdan tushibdi-da, tuyaning atrofini qamchin bilan chizib belgilabdi. Aytishlaricha shu belgilangan joyga darvozaxona (jilovxona) qurilgan ekan. Bu darvozaxona hozir ham bor. Zangi otani ziyorat qilgani keluvchilar ana shu darvozaxonadan o‘tishadi.

Tuya shu cho‘kkanicha o‘rnidan turmay, o‘rmalab yuqori tomon ko‘zg‘ala beredi. Kuzatuvchilar uning har bir harakatiga diqqat bilan qarab borishibdi. Tuya yuz odimcha o‘rmalab borib to‘xtabdi. Boshini qibla tomonga qo‘yib, oyoqlarini cho‘zib, bir na’ra tortib jon beribdi. Kuzatuvchilar tuya yotgan joyni chizib belgilashibdi. Zangi otaning qabri shu yer bo‘lsa kerak, degan fikrga kelishibdi. Bo‘lgan voqyeani tezda Amir Temurga yetkazishibdi. Amir Temur Zangi ota maqbarasini zudlik bilan qurishga farmon beribdi. Maqbaraning g‘ishtini askarlar yonma-yon turib Samarqanddan qo‘lma-qo‘l uzatishgan ekan.

Zangi ota maqbarasi qurilib bitgach, Amir Temur Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini qo‘rishga farmon bergan ekan.

Zangi otaning tabarruk marqadlari qadim-qadimdan ziyoratchilar bilan gavjum bo‘lib kelgan. O‘rta osiyolik va afg‘onistonlik ziyoratchilarning keti uzilmagan. Faqat keyingi 70 yillik istibdod zamonida ziyoratgohlar ham, ziyoratchilar ham ta’qibga uchradilar.

1930 yilda Zangi ota ziyoratgohining masjidi yopib qo‘yildi. 1945 yilda masjid rasman ochilgan bo‘lsa-da, 1946 yilga kelib yana yopib qo‘yildi va ateistik muzeyga aylantirildi. Nihoyat, 1989 yilda musulmonlar talabiga ko‘ra mazkur jome masjidi hamda ziyoratgoh yana qaytadan ochildi. Hozir bu tabarruk maskanga O‘rta Osiyoning barcha shahar va qishloqlaridan ziyoratchilar to‘xtovsiz kelib turibdilar. Imom xatib va shayxlar ular xizmatidadirlar.

Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/zangi-ota-himmatiy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x