Yoshlar nimani oʻqiyapti…

Respublika yosh ijodkorlarining “Isteʼdod maktabi” VIII seminari oldidan

 

Insoniyat tamaddunining gʻaroyib neʼmatlari orasida kitobning oʻrni alohida. Mutolaaga berilgan oʻquvchining holatini tasavvur qiling: u va kitobdan oʻzga bu dunyoda boshqa hech narsa yoʻqdek. Bu nafaqat zavq bagʻishlaydigan, ayni paytda miyaning tarkini ochadigan, mavjud olamga qalb koʻzi bilan qarashga chogʻlantiradigan jarayon.

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytadilar: “Koʻzni yumgil, koʻzga aylansin koʻngil”. Koʻngil koʻzining ochqichi kitobdir.

Navqiron avlod kamolotini kitob mutolaasidan xoli tasavvur etib boʻladimi? Aslo! Kitob beradigan maʼnaviy ozuqani boshqa biror-bir zamonaviy texnik vosita orqali olib boʻlmaydi. Negaki, kitobxonning kitob bilan – faqat kitob bilan yolgʻiz qolib oʻzini va dunyoni idrok etishga chogʻlangani shunday bir ruhiy vaziyatki, taʼbir joiz boʻlsa, buni oʻziga xos maʼrifiy-maʼnaviy ibodat, deyish mumkin.

Bugungi tezkor, ilmiy, texnikaviy moʻjizalarga boy davrda ham kitobning qadr-qimmati oshsa oshdiki, aslo kamaygani yoʻq. Ayni paytda Kitobga qaytish – mutolaa madaniyati, malakasini egallash inson shaxsining birlamchi fazilati, intellekt sifatidagi qiyofasining yetakchi belgisi ekani turli minbarlardan takror-takror taʼkidlanayotir. Zero, azaldan eli kitobxon boʻlgan, bu neʼmatni muqaddas bilib, qoʻlga olib varaqlashdan oldin qosh-koʻziga surib tavof qiladigan bobolarimiz, momolarimiz udumi unutilgani yoʻq. Darhaqiqat, yosh qalbning oʻzini taniy bilishida, oʻzligini anglab yetishida, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan bahramand boʻlishida kitob bilan doʻst tutinishi eng taʼsirchan va samarasi bisyor omildir.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, uning adabiy-badiiy nashrlari, jumladan, bizning haftaligimiz ham kitob targʻiboti, yoshlarning badiiy adabiyot mutolaasiga eʼtiborni oshirishni oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olgan. Shu yilning 9-noyabr kuni “Doʻrmon” ijod bogʻida VIII Respublika yosh ijodkorlarining “Isteʼdod maktabi” seminari oʻz ishini boshlaydi. Mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyuradigan yosh qalamkashlar bu anʼanaviy anjumanda ustozlardan saboq oladilar, turli janrlardagi mashqlarining muhokamasida yutuq va kamchiliklaridan ogoh boʻladilar. Bunday tadbirlar yoshlar orasida kitob oʻqishga, adabiyotga qiziqishni oshirishi tayin.

Tahririyatimiz xodimlari kitob va kitobxonlik, mutolaa madaniyati mavzusida turli kasb egalari boʻlgan bir guruh yoshlar bilan muloqotda boʻlib, ularning fikr-mulohazalarini yozib oldi. Gazetaning ushbu sonida ana shu chiqishlar bilan tanishasiz. Xoʻsh, yoshlar nimani oʻqiyapti, qanday kitoblarni mutolaa qilyapti, degan savol bugun hammamizni birdek qiziqtirishi tabiiy. Chunki ertangi kunimiz egalarining maʼnaviy dunyosi, insoniy qiyofasi koʻp jihatdan ularning bugungi kitobxonlik darajasi, malakasi va intellektual saviyasiga bogʻliq. Tahririyatimiz ayni mavzudagi chiqishlarini davom ettirishni rejalashtirgan.

Tahririyat

 

Kitoblar va ranglar

Ranglar inson hayotida qanchalik ahamiyatli ekanini anglash uchun, avvalo, uni his qilish kerak. Ranglarni his qilish mumkin, lekin u orqali tuygʻularni ifodalash isteʼdod va mahorat talab qiladi. Ana shunday chin isteʼdod sohiblari odamlarga ranglarni, ranglar orqali esa olamni tanitishi shart deb oʻylayman. Chunki, butun borliq ranglardan, ranglar esa tuygʻulardan iborat.

Musavvirlar tomonidan tashkil etiladigan koʻrgazmalarga borishni yaxshi koʻraman. Bir safar oʻrta yoshlardagi kap-katta erkak hammaning yonida rassom mahorat bilan chizgan keksa onaxon suratiga uzoq qarab turdi-da, koʻzyoshini toʻxtatolmay yigʻlab yubordi. Bir kuni opamning xonasiga kirsam koʻzyosh qilib oʻtiribdi. Biron narsa boʻldimikan deb qoʻrqib ketdim-da, darhol nima boʻlganini soʻradim. U yigʻidan gapirolmas, shu bois ochiq turgan kitobini qoʻli bilan koʻrsatdi. Keyin bilsam asar qahramoni boshiga tushgan savdolar opamni huddi oʻsha ona suratini tomosha qilib turgan kishi misol toʻlqinlantirib yuborgan, qalbini junbushga solgan ekan.

Ranglar va kitoblar. Kitoblar va ranglar. Bu ikki soʻzni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Kitob oq qogʻozga qora ranglarda bosilgan harflardan iborat emasmi, aslida. Har qanday badiiy kitobda ikki xil rang boʻladi, bular – yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat, hijron va visol, zulmat va ziyo, jaholat va maʼrifat. Har qanday ranglar uygʻunligida chizilgan suratda ham aslida mana shu qarama-qarshiliklar aks etgan boʻladi. Shu sababdanmi musavvirlarni adiblarga, adiblarni esa musavvirlarga qiyos qilgim keladi.

Rassomga kitob oʻqishning nima keragi bor deguvchilar ham bor. Kitobni hamma har doim oʻqishi kerak! Ayniqsa, rassomlar hayotida bu muhim ahamiyatga ega. Boisi, kitob oʻqish jarayonida musavvir ilhom oladi. Asar qahramonlariga bagʻishlab chizilgan suratlar juda koʻp-ku. Yaxshi bilasiz, kitoblarda hikoya, qissa yo romanlar, sheʼrlar uchun ishlangan suratlar boʻladi. Rassom uni oʻqimay turib qahramonning xarakterini, boshidan kechirganlarini bilmay turib, suratini chizolmaydi. Alpomish suratini mahorat bilan chizgan rassom oʻsha qahramonni koʻrgan deb oʻylaysizmi? Yoki buyuk bobokalonimiz Amir Temur siymosini turli rassomlar oʻz qarashlaridan kelib chiqib tasvirlashgan. Bunda ularga Sohibqiron haqida yozilgan asarlar ilhom bergani shubhasiz. Yozuvchi shunday tasvirlaydiki, koʻzingizni yumushingiz bilan koʻz oldingizda, xayolingizda oʻsha asar qahramoni gavdalanadi.

“Oʻtkan kunlar”ni oʻqiganimda mening ham xayolimda Zaynab obrazi gavdalangan. Va uni chizib koʻrishga uringanman. Vaholanki, chizgan suratimni kimga koʻrsatgan boʻlsam hammasi har xil fikr aytishgan. Qodiriy Zaynabning boʻyi qancha ekanini yozmagan boʻlsa-da, bir tanishim suratga qarab turib uning boʻyini aynan shunday tasavvur qilganini aytdi. Badiiy asar yozgan adibga togʻ manzarasini zoʻr chizibsan deyishadi. Oʻzimni huddi oʻsha togʻ etagida turgandek his etdim deguvchilar ham topiladi. Yaxshi rassomga esa suratini koʻrib ajoyib shoirsan-da, deyishlari mumkin.

Kitoblar va ranglar, rassom va adib bir tuygʻuning ikki xil koʻrinishi, deb bilaman. Shu oʻrinda shoirning “Sheʼr va surat” degan sheʼri yodimga tushdi:

 

Sen surat chizasan,

Men sheʼr yozaman…

Ajoyib rassomsan, deydi doʻstlarim,

Senga isteʼdodli shoirsiz derlar.

Suratlarim oʻqir ekansan,

Rassom boʻlging keladi juda.

Sheʼrlaringni tomosha qilib,

Shoir boʻlgim keladi mening.

 

Maftuna RAHIMOVA,

rassom

 

 

Koʻngil koʻzgusi

Kitobga mehrning ilk uchqunlari uni qoʻlga olgandan boshlanadi, nazarimda. Sahifadan sahifaga oʻtgan sari kitobxonning hayajoni ham, ishtiyoqi ham, qoʻrquvi ham ortib boraveradi. Bolaligimda kitobni ochganimdan “Qanday tugarkan?”, “Oxiri nima boʻlarkan?” degan savolni oʻzimga beraverardim. Lekin zinhor shartta soʻnggi sahifani ochib, yakunini oʻqib qoʻymaganman. Unda ertakning qizigʻi qolmaydi, deb oʻylardim.

Bolalarda, yoshlarda, aytish mumkinki, katta yoshdagi odamlar qalbida ham ezgu tuygʻu va tushunchalarning paydo boʻlishi, kamol topishida kitoblarning alohida oʻrni bor. Oʻzim maroq bilan oʻqigan kitobimni, albatta, atrofimdagilarga ham targʻib qilaman. Men anglagan falsafani, his qilgan kechinmalarni ular qanday boshdan oʻtkazishini kuzataman. Ayniqsa, qahramonlik dostonlari, vatanparvarlik ruhidagi asarlarni oʻquvchilarimga koʻproq tavsiya qilaman. Negaki, ular yoshlarda milliy gʻurur tushunchasini shakllantiradi, Vatanni, ona tuproqni qanday sevish, ardoqlash lozimligini oʻrgatadi.

Bu yil universitetni tamomlab, pedagoglik faoliyatimni boshladim. Darslardan birida oʻquvchilarimdan baʼzilari kitobdan koʻra internet orqali koʻchirib olingan elektron variantdagi asarlarni oʻqish ham vaqt, ham mablagʻ tomondan ancha foydali deb aytishdi. Shunda bir usulni qoʻllab koʻrdim: kim qaysi usuldan foydalansa ham vazifa qilib berilgan asarni oʻqib topshirishi kerak. Asar muhokamasi boʻladigan darsda ayon boʻldiki, elektron variantdan foydalanganlar asar bayonini shundayicha gapirib berishdi. Mutolaa zavqini tuyganlar esa toʻlib-toshib, ichiga sigʻmay, baʼzan aytadigan gapini yoʻqotib qoʻyib, hayajon bilan gapirganlaridan ularni toʻxtatib boʻlmadi. Yakuniy xulosa esa barchaga birdek ayon boʻldi.

Hozirgi yoshlarning koʻpchiligi jahon adabiyotiga qiziqadi. Bu yaxshi, albatta. Dunyo tan olgan, badiiy saviyasi yuksak asarlar kitobxonga katta saboq beradi. Hayotga, odamlarning turmush tarziga turli nuqtai nazar bilan qarashga undaydi. Biroq, eng avvalo, Sharq durdonalari ichida gavhardek tovlanib turgan mumtoz adabiyotimizdan xabardor boʻlish zarur. Xalq ogʻzaki ijodimizning oʻzi ulkan xazina. Sheʼriy, nasriy javohirlarimiz undan bahra olgan koʻngillarni komillik choʻqqisiga koʻtaradi. Adabiyot darslarining oxirida, albatta, Jaloliddin Rumiy, Mavlono Lutfiy, Hazrat Navoiy ijodidan namunalar oʻqib beraman. Oʻquvchilarning maroq bilan tinglashidan, sezamanki, ularning yuragida oʻz ajdodlari, ular qoldirgan merosga boʻlgan muhabbat juda ulkan.

 

Yulduz ZOIROVA,

Toshkent xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kolleji

Ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi

 

 

Maʼnaviyat manbai

Badiiy asar oʻqish koʻpchilik uchun maroqli yumush. Kattayu kichik kitob mutolaasini sevimli mashgʻulotlari qatorida birinchi boʻlib tilga oladi. Men ham badiiy asarlarni jon-dilim bilan oʻqiyman. Ustozlarim tavsiya qilgan, durdona asarlar sifatida nom qozongan, oʻzimga tanish mualliflarning kitoblarini tanlashga harakat qilaman. Bestseller yoki “bozor adabiyoti” deb ataladigan asarlarni sotib olishga koʻp ham urinmayman. Quruq syujet, yasama kulminatsiya, oldi-qochdi voqealar kitobxon eʼtiborini bir-ikki kun ushlab turoladi, xolos. Bunday asarlardan oʻzing uchun na taassurot, na biror ibrat olasan.

Badiiy asarni oʻqishda muallif mahorati, uslubini kuzataman, qalam bilan kerakli oʻrinlarni belgilab qoʻyaman. Asarni asar sifatida vujudga keltirgan gʻoyani anglashga intilaman. Hech qachon zerikishdan, vaqtni oʻtkazish uchun, yoʻliga kitob varaqlamayman. Kitob oʻqish uchun ham tayyorlanib, eʼtiborni bir yerga toʻplab olish zarur. Xayoling boshqa joyda boʻlib, tushkun holda, mingta tashvish bilan kitob varaqlagandan koʻra, uni oʻqimay qoʻygan maʼqul. Sevimli asarlarim qatorida birinchi navbatda Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanini tilga olaman. Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Oʻtkir Hoshimov kitoblari ham hamisha meni oʻziga maftun qiladi. “Ufq” trilogiyasi mutolaasini ayni damda oʻqiyotgan asarlarim yakunidan soʻng amalga oshirmoqchiman.

Hozir Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol!” asarini oʻqiyapman. Bundan oldin Xemingueyning bir necha kitoblarini varaqlab chiqdim. Bu menga muallif bilan yaqindan tanishishga, uning uslubini tushunishga yordam beradi. Yoz boʻyi Lev Tolstoy asarlari mutolaasi bilan shugʻullandim. Olgan taassurotlarim esa bir olam. Bugun kechagidan koʻra bilimim oshgan, dunyoqarashim kengaygan yoki hayotga, odamlarga munosabatim oʻzgarganmi, demak, eng avvalo, meni ulgʻaytirib, maʼnaviy boy qilayotgan kitoblarga rahmat aytishim kerak.

 

Mohlaroyim QAYUMOVA,

Prezident stipendiyasi sohibi

 

 

Hayotimni oʻzgartirgan asar

Otam maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Yoshligimizdan kitobga mehr uygʻotgan inson ham aynan otam boʻladi. Esimni tanibmanki, u kishini kitob mutolaa qilib oʻtirgan holatda koʻrganman. Boʻsh vaqt topdimi tamom, albatta, biron badiiy asarni olib oʻqiy boshlaydi. Hali oʻqishni bilmagan vaqtlarimizda bizga turli ertak kitoblar oʻqib berar, yaxshilikning doimo yomonlik ustidan gʻolib kelishi, mard va jasur insonlar hayot sinovlaridan xamisha mardonavor oʻtishi haqida taʼkidlardi. Yoshligimdan kitoblaru ulardagi bahodirlarga mahliyo boʻlib ulgʻaydim. Tezroq maktabga borishni, harf tanib, soʻzlarni mustaqil ravishda oʻqishni istar edim.

Tarix fani jonu dilim boʻlgani bois otamdan tarixiy kitoblarni koʻproq olib kelib berishlarini soʻrardim. Tarixdan oʻtiladigan maktab darsligini-ku deyarli yodlab olganman desam ham boʻladi. Ayniqsa, xalqi, millati, mamlakati, Vatanining ozodligi, uning ravnaqi uchun jonini fido qilgan qahramonlarning hayoti murgʻak qalbimda ularga nisbatan havas uygʻotgan boʻlsa kerak, deb oʻylayman.

Bir safar otam (u kishining yaxshi odatlari bor: bozorga boradigan boʻlsa, albatta, qaytishlarida bironta kitob qoʻltiqlab keladi) mening ongu shuurimni tubdan oʻzgartirib yuborgan, kelajakda kim boʻlishim kerakligi haqidagi qarorimni qatʼiylashtirgan bir moʻjaz kitob olib keldi. Bu buyuk jahongir Amir Temur bobomizning “Temir tuzuklari” kitobi edi. Kitob mutolaasidan olgan olam-olam maʼnolarning qiymatini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Hayotda qaltis vaziyatlarga duch kelganda sarosimaga tushmasdan aqlga tayanib, oʻz kuchiga ishongan holda yoʻl tutish borasidagi qimmatli fikrlar koʻp marta menga asqotgan.

Butun umri azob-uqubatda, dardu hijronda, Vatan sogʻinchida oʻtgan bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, aytish joizki, arzimagan qiyinchilik oldida boʻyin egib qolayotgan yigitlar oʻqib chiqishi zarur boʻlgan kitoblardan biridir.

Hozir yoshligimdan orzu qilgan harbiy libosni kiyib Vatanimga xizmat qilayapman. Harbiy qismimizda kutubxona ham bor. U yerga kirganingizda koʻnglingiz kitoblar ziyosidan yorishib ketadi. Kutubxonamiz ancha boy, eng sara kitoblar bilan toʻldirilgan. Gazeta va jurnallarning kelib turishi esa ijtimoiy hayotda yuz berayotgan eng qaynoq yangiliklardan xabardor boʻlib turish imkonini beradi.

Bu yerda oʻrganishimiz kerak boʻlgan harbiy bilimlar bisyor. Ularni qunt bilan oʻzlashtirib bormoqdamiz. Haftaning maʼlum kunida kutubxonaga kirib biron kitob mutolaasiga kirishamiz, safdoshlarim bilan ayrim kitoblarni muhokama qilish esa asarni yanada chuqurroq tahlil etish imkonini yaratadi. Shunday paytlarda ularning kitob oʻqiyotganidan, adabiyotni tushunishiyu soʻzni his qilishidan faxrlanib ketaman. Erta biz – Vatan himoyachilari turli kasblarni egallashimiz mumkin. Lekin qaysi sohani tanlamaylik, hayotimizda kitobning tutgan oʻrni aslo oʻzgarmaydi.

Istardimki, yer yuzidagi barcha ota-onalar farzandlarini kitob oʻqishga, uning mazmunini uqishga oʻrgatsa. Shunda dunyoqarashi keng, nutqi ravon, zehni oʻtkir, odamlarga yaxshilik sogʻinadigan farzandlar soni yanada koʻpayib, sayyoramiz yanada tinch va osuda nafas olgan boʻlardi.

 

Jamoliddin SIROJIDDINOV,

oddiy askar

 

 

Har kungi bayram

Tafakkur qachon yuksaladi? Inson qalbi turfa oʻy-xayollar, tuygʻular, tugʻyonlar ichra qachon oʻzi istagan taskinni topadi? Qachonki, yaxshi bir kitobni qoʻlga olib, zavq bilan mutolaa qilsa, kishi shunday malhamni topadi, deb oʻylayman. Bebaho asarlarni oʻqigan sari kitobga boʻlgan muhabbatim yanada olovlanadi. Har gal kitob doʻkoniga shunday asarni topayki, uni oʻqigan sari qahramonlarning taqdiri, sevinchu iztirobi bilan yashasam, bahra olsam, mutolaa jarayonida olgan saboqlarim menga hayotning eng oydin yoʻllarini koʻrsatsa, degan niyat bilan kiraman. Ayni kunlarda oʻqib tugatganim nemis adibi Remarkning “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” va “Uch ogʻayni” asarlaridan men shunday taʼsirlandim. Hozir Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” asari mutolaasiga kirishganman. Yaxshi kitobni oʻqib yuragi zavqqa toʻlgan odam bu zavqni kim bilandir boʻlishgisi, u haqida toʻlib-toshib gapirgisi kelaveradi.

Kursdoshlarim orasida kitob bilan nafas oladigan, uni yaqin doʻstiga aylantirganlar koʻp. Kimdir yangi kitob oʻqisa, ertasigayoq auditoriyada uning muhokamasi boshlanib ketadi. Qahramonlarni oqlovchilar bir taraf, qoralovchilar ikkinchi taraf boʻlib, qizgʻin muhokamaga berilamiz. Shunday paytlarda, yaxshi kitobni hamma jon-dili bilan oʻqishini, uning zavqiga toʻlgan koʻngilda katta bayram boʻlishini sezaman. Uning tantanasi, shukuhidan atrofdagilar ham bebahra qolmaydi. Koʻpincha, yon-atrofimda, ustozlarim, katta yoshdagilardan yoshlar kitob oʻqimay qoʻygan, degan taʼnani eshitib, xafa boʻlaman. Shunday paytlarda kattalar qaysi kitobni oʻqish, oʻqiganda ham qanday oʻqish kerakligi haqida maslahat berishsa qanday yaxshi boʻlardi, deb oʻylayman. Shuning uchun ham “Tafakkur” jurnalining har bir sonida “Javondagi javohir” rukni ostida yozuvchi va olimlarning oʻzlari mutolaa qilgan kitoblari haqidagi mulohazalarini oʻqib boraman.

Kitobga muhabbat har bir qalbda yashaydi. Bu mehr-muhabbat yaxshi asarlarni mutolaa qilib, bir olam shavqqa toʻlgan lahzalarda yanada avj oladi. “Mehr koʻzda” degan gap bor. Qachonlardir oʻqib tugatgan, oradan ancha vaqt oʻtgach, oʻsha tanish va hayajonga soluvchi kitobni javoningiz burchagida koʻrib qolsangiz, yana oʻsha qadrdon, yoqimli tuygʻular bilan oshno boʻlib, entikib qoʻyasiz. Bu bizni chin inson boʻlib yashashga oʻrgatayotgan kitoblarga qalbimizdagi ulkan muhabbatning tafti, mehrning koʻzlardagi aksidir.

 

Mohinur AHMEDOVA,

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi

 

 

Yoʻlda kitob oʻqigan odam

Birinchi Prezidentimizning tashabbusi bilan uzunligi 123,2 kilometr boʻlgan yangi “Angren – Pop” temir yoʻl tarmogʻi hamda ushbu loyiha doirasida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda uzunligi deyarli 20 kilometr boʻlgan “Qamchiq” tunneli bunyod etildi. Menga aynan shu poyezdning ilk qaldirgʻochlaridan ekanligim tuganmas iftixor bagʻishlaydi.

Poyezdimiz manzilga roppa-rosa olti soatda yetib boradi. Vagonga turli yoshdagi yoʻlovchilar chiqishi tabiiy hol. Bu vaqt ichida yoʻlovchilar turli mashgʻulotlar bilan andarmon boʻladi. Kimdir gazeta-jurnal, kimdir kitob oʻqib oʻtirsa, yana kimdir atrofni tomosha qilib ketadi. Birov uxlashni maʼqul koʻrsa, koʻpchilik qoʻltelefoni bilan ovora.

Kitobga mehrim boʻlakligi sabab kitob varaqlayotgan yoʻlovchilarning qanday asarni mutolaa qilayotganiga juda qiziqaman. Toʻgʻri, telefonida kitob oʻqib ketayotgan yoʻlovchilar ham koʻp. Lekin, baribir kitobni kitob tarzida oʻqish, sahifalarning shitirlashini eshitish, undan taralayotgan hidni tuyishning shavqi baribir boshqacha.

Kitob oʻqishni yaxshi koʻraman. Ayniqsa, sheʼriy kitoblar jonu dilim. Sergey Yesenenning sheʼrlarini rus tilida qayta va qayta oʻqiganman. Bir kuni qoʻlimga sevimli shoirimning Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov tarjimasida chiqqan “Bezorining oshiq koʻngli” nomli kitobi tushib qoldi. Ochigʻini aytaman, asliyatda mutolaa qilib ham bunchalik maza qilmagandim.

XX asr sheʼriyati meni har doim hayratlantirgan. Lekin oʻzbek mumtoz adabiyoti boshqacha. Mavlono Lutfiy, Boborahim Mashrab, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk bobolarimizning gʻazallaridan, maqtanish demang-u, ancha-munchasini yoddan aytib beraman. Bu kitoblar hamisha javonimdagi tez-tez murojaat qilib turadigan toʻplamlar qatoriga kiradi.

Ayni kunlarda oʻzbek adabiyotiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarning kitoblarini mutola qilayapman. Yomon yozishmayapti. Sheʼriyatda ham, nasrda ham adabiyotimizni yuksakka koʻtaradigan yosh avlod shakllanib borayotganiga shubha yoʻq. Bunga ularning ijodi bilan tanishib chiqsangiz amin boʻlishingiz tayin.

Kitob – bebaho boylik, faqat uni oʻqisang, deyishadi. Shunday ekan, yaxshi va sara kitoblarni bot-bot oʻqib, haqiqiy xazinalardan bahramand boʻlaylik.

 

Yodgor MIRZAAHMEDOV,

Toshkent – Andijon yoʻnalishida qatnovchi “Oʻzbekiston” tezyurar poyezdining vagon kuzatuvchisi

 

 

Haftalik quvonchlari

Hozirgi zamon yoshlari kitobga shunchaki nazar tashlamaydi, uni beparvolik bilan qoʻlga olmaydi, qiziqishi ham yoʻliga emas. Yaxshi va yangi kitoblar bugun ham yosh avlodning maʼnaviy ehtiyojiga aylangan. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida shu yilning 24-28 oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Infolib – 2016” V Milliy axborot-kutubxona haftaligida ishtirok etgan yuz-yuzlab oʻquvchilar, talaba-yoshlarni koʻrib shunga amin boʻldimki, kitobga boʻlgan mehr-muhabbatning tafti juda ham kuchli. Haftalik doirasida oʻtkazilgan davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar, yangi nashrlar taqdimoti, kitoblar koʻrgazmasi, Oʻzbekiston milliy madaniy markazlarining ashula va raqs dasturlarida yoshlar katta ishtiyoq bilan qatnashdi. Kollej oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etilgan “Kitob ummoni boʻylab sayohat” nomli viktorina qizgʻin tortishuvlarga boy boʻldi.

Yoshlarning mutolaaga qiziqishini yanada kuchaytirish, madaniy va maʼnaviy boyliklarimizni asrab-avaylash singari qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida oʻtkazilgan haftalik, nazarimda, ishtirokchilar hayotida unutilmas voqealardan biriga aylandi. Kutubxona fondidagi yangi kitoblar taqdimoti, yangi nashrdan chiqqan adabiyotlar koʻrgazmasida badiiy saviyasi yuqori, kitobxonga maʼnaviy oziq bera oladigan asarlar taqdim etildi. Kitobxonlik saviyasini oshirish, qaysi kitobni oʻqish, tanlash, kitob bilan kitobning farqini ajrata olishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan koʻrgazmalarda koʻpchilik talaba-yoshlar oʻzlari izlagan, mutolaasiga qiziqqan kitoblar bilan yuzlashganlarini quvonch bilan taʼkidlashdi.

Shodiyona tarzida oʻtgan haftalikning tantanali yopilish marosimida faol ishtirokchi va tashkilotlarga Milliy kutubxona nomidan tashakkurnomalar topshirildi.

 

Muqaddas BOBOMUHAMMEDOVA,

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassisi

 

 

Ziyo tarqatish baxti

Kitob insonning ongu tafakkurini, maʼnaviyatini, odob-axloqini, dunyoqarashini oʻzgartirib yuboradi. Bir soʻz bilan aytganda, kitob inson hayotida eng kerakli, aytish joiz boʻlsa, suv bilan havodek zarur neʼmatdir.

Otam rassom, onam oʻqituvchi boʻlganligi sabab yoshligimdan kitoblar ichida katta boʻldim. Ularni oʻqib dunyoni tanidim, olamni tanib, tushunib borganim sari esa oʻzimni kashf eta boshladim. Tilim ham “kitob” deb chiqqan boʻlsa kerak. Kitob oʻqish menga har doim zavq-shavq bagʻishlaydi. Kitob oʻqir ekanman, asar qahramonlari bilan birga yurgandek boʻlaman, ular bilan birga baxtli onlarni shodiyona oʻtkazsam, qaygʻulariga sherik boʻlganda, yigʻlaganlarida beixtiyor mening ham koʻzimga yosh quyilib keladi.

Sanʼat va madaniyat institutini tamomlagan boʻlsam-da, kitobga boʻlgan mehrim meni “Sharq ziyokori” kitoblar markaziga yetaklab keldi. Barcha kitob doʻkonlari dunyodagi eng ziyoga boy maskan boʻlsa kerak, menimcha. Ishim oʻzimga juda yoqadi. Axir ziyo tarqatishdek ulugʻ ish bormi dunyoda?!

Doʻkonimizga turli yoshdagi kitob ixlosmandlari kelishadi. Hammasining oʻziga yarasha didi bor. Kimdir detektiv asarlarga qiziqsa, yana kimdir tarixiy asarlarni, boshqasi esa psixologiyaga oid kitoblarni soʻraydi. Birov ilmiy toʻplamlarni izlab keladi. Ularga kitob tavsiya qilishning ham oʻziga yarasha mashaqqati bor. Agar soʻrashayotgan kitoblarini oʻqib chiqqan boʻlsangiz, bu borada hech ikkilanmay maslahat bera olasiz. Buning aksi boʻlsa-chi, noqulay vaziyatga tushib qolasiz.

Doʻkonimizga kelayotgan xaridorlarning koʻpchiligi yoshlar ekanligi quvonarli. Talabalar, kollej va maktab oʻquvchilari doimiy mijozlarimiz. Ularning zehni oʻtkirligini tanlayotgan asarlaridan bilib olsa boʻladi. Yoshlar bugungi kunda har qanday kitobni olib ketishavermaydi. Tanlab, saralab oʻqiydi.

Oʻzim mustaqil ravishda oʻqib chiqqan ilk kitobim Karlo Kallodining “Pinokkio”sidan beri qanchadan-qancha jahon va oʻzbek adabiyotining yirik adiblari tomonidan yozilgan, dunyoni hayratga solgan durdona asarlar bilan doʻstlashdim. Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi”, Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Said Ahmadning “Ufq”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”, Jeyn Ostinning “Andisha va gʻurur”, Aleksandr Dyumaning “Askanio”, qolaversa, qanchadan qancha shoirlarimizning sheʼriy toʻplamlari qalbimni hayajonga solgan. Ayni paytda Chingiz Aytmatovning “Tanlangan asarlar” toʻplamini mutolaa qilayapman.

Yaqinlarimga biron bayram munosabati bilan kitob sovgʻa qilishni yoqtiraman. Kitob sotish barobarida kitob sotib olish ham jonu dilim. Shaxsiy kutubxonamni durdona asarlar bilan toʻldirib bormoqchiman. Kitob oʻqigan odamdan yomonlik chiqmaydi, shu boisdan kelajakda farzandlarimning ham kitob bilan bir umr doʻst boʻlishi uchun harakat qilaman.

Kitob – ziyo. Kitob doʻkoni esa ziyo maskani. Ana shunday ziyo maskanida ishlayotganimdan faxrlanaman.

 

Charos QARSHIYEVA,

“Sharq ziyokori” kitoblar markazi sotuvchi-maslahatchisi

 

 

Dunyolar havasi – bogʻu chamanim

Yoshlik goʻzal fasl. Lekin uning goʻzalligiga mahliyo boʻlib, oʻtkinchi hoyu havaslarga berilib uni behuda oʻtkazib yubormaslik kerak. Bu haqida yaqinlarim, ustoz-murabbiylarimdan koʻp eshitganman. Shu boisdan yoshlik ayyomidan unumli foydalanishga, kelajakda Vatanim shavkatini yanada koʻklarga koʻtarishga astoydil harakat qilayapman. Buning uchun nima qilishim kerakligini esa yaxshi bilaman. Yaʼni koʻproq oʻz ustimda ishlashim, oʻqib-oʻrganishim shart.

Darsliklarni oʻqish kerak, albatta. Lekin badiiy adabiyotni ham kanda qilmaslik, hech boʻlmaganda kuniga oʻn varaq mutolaa har qanday kishining doimiy vazifasi, kundalik yumushiga aylanmogʻi joiz. Odam har kuni ovqatlanmasa jismoniy tomondan ancha zaiflashib qolishi tabiiy. Har kuni kitob oʻqimagan kishi esa maʼnaviy tomondan huddi shu ahvolga tushib qoladi.

Oʻzim Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Shukur Xolmirzayevning tomliklari, Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom”, qolaversa, adabiyotimizning yirik namoyondalarining asarlari va jahon adabiyotining durdona asarlarini oʻqib, ulardan bir olam zavqu shavq oldim. Ayni paytda Dostayevskiyning “Xoʻrlangan va haqoratlanganlar” asari bilan kunu tun birgamiz.

 

Oʻzbekistonim

Sen mening onamsan issiq bagʻringda

Yayrab, kulib oʻsdim, oʻzing jonajon.

Sen mening otamsan, nurli baxtimdan

Men bilan quvonding oʻzing har qachon.

Dunyolar havasi – bogʻu chamanim,

Yashnagan maskanim, goʻzal Vatanim!

 

Shukr, qora kunlar oʻtdi birpasda,

Qabohat, razolat ildizi soʻldi.

Kecha tosh otganlar bugun havasda,

Ey ozod vatanim, baxtginang kuldi.

Dunyolar havasi – bogʻu chamanim,

Gullagan boʻstonim, ulugʻ Vatanim!

 

Bugun bobolarim ruhlari shoddir,

Ozodlik, tinchlikni chorlaydi yana.

Shaharu qishloqlar koʻrkam oboddir,

Istiqlol bayrami – goʻzal tantana.

Dunyolar havasi – bogʻu chamanim

Hilpirar bayrogʻim, ozod Vatanim!

 

Men sening qizingman, jonajon oʻlkam,

Chiroyu koʻrkingdan quvnagay koʻzim.

Xizmatu koringga bel bogʻlay mahkam,

Yurtim, jamolingdan aylanay oʻzim.

Dunyolar havasi – bogʻu chamanim,

Ming yillar yashagin, buyuk Vatanim!

 

* * *

Dunyo charxpalagi qanotidaman,

Entikib boryapman boqib har yona.

Bugun qoʻllaringdan mahkamroq tutib,

Hayotning neligin bilyapman, ona.

 

Koʻklamda yashnagan yashil yaproqlar,

Kun kelib aylanar xazon barglarga.

Tovoning siypagan maysaning yuzin

Qahraton burkarkan ayoz, qorlarga.

 

Qay bir yurakdan men soʻrasam agar,

Deydilar, hayotni yechilmas jumboq.

Toki, sen hayotni bilmoqchi boʻlsang,

Onangning tabarruk yuzlariga boq.

 

Ona, men angladim bugun barchasin,

Vafo qilmas ekan bahor, qaldirgʻoch.

Meni suyab turgan ul togʻlar emas,

Yuzingizda yongan birgina quvonch…

 

Gulzaroy ABDUVOSIYEVA,

OʻzDJTU talabasi

 

 

Tahlil va talqin kengliklari

2016 yilda “Isteʼdod maktabi” VII respublika yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etib, “Tengdoshlarim – tuygʻudoshlarim” nomli adabiy-tanqidiy maqolalarim jamlangan kitobimning nashr etilgani, intiluvchan tengdoshlarim safidan oʻrin olganim hayotimdagi eng unutilmas voqea boʻldi.

Menda adabiyot va sanʼat, nafis soʻzga muhabbat juda erta uygʻondi. Bunga oilaviy muhit, yaʼni adabiyotshunoslar oilasida tugʻilganim va uyimizda kattagina kutubxona mavjudligi sabab boʻlgan boʻlsa kerak. Kitoblarga mehrim, ustoz shoiru adiblarga havasim cheksizligi bois, maktab va akademik litseyda tahsil olgan kezlarimdayoq, sheʼriy mashqlar yoza boshladim. I. Gegel, M. Baxtin, V. Belinskiy, Ozod Sharafiddinov, Izzat Sulton, Matyoqub Qoʻshjonov, Baxtiyor Nazarov, Abdugʻafur Rasulov, Ibrohim Gʻafurov, Hamidulla Boltaboyev, Dilmurod Quronov, Bahodir Karimov kabi tanqidchilarning maqolalarini qiziqish bilan oʻqib kelganman.

Vaqtli matbuot sahifalari va men faol ishtirok etgan “Chashma”, “Onajonim sheʼriyat” toʻgaraklari mashgʻulotlarida bot-bot adabiy tanqidning nisbatan susaygani haqidagi qarashlar ilgari surilardi. Bu hol mening tafakkur va tuygʻularimda tengdoshlarimning ayrim toʻplamlaridan oʻrin olgan sheʼriy, nasriy, publitsistik qoralamalariga muayyan munosabat bildirish fikrini choʻgʻlantirdi. Zotan, yangi bitiklar qalbim va ruhiyatimga gʻoyat yaqin, yoshlarning aksariyati menga tuygʻudosh edi. Bu esa meni tahlil va talqin kengliklari sari ohanraboday chorladi. Ertasi nurafshon milliy adabiyot jozibasini kashf etish: sheʼriyat iqlimi teranliklariga shoʻngʻish va lirik tuygʻular taftini tuyish qalbimga huzur baxsh etadi.

Oʻz kelajagini adabiyot ilmi bilan bogʻlashni istovchi har bir inson muttasil ravishda kitob mutolaasi bilan shugʻullanishi, oʻz ustida ishlashi, bilimi, tafakkuri va tasavvur olamini kengaytirib borishi lozim. Keyingi yillarda respublikamiz nashriyotlarida chop etilayotgan yangidan-yangi kitoblar bilan birga jahon adabiyoti namunalarini ham oʻqib bormoqdaman. Oʻrni bilan bu asarlarga oʻzimning muayyan munosabatimni ham bildirib kelyapman.

Yaqinda Migel De Servantesning “Don Kixot” romanini oʻqib chiqdim. Servantesning samimiyati va mahoratini belgilovchi bosh xususiyat bu insonparvarlikka asoslangan realizmdir. Agar aynan shu jihat boʻlmaganda edi, adib telbalik niqobi ostiga olijanob his-tuygʻularni mahorat bilan singdira olmagan boʻlar edi. Don Kixot oʻz shaxsiy erki va insonlik shaʼnini yuksak qadrlaydi. Shuning uchun koʻngliga zid boʻlgan har qanday harakatga qarshi turadi. Yozuvchi Don Kixotning razolatga qarshi nafratga toʻla serviqor qiyofasini ichki ruhiy qudrati va harorati bilan chizadi.

Binobarin, asarning barcha zamonlarda sevib oʻqilishi, oʻz muallifidan keyin ham umrini davom ettirishi unda ulkan umuminsoniy maqsad oʻz ifodasini topganidadir.

Kezi kelganda taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda gʻayrat bilan ijod qilayotgan yosh shoiru nosirlarimiz bitiklari ham oʻziga xosligi bilan alohida kuzatishlarga molikdir. Binobarin, yaqin kelajakda ular ijodini tahlil va tadqiq etish, mustaqillik davri adabiyotimizda yoshlar ijodining yetakchi tendensiyalarini aniqlash va ularning munosib oʻrnini belgilash imkonini berishi shubhasiz.

 

Sevinchoy YOQUBOVA,

talaba

 

 

Musiqa va mutolaa

Yoshligimdan kitob oʻqishga juda qiziqardim. Ayniqsa, ertak kitoblarni yaxshi koʻrganman. Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” asarini oʻqib, oʻz oldimga katta maqsad qoʻyganman. Asar qahramoni Hoshimjonning boshidan kechirganlari menga juda taʼsir qilgan. Oʻsha paytlari men ham sehrli qalpoqchani qidirmoqchi boʻlganimni uydagilar hozir ham kulib eslashadi.

Bogʻchamizda pianino boʻlardi. Chalishni bilmasam-da, unda oʻzimcha olamshumul kuyni ijro etayotganday boʻlardim. Shu sababdan tarbiyachi opalar meni doim shu xonadan topishardi. Bu qiziqishimni payqab qolgan otam sakkiz yoshligimda xarxashalarimga rozi boʻlib, pianino olib bergan. Keyinchalik musiqa maktabida oʻqiy boshladim. Har bir dars men uchun bir kashfiyot edi. Oʻtmish kompozitorlarining mashhur asarlarini ijro etar ekanman, xayolimda oʻsha davrning naqshinkor xonalarida kuy chalayotgandek boʻlardim goʻyo.

Yettinchi sinfda oʻqib yurgan paytimda ustozim menga yozuvchi Grmin Abertning buyuk kompozitor Motsart hayoti va ijodiga bagʻishlab yozilgan kitobini sovgʻa qildi. Undan Motsartning 4 yoshida skripka va orkestr uchun konsert yozganiyu 10 yoshida Balon musiqa akademiyasiga aʼzo boʻlganini oʻqib hayratlandim. Chunki mening yoshim u paytda ancha katta edi. Shundan keyin qatʼiy bir qarorga keldim – musiqashunos olim boʻlaman.

Maqsadimni amalga oshirish niyatida tinimsiz oʻqib izlandim, Respublika musiqa kollejiga oʻqishga kirdim. Ustozim Saodat Joʻrabekova meni ilk marotaba operaga olib borgani hali ham esimdan chiqmaydi. Sahnada Juzeppi Verdining “Traviata” operasi qoʻyilayotgan edi. Shu oqshomdan boshlab musiqa tarixiga boʻlgan qiziqishim yanada ortdi.

Ilm egallashni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasiga oʻqishga kirdim. Bakalavriantni tamomlab magistraturada ham oʻqidim. Hozir konservatoriyaning “Musiqa tarixi va tanqidi” kafedrasida oʻqituvchi boʻlib ishlab kelmoqdaman.

Birgina Motsart haqidagi oʻsha kitob butun hayotim yoʻlini koʻrsatdi, desam ayni haqiqatni aytgan boʻlaman. Bu kasbni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmayman. Avstriyaning Vena shahrida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda Oʻzbekiston nomidan qatnashdim, Rossiyaning Chelyabinsk shahrida boʻlib oʻtgan anjumanda ham ishtirok etdim.

Mashhur musiqa ustalari hayoti haqida yozilgan kitoblarni sevib oʻqiyman. Lekin har qanday musiqachi, albatta, badiiy kitoblar oʻqib turishi kerak. Oʻzbek adabiyotining nomdor asarlarini maroq bilan mutolaa qilganman. Ingliz va rus tillarini bilganim uchun har bir asarni oʻz tilida oʻqishga harakat qilaman. Bunga adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovning “Tarjima qilingan asar isitilgan oshga oʻxshaydi” degan fikri sabab boʻlgan.

Musiqashunos musiqa asarlari, hodisalari, jarayonlari toʻgʻrisida maqolalar yozadi. Uning tili ravon, soʻz boyligi keng boʻlishi esa maqolaning oʻqishli chiqishi, oʻquvchilarning qiynalmasdan mutolaa qilishlari uchun juda zarur. Shu maʼnoda badiiy kitoblar biz musiqashunoslar hayotida ham katta oʻrin tutadi.

 

Feruza OTAMULLAYEVA,

musiqashunos

 

 

Choʻlpon muallimdan oʻrganaylik

Bugun kitob oʻqiyapman. Ijtimoiy tarmoqda “Salom, Kumuw” deb ismimni “yangi alifbo”da yozgan dugonamga javob qaytarmasdan kitob oʻqiyapman. “Biron yozuvchining romanini oʻqiyotgan boʻlsang kerak”, deb oʻylasangiz, xato qilasiz. Men Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning adabiy-tanqidiy va publitsistik maqolalar toʻplamini mutolaa qilmoqdaman.

Bu toʻrt jildlik asarlarning toʻrtinchi jildi. Oʻsha davr matbuotida eʼlon qilingan. Aksariyat tengdoshlarim kimdir tavsiya qilgan, koʻpchilikka maʼlum va mashhur kitoblarni oʻqishni yaxshi koʻrishadi. Albatta, bu yaxshi! Lekin ushbu kitob qoʻlimga tushishiga boshqa holat sabab boʻldi. Jurnalistika fakultetining talabasi boʻlganim bois, koʻngildagidek maqola yozish istagi meni tinch qoʻymaydi. Davriy nashrlarni muntazam kuzatib boraman. Ulardagi maqolalardan yangicha yoʻnalish, yangicha uslub qidiraman. Shu qiziqish Choʻlpon bobomiz yozgan maqolalarni oʻqib koʻrish niyatini paydo qildi. Ulardan koʻp narsa oʻrganishimni ich-ichimdan his qildim. Oʻsha zamon tarixi haqidagi eng ishonchli manba oʻsha davrda chop etilgan gazeta-jurnallar boʻlsa kerak. Ularni tirik tarix deb atash mumkin. Qariyb bir asr oldingi matbuot, undagi materiallar, mavzular menda katta qiziqish uygʻotdi. Ulardan topgan topildiqlarim, hayrat va hayajonim bilan oʻrtoqlashgim keldi.

Kitobda berilgan “Muhtaram yozgʻuchilarimizgʻa” deb nomlangan kichik xabarda “bir hovuch ziyoli yoshlarimiz” iborasi uchraydi. Muallif Behbudiyning “Padarkush” asari yozilgani, uning sahnalashtirilganidan mamnun boʻlib, bu kabi asarlarni yozish oʻsha “bir hovuch ziyolilar” zimmasiga tushishini eslatadi va iltimos qiladi. Choʻlponning kuyunchak yuragidan chiqayotgan zarblarni eshitdim. Hozirgi kundagi salohiyatli yoshlarimiz, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun xursand boʻlib ketdim. Hovuchlarimni ochib soʻradim, oʻqimishli, ziyoli yoshlarimiz koʻpaysin. Ular hovuchlarni toʻldirib tursin, toʻkilib ketmasin! Kitobni oʻqishda davom etar ekanman, meni qiynayotgan, oʻylantirayotgan savollarga javoblar oʻz-oʻzidan chiqib kelaverdi.

Maqolalar tilining goʻzalligi bir taraf, ammo Choʻlpon aytgan fikrlardagi qatʼiyat meni yana hayron qoldirdi. “500 yil” deb nomlangan maqola tagsarlavhasiga “Oʻzbek bilim hayʼati eʼtiboriga” deb yozib qoʻyilgan ekan. Bunda muallif Hazrat Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan nima ishlar qilinishi kerakligi haqida takliflarni yozadi. Mana ularning baʼzilari:

“Navoiyning bosilmagʻan asarlarini topib, bosdirish choralari koʻrilsin, Navoiyning mukammal tarjumai holi yozdirilsin, Navoiy nomigʻa yuqori oʻqush yurtlarining talabalari uchun istipendiyalar ochilsun, Oʻzbekistonning poytaxtida Navoiygʻa haykal tiklansun, Baʼzi bir oʻzbek shaharlarining koʻcha ismlari Navoiy otigʻa qoʻyulsun…”. Bobomizning tom-tom asarlari kitob javonlarini bezab turganini koʻrganman, darsliklarda qayta-qayta ul hazratning tarjimai holini oʻqiganman, tengdoshlarimni “Navoiy stipendiyasi” sovrindori boʻlgani bilan tabriklaganman, shahrimizda bobomizga qoʻyilgan haykallar poyiga gul qoʻyganman, ularning nomi berilgan koʻchalardan tortib Navoiy viloyatiga ham borganman. Nahotki, bularning hammasini Choʻlpon bashorat qilgan boʻlsa!

Kitob mening qadrdonimga aylanib qoldi. Choʻlponning “Ulugʻ Hindiy” maqolasidan joy olgan fikrlar, ijodkorlarga katta talablar qoʻygani uning badiiy didi naqadar yuksak darajada ekanligini koʻrsatadi.

Dilimdagilarni toʻliq tarjima qildim deb aytolmayman. Keling, yaxshisi Siz ham ushbu kitobni oʻqib chiqing.

 

Kumush ABDUSALOMOVA,

yosh jurnalist

 

 

Eng yaxshi sovgʻa

Inson xotirasidan hech qachon oʻchmaydigan voqealar boʻladi. Bular – shirin diydor lahzalari, samimiy suhbatlar, koʻngilga yaqin kishilar bilan bogʻliq unutilmas xotiralar. Har gal ular yodga tushganda, yurak bir entikib qoʻyadi, vujudingga yoqimli his taraladi. Yaxshi kitob mutolaasidan olgan taassurotni men mana shunday orziqib eslashga arzigulik voqea deb bilaman.

Maktab, litseyda oʻqib yurgan paytlarim juda koʻp kitob oʻqirdim. Hunarmand oilasida tugʻilganim sabab akademik litseyni tamomlaganimdan soʻng oilamiz anʼanasini davom ettirishni niyat qildim. Kitob oʻqishga vaqtim yetarli emas. Yaqinda televizor orqali kitobxonlik haqida tayyorlangan koʻrsatuvni koʻrdim. Shunda “Oxirgi marta qachon kitob oʻqidim?” deb oʻzimga savol berdimu javobiga oʻylanib qoldim. Doʻstlar bilan har oyda bir dasturxon atrofiga yigʻilib hordiq chiqarishni, tugʻilgan kunlarni esda qolarli qilib nishonlashni, yoz kelishi bilan dala-qirga, birinchi qor yogʻishi bilanoq togʻ bagʻriga sayohatga chiqishni yil boʻyi reja qilib yurar ekanman-u, lekin “Bu hafta mana shu kitobni sotib olaman”, “Shu asarni oʻqimasam boʻlmaydi” degan oʻy-fikr xayolimga kelmaskan. Yigʻinlarda koʻpincha “Bu qoʻshiqni eshitdingmi?”, “Haligi filmni koʻrdingmi?”, “Toʻyga bordingmi?” degan savollar davra aylanadi-yu lekin “Sen qaysi kitobni oʻqib tugatding?”, “Qachon kitob oʻqiganding?” deb hech bir-birimizdan soʻramas ekanmiz.

Sevimli adibim Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” va “Ikki eshik orasi” asarlaridan olgan taassurotim, mana ikki yildirki, meni tark etgan emas. Yoshim yigirma ikkidayu maroq bilan oʻqigan eng yaxshi kitoblar mana bular, deb hatto yigirma ikkita kitobni ham sanab berolmayman. Meni xursand qilgani, yaqinda sinfdosh qizlardan biri tugʻilgan kunim munosabati bilan kitob sovgʻa qildi. Yozuvchilar Erkin Aʼzam va Isajon Sulton asarlari ekan. Birinchi sahifasiga mitti yozuvlar bilan dastxat ham yozib qoʻyilgan. Uyimizda bir vaqtlar dadamga, ayamga kursdoshlari, doʻstlari tomonidan sovgʻa qilingan, samimiy tilaklar yozilib, yili, sanasi ketidan imzo qoʻyilgan kitoblar talaygina. Bu kitoblar hali oilamizning koʻp avlodlari qoʻlida aylanadi. Ular qatorida endi mening nomimga yozilgan dastxatli kitoblar ham borligidan quvondim. Hech eskirmas, qadri yoʻqolmaydigan mana shunday sovgʻalarni bir-birimizga ilinishni anʼanaga aylantirishimiz kerak ekan.

 

Dostonbek NOSIROV,

hunarmand

 

 

 

Sahifani Joʻrabek Jahon va Vazira Ibrohimova tayyorladi.

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yoshlar-nimani-oqiyapti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x