Yosh onalarga foydali maslahatlar. 10 asosiy maslahat

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Kichkintoyingizni parvarish qilar ekansiz, har doim o‘z-o‘zingizga savol berasiz: men hammasini risoladagidek bajaryapmanmi? Kichkintoy esa kundan-kun yangi qiliqlar chiqarib, sizni bu haqda takror-takror o‘ylashga, ikkilanishga majbur qiladi.

Shunday paytlarda, o‘z vaqtida berilgan maslahat oltinga teng bo‘ladi! Quyida oliy toifali pediatr shifokor Hamroyeva Marziya Ashurovna har bir yosh ona bilishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tiborni qaratadi.

1. Kichkintoyni bolalar kosmetikasiga «ko‘mib tashlamang!»

«Mehribon» onalar kun davomida bolalari terisiga nimalarni surishmaydi-ya! Bolalar uchun krem, yog‘, upa, antibakterial xususiyatlarga ega sovunlar, maxsus suyuqliklar shimdirilgan salfetkalar… Agar bola 3 oylik bo‘lgan bo‘lsa, unda bo‘g‘imlar «pishishi» va diatez (teri yallig‘lanishi) kuzatilmaydi. Bolakay uchun maxsus kosmetikaning hojati yo‘q, kundalik cho‘miltirish va havo vannalarining o‘zi yetarli. Har qanday holatda ham bola terisiga me’yordan ortiq yog‘ yoki krem surmang, ular me’yorda surilgach, bolani tagliklarga o‘rab-chirmab tashlamang, yog‘ yoki krem ma’lum muddat ichida teriga so‘rilishi lozim. Aks holda, so‘rilmagan massa taglik teshikchalarini to‘sib qo‘yadi va uning namlikni tutish xususiyatiga putur yetadi, teri muammolari ham kuchayadi.

2. Bolani aravacha bilan birga zinadan olib tushmang!

Bu siz uchun xavfli bo‘libgina qolmay, bola uchun ham katta xavf tug‘dirishi mumkin. Ko‘p qavatli uylarda lift yo‘qmi yoki vaqtincha ishlamayaptimi? Unda kichkintoy bir muddat uyda qolgani ma’qul. Faqat, uni shunday «joylashtirib» qo‘yingki, u yiqilish yoki polda umbaloq oshishga imkon topolmasin. Aravachani bir qo‘lda, qiyshaytirib tutmang, ikki qo‘lda oldinga qarab haydaganingiz ma’qul. Bunda vazn muvozanatda bo‘lishiga e’tibor bering. Shundagina kichkintoy xavfsiz bo‘ladi, siz ham bel og‘rig‘idan shikoyat qilmaysiz.

3. Terlashiga yo‘l qo‘ymang!

Bola yig‘laganda, injiqlik qilganida, qo‘rqqanida yoki o‘ta xursand bo‘lganida, ter munchoqlariga ko‘miladi. Sog‘lom, emizikli bola esa issiq sharoitda ham deyarli terlamaydi, undan sutning yoqimli hidi kelib turadi. Ilk yoshlarida uning ter bezlari yaxshi shakllanmagan bo‘ladi va to‘liq ish faoliyatida bo‘lmaydi. Agar siz uni ob-havoga mos kiyintirgan bo‘lsangiz, issiqlashi ehtimoldan yiroq, lekin uning ko‘ylakchalari ho‘l bo‘lsa, pediatrga murojaat qilganingiz ma’qul. Bu asabning ter ajratish muvozanati buzilganidan darak beruvchi raxit kasalligi belgisi bo‘lishi mumkin.

4. Bolalar xonasidagi tungi chiroqni o‘chiring!

Ko‘pincha, onalar bolalar xonasida tungi chiroq yoki qandilga mahkamlangan maxsus moviy rangli chiroq yoqib qo‘yishadi. Bu bolalarni tinchlantiradi va bolaning ko‘zlariga uyqu kelishiga yordam beradi, deb hisoblanadi. Biroq, doimiy notabiiy nur bola organizmida bioritmlarni nazorat qiluvchi va tetiklikni saqlovchi melatonin gormoni faoliyatini susaytiradi. Natijada, biologik soatlar davomiyligi buzilib, bola o‘zini yomon his qila boshlaydi, kunduzi injiqlanadi, tunda yaxshi uxlolmaydi.

5. Bolaga ichiradigan suvga shakar qo‘shmang!

Birinchidan, siz maqsadga yetolmaysiz: shirin suyuqliklar chanqoqni yaxshi qondirmaydi. Ikkinchidan, bolani ilk yoshidanoq shirin ta’mga o‘rgatib qo‘yasiz, u oddiy suvni ichishdan qattiq bosh tortadi. Uchinchidan, uning shakarni parchalovchi oshqozon osti beziga bosim tushib, diabetga moyillik ko‘rsatkichini oshirasiz.

6. Bolaga choy bermang!

Hatto, suyuq damlangan choy ham bola organizmida ilk yoshlardayoq temir o‘zlashtirilishini susaytiradi va temir tanqisligiga moyillik keltirib chiqaradi. Bola uchun eng foydali ichimlik — qaynatilgan shakarsiz suv. Do‘konlarda qadoqlangan suv bo‘lsa, undan ham yaxshi. Suv o‘rniga turli meva kompotlarini berishingiz mumkin (muzlatilgan, quritilgan yoki yangi). Kompotlar yangi tayyorlangan, xona iliqligida va shirinliklarsiz bo‘lishi lozim. Bolaga ovqatlantirish davomida tez-tez suyuqlik berib turing, biroq, bu u juda ko‘p suyuqlik ichishi shart, degani emas. Ortiqcha suyuqlik uning buyragiga bosim o‘tkazadi. U kun davomida me’yorida suyuqlik ichishi kerak. Harorati ko‘tarilganda, ich ketishda va xona harorati yuqori bo‘lganda ko‘proq ichishi maqsadga muvofiq.

7. Shamollagan bo‘lsangiz ham, ko‘krak suti bilan emizing!

Ba’zan onalar shamollaganda, gripp bo‘lganida bolani ko‘krak suti bilan emizmaslikni ma’qul ko‘radilar. Bolaga kasallik yuqishidan qo‘rqish tabiiy, biroq, shuni unutmangki, gripp havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi, emizish bilan emas. Bolani 5-6 qavat tutilgan doka ostidan emizing, kun davomida dokani bir necha marta almashtiring. Avval ishlatilgan dokadan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, ularni qaynatib oling. Sizga yordam beradigan odam bo‘lmasa, faqat doka niqob tutib, bolani parvarish qilishingiz mumkin.

8. Bolani yotqizganda tez-tez ikki yonboshga almashtirib turing!

Amerikalik pediatrlar har 16 ta boladan bittasida bosh suyagi deformatsiyasini aniqlashdi. Buning sababi, ular uzoq vaqt belga tayanib yotgan va D vitamini tanqisligidan aziyat chekadi. Bolaga ushbu qimmatli vitaminni yetkazib berishni unutmang. Chunki, bu vitamin tanqisligida bola suyagi yumshoq, bosh suyagi kengaygan bo‘ladi. Siz bunday bo‘lmasligi uchun uni yotqizganingizda to buni o‘zi mustaqil o‘rganib olmaguncha u yonboshdan bu yonboshga o‘girib turing. Kengaygan bosh suyagi bolaning tashqi ko‘rinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, asab tizimiga ham zarar yetkazadi: bosh suyagi deformatsiyasi bosh miya shakli buzilishi, qisilishi va unda qon aylanishi buzilishiga sabab bo‘ladi. Natijada, bolaning psixomotor rivojlanishdan ortda qolishi kuzatiladi.

9. So‘rg‘ichdan voz kechmang!

Ko‘pchilik onalar so‘rg‘ichlar bolada tishlar o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan tushunchada. Bu noto‘g‘ri! So‘rg‘ich bola tug‘ilganidan boshlab, ilk oylarda so‘rishga ehtiyoj kuchli bo‘lgan paytlarda juda kerak. Aks holda, u barmog‘ini, lablarini, tagliklar chetlarini, qalam uchlarini so‘rishni boshlaydi. Bu, ayniqsa, bola sun’iy oziqlantirish (ona sutidan boshqa sutli aralashmalar) bilan parvarish qilinayotgan bo‘lsa, o‘zining jiddiy ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki, ona ko‘ksidagidan ko‘ra, so‘rg‘ich idishlardagi sutli aralashmalar tez oqadi va bola uni so‘rib olishga ulgurmay qoladi. Bu unga ovqatlanishda ichki noqulaylik tug‘diradi. So‘rish harakati bolani tinchlantirib, uxlashiga yordam beradi. Bola 4-6 oylik bo‘lsa va so‘rg‘ich bilan uxlasa, qattiq yig‘laganda uni tinchlantiruvchi o‘rnida qabul qilsa, buning qo‘rqinchli joyi yo‘q. Bola uxlagach, so‘rg‘ichni olib qo‘ying. Bolani vaqti-vaqti bilan so‘rg‘ichsiz yurishga o‘rgatib boring.

10. Dorilarni retsept asosida bering!

Odatda, emizikli bolalar uchun kukun-dorilar yozib beriladi. Agar kerakli preparatlar dori qutingizda topilsa, pediatr sizga uning qaysi qismini bolaga ichirish mumkinligini aytadi. Uni nima bilan ichirishni bilib oling: ba’zi vositalar sut bilan ichirilsa, ta’sir kuchi yo‘qoladi, boshqalarini sutsiz ichirib bo‘lmaydi… O‘tkir pichoq bilan ajratib olingan bo‘lakchani ikkita choy qoshig‘i bilan ezing, qaynatilgan suv va ko‘krak suti yoki tayyor bolalar sut mahsuloti bilan aralashtiring.
Bolaning burnini yopib, og‘zini ochishga majbur qilmang, suyuqlik boshqa yo‘lga ketib qolishi yoki bolakay nafas yo‘lini bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin. Bolaning yonog‘ini bosh va ko‘rsatkich barmog‘ingizda bosibroq ushlab, choy qoshiqdagi dorini tezgina ichirib yuboring.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x