Yigirma yildan soʻng…

O. Henri

 

Navbatchi politsiyachi katta shohkoʻcha boʻylab yurardi. Soat chamasi tungi oʻnlar atrofida, ammo sovuq shamol koʻchadagi odamlarni bugun uylariga ertaroq haydagandi. U kelganda politsiyachi eshiklarni tekshirayotgandi.

Koʻchada sukunat hukm surar, eshik va darvozalarning aksariyati yopilganiga ancha boʻlgan biznes binolariniki edi. Bir bino oldiga kelganda politsiyachi toʻsatdan sekinladi. Doʻkon eshigi oldida bir odam hali yoqishga ulgurmagan sigarasini ogʻziga solgancha tik turardi.

Politsiyachi yaqinlashgani zamon haligi odam shosha-pisha soʻz boshladi:

– Hammasi joyida, ofitser, – dedi u. – Men bir doʻstimni kutyapman, xolos. U bilan yigirma yil oldin uchrashuv belgilagan edik. Balki sizga kulgili tuyular, ammo hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilmoqchi boʻlsangiz, sizga tushuntirib berishim mumkin. Oʻsha paytlarda hozirgi “Katta Joye” doʻkoni oʻrnida Breydi restorani boʻlardi.

– Besh yil oldin buzib tashlangan, – dedi politsiyachi.

Narigi odam gugurt chaqib, sigarasini tutatdi. Uchqun uning oqarib ketgan, toʻrtburchaksimon jagʻli yuzini, oʻng qoshidagi oq chandiq va oʻtkir nigohlarini bir zum yoritdi. Boʻyinbogʻiga esa katta olmos donasi qadalgan edi.

– Yigirma yil avval oqshom pallasi, – davom etdi u, – Hozirgi “Katta Joye”, yaʼni Breydi restoranida eng yaqin doʻstim, dunyodagi eng yaxshi doʻst – Jimmi Uvels bilan birga kechlik qildik. U bilan Nyu Yorkda xuddi aka-ukalardek birga oʻsib-ulgʻaydik. Men oʻn sakkizda edim, Jimmi esa yigirmada. Men Gʻarbga pul ishlab topgani joʻnadim. Jimmi esa Nyu Yorkda qoldi. Uning fikricha, u yer butun Yer yuzidagi yashasa boʻladigan yagona joy edi. Oʻsha oqshom biz qay sharoitda va qancha masofa olisda boʻlishimizdan qatʼi nazar, yigirma yildan soʻng xuddi shu joyda uchrashishga kelishdik. Oʻshanda biz shuncha vaqt oʻtib, oʻz mol-mulkimiz va hayot yoʻlimizga ega boʻlgan holda boʻlamiz, deb ishonardik.

– Juda qiziq-ku, – dedi politsiyachi. – Ketganingizdan beri doʻstingizdan biror xat-xabar olmadingizmi?

– Toʻgʻri, ozgina muddat xat yozishib turdik, ammo bir-ikki yildan soʻng izimizni yoʻqotib qoʻydik. Toʻgʻri, Gʻarb juda katta joy, ammo agar Jimmi hayot boʻlsa, albatta keladi, chunki u dunyodagi chin doʻstim edi. U hech qachon unutmaydi. Men bu eshik oldiga ming mil masofadagi joydan keldim va bu doʻstim bilan koʻrishishimga arziydi.

Odam soatining kichik olmos donachalari bilan bezalgan qopqogʻini ochdi.

– Uch daqiqa kam oʻn, – dedi baland ovozda. Oʻshanda restoran eshigida ajralganimizda soat roppa-rosa oʻn edi.

– Gʻarbda ishingiz oʻngidan kelgan chogʻi, shunday emasmi? – deb soʻradi politsiyachi.

– Ha, albatta! Jimmi ham hech boʻlmaganda bularning yarmiga erishgan deb umid qilaman. U judayam mehnatkash edi. Men Gʻarbda boyligimga koʻz tikkan qancha vahshiy odamlar bilan kurashishimga toʻgʻri keldi. Nyu Yorkda boʻsh-bayov boʻlib qolarkan kishi. Gʻarb esa odamni tarbiyalaydi.

Politsiyachi bir-ikki qadam tashladi.

– Men yoʻlimda davom eta qolay. Umid qilamanki, doʻstingiz bu yerga albatta keladi. Siz uni faqat soat oʻngacha kutmoqchimisiz?.

– Yoʻq, – deb javob berdi u. – Hech boʻlmaganda oʻn yarimlargacha kutaman uni. Agar Jimmi tirik boʻlsa, albatta keladi. Xayrli tun, ofitser!

– Xayrli tun, janob, – dedi politsiyachi va eshiklarni tekshirishda davom edi.

Sovuq shamol esib, yomgʻir yogʻardi. Ahyon-ahyonda koʻzga tashlanib qoladigan yoʻlovchilar esa sovuqdan paltolarining yoqasini koʻtarib, qoʻllarini choʻntaklariga solgancha qayerlargadir jimgina shoshishardi. Doʻkon ostonasi oldida esa ming mil uzoqlikdan bolalikdagi doʻstini koʻrgani kelgan odam sigarasini tutatgancha uni kutardi. U chamasi yigirma daqiqa kutgach, koʻchaning narigi tomonida uzun plash kiyib, yoqasini koʻtarib olgan bir novcha kishi paydo boʻldi va yoʻlni kesib oʻta boshladi. U toʻgʻri uning yoniga kelib toʻxtadi.

– Bob, bu senmisan? – soʻradi u biroz shubha aralash.

– Sen Jimmimisan? – baqirib yubordi eshik oldidagi odam.

– Albatta-da!

Ikkovi ham quvonchdan baqirib, bir-birlarining qoʻllarini mahkam siqqancha koʻrisha ketishdi.

– Bu – Bob, ha, xuddi oʻzi! Tirik boʻlsang, seni shu yerda albatta topishimga ishonchim komil edi. Qanday yaxshi! Yigirma yil uzoq muddat-da. Bu yerdagi oldingi restoran ham buzilib ketibdi, Bob. Qani endi buzilmaganda edi, biz yana shu yerda birga kechlik qilardik. Gʻarb qanday ekan, oqsoqol? – deb soʻradi Jimmi.

– Yaxshi. U men soʻragan hamma narsani berdi. Sen esa rosa oʻzgarib ketibsan, Jimmi. Seni bunchalik novcha deb sira oʻylamagandim.

– Ha, yigirma yoshdan keyin ancha oʻsdim.

– Nyu Yorkda ishlaring yaxshimi, Jimmi?

– Yomon emas. Shahar muassasalaridan birida ishlayman. Yuraqol, Bob, Seni oʻzim bilgan bir yerga olib boraman va oʻsha yerda mazza qilib oldingi vaqtlarni eslab suhbatlashamiz.

Ikkovlari bir-birlarining yelkalariga qoʻl tashlab yurib ketishdi. Bob oʻzining ishlari, koʻrgan-kechirganlari haqida soʻzlay boshladi. Jimmi esa uni katta qiziqish bilan tinglardi. Koʻchaning burchagidagi dorixonaning chiroqlari oʻtkir, hamma yoqni yoritib turardi. Shu yerga kelganda bir zum bir-birlarining yuzlariga boqishdi. Bob toʻsatdan toʻxtadi-yu, qoʻlini darrov tortib oldi.

– Siz Jimmi Uvels emassiz, – dedi u. – Yigirma yil uzoq muddatdir, ammo kishining uzun burni yassiga aylanib qolishi uchun yetarli emas.

– Ammo yigirma yil yaxshi insonning yomon odamga aylanishiga yetarli muddat, – dedi novcha kishi. – Siz oʻn daqiqa mobaynida politsiya kuzatuvi ostida boʻldingiz, muloyim Bob. Biz Chikagodan telegramma oldik. Ular sizni suhbatga chorlashyapti. Tinchgina oʻsha yerga borasiz, shundaymi? Ha, bu oqilona ish. Stansiyaga borishdan oldin sizga berib qoʻyishim soʻralgan xat bor. Bu politsiyachi Uvellsdan.

Gʻarblik kishi kichik bir qogʻoz parchasiga yozilgan xatni oldi. Bamaylixotir oʻqiy boshladi, ammo tugatarkan, qoʻllari qaltirashga tushdi. Xat qisqa va loʻnda edi:

“Bob, men kelishilgan paytda uchrashuv joyida edim. Sen sigarangni tutatgani gugurt chaqqaningda esa, Chikagoda qidiruv eʼlon qilingan kishining yuzini koʻrdim. Seni ushlab berishga oʻzimning qoʻlim bormadi, shuning uchun boshqa detektivni joʻnatdim.

Jimmi”.

 

Ingliz tilidan Dilshoda MAHKAMOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2017–8

https://saviya.uz/ijod/nasr/yigirma-yildan-song/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x