Yerga qoʻnmaydigan qushlar…

Bir taskin ilinjida oqayotgan kunlar oqimidan maʼno izlaysan. Hayot “silay-silay” oʻzining raftoriga solayotgan yuragingni kaftingga olib tomosha qilganda savol sizib chiqadi: xayollarimni toʻzgʻin, ruhimni sarson koʻyga chalintirgan ildiz qayerda?… “Oftob chiqdi olamga, yugurib bordim xolamga” deb chopqillagan bolaligim koʻzdan gʻoyib boʻlishga qachon ulgurgandi?..

Oʻn yoshda edim… Qishning ayni chillasi. Buvimning soʻnggi kunlari. Koʻrgani bordik. Sovuqdan dildirab kirgancha, dahlizda toʻxtab qoldim. Devorda osigʻliq radiodan chiqayotgan qoʻshiqdagi dilgirlik yurak devorlariga urildi:

 

… Faqat sizga etmovdim oshkor,

Siz yoqqansiz menga hamisha…

 

Tuygʻular mahobatiga ilk bor duch kelgan bola ahvolini tacavvur qilavering. Soʻzu ohang uygʻunligi ismsiz dard boʻlib vujud boʻylab kezinar (uzoq yillar bu dard nima deb atalishini bilmay yurdim), ich-ichimdan chiqayotgan oʻt boʻgʻzimni achishtirar, shoʻrnamo taʼmni tatiyman… Holimni bilmay garangman. Bilganim shuki, buvim uchun yigʻlamayapman.

 

Oʻylovdimki, yurak topishar,

Bizdan ketgach sabru ixtiyor.

Faqat sizga etmovdim oshkor,

Siz yoqqansiz menga hamisha…

 

Bolalik olislab ketdi. Lekin uning hayqiriqlari hamon oʻrtaydi. “Siz yoqqansiz menga hamisha…” mutlaq nomaʼlum dunyo mujdasini yetkazgandi. Ham entiktiruvchi, hamda xavotirli. Oʻz-oʻzidan ertaklar tark etdi-qoʻydi.

 

… Doʻstlariga boqdi u hayron,

Doʻstlar chillak oʻynar berilib,

Bola koʻngli boʻlgancha vayron.

Bir zumgina qoldi termulib.

 

Shoirning “bola”si berilib chillak oʻynayotgan doʻstlariga qanchalar hayron boqsa, men esa oʻqituvchi baholariga andarmon bolalarning holiga lol edim. Oʻshanda men ham bolaligimning soʻnggi kunlarini yashayotgan ekanman.

 

… Men taqdirdan hech nolimayman,

Gar almashdi shomga tongimni…

 

Soʻngra televizordan eshitib qoldim. Radiodan tinglagan qoʻshigʻimni juda eslatardi. Bunda ham tanish huzunni tuydim. Ikkilanish yilt etib oʻtdi: oʻsha qoʻshiqning oʻzi emasmikan? Yoʻq-yoʻq, “Yomgʻir yogʻdi mayda-maydalab…” deyapti-ku. Soniyalar ichida bildimki, ikkalasini ham bitta odam ijro etgan ekan. Xonandaning oʻzi ham qoʻshigʻi kabi yurakka yaqin, istarasi issiq, qoʻshiqqa monand hissiyotlar yuz-koʻzida qalqib turardi. Hamma-hammasida: soʻzda ham, kuyda ham, ijroda ham dardi tiniqlikni, koʻngil yaxlitligini his qilasan. Keyinchalik Usmon akaning suhbatida oʻqidim: “Shaxsi boʻlak, ijodi boʻlak odam boʻlmaydi. Ikkalasi ham yaxlit, butun boʻlgandagina katta adabiyot yuzaga keladi. Ijodi oʻzidan baland degan fikr boʻlmagan gap!”. Shoir Usmon Azim, kompozitor Dilorom Omonullayeva, xonanda Kumush Razzoqova hamkorligida dunyoga kelgan har bir durdona bu fikrda qay darajada jon borligini tasdiqlaydi, deb oʻylayman.

Kuzatishimcha, uch sanʼatkor ham zamonaning, orsiz muqomlariga yoʻrgʻalab ketishgani yoʻq. Musiqada koʻngil taftini, yurak tebranishlarini, allaqanday mashʼumlikni ham sezasan. Kuyga kayfiyati koʻchgan yomgʻir tomchisining sasi yurakni tilimlar, faqat ayol kechinmasi boʻlib quloqqa kirardi. Undagi iztirobning asl oʻzani erkak kishining yuragi ekanini tasavvur ham qilolmasdim. Keyinchalik oʻqidimki, sheʼrning goʻzal bir bandi – magʻzi qoʻshiqqa sigʻmay qolgan ekan:

 

… Mening sarson umrimga oydin

Rivoj tilab u chekdi figʻon.

Oyogʻini tavof qildim men –

Dunyoda eng omadsiz oʻgʻlon.

 

… Oʻshanda Kumushxonim konsertini uydagilar bilan tinglayotgandik. Dadam aytib qoldilar: – Kursdoshimning sheʼrlarini qoʻshiq qilibdi. Usmonniki… Usmon Azim yozgan.

– Uyda kitobi bormi?

– Ha bor… “Surat parchalari”.

 

***

… “Musiqa! Izmingga tushganlar xordir – Hamma pinhon dardni oshkor etdi kuy.” Oʻsha ilk taassurotim: “Siz yoqqansiz menga hamisha…” hayratini eslab “Musiqa – qoʻshiq nafaqat pinhon dardni oshkor qilarkan, balki u chekilishi kerak boʻlgan dard, kelajak haqida ham bashorat qilarkan”, degan oʻy yilt etib xayoldan oʻtgan dam boʻldi. Lekin bu kayfiyatning lahzalik andarmoni edi. Insonning tutqich bermas tuygʻularidan, oniy sezimlaridan, ichki dunyosining poʻrtanalaridan, tilga koʻchmas iqrorlaridan, istigʻforidan, oʻzgaruvchan ruhiyatidan, tavbasining titrogʻidan dardning asl suvratini ilgʻash va uni muhrlash isteʼdod tiynatining negizi emasmi? Faqat sanʼatkorgina sen tilga koʻchirolmagan dardni aytishga, yurakning tub-tubida koʻmilib yotgan, oʻzing-da choʻchiydigan hissiyotlaringga nom topib, olomon koʻziga tik qarashga jurʼat eta oladi.

 

***

1995 yil kuzining adogʻi. Toshkentdan kelgan dadam: “bu – senga”, deb qoʻlimga qalingina nafarmon tusli kitobni tutqazdilar: “Usmon Azim. Saylanma”. Oʻn yetti yil boʻlibdi. Hamrohim, sirdoshim, hasratdoshim kabi aziz…

“ – Aybsizligim – bir oʻlimga teng, Men uchun ham jallod dor qurgin, Hamma gunoh qildi – koʻrdim men, Hamma gunoh qildi – jim turdim…”;

“Bu qiz bir soʻmga ham qiladi muqom… “Toʻxta!..”, deb qichqirmas biror-bir erkak!”;

“Erk istama dunyodan, Erkni oʻzingdan soʻra… Erk – manzilmas, Erk – yoʻldir”;

“… Jondir issiq uyga choʻchib chekingan, Izgʻirin qaʼriga haydalgan vijdon.”;

“Mayda tashvishlarda maydalandim men – Ming taraf yugurdi mingta boʻlagim.”;

“Oʻzimni ming marta qatl ayladim, Ming marta oʻzimga hadya etdim jon”;

“Toʻlgʻanur, ingranur yarador ishonch…”;

“Faqat Tangrim kechir, bandalaringdan Mangu savollarga izladim javob”… misralar qaʼridan chiqib kelayotgan fikrlar tugʻyoni yillardirki taʼqib etadi, hamma qatori shodu xurram yashashga xalal beradi.

“Hayot qoʻshigʻi”. Bu sheʼrning tub mohiyatiga, nega bu “Ikki daraxt” haqidagi sheʼr aynan “Hayot qoʻshigʻi” deb atalganining fahmiga yetmaganman. Yoʻq, bilardim, umuman sevgi haqida-da, deb. Lekin undagi iztirob zalvarini, ayriliqni, armonni tuyish, lirik qahramon dardiga yetib borish va koʻngil arshigacha yuksalish uchun biroz vaqt kerak boʻldi. Nihoyat bor sirini shamollargagina inongan odamni taniganday boʻldim – ulgʻaygan koʻngil, kechikkan tuygʻular hasratining, chorasizlikning yetuk badiiy tasviri…

 

… Shamollarga dilim yordim,

Gul-yaproqlar tilida.

Yel kaftida olib kelgan

Har shiviring dilimda…

… Yerga bogʻlab qoʻyilganman,

Ildizim yer ostida.

Kechalari shovullayman,

Boqib boʻyi-bastingga.

 

Endi qorabotirlar yoʻq. “Qora botir” – sening taqdiring, ildizing – jondan aziz zurriyoding. Undan uzilolmaysan. Yo, xudoyim-yey! Ikki tanho taqdir, birga boʻlishi aslo mumkin boʻlmagan ayro qismat suvratini isteʼdod bu qadar hassoslik bilan aniq chizmasa! Bir-biri tomon qadam bosishning hech iloji yoʻq. Oyoq-qoʻl yerning zangori iplari bilan chirmab tashlangan. Yagona taskin: sening sochlaringni toʻzgʻitayotgan yel, ayni chogʻda uning-da sochlarini silayotganini kechinasan, osmon tomchilariga ikking-da titraysan… Lekin yashash kerak, hayot – bu, bahor bahorligini koʻrsatadi, tabiat oʻz ishini qiladi. Sen ham yer oldidagi burchingni bajarishing zarur… “Ikki daraxt” – mangu hijronning nihoyatda maʼsum ramzi. Tutqunlikdagi qalbning armonli suvrati…

 

Bogʻ qoʻynida ikki daraxt –

Bir-biriga intizor.

Sen – bir daraxt,

Men – bir daraxt,

Kuyib-kuyib oʻtdik yor.

 

Bu sheʼr “Faqat sizga aytmovdim oshkor, Siz yoqqansiz menga hamisha…”ning davomi kabi… Oʻz sohibiga yeta olmagan tuygʻular bora-bora kovaklari moʻl sabr daraxtiga aylanishi tabiiy. Aslini olganda Usmon Azim sheʼriyatining oʻzi hayot haqidagi qoʻshiqlardir. Xoh shoir Oybek haqida boʻlsin, xoh afsonaviy futbolchi Garrinchaga bagʻishlangan boʻlsin. Har biri hayot haqida oʻylatadi. Shoir oʻzining ortidan ergashtirib, sizni ham shu haqiqatga olib keladi:

 

… Daho magʻlubligi, o, mudom katta

– Gʻalabalar unut boʻladi birdan.

 

Shoirning-da yigʻisi tomogʻingga tiqiladi: “Hayot guvilladi. Aylandi boshim, Panjalarim aro baxt yelday oqdi…” Oqib ketayotgan baxtni olib qolmoq uchun koʻksingni tutasan, lekin u gʻalvirga aylangan… Xayol – xayolda, uning kuchi hayotga yetarmidi?! Hechqursa, oʻzing turgan nuqtadan nihoyat olis bir yerda, olislab ketgan taqdirning zarbalarini ogʻang dardi misol yuragingga olib kirasan, nomini ilk bor koʻrib turganing bu fojeiy shaxs sen uchun oʻzga emas, u endi jigaring… Xayol shu yerdagina haqiqatga aylanadi. Ha, Garrincha degan shaxsga ilk bor “Saylanma”da duch kelgandim.

“Baxt va shodlik kuychisi”, “Nafis tuygʻular tarannumi”, “Mayin hissiyolar tarovati”, “Mehr sheʼriyati”(demak, “qahr sheʼriyati” ham boʻlsa kerak-da!), “Mehr bulogʻidan tomchilar”, “Goʻzallikka oshufta shoir”, “Yurt vasfida kuylagan shoir” kabi taʼrifu tavsiflarga tez-tez duch kelamiz. “Iy-e, shoir goʻzallikni tarannum qilsa, mehr-muhabbatni kuylasa, yurtini madh etsa yomonmi?”, dersiz. Yoʻq, yomon emas, azizim. Lekin siz alqayotgan oʻsha mayin hissiyotlaru “mehr sheʼriyati” birodaringizga nisbatan dardkashlik uygʻota oldimi? “Ey odam, sen insonsan, bir bandaligingni unutma”, deb ogohlantira olishga nihoyatda “ingichkalik” qilmasmikan? Mudrayotgan tuygʻularni uygʻotmasa, bu jimjimalar na darkor?! Goʻzallik oʻzining qiyofasini ruhning toʻlqinlarida, qismat zuhur etgan yurakning mavjlarida, dardning teranlashishida koʻrsatmaydimi? “Goʻzallikka oshufta koʻngul” faqat suvning shildir-shildir oqishiga mahliyo boʻlsa-yu, uning oqimida oʻz umri tasvirini yo hayotning qay bir manzarasini koʻrmasa, bu suv unga nelarnidir eslatmasa, nigohni eshik ortidagi hayotga qaratmasa, yo Yaratganning qudratiga keltirgan chin iymoni sezilmasa, har qancha tarannum etmasin uning “vatani” huvillab qolaveradi. Endi “Baxshiyona” kitobidagi shoir bizga tanitgan vatanini tinglang:

 

… Chinorlarga xassan, dedim,

Osmonlarga pastsan dedim,

Yulduzlarni qoʻlda tutib,

Tutganim yoʻq – mastsan, dedim.

Togʻ ustiga chiqdim maston,

Koʻz oldimda Oʻzbekiston.

Yigʻlayverdim, yigʻlayverdim,

Dedim: iloyo boʻl omon.

Koʻz yoshga arzir – sen, dedim

Quvonchga arzir – sen, dedim

Bu boshim dunyoga arzir,

Shu boshga arzir – sen, dedim,

Yuragim magʻzi – sen, dedim,

Otamdan meros qolgansan,

Bolamdan qarzim – sen, dedim.

 

… Dunyoning yana bir yarasi bor. Farzandi hayotidagi kemtikliklarga ota-ona xuddi oʻzini aybdordek, bolasi koʻzidagi alamni koʻksiga sanchilgan bir tigʻ deb biladi. Farzandlarga xos xudbinlik ham shundaki, ular ham aybni, zarblar ildizini beixtiyor ota-onaning yaralaridan izlashadi. Shu bois ham har bir tirik vujud, adashishga mahkum, oʻzini qurbon qilishga qodir banda yoʻqki, bu sheʼrni oʻqiganda yuragi bir istigʻforga kelmasa. Ota yoki ona nigohidagi oʻz vaqtida uqilmagan, oʻzi-da bolasiga tushuntirolmagan oʻtinch uni oʻrtaydi:

 

… Erka bolam, kechir meni,

Oqsuyagim,

Muruvvat qil!

Toshli-toshli bu dunyoda

Maysaday xor

Yashadim, bil.

Toshlar bilan kurash tushdim –

Kurash bekor

Ketmagandir,

Qolgan boʻlsa biror zil tosh,

Bolam, kuchim

Yetmagandir…

 

Tan olaylik: yaxshidir-yomondir, kattadir-kichikdir, fojeiydir-kulgilidir, har bir banda ichida noshud Anuchkin yashaydi. Ha, “agar otam vaqtida orqachamga shapatilab-shapatilab urganda edi, fransuz tilini, albatta, oʻrganardim”, deb yigʻlamsiragan janob Gogolning Anuchkini.

Shoir kim? U – gʻavvos. Inson yuragi esa misoli bir dengiz, dard esa mana shu dengiz qaʼridagi duru javohir. Buyuk gʻavvos biladi: yurakni koʻngil mavqeiga koʻtargan aynan pinhona dardlar – koʻzdan yashirin javohirlar ekanini. Ulkan baliq faqat Buyuk baliqchi qarmogʻiga ilinishi mumkin boʻlganday, isteʼdodning qiymati ham undagi iztirob salmogʻi bilan oʻlchanadi.

 

Keng dunyoning torligin ham bildim.

Kuylasang, haq yorligin ham bildim…

Qafasda kuylash borligin bilgandim –

Kuylashda qafas borligin ham bildim.

 

“Kuylashda qafas borligin ham bildim.” Bu haqiqat mavlono Rumiyning “Zindonlar ichida eng mashʼumi boshdagi zindonlardir” ogohini eslatadi. Bu toʻxtamga kelish uchun bir-ikki chaqirim boʻlsa-da yoʻl yurish, devorlar bilan toʻqnashish joiz ekan. Yoʻl boshida turgan, chorrahada gandiraklayotgan yo manzilini unutgan odam buni tushunmaydi. Ehtimol, bir umr tushunolmay oʻtib ketar. Balki kuylashdagi – fikrlashdagi “qafas”ni bir fazilat sanab, faqat sip-sinalgan tep-tekis yoʻllardan mayda-mayda odimlashni farz bilar. Yo shundoq tugʻildim – shundoq oʻlurman turidan boʻlsa-chi? Ozodlik, hurriyat, oriyat, nomus, eʼtiqod, kabi tushunchalar “Saratonda boʻyinboqqa qul boʻlgan”lar uchun “shigʻir”iga yoki nutqiga zeb berib turadigan bir gajak emasmi? Qafaslarning nomi, shakl-shamoyili koʻp. Biroq Usmon Azim ijodining asosiy xususiyati, nazarimda, xoh u muhabbat haqida boʻlsin, xoh “Baxshiyona” turkumidan, xoh Vatan mavzusida boʻlsin aynan kuylashdagi qafasga bir isyondir.

Isteʼdod oʻz davri ruhiga, zamonasi ehtiyojlariga xiroj toʻlaydi. Qay yoʻsinda boʻlmasin jamiyat evrilishlariga, voqelikka Sanʼatkor oʻzining munosabatini bildiradi. Lekin kamdan-kami Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni, Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita”si, Boris Pasternakning “Doktor Jivago” romani, Anton Chexovning “Oltinchi palata”si, Charli Chaplinning “Diktator”i, Federiko Fellinining “Orkestr repetitsiyasi” filmlari yo Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi kabi hodisaga aylana oladi. Chunki, voqelikka, ayniqsa, oʻzing qoʻnim topgan jamiyatdagi evrilishlarga munosabatning qaltisligi shundaki, qalamkash qay ilinjda – poʻkak orzular qutqusida qalam ushlaganini fosh etib qoʻyadi. Asar taqdirini muallifning majruh niyati abgor qiladi. Adabiyotimizda oʻtmish ustidan yozgʻirish anʼanasining tamal toshi oʻtgan asr boshlaridayoq qoʻyilgan. Bugun ham shu anʼanaga sodiq qolgancha, qalam tebratayotgan ijodkorlar talaygina. Shoʻro davri kirdikorlarini fosh qilib tashlaydigan, sobiq tuzumdan yozgʻiradigan qator dostonlar, pyesalar, turkum-turkum sheʼrlar, film-ssenariylari yozildi va yozilyapti. Hatto mustaqillikning tus farzandi oʻspirin qizaloq ham askarmonand ustozlaridan ulgu olgancha oʻtgan asr jafolari haqida yonib-kuyib yozyapti. Holbuki, tillari biyron, xatlari ravon qurbonoylarga moʻylovli amakining qizi bilan tushgan rasmini koʻrsatgudek boʻlsangiz “voy, gruzinga oʻxsharkan-a”, deb qolishi hech gap emas…

 

Haykal, – dedim, –

sen koʻrsatgan tomonga borib keldim.

Hech narsa yoʻq.

Qoʻlingni tushiraver endi.

Qoʻlini tushirishdan uyalib,

Jim turaverdi haykal…

 

Mana – davrga, oʻzi yashab oʻtgan umrga munosabat. Sarobga aylangan ishonchning boʻyalmagan-bejalmagan ifodasi. Mana shu moʻjazgina fikrda aldangan avlodlarning yaralangan ixlosi, qariyb bir asrga yaqin yolgʻon tarixning qismati yotadi… “Haykal” koʻrsatgan tomonga bordi, unga inondi, ergashdi… Ishonchidan tonayotgani, daqqiyunusdan qolgan iddaolar bilan oʻtmish bilan bugunni choʻqishtirayotgani yoʻq. “Haykal”ga laʼnatlar ham oʻqilgan emas, faqat qoʻlingni tushiraver endi, bari tugadi… uyalayotgan ayanch “haykal”ga nisbatan aldangan shoirning zardasini emas, achinishini payqaysan. Oʻylab qaralsa, mashʼumlik “gʻazab”dan koʻra “achinish” hissida chuqurlashmaydimi?!

 

***

2012 yil, 27 mart. Milliy universitetning filologiya fakultetida shoir bilan uchrashuv boʻldi. Tabiati teatr dunyosiga ancha yaqin emasmi, oʻzini auditoriyaga taqdim etishning hadisi ham professional darajada. Hech “xol” qoʻyib qoʻyish, “etagidan ma-a-hh-kam ushlagan” ustozining sadoqatli shogirdi kabi “shonli yoʻl”lardan serhayajon hikoyalar, qoni qaynoq yoshlarning ensasini qotirar pushtirang gaplar yoʻq. Juda erta ulgʻayib qolgan tengquringni tinglagandek tinglaysan. Mutoyiba bilan yoʻgʻrilgan fikrlar vaqtning qanday oʻtganini sezdirmadi ham. Shoir oʻzidagi erkinlikni va erkalikni suhbatdoshlariga ham yuqtira olardi. Uning tabiatidagi chapanilik yasama sipoga yoʻl qoʻymasdi. Shoirning xatti-harakatlari, gap-soʻzlari baʼzida oliftalik siyohi boʻlib koʻrinar. Lekin bularning bari qaram boʻlmagan odamning magʻrurligi, isteʼdodning oʻziga ishonchi. Keling, oʻzimni qiynamay, baribir, Anna Axmatovadan oʻtkazib bir nima deya olmayman: “Jahonda bizdan koʻra yigʻloqiroq, bizdan koʻra takabburroq va bizdan koʻra soddaroq odam yoʻq”. Gʻaribning kibridan Xudo asrasin!

Uchrashuvda ayrim talabalar shoirning sheʼr oʻqishini parodiya qilgan boʻlishdi. Ha, parodiya – oʻxshamagan taqlid. Ularning chiqishlariga nisbatan shoirning na soʻzida, na yuzida zarra ishora koʻrindi. Juda beparvo. Mening ichimni “qoʻygin, taqlid qilib oʻzingni qiynama, iltimos, shoirning oʻzingnikiga aylangan sheʼrini oʻzing boʻlib oʻqi”, degan istak tirnardi.

Oʻzingnikiga aylangan sheʼr… Muhabbatga aylangan nigohning iztirobi kabi yuragingga oʻz muhrini bosa oladigan sheʼr kamyob hodisa. Yillar ayovsizlik bilan hayratlaringni inkor etib boraveradi… boraveradi… Kechagi shoiring bugun uchun oʻtmish, sevging esa bir tush. Mana shu vafosizlikdan bir amallab omon chiqayotgan nola umrning har bir chigʻirigʻida, hayotning kutilmagan burilishlarida, tuygʻularning turfa onida koʻnglingga shoʻngʻigancha, ruhingda izgʻiyotgan bedorlik suvratini boricha chizib bera olar ekan:

 

Iltijo etaman – qush qilib yarat,

Tangrim, uchmoqlikka qanot ber, qanot.

Koʻnglimga, koʻzimga beparvo qarab,

Meni yer qaʼriga tortmoqda hayot.

Shaffof shiddatini dunyoga yoyib,

Shamolli yoʻllarim uzlatga ketdi.

Botib borayapman yerga…

Xudoyim!

Hayotning quyqasi boʻynimga yetdi.

Yerga botayapman… Bu tavqi laʼnat –

Keng dunyo degani shuncha tormikan?

Tangrim!

Yolvoraman –

Qush qilib yarat…

Yerga qoʻnmaydigan qushlar bormikan?

 

 

Iqbol Qoʻshshayeva

 

“Ijod olami”, 2018/3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/erga-qonmaydigan-qushlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x