Yer qazuvchining jumboqlari

Slovak ertagi

 

Bir kambagʻal yoʻl yoqasidagi ariqni kavlashga yollanibdi. Bir kun kavlabdi, ikki kun kavlabdi, uchinchi kuni bir voqea roʻy beribdi. U boʻlganmi, boʻlmaganmi, har holda boʻlgani aniq.

Uchinchi kuni shu yoʻldan qirol oʻtib qolibdi. Balki u shunchaki aylanib yurgandir, balki qirollik ishi bilan biror tomonga shoshib ketayotgandir, har holda u ariq kavlayotgan kishini koʻrib toʻxtabdi. Uning mohirlik bilan ishlayotganini tomosha qilib turib:

– Yaxshi ishlar ekansan! – debdi.

Ishchi boshini koʻtarib qirolni koʻribdi.

– Bu qaysi tomondan qarashga bogʻliq, janob oliylarn. Sen tomondan qaralsa, yaxshi ishlayapman. Men tomondan boʻlsa, ish ogʻir.

– Gaping toʻgʻri, – debdi qirol, – Bu ishing uchun koʻp haq olasanmi?

– Qay tomondan qarashga bogʻliq. Sen tomondan qaralsa, oz koʻrinadi, men boʻlsam bundan ortiq ololmayman. Bir kunda uch pul olaman. Bu oʻzimga yetarli boʻlardi, lekin bittasini qarzimga toʻlayman, bittasini qarz beraman. Faqat bir pul oʻzimga qoladi.

– Bu bilan qanday kun kechiryapsan? – hayron boʻlibdi qirol.

– Unaqa qilsang ham, bunaqa qilsang ham, javob bitta, janob oliylari. Nochor yashayman.

– Nega boʻlmasa ham qarz toʻlaysan, ham qarz berasan?

– Boʻlmasa nima qilay? Otam meni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Endi men unga qarayapman – qarzimni toʻlayapman. Oʻgʻlim hali yosh, uni tabriyalayapman – qarz beryapman. Qariganimda menga qarzini toʻlaydi.

– Tushundim, – debdi hirol.

U ketayotgan joyida yana toʻxtabdi.

– Menga qara, yaxshi yigit. Mening oʻn ikkita ministr-maslahatchim bor. Ularga qancha haq toʻlashimni soʻramay ham qoʻya qol, buncha koʻp pulni koʻrmagansan ham. Lekin ular norozi, haqlarini koʻpaytirishni talab qilishyapti. Gap shunday, men ularga sening jumbogʻingni aytaman. Topishsa, qoʻshimcha haq toʻlayman. Topishmasa, toʻlamayman.

– Mayli, janob oliylari! – debdi yer qazuvchi.

– Lekin meni koʻrmaguningcha aytma.

– Xoʻp boʻladi, – debdi u va ishga tushib ketibdi.

Qirol shu kuniyoq ministr-maslahatchilarini toʻplab shunday debdi:

– Gap bunday, janob maslahatchilar. Qoʻpdai beri sizlarning maslahatlaringni eshitganim yoʻq. Lekin sizlarga koʻp haq toʻlayman. Nimaga arzishlaringizni bilmoqchiman. Sizlarga, bir yaxshi odamdan eshitgan uchta topishmoqni aytaman. Oʻsha odam bir kunda uch pul ishlaydi. Bir pulini u qarzga beradi, ayting-chi, kimga qarz toʻlaydi? Bir pulini kimga qarzga beradi? Uchinchi topishmoq, bu odam qanday hayot kechiradi? Mana shu jumboqni topish uchun sizlarga bir kechayu bir kunduz muhlat. Ertalab esa, mening donolarim, javobini aytasiz!

Ministr-maslahatchilar sarosimaga tushib qolishibdi, lekin sezdirishmabdi. Xoliroq xonaga kirib qirolning jumbogʻini oʻylay boshlashibdi. Oʻylab, oʻylab, oʻylariga yetisholmabdi. Shunda bir maslahatchi:

– Aftidan, xotinlar hammavaqt ham bekorchi gaplarni gapirishmaydi. Foydali gap ham gapirib qoʻyishadi. Bugun xotinim meni koyidi. “Maslahatchisan, ayt-chi, qirol oxirgi marta qachon sendan maslahat soʻradi? Indamaysan-a? Eslolmayapsan. Bilib qoʻy, qirol ertalab yoʻl yoqasida ariq kavlayotgan ishchi bilan bir soat gaplashdi. Buni sabzavotchi xotin koʻribdi. Sabzavotchi ayolning singlisi eca, mening xizmatchim…” Men unga ahamiyat bermagandim. Endi oʻylab qoldim, balki qirol topishmoqni shu odamdan eshitgandir? – debdi.

Maslahatchilar sevinishib ketishibdi. Oʻshandan soʻrash kerak Hammalari yer qazuvchining oldiga yugurishibdi.

– Qirol bilan gaplashdingmi?

– Gaplashdim.

– Unga topishmoq aytganmisan?

– Aytganman.

– Boʻlmasa, javobini ayt.

– Yoʻq, janoblar! Bu ishingiz ketmaydi! – debdi-da, teskari qarab yana yer qazny boshlabdi. – Xafa boʻlmanglar. Oʻzimning uch pulimni ishlab topishim kerak.

Maslahatchilar unga yalinishibdi, qoʻrqitishibdi, unga bir xalta kumush, bir xalta chaqa pul berishibdi. Yer qazuvchi bu pullarga qarabdi-yu, kallasini sarak-sarak qilibdi. Shunda maslahatchilardan biri bir hamyon oltin pulni yer qazuvchiga beribdi. U oltin tangalarni olib koʻribdi, sanab chiqibdi va maslahatchilarga qirolga aytganlarining hammasini aytib beribdi.

Maslahatchilar tuni bilan tinch uxlashibdi. Ertalab kayfiyatlari chogʻ holda qirolning oldiga kelishibdi.

– Oʻylab, oʻylab, shu qarorga keldik, – deyishibdi ular, – Qarz toʻlagani – otasini boqqani, qarz bergani – oʻgʻlini tarbiyalagani. Endi xazinachiga ayting, bizga qoʻshimcha haq toʻlasin.

– Ishyoqmaslar! – deb baqiribdi qirol. – Oʻzlaring sira topolmasdilaring! Yer qazuvchini qoʻlga olgansanlar! U ham zoʻr ekan! Chaqiring uni! Qoʻrsatib qoʻyaman unga!

Yer qazuvchini olib kelishibdi. U boʻlsa, hech narsa boʻlmagandek, hech qanday aybi yoʻqdek turgan emish.

Qirol unga doʻq hilibdi.

– Nega shartimizni buzding?!

– Buzganim yoʻq, – debdi yer qazuvchi vya choʻntagidan oltin solingan hamyon olibdi. – Oʻzing ayt, janob oliylari, bu tangalarda kimning aksi tushirilgan?

– Meniki, albatta, – debdi qirol.

– Boʻlmasa nega jahling chiqadi? Maslahatchilaring yigirma besh marta sening yuzingni koʻrsatgunlaricha men hech narsa demadim. Yuzingni yigirma besh marta koʻrganimdan keyin hamma gapni aytib berdim.

Qirol kulib shunday debdi:

– Sen yutding! Faqat bu ishyoqmaslarga koʻp haq toʻlashim alam qiladi.

– Tashvish tortma janob oliylari, – debdi yer qazuvchi, – sen ularga hech narsa toʻlamaysan. Mening oldimga kelishga ularning aqllari yetibdi, lekin uchinchi jumboqning javobi endi boshqacha ekanligiga aqllari yetmaydi. Hozir men ularning puli bilan yaxshi yashayapman. Agar janob oliylari, buning ustiga sen ham inʼom qilsang, turmushim yana ham yaxshi boʻlib ketadi.

Qirol bilan yer qazuvchi bir-birlariga qarab kulib yuborishibdi. Ular qanchalik koʻp kulishsa, maslahatchilarning hayronligi shunchalik ortibdi.

 

Ruschadan V. Yoʻldoshev tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/xalq-ogzaki-ijodi/er-qazuvchining-jumboqlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x