YASSI OYOQ

YASSI OYOQoyoq panjasi gumbazining yalpayib, tekis boʻlib qolishi. Oyoq boʻyiga yoki eniga yassi boʻlishi mumkin, goho har ikkisi birga uchraydi. Oyoq eniga yassi boʻlsa, uning tagi eniga yalpayadi, ogʻirlik esa oyoqning 1 va 5 barmoqlariga tushmay, barmoq tagiga, kaft suyaklarining boshchasiga tushadi. Oyoq boʻyiga qarab yassi boʻlsa, uning tagi yerga bir tekis tegib turadi. Oyoq yassiligi tugʻma (juda kam) yoki hayotda orttirilgan boʻladi. Hayotda orttirilgani koʻproq uchraydi. Asosan oyoq panjasi muskulboylam apparatining zaiflashishi (mas, raxit yoki haddan tashqari zoʻr kelishi oqibatida), poyabzalning noqulay boʻlishi, maymoqlik, oyoq shikastlanishi yoki falajlanishi (koʻpincha poliomiyelitda) sabab boʻladi. Baʼzan kasallik ish kunining koʻp qismini oyoqda tik turib oʻtkazadigan kishilar (sartaroshlar, sotuvchilar va boshqalar)da paydo boʻladi. Kasallikning dastlabki belgisi: oyoq tez toliqadi, tagi ogʻriydi, boldir, son sohasida ham ogʻriq seziladi; keyinchalik ogʻriq tizza boʻgʻimlari va belga ham tarqaladi. Kechqurunga borib oyoq shishadi, kechasi shish qaytadi. Oyoq juda yassi boʻlsa, oyoq panjasi uzun, oʻrta qismi esa serbar tortadi.

Yassi oyoq kishilar oyogʻini kerib, tizza va chanoqson boʻgʻimini sal bukib, qoʻllarni silkib yurishadi, ularda koʻproq poyabzalning poshnasi va tagcharmi (ichki yuzasi) yeyiladi. Yassi oyoqning oldini olishda poyabzalning oddiy va qulay boʻlishi (siqmasligi, poshnasi juda baland boʻlmasligi) nihoyatda muhim.

Bolalarda uchraydigan Yassi oyoqning oldini olish uchun ularning qadqomatiga eʼtibor berish, boshi va tanasini toʻgʻri tutishga oʻrgatish lozim. Oyoqning muskul va boylamlarini mustahkamlashda badan tarbiya va sport bilan shugʻullanish, shuningdek, yozning issiq kunlari tuproqda oyoq yalang yurishning foydasi bor. Oyogʻi yassi kishilarni ortoped vrach davolaydi. Davoni iloji boricha erta boshlagan maʼqul.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x