Yakkaxon konsertlar jonli boʻlishi shart

Oʻzbekiston xalq hofizi Oʻlmas Saidjonov bilan suhbat

 

1951 yil 10 yanvarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tugʻilgan. Abdulla Qahhor nomidagi 48-maktabda oʻqigan. 1974 yilda Qarshi davlat pedagogika institutini va 1981 yilda Toshkent davlat irrigatsiya institutini tamomlagan. 1969 yilda yosh ijrochilar respublika koʻrik-tanlovida gʻolib boʻlgan. Shu davrdan boshlab sanʼat sohasida xizmat qiladi. 1994 yildan Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyasi direktori. Oʻzbekiston Xalq hofizi.

 

– Tinglovchilarning aksar qismini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar orasida esa maqom ashulalarini eshitadiganlar kam. Bu muammoni ijobiy hal etish uchun nimalar qilish kerak deb oʻylaysiz?

– Bu savol bugungi kunda nafaqat meni yoki sizni, balki koʻpchilikni qiziqtiradi, oʻyga toldiradi. Maqom yoʻnalishida qoʻshiq aytadigan yoshlarimiz koʻp. Lekin aksar hollarda ularning koʻpchiligi estradaga oʻtib ketyapti. Agar eʼtibor berib qarasangiz bu holat bozorning oʻzginasi: kun kechirish, mablagʻ topish… Yana bir narsa. Deylik, maqom konserti uyushtirmoqchisiz. Afishalarni bir oy-ikki oy oldin koʻchaga ilib, biletni kassaga qoʻyib tomoshabinni kutadigan boʻlsangiz yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Chunki tinglovchiga televideniyeda ham, radioda ham, magnit disklarida ham yengil qoʻshiqlar tinimsiz yetkazib berilgandan keyin istaysizmi-yoʻqmi u oʻshani tinglaydi, shunga oʻrganadi. Bu ham yuqoridagi holatga maʼlum taʼsirini koʻrsatadi.

Aslida, qanday yoʻnalish boʻlmasin oʻzbek qoʻshiqchiligining asosi bitta – milliy mumtoz kuy va ashulalarimiz. Chunki ularsiz oʻzbek sanʼatini, xususan, estradasiniyam tasavvur qilish qiyin.

Yuqoridagi savolingizga kelsak, hamma narsa asta-sekin oʻz oʻrniga tushadi. Qaysi yoʻnalishda boʻlmasin isteʼdodlar – bizning boyligimiz. Lekin imkoniyati, qobiliyati boʻlmay turib, texnika bilan, kompyuter bilan xonanda boʻlishga intiladiganlar sanʼatimizning ogʻriq nuqtalari.

Koʻp estrada qoʻshiqlarining matni umuman talabga javob bermaydi: oldi-qochdi, doimiy gaplar, soʻz va maʼno takrori… Yoki tayyor xorijiy musiqani olib unga oʻzbekcha soʻz qoʻyib tomoshabinga yetkazadilar. Bu sanʼat emas-da! Chunki har bir millatning oʻz madaniyati, oʻz sanʼati, urf-odati, toʻy-tomoshasi bor. Masalan, jahon oʻzbeklarni sharqona madaniyati bilan taniydi va tan oladi. Dunyoning qayeriga bormang maqomning tinglovchisi bor.

Oʻylaymanki, yuqoridagi muammolar oʻz yechimini topadi. Hozir mana, konservatoriyada ham, sanʼat institutida ham, madaniyat institutida ham, musiqaga ixtisoslashgan kollejlarda ham juda koʻp isteʼdodli yoshlar taʼlim olyapti. Har ikki yoʻnalishda – estadadayam, mumtoz yoʻnalishdayam yangi-yangi isteʼdodlar chiqyapti.

Yana bir muammo – bugungi tomoshabin oʻz qadrni bilmaydi. Falon ming soʻmga bilet oladi-yu, kotsertni boshdan-oyoq fonogrammada eshitib qaytadi. “E doʻstim, biz sizni jonli eshitamiz deb kelganmiz, boʻlmasa koʻchadan diskingizni sotib olsak ham boʻlaverardi”, demaydi. Menimcha, tomoshabin oʻz haq-huquqini talab qilishi ham kerak.

Gala konsertlarda fonogramma boʻlishi tabiiy, busiz iloji yoʻq. Aks holda tartib buziladi. Lekin yakkaxon konsertlar jonli boʻlishi shart.

 

– Qadimda shoir boʻlishni istagan havaskorlarga falon ming bayt oʻtgan shoirlar ijodidan, falon ming bayt zamondosh shoirlar ijodidan yod bilish shart qilib qoʻyilgan. Sizningcha, hofiz boʻlaman degan havaskor ommaga oʻz ijodini namoyish qilguniga qadar nechta qoʻshiqni oʻrganishi lozim?

– Bu narsa manbalarimizda aniq belgilab qoʻyilmagan. Oʻzini tarbiyalash insonning miyasiga, qalbiga bogʻliq. Xohlasa mingta qoʻshiq oʻrgansiz, xohlasa oʻnta. Qoʻshiq yodlolmaydigan odamga qiyin-da. Lekin bugun buniyam yoʻli topilgan. Yana yuqoridagi gapga qaytamiz. Oldin diskka yozdirib olyapti-da, keyin toʻydayam, konsertdayam shuni aylantiryapti. Bu narsa haqiqiy isteʼdodlarni ham dangasa qilib qoʻyyapti. Aslida, qancha koʻp oʻqisangiz, oʻrgansangiz, tushunsangiz imkoniyatlaringiz yanada kengayyadi, qalbingiz soʻzni, musiqani teranroq his qiladi. Demak, siz yuqorida aytgan shartlar bekorga qoʻyilmagan.

 

– Birovning ovoziga taqlid qilib ham yaxshi hofiz boʻlish mumkinmi?

– Taqlidniyam yoʻli bor. Kimdir toʻgʻridan-toʻgʻri birovning yoʻlida ashula aytishga urinishi mumkin. Lekin kimningdir ovozida boshqa bir sanʼatkorning ovoziga xos xususiyatlar ham boʻlishi mumkin. Bu taqlid deyilmaydi. Chunki ungayam Xudo bergan. Har kimning oʻz ovozi boʻladi. Misol uchun men siz boʻlaman desam, siz men boʻlaman desangiz boʻlolmaymiz-da.

Oʻzimdan kelib chiqadigan boʻlsam mening ustozim – Maʼmurjon Uzoqov. Men u kishini koʻrgan emasman. Bolaligimdan shu insonning qoʻshiqlarini yaxshi koʻrib eshitganman, ijro qilganman. Shu insonning tovushi menga yoqqan va u kishining ovozidagi qaysidir detallar, qaysidir ohanglar menda ham boʻlgan. Shuning uchun ham xalqimiz meni hozirgacha Maʼmurjon aka orqali yaxshi koʻradi, hurmat qiladi. Bu degani falonchiga taqlid qildi yoki ovozi yasayapti degani emas. Buning iloji yoʻq. Agar imkoni topilganda birovi Faxriddin Umarov, birovi Tavakkal Qodirov, birovi Komiljon Otaniyozov, birovi Joʻraxon aka boʻlib ketardi. Tovush juda nozik narsa. U Olloh taolo tomonidan berilgan ulugʻ neʼmat. Uni halol-pokiza tutish, kerak joyda ishlatish hofizning burchi.

 

– Xorij xonandalarini ham eshitib turasizmi? Maqom yoʻnalishida kuylaydigan sanʼatkor boshqa yoʻnalishlardan, masalan, estradadan nimalarni oʻrganishi mumkin?

– Endi, men faqat oʻzim toʻgʻrimda gapiraman. Boshqalar nima qiladi, nima eshitadi – ishim yoʻq. Bugungi kunda chiroyli ovozi bor, lya, si, do, re pardalarini oladigan xonandalarimiz bor. Ularning koʻpchiligi boya eslaganimizdek estradaga berilgan. Lekin qanchalik baland pardalarda kuylamasin har bir yoʻnalishning oʻz ustasi bor, oʻz egasi bor. U yoʻnalishdagi xonandalar bu yoʻnalishda ijro qilib joyiga qoʻyolmaydi, bu yoʻnalishdagi xonandalar u yoʻnalishda ijro qilib joyiga qoʻyolmaydi. Shuning uchun kim qaysi yoʻlni tanlagan boʻlsa oʻshandan ketgani maʼqul. Chunki har bir yoʻnalishning oʻz muxlisi, ixlosmandi bor. Mana, yaqindagina konservatoriya katta zalida Oʻzbekiston Xalq artisti Munojot Yoʻlchiyevaning konserti boʻldi. Televideniye kelib mana shu konsertni yozdi, men oʻzim borib bosh boʻlib oʻtirdim. Zal liq toʻldi, balkonlar toʻldi. Elchixona xodimlari, chet eldan kelgan mehmonlar ham tashrif buyurdi. Aslida, ular tilimizni tushunmaydi yoki soʻzimizni tahlil qilolmaydi. Lekin ana shular kirib eshitib, joyi kelganda qarsak chalib, baʼzi payt turib oʻynab, chiqib gullar berib tabriklashdi. Sanʼat millat tanlamaydi. Maromiga keltirib kuylangan har qanday qoʻshiq odamni oʻziga mahliyo qiladi.

 

– Yosh qoʻshiqchilar milliy sozlar bilan zamonaviy cholgʻu asboblarini uygʻunlashtirib bastalayapti. Bu narsa tinglovchilar tomonidan iliq kutib olinyapti. Maqom ashulalarida ham shunday qilinsa boʻlmaydimi?

– Maqom yoʻnalishida bu ishlar amalga oshirilyapti. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz ancha oldinroq Oʻktam Ahmedov, Gulbahor Erqulova, Soyibjon Niyozov, Nasiba Sattorova, yaqindagina Zulayho Boyxonova konsertlar qoʻyishdi. Mana shu konsertlarda ular oʻsha siz aytgan zamonaviy cholgʻulardan – sintezator (ionika)dan, tablodan, violencheldan foydalanishdi. Bular estrada yoʻnalishidagi sozlar. Estrada yoʻnalishi ham tanburdan, dutordan, gʻichchakdan, doiradan foydalanyapti.

Yana bir tomoni, sintezatorda hamma cholgʻularning ovozi bor. Lekin tanburning asl, jonli ovozi baribir yaxshiroq, mazaliroq.

 

– Shou-biznesda koʻp narsa reklamaga bogʻliq. Mumtoz ashulalarni qay tarzda reklama qilish kerak deb oʻylaysiz? Bunga kim homiylik qilishi zarur?

– Shou-biznes bozor iqtisodiyotining mahsuli. Bu biznesni tushunadigan, shuning orqasidan kun kechiradigan mutaxassis odamlar bor. Ular qidiradi, homiy topadi. Lekin bu biznesning baʼzi bir jihatlaridan andisha qilasan. Misol uchun, bozordagi sotuvchi qolmaydi, tashkilot ishchilari qolmaydi – majburiy-ixtiyoriy bilet tarqatiladi. Bu nima degan gap? Xususan, men bunday qilolmayman. Kimdir oʻz xohishi bilan homiylik qilmoqchi boʻlsa boshqa gap. Lekin birovga malol keltirib, azob berib konsert uyushtirish, menimcha, notoʻgʻri.

 

– Ragʻbatlantirish boʻlgan joyda oʻsish boʻladi. Yosh maqomchilarning qanday konkurslari bor? Tanlovga qanday meʼyorlar asos boʻladi? Gʻoliblarga qanday imkoniyat beriladi?

– Boshqa sohalar singari milliy maqom yoʻnalishida ham konkurslar boʻlib turadi. Eslasangiz, Komiljon Otaniyozov, Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov nomlaridagi katta-katta respublika koʻrik tanlovlari boʻlib oʻtgan. Estrada yoʻnilishida ham mana shunaqa koʻrik-tanlovlar koʻp bor tashkil etilgan. Albatta, avval konkurs nizomi ishlab chiqiladi, shartlari, mukofotlari belgilanadi. Gʻolib boʻlganlarga esa tegishli mukofotlar topshiriladi. Agar gʻolib musiqa kollejida yoki maktabda oʻqiydigan boʻlsa sanʼat yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi. Televideniye va radioda xonanda haqida koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlanadi.

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2009

https://saviya.uz/hayot/suhbat/yakkaxon-konsertlar-jonli-bolishi-shart/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x