XUDOYSHUKUROV

XUDOYSHUKUROV Otajon (1944. 4.10 — Toʻrtkoʻl — 1994.22.12) — xonanda; Oʻzbekiston (1977) va Qoraqalpogʻiston (1970) xalq artisti. Ashula aytishni amakisi xonanda Y. Olloshukurovdan oʻrgangan, keyingi ustozlari K. Otaniyozov, Nazir qori, J. Bekchonov va b. 1963-y. dan Qoraqalpoq davlat filarmoniyasida yakkaxon xonanda. Repertuaridan mumtoz ashulalar («Feruz I—II», «Xorazm Segohi», «Bozurgoniy», «Qoʻshchinor», «Guluzorim», «Kurd Eshvoyi», «Samarqand ushshogʻi», «Toshkent Irogʻi» va b.), Xorazm doston noma (qoʻshiq)lari («Najab oʻgʻlon» dostonidan «Kimni sevar yorisan», «Bahrom va Gulandom»dan «Ayriliq», «Avazxon»dan «Qalandarim»), kompozitor va bastakorlar asarlari («Koʻzlaring sening», «Oʻzbekistonim», «Raʼno boʻlayin deb», «Sogʻinib keldim» va b.), shuningdek, turkman, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq va qirgʻiz xalq qoʻshiqlari oʻrin olgan. X. sozanda (torchi) va oʻzi aytadigan («Mujgonlaring», «Olamda bir», «Birinchi muhabbatim» kabi 300 dan ortiq) qoʻshiqlarning bastakori sifatida ham tanilgan. X. jozibali, chiroyli tembrli, keng, barcha pardalarda ravon va jarangdor ovoz sohibi. Uning qoʻshiqlaridagi ehtiros, shijoat va joʻshqinlik, mazmuniy teranlik kabi xislatlar tinglovchilar qalbidan chuqur joy olgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1974). 1999-y. dan Otajon Xudoyshukurov nomida yosh xonandalarning Respublika tanlovi oʻtkazilmoqda. Ellikqalʼa va Toʻrtkoʻldagi koʻcha, xiyobon va bogʻlarga X. nomi berilgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x