XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Toshkent. Obodonchilik va maishiy xizmat (1-qism)


Post Views:
338

Shahar “yangi” qismi paydo bo‘lganining dastlabki yillaridayoq uning rivojlanishi uchun obodonchilik bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirildi. Eng avvalo irrigatsiya tizimini qurish bo‘yicha katta ish olib borildi.

1865 yilda harbiy harakatlar davrida, Toshkentni bosib olish arafasida Chernyayev farmoyishi bilan Chirchiqning o‘ng sohilidagi Niyozbek to‘g‘oni buzdirilib, shaharning “eski” qismi suvdan mahrum etib qo‘yilgan edi. Bundan shaharning “yangi” qismiga ajratilgan hudud ham aziyat chekdi. Shu bois 1868-1869 yillar to‘g‘onni tiklash bo‘yicha katta ishlar olib borildi. Unda 12 ming odam, jumladan tub aholidan ham ko‘plab kishilar ishtirok etdi. Shu bilan barobar Salor daryosida ham to‘g‘on barpo etilishi bilan Shibli arig‘iga ham suv kela boshladi. Bular barchasi Toshkentning ham “yangi” ham “eski” qismini suv bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega edi. Shaharning asosiy suv tomiri Bo‘zsuv (Anhor) bo‘lib, undan Salor, Shivli, Qorasuv, Gadragan, Kaykovuz sug‘orish kanallari tarmog‘i o‘tib, umumiy uzunligi 210 verstni tashkil etardi. Gadragan shaharning “yangi” qismini sug‘orardi va Shiblining chap sohili bilan chegaralanar, Sapernaya ko‘chasidagi eski mozor oxiri berk ko‘chagacha borardi. Undan Kosqyanovskaya va Andreyevskaya ko‘chalarini dala hovli qisimigacha davom etardi. Faustovskaya berk ko‘cha atrofidan general-gubernator dala hovlisigacha va qal’a hududidagi yerlarni Rakat daryosi sug‘orardi. Shibli arig‘i Duxovskaya ko‘chasi va Salor va Shibli arig‘lari o‘rtasidagi anhorga, Sapernaya ko‘chasi qismiga, Dala hovli (Dachnaya) ko‘chasiga, Mirzaobodga, Eskimozor berk ko‘chasigacha bo‘lgan harbiy gospital va Eskigospital ko‘chasiga suv berardi. Oqqo‘rg‘on arig‘i ham muhim suv manbai hisoblanardi. U Shibli o‘rtasidagi yerlarni, Pushkin va Qo‘yliq ko‘chalarini, qisman Moskva ko‘chalarini sug‘orardi.

Bundan tashqari shahar “yangi” qismi Darxon, Posra, Qorasuv, Polvon, Childaxturxan va boshqa ariqlar suvidan foydalanardi. Ulardan turli ko‘chalar, bog‘lar, hovlilar, xiyobonlarga ko‘plab katta-kichik arig‘lar tarmog‘lanib ketardi.

Shunday qilib, shahar “yangi” qismining markaziy mintaqalari suv bilan yaxshi ta’minlangan bo‘lib, u yerlarni o‘zlashtirish va obodonlashtirishga qulay imkoniyat tug‘dirdi. Bunda shahar dumasi faoliyati katta rol o‘ynagan, u irrigatsiya ishlariga o‘z byudjetining talay qismini ajratgan. Masalan, bu maqsad uchun 1909 yilda 46973 rub, 1914 yilda 56000 rub xarajat qilingan. Suv taqsimlashni yo‘lga qo‘yish uchun maxsus katta va kichik ariqoqsoqoli lavozimi ta’sis etilgan. Shahar hokimi N. Mallitskiy guvohlik berishicha, “shahar jamoatchilik boshqaruvi oqilona ishlatilgan urf-odatlarni va mahalliy irrigatsiyaning butun tizimini saqlab qoldi, unga faqat inshoot va texnika hisobi hamda smeta uchun gidrotexnik mutaxassisligini qo‘shdi, xolos. 1909 yilda gidrotexnik qidiruvlar yordamida Bo‘zsuv arig‘ining ikkinchi boshi yaratildi. Shundan buyon jazirama yozda suvdan foydalanish tanaffusi kuzatilmaydigan bo‘ldi, ilgarilari bu tanaffus 1,5-2 oyga cho‘zilardi.”

Shunday qilib, suvdan foydalanishda eski, mahalliy usullar asos qilib olingandi, u yangi usullar bilan yaxshi uyg‘unlashib, o‘lka suv xo‘jaligida taraqqiyotidagi muhim hodisa bo‘ldi.

1868 yilda shahar “yangi” qismi uchun shahar tashqarisidan oqib o‘tuvchi daryodan ajralib chiqqan Oqqo‘rg‘on kanalidan suv quvuri (vodoprovod) yotqizish loyihasi tuzilgan edi. Bu quvur taxmina qiymati 48000 rub edi. Bir verst uzunlikdagi quvur 6 yil qurildi. 1873 yilda bu ishga bosh-qosh bo‘lgan Glinka-Yanchevskiy general-gubernatorga qilingan ishlar smeta qiymatidan oshib ketganini aytadi. Shundan kelib chiqib, general-gubernator qo‘shimcha yana 13509 rub pul ajratadi. 1875 yildagina quvur qurish nihoyasiga yetgani va undan foydalanish mumkinligi e’lon qilindi. Biroq tekshiruv chog‘ida quvur mustahkam qurilmagani, o‘z vazifasini bajara olmasligi va qurilish ishlari o‘lda-jo‘lda olib borilgani ma’lum bo‘ldi. Quvurni mustahkamlash va ishni oxiriga yetkazish uchun yana 100000 rubl kerak bo‘lishini aniqlashgach ish to‘xtadi. Shahar suv quvurisiz qoldi. 1882 yilda bu inshoot foydasizligi tufayli 745 rublga sotib yuborildi. 1884 yilda quvur qurilishi to‘laligicha shaharga yuklatildi va keyinchalik batamom yo‘qqa chiqdi.

Shahar aholisi ariq suvlaridan, shuningdek nasosli quduq yoki artezan quduqlar suvidan foydalanardi. Suvni bochkalarda suvkashlar tashirdi. U chelaklab sotilardi. Golovachev buloqlaridan 20 ming chelak suv olinardi. Shaharning “yangi” qismida 1889 yilda 80 quduq bo‘lib, shulardan 70 tasi xususiy va 10 tasi jamoatniki edi. 1909 yilda quduqlar miqdori 472 tagacha ortdi. O‘sha yilning o‘zida shaharning turli joylarida 10 ta yopiq quduqlar qurilib, ularning bir qismi qoniqarsiz ahvolda edi.

Suv ta’minotining barcha manbalari sanitariyaga xilof ahvolda bo‘lib, aholi va harbiy qo‘shin orasida ichterlama (qorin tifi) kasali tarqalishiga sabab bo‘lgan. Masalan: 1890 yilda Toshkent garnizoni orasida 350 kasallanish holati aniqlangan bo‘lib, shundan 47 tasi o‘lim bilan tugagan. Bu hol shahar dumasi majlisida suv quvuri qurish masalasini qayta-qayta ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Turli variantlar taklif etilgan. Jumladan, 1910 yilda N. Mallitskiy suv quvuri zarurligini uqdirgan, u oqava quvursiz (kanalizatsiyasiz) bunaqa suv quvuri qurilishining o‘ziyoq tuproqning ifloslanishiga, havo va yer osti suvining zaharlanishiga olib kelishini tushuntirgan. Ammo bunga 10-15 mln.rubl mablag‘siz erishib bo‘lmasligi, shahar byudjeti bunday harajatni ko‘tara olmasligini aytgan. Shu bois shahar hududida suv quvuri emas, bir qancha suv tarqatuvchi budkalar qurish taklif etilgan.

Shahar boshqarmasi 1912 yilda Toshkentga moskvalik mutaxassislar muhandis I. M. Biryukov, A. V. Kondrashev va F. O. Golsmanni taklif etishadi. Turli manbalardan suv olib o‘rganiladi. 1914 yil bahorida suv quvuri yotqizish masalasi mutaxassislardan iborat maxsus hay’at tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ular taklif etgan loyiha 180 ming rubl bo‘lib, shundan 5000 rubli to‘langan edi, jumladan maslahat uchun 3000 rubl sarflashgandi. Suv quvuri qurilishini 25 yilga mo‘ljallangandi.

Suv quvuri bilan birga oqava (suv) quvurlari, qurish masalasi ham muhokama qilingandi. Bu yo‘nalishda shahar boshqarmasi yana bir qancha ishlar qildi, biroq bari muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Masalan, duma Toshkentga Moskva oqava quvurlar bo‘yicha bosh muhandis yordamchisi N. A. Alekseyevni taklif qildi, u hech bo‘lmaganda kasalxona va Voskresenskiy bozori atrofidagi joylarda oqava quvurlari qurilishi bo‘yicha dastlabki xomcho‘tni qilishi lozim edi. Biroq bu urinish ham zoye ketdi. Mablag‘ va ashyo yetishmasligi sababli shaharda kanalizatsiya va suv quvuri qurilmay qoldi.

Dastlabki yillarda shaharni obodonlapshtirish ishlari ham aytarli yaxshi emas edi. 1866 yilda tashkil etilgan shahar qo‘mitasi asosan yer taqsimlash va uning evaziga pul undirish ishlari bilan shug‘ullangan. Qo‘mitaning o‘z moliyaviy mablag‘i uncha katta emasdi. 1867 yilda ko‘chalarni tozalashga – 25 rubl, 1868-1869 yillarda ko‘priklar qurishga 559 rubl, 1869 yilda ko‘cha yoqalariga ko‘chat o‘tqazishga 1700 rubl, shahar qo‘mitasini ta’minlashga 350 rubl ajratilganini aytish kifoya. Ko‘rinib turganidek, byudjetning katta qismi shaharni ko‘kalamzorlashtirishga sarflangan.

Shaharning «yangi» qismida na trotuarlar, na tosh yo‘l bor edi. Suv sepilib turilishiga qaramay yozda chang bo‘lardi, chunki ko‘cha harakatlaridan, ko‘cha va maydonlarda binolar kamligidan chang tez havoga ko‘tarilardi. Qishda arava va otlar loyga botar edi, bir joyga borish g‘oyat qiyin bo‘lib ketardi. Goho tunda aravada mehmondan uyiga qaytayotgan eski shaharliklar aravani qoldirib, qorong‘ida yayov qaytgan vaqtlari ham bo‘lgan.

1868 yilda birinchi bo‘lib Chernyayev ko‘chasiga tosh yotqizildi. 70-yillardan boshlab ko‘chalarga tosh yotqizish, yo‘lkalar va o‘tish joylari barpo etish xiyla jonlandi. Ko‘chalarning ikki-uchtasidan tashqari shaharning barcha ko‘chalari qishda loyligidan yurib bo‘lmas, yozda chang bo‘lardi.

80-yillarda ko‘chalar rejalashtirildi va 52 verst uzunlikdagi ko‘chaga shag‘al to‘shaldi. Shag‘alni shunday to‘shab qo‘yaverishning natijasi yaxshi bo‘lmadi, yo‘llar tezda buzilar va yo‘llarda chuqurliklar hosil bo‘lar, qishda suv-loyga to‘lib qolardi. Shu bois shahar boshqarmasi arzoniga uchib ko‘chalarga shag‘al yotqizmay, tosh terilgan ko‘chalarni qura boshladi.

1884 yildan 1888 yilgacha ko‘zda tutilgan 67 verst o‘rniga atigi 27 verst ko‘chaga shag‘al to‘shaldi. Sobornaya, Salor prospekti, Konstantinov xiyoboni, Qo‘qon va Xiva ko‘chalarining bir qismi bo‘ylab 550 sajen yo‘l qaytadan tiklandi.

1890 yilda ko‘chalarni ta’mirlash va qurish ishlari (shosse) to‘xtatildi. Biroq Duxovskaya, Mahram, Shayxontohur ko‘chalaridan ko‘nka o‘tkazilishi munosabati bilan tosh yotqizildi. Bundan tashqari, Moliya (kazennaya) palatasidan Kaufman ko‘chasigacha bo‘lgan Xiva ko‘chasiga hamda Romanov ko‘chasining bir qismiga ham tosh terildi.

1906 yilda yukli harakat o‘sishi va ikki temir yo‘l liniyasi ochilishi munosabati bilan Konstantinov xiyoboni va Toshkent janubida ko‘chalarni qaytadan tartibga solish haqida fikr yuritila boshlandi. Shundan keyin ko‘chalarga tosh terish shaharning har ikkala qismida ham keng quloch yoydi. 1906 yilda 4029, 1907 yilda esa 6224 kv.sajen ko‘chaga tosh terilgandi.

1907-1908 yillarda shahar ko‘chalariga tosh terish bo‘yicha bosh reja tuzilgan. 1908 yilda 10 283, 1909 yilda 16 342, 1910 yilda 16 427, 1912 yilda 24 455, 1913 yilda 22 654, 1914 yilda 21 983 kvadrat sajen yo‘lga tosh yotqizilgan. 1914 yil ma’lumotlariga ko‘ra Toshkentdagi umumiy tosh yotqizilgan hudud taxminan 168 000 kv. sajenni tashkil etgan.

Shahar “yangi” qismini hamma ko‘chalarini loyihasi bilan 273 ming kv. sajen yo‘lga tosh terish ko‘zda tutilgan. Shaharda yo‘lkalar umuman yo‘q edi. Faqat 1910 va 1911 yillardagina yo‘lkalar qurish haqida majburiy qaror qabul qilingan edi. Bu qaror ishni rivojlantirishga imkon tug‘dirdi. Trotuarlarga tosh terish uy sohiblari zimmasiga yuklatildi.

Ma’lumki, Toshkentning “yangi” va “eski” qismida ko‘plab katta va kichik ariqlar bo‘lgan. Ularga ko‘priklar qurish ancha mablag‘ ajratishni taqozo etgan, chunki busiz ko‘ngildagidek yo‘l qurish imkoni bo‘lmagandi. Shu yo‘nalishda duma bir qancha ishlarni amalga oshirdi. 1907 yilda shaharda 348 ko‘prik bo‘lib, shundan 13 tasi beton, 4 tasi tosh ko‘prik edi, 1914 yilda ular soni 450 taga yetdi.

Shaharning «yangi» qismini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ayniqsa Bo‘zsuv va Shibli ariqlari oralig‘ida ko‘p ishlar qilingan. Toshkent “yangi” qismiga asos solingan dastlabki yildayoq bu yerlarda turli navdagi daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Bu borada bir muallif: “Yaydoq, quyoshda tandirday qizigan, yantoq bosgan dalada dastlabki Toshkent aholisi uylar qurar ekan, dov-daraxt va soyani juda qadrlar edi, ularning qilgan birinchi ishi daraxt o‘tqazish bo‘ldi”. 1867 yildayoq shahar yashil libosga chulg‘angangan va kishida ajoyib taassurot qoldirardi. Keyinchalik ma’muriyat va shaharliklar ham ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlarni ko‘kalamzorlashtirishni keng quloch yoydirib yuborganlar. Natijada shahar “yangi” qismi o‘zining ko‘rkamligi va hamma joyda havosining tozaligi bilan shuhrat qozondi. Guvohning aytishicha, turli navdagi daraxtlar shaharni katta boqqa o‘xshatib yubordi deb tasvirlasa, yana bir muallif esa Toshkentning ixcham va g‘ishtli uylarini bag‘riga olgan daraxtzorlar havoni musaffo qilib turadi, deb yozgan edi.

Mingo‘rik bog‘i shaharliklarning yagona sayr qiladigan joyi bo‘lib, u XIX asrning 20-yillarida vujudga kelgan. 1843 yilda bog‘ o‘rtasida yo‘l yotqizildi va asta-sekin bog‘ yo‘qolib ketdi. Uning o‘rniga boshqa bog‘ va xiyobonlar yuzaga kelgan.

1882 yilda shahar boshqarmasi tashabbusi bilan «yangi» qismda shahar bog‘i yaratilib, (hozirgi Shahar hokimiyati bog‘i o‘rnida) maydoni 17 600 kv. sajenni tashkil etgan. Bog‘ga asos solishda shaharning turli vakillari ishtirok etgan. “Bog‘ yaratish, -deb yozgandi bir muallif, -tantana bilan boshlandi va dastlabki ikki dub daraxti bog‘ ichkarisidagi darvoza oldiga bog‘ yaratuvchilar I.I. Krauze va A.S. Vvedenskiy tomonidan o‘tqazildi. Ulkan majnuntollarni tantanaga taklif etilgan mehmonlar o‘z qo‘llari bilan o‘tqazdilar”.

1883 yili Aleksandrovskiy bog‘iga (hozirgi Movarounnaxr ko‘chasi) asos solinib, uninga maydoni 12 880 kv. sajenni tashkil etgan. General-gubernator A.B. Vrevskiy nomiga qo‘yilgan.

Kaufman xiyoboni «yangi» shahar markazida joylashgan bo‘lib, bu xiyobondan radius yo‘nalishida Kaufman prospekti (Sayilgoh), Pushkin, Qo‘yliq (Y.Oxunboboyev) ko‘chalari tarqalgan. Xiyobon markaziga Kaufman haykali qo‘yilgan. Xiyobonda turli nav daraxtlar, jumladan qayrag‘ochlar ekilgan. Har yili bu yerda turli qiziqarli ko‘rgazmalar o‘tqazib turilgan.

O‘rda xiyoboni 1890 yilda Romanov (Buyuk Turon) ko‘chasi va Obux prospekti kesishgan joyda, kichkina o‘rda bozori o‘rnida barpo etilgan. Chernyayev uyi atrofida Chernyayev bog‘i vujudga kelgan. 1911 yili Duma qarori bilan 1-polkka bu yerda cherkov qurishga ruxsat berilgan.

1839 yilda Iosif-Georgiyevskiy sobori qoshida yana bir xiyobon paydo bo‘lgan. Bu yerdagi maydonda Toshkent garnizoni qo‘shinlarining bayram paradlari o‘tkazib turgan.

Pushkin xiyoboni 1904-1905 yillarda Xiva bozorchasi o‘rnida general Shoroxovning shaxsiy mablag‘i hisobiga barpo etilgan. Bundan tashqari, general-gubernator uyi va dala hovlisi qoshida, rasadxona qoshida, turli muassasa va idoralar qoshida bog‘lar bo‘lgan.

Shahardagi ariqlarning har ikki tomonidan oq terak, oq akatsiya, qayrag‘och, xitoy shumtoli, tut va tol ekilgan. 1908 yilning o‘zida ariqlar chetiga 7 118 tup daraxt o‘tqazilgan.

1868 yilda Moskva (hozirgi Amir Temur) va Voronsov (hozirgi X.Sulaymonova) ko‘chalari muyulishida harbiy yig‘ilish (hozirgi TDYUU) binosi qurildi, 1893 yildan esa jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini boshladi. Shaharning «yangi» qismidagi (eski shaharda bog‘lar yo‘q edi) bog‘larda turli xalq o‘yinlari tashkil etilardi: arg‘amchi o‘yinlari, mukofotli ot poygalari, qop ichiga kirib yugurishlar va h.k. Bu yerga eski shahar aholisi ham kelib turgan.

1912-1915 yillarda ko‘pgina bog‘ va xiyobonlar zaruriy mablag‘lar va e’tibor yo‘qligidan huvillab qoldi.

XIX ASRNING IKKINCHI YARMI – XX ASR BOSHLARIDA TOSHKENTNING «YANGI SHAHAR» QISMI TARIXI

Jannat Ismoilova

O‘zRFA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004

Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

https://shosh.uz/uz/xix-asrning-ikkinchi-yarmi-xx-asr-boshlarida-toshkent-obodonchilik-va-maishiy-xizmat-1-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x